Connect with us

Sport

Har bir futbol klubiga 35 milliard pul. Nega?

Published

on


Endilikda futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yuqori divizionida o‘ynaydigan har bir klubga davlat tomonidan 35 milliard so‘mdan pul beriladi. Ikkinchi divizion jamoalari ham davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Xo‘sh, davlat nega ularga pul berishi kerak? Har bir klubga 35 milliard so‘m – ko‘pmi yo kam?

Qiymat emas taqsimot o‘zgaradi

Avvalo 35 milliard so‘m O‘zbekiston sharoitida juda katta pul ekanini aytish kerak. To‘g‘ri, dollarga «chaqsa», bu 2,9 million dollar atrofida pul bo‘ladi, Yevropada bir futbolchiga yiliga taxminan shuncha maosh to‘lashadi, o‘racha. Lekin O‘zbekistonda 1 milliard so‘mni Open budget’da yutish uchun butun qishloq haftalab harakat qiladi. 1 milliardga qancha yo‘llar asfalt bo‘lib ketganini ko‘ryapsiz, 35 milliardga 35 ta qishloqni ancha obod qilish mumkin. Masalan, bizning qishloqda Open budget sharofati bilan oxirgi 3-4 yilda asfalt bo‘lmagan ko‘cha qolmadi hisob. Shunday ekan 35 milliard so‘m futbol uchun kam pul degan gaplarga qo‘shilmayman.

Endi bu yangilikdagi eng muhim jihatga to‘xtalsak. O‘zbek futbolini kuzatmaydigan vatandoshlar davlat endi Open budget va boshqa foydali ishlarga ketayotgan pullarni futbolga yo‘naltiryapti deb o‘ylashi mumkin, lekin bunday emas. Hukumat shundog‘am davlat korxonalari futbolga ajratayotgan pullarni klublarga teng taqsimlashga qaror qildi.

Klublar shundog‘am davlat korxonalaridan katta pul olardi, endi davlat bu pullar adolatli taqsimlanishi kerak degan qarorga keldi. Masalan, 35 milliard amaldagi O‘zbekiston chempioni «Neftchi» bir yilda oladigan pulning 20-25 foiziga teng. Katta klublar davlat korxonalaridan qanchalik katta pul olib yurganini tasavvur qilavering.

Endi futbolga pul berib yurgan davlat korxonalari pulni bir yerga tashlaydi va bu pul klublarga teng taqsimlanadi, xuddi arab davlatlarida bo‘lgani kabi. Shuningdek, klublar eplasa xususiy korxonalar bilan hamkorlik o‘rnatishi mumkin. Kim ko‘proq homiy jalb qilsa, o‘shaning puli ko‘proq bo‘ladi.

Bu qarorni davlat futbolga katta pul sarflaydi deb talqin qilish kerak emas. Aksincha, endi davlat futbolga avvalgidan kamroq pul ajratadi. Yuqori divizion jamoalari bu yil 35 milliard, kelasi yil 30 milliard va 2028 yil 25 milliarddan oladi. Keyinchalik katta ehtimol to‘lov butkul to‘xtatiladi. Klublar shu uch yil ichida xususiylashib olishi kerak.

Muammo nimada?

Shu o‘rinda savol paydo bo‘ladi: klublar xususiylashishiga nima xalaqit beryapti, Yevropada klublar xususiy qo‘llarda va ular qaytaga juda boy-ku?! Bizda uzoq yil klublar mahalliy hokimliklar qoshida bo‘lib keldi. Qaysi hokim futbolga qiziqsa, o‘sha viloyat jamoasi zo‘r bo‘ladi. Xayrulla Bozorov Namanganda hokim bo‘lganida «Navbahor» kuchli edi, Bozorov Farg‘onaga keldi va «Neftchi» chempion bo‘ldi. Ishoning, bu hokim Qoraqalpog‘istonga borsa, «Orol»ni ham chempion qiladi, chunki futbol uchun pul topib berishni biladi.

Lekin futbol bunaqa hokimiyatga, davlat puliga bog‘liq bo‘lib qolmasligi kerak, bunaqada rivojlanish bo‘lmaydi. Hokim kayfiyati yaxshiligida qopda pul ko‘tarib keladi, kayfiyati bo‘lmasa – pul yo‘q! Bunaqasi ketmaydi. Klublar hokimliklarga aloqador bo‘lmasligi, o‘z kunini ko‘rishga imkon berilishi kerak.

