Sport
Har bir futbol klubiga 35 milliard pul. Nega?
Endilikda futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yuqori divizionida o‘ynaydigan har bir klubga davlat tomonidan 35 milliard so‘mdan pul beriladi. Ikkinchi divizion jamoalari ham davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Xo‘sh, davlat nega ularga pul berishi kerak? Har bir klubga 35 milliard so‘m – ko‘pmi yo kam?
Qiymat emas taqsimot o‘zgaradi
Avvalo 35 milliard so‘m O‘zbekiston sharoitida juda katta pul ekanini aytish kerak. To‘g‘ri, dollarga «chaqsa», bu 2,9 million dollar atrofida pul bo‘ladi, Yevropada bir futbolchiga yiliga taxminan shuncha maosh to‘lashadi, o‘racha. Lekin O‘zbekistonda 1 milliard so‘mni Open budget’da yutish uchun butun qishloq haftalab harakat qiladi. 1 milliardga qancha yo‘llar asfalt bo‘lib ketganini ko‘ryapsiz, 35 milliardga 35 ta qishloqni ancha obod qilish mumkin. Masalan, bizning qishloqda Open budget sharofati bilan oxirgi 3-4 yilda asfalt bo‘lmagan ko‘cha qolmadi hisob. Shunday ekan 35 milliard so‘m futbol uchun kam pul degan gaplarga qo‘shilmayman.
Endi bu yangilikdagi eng muhim jihatga to‘xtalsak. O‘zbek futbolini kuzatmaydigan vatandoshlar davlat endi Open budget va boshqa foydali ishlarga ketayotgan pullarni futbolga yo‘naltiryapti deb o‘ylashi mumkin, lekin bunday emas. Hukumat shundog‘am davlat korxonalari futbolga ajratayotgan pullarni klublarga teng taqsimlashga qaror qildi.
Klublar shundog‘am davlat korxonalaridan katta pul olardi, endi davlat bu pullar adolatli taqsimlanishi kerak degan qarorga keldi. Masalan, 35 milliard amaldagi O‘zbekiston chempioni «Neftchi» bir yilda oladigan pulning 20-25 foiziga teng. Katta klublar davlat korxonalaridan qanchalik katta pul olib yurganini tasavvur qilavering.
Endi futbolga pul berib yurgan davlat korxonalari pulni bir yerga tashlaydi va bu pul klublarga teng taqsimlanadi, xuddi arab davlatlarida bo‘lgani kabi. Shuningdek, klublar eplasa xususiy korxonalar bilan hamkorlik o‘rnatishi mumkin. Kim ko‘proq homiy jalb qilsa, o‘shaning puli ko‘proq bo‘ladi.
Bu qarorni davlat futbolga katta pul sarflaydi deb talqin qilish kerak emas. Aksincha, endi davlat futbolga avvalgidan kamroq pul ajratadi. Yuqori divizion jamoalari bu yil 35 milliard, kelasi yil 30 milliard va 2028 yil 25 milliarddan oladi. Keyinchalik katta ehtimol to‘lov butkul to‘xtatiladi. Klublar shu uch yil ichida xususiylashib olishi kerak.
Muammo nimada?
Shu o‘rinda savol paydo bo‘ladi: klublar xususiylashishiga nima xalaqit beryapti, Yevropada klublar xususiy qo‘llarda va ular qaytaga juda boy-ku?! Bizda uzoq yil klublar mahalliy hokimliklar qoshida bo‘lib keldi. Qaysi hokim futbolga qiziqsa, o‘sha viloyat jamoasi zo‘r bo‘ladi. Xayrulla Bozorov Namanganda hokim bo‘lganida «Navbahor» kuchli edi, Bozorov Farg‘onaga keldi va «Neftchi» chempion bo‘ldi. Ishoning, bu hokim Qoraqalpog‘istonga borsa, «Orol»ni ham chempion qiladi, chunki futbol uchun pul topib berishni biladi.
