Jamiyat
«Hammani bitta dorixonaga yuborishadi» – SAMPIda farzandidan ayrilgan ota-onalar
Toshkentda yurak nuqsoni sabab operatsiya qilingan 8 oylik go‘dak vafot etdi. Ona shifokorlar harakatlarini shubha ostiga olib, xayriyadan tushgan pullar faqat bitta dorixonaga borib tushayotganini aytmoqda. Uning gaplarini boshqa ota-onalar ham tasdiqlagan. Shifokor bolaning o‘limiga og‘ir yondosh kasalliklar sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
Jizzax viloyatida yashovchi 8 oylik Muhammadaziz Qo‘chqorov tug‘ma yurak nuqsoni bilan Toshkent davlat tibbiyot universiteti bolalar ko‘p tarmoqli klinikasi (xalq tilida SAMPI) kardioxirurgiya bo‘limida operatsiya qilingan. Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tgani aytilgan, lekin oradan uch kun o‘tib bolaning ahvoli og‘irlashib, vafot etgan.
“Dorixonaga pul to‘lab, dorisiz ketasiz”
Yagona Qo‘chqorova, Muhammadazizning onasi:
— 26 fevral kuni ertalab shifokorlar kelishdi. Bola shishib ketgan, oyoqchalarigacha, hammayog‘i shishgan, siymay chiqdi desam, bitta ukol qilamiz deb ukol qilishdi. Shundan keyin 2-3 mahal siydi. Bolani badanlari boshqacha bo‘lib o‘zgardi, ko‘karishlar bo‘ldi. Faqat shu ukollarni qildi, keyin olib kirib ketib komaga solib apparatga qo‘yishgan. Shu bilan turmadi bolam…
19 yoshli o‘g‘lim kirganida shifokor: “Bolani kasalxonadan tirik, og‘ir ahvolda olib chiqib ketyapmiz. Uyga yetib borguncha o‘lib qolsa, shifokorlarga da’voyimiz yo‘q” degan tilxat yozdirib olib, keyin bolaning o‘ligini bergan. Ertasiga ukasi ko‘milgandan keyin nega unday yozib berganini so‘rasam: “Ukangni bermaymiz, morgga topshirib yuboramiz” deyishgani uchun yozganini aytyapti. Lekin u nima tilxat ekaniga o‘g‘limning aqliyam yetmagan.
Mening bolam qaytib kelmaydi, lekin boshqa onalar menga o‘xshab kuymasin. U yerda o‘sha haftaning o‘zida 12-11 nafar bola o‘lib chiqib ketyapti. Kasalxonada ro‘za oyida xayriya pullari kelganida kasal bolalarni olib chiqib videoga oldirib, televideniyelarga yoki hokimiyatlarga ko‘rsatib, ertasiga xayriyadan olgan pullarini olib qo‘yishyapti. +5 degan aptekasi bor ekan o‘zlarining, bemorning yaqinlarini o‘sha yerga jo‘natyapti. U yerda pulni to‘laysiz, “ketavering, o‘zimiz olib borib beramiz” deydi. Qo‘lingizga dori-darmon ham, hech narsa bermaydi.
Balki hamma operatsiyalar davlat tomonidan qilinayotgandir, lekin hamma yonidan ham xarajat qilyapti. Mening o‘g‘limning operatsiyasi uchun fonddan 24 mln pul o‘tkazildi. O‘zim qilgan xarajatlarim – 4,5–5 millionga dori-darmonlar olib keldim. Lekin 2000 dollarlab sanab bergan onalar bor u yerda. Hamma o‘sha aptekaga pulini sanab berib, dorisiz ketyapti.
“Ota-onalar hech narsa deyisholmaydi – bolasi ularning qo‘lida”
Kun.uz ixtiyorida boshqa ota-onalarning ham shunday mazmundagi iddaolari bor. Ular ham ehson pullarini bitta dorixonaga topshirishgani haqida ma’lum qilishgan.
Zamira, Sirdaryo viloyati:
— 6 yoshli qizim SAMPIda yurak operatsiyasidan keyin vafot etdi. Operatsiyamiz Muhammadaziz bilan oldinma-keyin bo‘lgandi. Boshqa joyda operatsiya xarajatlarini surishtirsak, 30 mln ketadi deyishgandi. Lekin bu yerda 55 mln xarajat ketadi deb yozib berishdi. Operatsiya pulini “Mehrli qo‘llar” fondi to‘lab berdi.
Ramazon oyi bo‘lgani uchun ehson qilib berilgan pullarni qo‘limizga tutqazib, keyin konvertni ochtirmasdan yig‘ib olishdi: “dorilar uchun kerak bo‘ladi” deb. Dorilar faqat bitta aptekadan olinarkan, pulni o‘sha yerga tashlab kelasiz, kerakli dorilarni yuboramiz deyishadi. Lekin qanaqa dori, narxi qancha, u dori boshqa aptekada qanchaga sotilyapti – hech narsa bilmaysiz.