Masalan, bizning shahar bosh jamoasi «Dinamo» uzoq yillardan buyon xususiy tadbirkor tomonidan moliyalashtiriladi, lekin klub rasman hokimlikka tegishli. Stadion ham o‘ziga tegishli emas. Samarqanddagi o‘yinlarga minglab odamlar chipta sotib olib kiradi, lekin klub chipta savdosidan bir so‘m ham olmaydi. O‘zining nomidagi stadionda futbol o‘ynash, mashg‘ulot o‘tkazish uchun ijara puli to‘laydi. Pul ishlash uchun hech qanday imkon bo‘lmagan klubga qaysi tadbirkor pul tikkisi keladi?

Menimcha, xususiylashtirish jarayonida stadionlar klublarga qoldirilishi kerak. Faqat stadion sifatida foydalanish sharti bilan, albatta. Klublar xususiylashishi uchun sharoit, infratuzilma bo‘lishi kerak. Hech narsasi yo‘q klubga birov homiylik qilmaydi.

Futbolimiz to‘liq xususiylashgan, davlat puliga qarab qolmagan kunlarni juda ko‘rgim keladi. Ishoning, futbolimiz darajasi ko‘pchilik o‘ylaganidan ancha baland, tadbirkorlar ham futbolga pul tikishni istaydi, faqat bu uchun sharoit kerak.

Albatta, futbolga pul tikkanlar birdaniga boyib ketmaydi, bu ishda tavakkal katta. Lekin omadi kelib klubdan yaxshi futbolchi chiqib qolsa, jamoaga foyda kela boshlaydi. «Manchester Siti» 45 million yevroga sotib olgan, hozir 100 millionga ham sotmaydigan Abduqodir Husanov ham «Bunyodkor»dan chiqqan (keyinchalik asosiy jamoaga olinmagan bo‘lsa ham).

Bundan tashqari, jamoa chiroyli futbol o‘ynab tursa, chiptadan, stadion atrofidagi fan-shop, oziq-ovqat do‘konlari, oshxonalardan ham pul ishlash mumkin. Ko‘p emas, albatta, lekin qachon hokim pul berarkin deb qarab o‘tirgandan yaxshiroq.

Davlat korxonalari pul berishni to‘xtatgach, futbolimiz, albatta, qiynaladi, 2-3 yil murakkab davrni boshdan kechiradi. Lekin keyinchalik futbol xususiy qo‘llarga o‘tgach, barchasi hozirgidan ham yaxshi bo‘lishiga ishonaman. Xususiy futbol foyda keltiradigan bo‘ladi, maoshlar kechikmaydi, klublar mashg‘ulot uchun maktablarning stadioniga sarson bo‘lib bormaydi. O‘shanda futbol davlatga foyda keltira boshlaydi. Menimcha, davlat futbolni xususiylashtirish yo‘lida muhim qadam tashladi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi

Published

on


Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi tarixiy medalga sazovor bo‘ldi.

Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi juftlik dasturida (LM2x) Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan birinchi oltin medalidir.

Musobaqada kumush medal Germaniya, bronza medali esa AQSh sportchilariga nasib etdi.



Source link

Continue Reading

Sport

EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi

Published

on


UEFA Chempionlar ligasi 2026/2027-yilgi mavsumi umumiy bosqichi to‘liq taqvimni e’lon qildi.

Bu bosqichda har bir jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazadi: 4 tasi o‘z maydonida, 4 tasi safarda.

Joriy mavsumdan e’tiboran bir jamoa bir raqib bilan ketma-ket uch mavsum davomida o‘z maydonida o‘ynashiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Umumiy bosqichning 1-turi uch kun — seshanba, chorshanba va payshanba (8-9-10-sentyabr) kunlariga taqsimlanadi. Qolgan turlar ikki kun davomida o‘tkaziladi. So‘nggi turda esa barcha uchrashuvlar bir vaqtda boshlanadi.

1-turni Abduqodir Husanov va «Manchester Siti» safarda «Portu»ga qarshi o‘tkazadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 9 sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:01 da.

Umarali Rahmonaliyev va «Sabah» esa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidagi debyutida «Manchester Yunayted» maydonida sinovdan o‘tadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 11-sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da.

Manba: UEFA



Source link

Continue Reading

Sport

Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi

Published

on


Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.

«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.

Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.

Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.

Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.



Source link

Continue Reading

Sport

Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin

Published

on


Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.

«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.

Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.

Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.



Source link

Continue Reading

Sport

«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi

Published

on


Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.

London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.

O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi. 

«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi. 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.