Lekin futbol bunaqa hokimiyatga, davlat puliga bog‘liq bo‘lib qolmasligi kerak, bunaqada rivojlanish bo‘lmaydi. Hokim kayfiyati yaxshiligida qopda pul ko‘tarib keladi, kayfiyati bo‘lmasa – pul yo‘q! Bunaqasi ketmaydi. Klublar hokimliklarga aloqador bo‘lmasligi, o‘z kunini ko‘rishga imkon berilishi kerak.
Masalan, bizning shahar bosh jamoasi «Dinamo» uzoq yillardan buyon xususiy tadbirkor tomonidan moliyalashtiriladi, lekin klub rasman hokimlikka tegishli. Stadion ham o‘ziga tegishli emas. Samarqanddagi o‘yinlarga minglab odamlar chipta sotib olib kiradi, lekin klub chipta savdosidan bir so‘m ham olmaydi. O‘zining nomidagi stadionda futbol o‘ynash, mashg‘ulot o‘tkazish uchun ijara puli to‘laydi. Pul ishlash uchun hech qanday imkon bo‘lmagan klubga qaysi tadbirkor pul tikkisi keladi?
Menimcha, xususiylashtirish jarayonida stadionlar klublarga qoldirilishi kerak. Faqat stadion sifatida foydalanish sharti bilan, albatta. Klublar xususiylashishi uchun sharoit, infratuzilma bo‘lishi kerak. Hech narsasi yo‘q klubga birov homiylik qilmaydi.
Futbolimiz to‘liq xususiylashgan, davlat puliga qarab qolmagan kunlarni juda ko‘rgim keladi. Ishoning, futbolimiz darajasi ko‘pchilik o‘ylaganidan ancha baland, tadbirkorlar ham futbolga pul tikishni istaydi, faqat bu uchun sharoit kerak.
Albatta, futbolga pul tikkanlar birdaniga boyib ketmaydi, bu ishda tavakkal katta. Lekin omadi kelib klubdan yaxshi futbolchi chiqib qolsa, jamoaga foyda kela boshlaydi. «Manchester Siti» 45 million yevroga sotib olgan, hozir 100 millionga ham sotmaydigan Abduqodir Husanov ham «Bunyodkor»dan chiqqan (keyinchalik asosiy jamoaga olinmagan bo‘lsa ham).
Bundan tashqari, jamoa chiroyli futbol o‘ynab tursa, chiptadan, stadion atrofidagi fan-shop, oziq-ovqat do‘konlari, oshxonalardan ham pul ishlash mumkin. Ko‘p emas, albatta, lekin qachon hokim pul berarkin deb qarab o‘tirgandan yaxshiroq.
Davlat korxonalari pul berishni to‘xtatgach, futbolimiz, albatta, qiynaladi, 2-3 yil murakkab davrni boshdan kechiradi. Lekin keyinchalik futbol xususiy qo‘llarga o‘tgach, barchasi hozirgidan ham yaxshi bo‘lishiga ishonaman. Xususiy futbol foyda keltiradigan bo‘ladi, maoshlar kechikmaydi, klublar mashg‘ulot uchun maktablarning stadioniga sarson bo‘lib bormaydi. O‘shanda futbol davlatga foyda keltira boshlaydi. Menimcha, davlat futbolni xususiylashtirish yo‘lida muhim qadam tashladi.
Sport
FIFA Series: O‘zbekiston Gabonni mag‘lub etdi
FIFA Series turniri doirasida O‘zbekiston va Gabon termalari o‘zaro uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda o‘zbekistonliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Gabonliklar 6-daqiqadayoq hisobni ochdi. Ammo 14-daqiqada Eldor Shomurodov hisobni tenglashtirdi.
Ikkinchi taymda O‘zbekiston faol hujum olib bordi. 59-daqiqada Jahongir O‘rozov jamoamizni hisobda oldinga olib chiqdi. Qo‘shib berilgan vaqtning 4-daqiqasida Alisher Odilov hisobni yiriklashtirdi.
Shu tariqa O‘zbekiston Gabonni mag‘lub etdi. Boshqa bir uchrashuvda Venesuela Trinidad va Tobagoni yirik hisobda yengdi.