Ma’mur, Toshkent viloyati:
— 3 yil farzand kutib topgan o‘g‘limizda yurak nuqsoni aniqlangan edi. Bir nechta shifoxonalarda tekshirtirdik. Doktor Ibragimov tezroq operatsiya qildirmasak bo‘lmasligini aytdi. Chaqaloqlarniyam operatsiya qilishayotgani, natija yaxshiligini gapirdi. Biz ham ishonib, tezda operatsiyaga tayyorlandik. Afsuski, operatsiyadan keyin farzandimdan ayrilib qoldik. Bolamizga berilgan umr shunchadir balki deb, o‘zimga taskin beryapman, lekin bu yerdagi g‘alati ishlarni tushunmadim.
Ehson qiluvchilar kelib, muhtoj oilalarga ataganlarini berib ketishadi. Syomka qilinadi, keyin “hammasiga bolaga kerakli dorilar olib kelinadi” deb, +5 aptekasiga yuborishadi. U yerda shunchaki pulni berasiz va bolangizga nima olib kelishlarini bilmaysiz. Qizig‘i, nega aynan bu apteka, bu qanaqa dori, hech kim bilmaydi.
Bolam bilan bitta palatada yotgan jizzaxlik bolaning onasi shu pulni eriga berib yuborgan ekan, shifokorning qattiq jahli chiqib ketdi. Qaytarib olib kelib aptekaga topshirishdi. Apteka kimga tegishli bilmayman, lekin bu ishniyam to‘g‘ri deb bo‘lmaydi. Bu yerdagi ota-onalar hech narsa deyisholmaydi, chunki bolasi shu shifokorlarning qo‘lida.
“Ularni tilxat yozishga hech kim majbur qilmadi”
Kun.uz muxbiri Toshkent davlat tibbiyot universiteti bolalar ko‘p tarmoqli klinikasida bo‘lib, kardioxirurgiya bo‘limi rahbari Nodir Ibragimov bilan suhbatlashdi. U Muhammadazizning o‘limiga yondosh kasalliklar sabab bo‘lganini aytdi.
“Bizga olib kelishganida bu bolamizda Daun sindromi bo‘lgan. Bu sindromda o‘zi og‘ir nuqsonlar bilan tug‘iladi 80 foizi. Bu bolada ikkita yurak qorinchalari o‘rtasida teshik bo‘lgan. Yurakning ikkita klapani bitta bo‘lib ketgan. Bunda yurak bitta kamerali bo‘lib qoladi. Bu bitta og‘ir nuqson, undan tashqari bolada yana qo‘shimcha nuqson – aorta bilan o‘pka qon tomiri yurakning o‘ng tomonidan chiqqan. Ota-onasi genetik tekshirtirishmagan bolani. Bizda ham genetik tekshiruvga sharoit yo‘q, lekin genetik tekshiruvdan keyin bu tashxis tasdiqlanadi.
Bolaning davleniyasi juda past, yurak urishi ham juda past holatda bo‘lgan. Bunaqa holatdan keyin biz morgga berish kerakligini aytamiz. Bola o‘lsa morgga beriladi. Bular «yo‘q, morgga bermaymiz» deyishdi. Bizda hali biologik o‘lim qayd qilinmagan, faqat klinik o‘lim qayd qilingandi. Bular hammasi minutma-minut bolaning kartasida yoziladi. Yurak to‘xtagan va yurgizib yuborganmiz, lekin yurak urishi juda past bo‘lgan. O‘sha holatda olib chiqib ketamiz deyishdi va tilxat yozib ketishdi. Ularni hech kim majbur qilmadi tilxat yozishga.
Bizda operatsiya tekin, yotish tekin. Lekin operatsiyaga ketadigan narsalarimiz ko‘p. «Mehrli qo‘llar» fondi va Ijtimoiy himoya agentligi yordamida yiliga 300 dan ortiq bolalarni operatsiya qilamiz. Bolani yotqizamiz, sharoiti og‘ir bo‘lsa operatsiyaga yetishmagan narsalarni yozib beramiz olib kelishlari uchun. Rasman bosh vrach, apteka boshlig‘i va men imzo chekaman. Fond va agentlik agar imkoni bo‘lsa olib berishadi, ular olib bermaydigan holatlarda ehson qilish istagida bo‘lgan odamlar bilan uchrashtiramiz. Biz qo‘limizga pul ushlamaymiz. Apteka hisoblab bergan dorilarni olib kelib berishadi».
Shifokordan bu vaziyatda ota-ona, dorixona, kasalxona o‘rtasida shaffoflikni ta’minlash mexanizmi haqida so‘raganimizda, bunday tizim yo‘qligini tan oldi. Bu holat tibbiy xizmat sifati, bemor huquqlari va shaffoflik masalalarini yana bir bor kun tartibiga chiqaradi.
Vaziyat chuqur tekshiruv va tahlillarni talab qiladi. Jizzaxlik ona buning uchun farzandining qabrini ochishlariga ham rozi.
Jamiyat
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.
Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
Jamiyat
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.
Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.
Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.
Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.
Jamiyat
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat3 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Iqtisodiyot2 days ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat3 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