Sport
Ayrim futbolchilar 2029-yilgacha daromad solig‘idan ozod qilinadi
O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 24-martdagi PQ–107-sonli qarori bilan sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar belgilab berildi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan 2029-yil 1-aprelgacha bo‘lgan davrda Superliga va Proligada ishtirok etuvchi futbol klublari futbolchilari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.
Shu bilan birga, mazkur futbolchilar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi. Bu choralar professional futbolni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Mazkur qaror bilan Sport vazirligi huzurida Sport sohasida tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilishi belgilandi.
Shuningdek, sport federatsiyalari faoliyatiga xususiy sektor ishtirokini kuchaytirish ko‘zda tutilgan. Xususan, yillik xarajatlarning kamida 20 foizini qoplagan tadbirkorlar federatsiyalar ijro organlariga kiritiladi.
Professional futbol klublarida esa kamida 20 foiz homiylik mablag‘i kiritgan tadbirkor yoki guruhga klubni ishonchli boshqaruvga berish amaliyoti joriy etiladi.
Sport
Debyutant qutqaruvchiga aylandi. O‘zbekiston – Gabon o‘yinidan fotoreportaj
Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida O‘zbekiston milliy jamoasi FIFA Series xalqaro turniri doirasida Gabon milliy jamoasiga qarshi o‘yinda maydonga tushdi. Oson o‘tmagan o‘yinning ikkinchi bo‘limida katta ustunlikka ega bo‘lgan O‘zbekiston yakunda 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. «Oq bo‘rilar» safida Eldor Shomurodov, Jahongir O‘rozov va Alisher Odilov gol urdi.
Shu kuni milliy jamoa safida rasmiy o‘yindagi debyutini o‘tkazgan «Dinamo» himoyachisi Jahongir O‘rozov gol urishdan tashqari, ikki vaziyatda O‘zbekistonni yaqqol goldan qutqarib qoldi. «Neftchi» hujumchisi Alisher Odilov zaxiradan tushishi bilan milliy jamoaning uchinchi golini urdi. Kun.uz fotomuxbirlari o‘yinni stadiondan kuzatib fotoreportaj tayyorladi.
Nuriddin Nursaidov va Muhammadjon G‘aniyev olgan suratlar
Sport
O‘zbekiston 4 ta gol urilgan o‘yinda Gabon ustidan irodali g‘alaba qozondi
Toshkentda FIFA Series 2026 xalqaro futbol turniri boshlandi. 1-turda O‘zbekiston va Gabon bellashdi. Eldor Shomurodov, Jahongir O‘rozov va Alisher Odilov gollari milliy jamoaga irodali g‘alabani keltirdi.
Toshkentda FIFA Series 2026 xalqaro futbol turniri boshlandi. Unda O‘zbekistondan tashqari Gabon, Trinidad va Tobago, shuningdek, Venesuela ham ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston milliy jamoasi 1-turda Afrika qit’asi vakili Gabon bilan o‘ynadi va 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
6-daqiqadayoq mehmonlar Averlant goli evaziga hisobni ochdi. Biroq, Fabio Kannavaro shogirdlari o‘yinda burilish yasab, Eldor Shomurodov (14-daqiqa), Jahongir O‘rozov (59) va Alisher Odilov (90+4) gollari evaziga irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi.
IFA Series 2026
27 mart, Toshkent, «Bunyodkor» stadioni
O‘ZBeKISTON – GABON 3:1
Gollar: Teddi Averlant, 6 (0:1), Eldor Shomurodov, 14 (1:1), Jahongir O‘rozov, 59 (2:1), Alisher Odilov, 90+4 (3:1)
O‘zbekiston: O‘tkir Yusupov, Hojiakbar Alijonov (Behruz Karimov 76), Rustam Ashurmatov, Otabek Shukurov (Umarali Rahmonaliyev 90+2), Odil Hamrobekov (Akmal Mozgovoy 76), Aziz G‘aniyev (Doston Hamdamov 76), Oston O‘runov (Alisher Odilov 76), Sherzod Nasrullayev (Farruh Sayfiyev 90+2), Eldor Shomurodov (Igor Sergeyev, 88), Umar Eshmurodov, Jahongir O‘rozov.
Gabon: Fransua Bekale, Nze Bagnama (Noa Lemina 82), Yohan Obiang, Teddi Averlant (Edlin Matouti 82), Urie Mbula, Shevi Babika, Omfia Mik, David Sambissa (Ben Kabinambele 46), Jyeremi Oyono, Dide Ndong.
Ogohlantirish: Kanga (69)
Turnirning yana bir o‘yinida Venesuela 4:1 hisobida Trinidad va Tobagoni yengdi.
Yakuniy tur o‘yinlari 30 mart kuni o‘tkaziladi.
– 15:00 Gabon – Trinidad va Tobago («Paxtakor» stadioni)
– 19:00 O‘zbekiston – Venesuela («Bunyodkor» stadioni)
FIFA Series 2026 turnirlari o‘rtoqlik o‘yinlari o‘rnini bosishi nazarda tutilgan va butun dunyo bo‘ylab o‘tkaziladi. Erkaklar o‘rtasidagi bahslarga O‘zbekistondan tashqari, Avstraliya, Ozarboyjon, Indoneziya, Qozog‘iston, Yangi Zelandiya, Puerto-Riko, Ruanda mezbonlik qiladi. Ayollar o‘rtasidagi musobaqalar Braziliya, Kot-d’Ivuar va Tailandda bo‘lib o‘tadi.
Turnirlarda ishtirok etayotgan beshta erkaklar milliy jamoasi – Avstraliya, Kabo-Verde, Kyurasao, Yangi Zelandiya va O‘zbekiston 2026 yilgi jahon chempionati ishtirokchisi sanaladi.
Sport
Sardor Ozmunning Erondagi mulklarini musodara qilishmoqchi
Eron hukumati eronlik futbolchi Sardor Ozmunning mulklarini musodara qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Erondagi Fars agentligi xabar tarqatdi.
Eronning G‘uliston viloyati prokuraturasi Tehron «dushman» deb hisoblagan tashkilotlar va davlatlarni qo‘llashda gumonlanayotgan 16 kishining «mulklarini aniqlash va musodara qilish jarayoni»ni boshlagan. Fars o‘z manbasiga tayanib yozishicha, bunday shaxslar ro‘yxatida eronlik hujumchi Sardor Ozmunning ham nomi bor.
Avvalroq Ozmun o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun yig‘in o‘tkazayotgan Eron milliy jamoasi tarkibidan chetlatilgani xabar qilingandi. Bunga u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Dubay amiri Muhammad ibn Rashid ol-Maqtum bilan tushgan suratini joylashi sabab bo‘lgan – Tehrondagilar buni «sadoqatsizlik akti» va BAAni qo‘llab-quvvatlashga ishora deb baholagan.
Ozmun futbolchilik faoliyatini Eronning «Sipohon» klubidan boshlagan, keyinroq Rossiyaning «Rubin» va «Zenit» klublarida o‘ynagan. 2022 yilda uni Germaniyaning «Bayyer» klubi transfer qilgan, u bir muddat Italiyaning «Roma» klubiga ijaraga berilgan, 2024 yilda esa BAAning «Shabob Al-Ahli» klubiga kelib qo‘shilgandi va hozir ham shu klub safida to‘p surmoqda.
-
Siyosat5 days agoIslom bank ishi anʼanaviy foizlarga asoslangan modellardan nimasi bilan farq qiladi?
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp Eronga Hormuz boʻgʻozini ochish uchun 48 soat vaqt berdi
-
Turk dunyosi4 days agoBuyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Gretsiya, Turkiya, Kipr va Dubayga sayohatlar haqidagi soʻnggi maʼlumotlarni eʼlon qildi
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
-
Jamiyat4 days agoO‘zbekistonda taksichilarni aldashning yangi firibgarlik usuli fosh etildi
-
Siyosat5 days agoO‘zbekiston va AQSh mehnat migratsiyasi bo‘yicha yangi kelishuvga erishdi
-
Dunyodan3 days ago
Eron tarixidagi eng katta banknotalar muomalaga chiqariladi
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekiston eksporti 35 yilda qariyb 19 barobarga oshdi
