Jamiyat
Chinozda YTH sodir qilib, odam o‘limiga sabab bo‘lgan YPX xodimi 7 yilga qamaldi
Yo‘l-patrul xizmati xodimi Cobalt mashinasida yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketib, Gentra bilan to‘qnashgandi. Oqibatda Gentra haydovchisi halok bo‘lgan.
Toshkent viloyatining Chinoz tumanida YTH sodir qilgan yo‘l-patrul xizmati xodimi ozodlikdan mahrum qilindi. Kun.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.
Tongdagi avariya
Sud hukmiga ko‘ra, YTH 2025 yil 12 avust kuni tongda sodir bo‘lgan. Toshkent shahrida yashovchi Fayzulla Ubaydullayev o‘sha kuni turmush o‘rtog‘i va 3 nafar farzandi bilan sayohat qilish uchun Gentra mashinasida Samarqand shahriga yo‘l olgandi.
Chinoz tumani Madaniyat mahallasiga yetganda Gentra’ga yo‘lning qarama-qarshi tomonidan uchib chiqqan Cobalt mashinasi kelib uriladi.
Ushbu mashina rulida Toshkent shahar YHXB inspektori Davron Yo‘ldoshev bo‘lgan. U mashinani yuqori tezlikda boshqarib, rul boshqaruvini yo‘qotgan hamda yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketgandi.
YTH oqibatida Gentra haydovchisi Fayzulla Ubaydullayev Yangiyo‘l shahar tibbiyot birlashmasiga olib boriladi, ammo u jonlantirish bo‘limida vafot etadi. Shuningdek, YTHda marhumning ikki qizi va turmush o‘rtog‘i ham tan jarohati olgan.
“Nomer”ni yechib harakatlangan”
Marhumning yaqinlariga ko‘ra, Davron Yo‘ldoshev Cobalt’ni davlat raqam belgisini yechib olgan holda katta tezlikda boshqargan. U o‘z yo‘nalishidagi mashinani noto‘g‘ri quvib o‘tishi oqibatida boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan.
“Davron Yo‘ldoshev YTHdan so‘ng 10-15 daqiqada yetib kelgan davlat raqami yechib olingan Damas mashinasiga o‘tirib, yordam ko‘rsatmasdan voqea joyidan qochib ketgan. O‘zi YPX xodimi bo‘la turib, bir vaqtning o‘zida shuncha qoidabuzarlik sodir qilishi mumkinmi?”, degandi marhumning ukasi Kun.uz jurnalisti bilan suhbatda.
“Ertalabki yo‘riqnomaga shoshayotgandim”
35 yoshli Davron Yo‘ldoshev suddagi ko‘rsatmasida aybiga iqror bo‘lib, o‘sha kuni ertalabki yo‘riqnomaga yetib borish uchun shoshganini aytgan.
“O‘sha kuni soat 5:20 larda Cobalt mashinamda mahallamdan chiqib, M-39 yo‘lida harakatlana boshladim. Boshqaruvni yo‘qotib, mashina rulini to‘g‘irlamoqchi bo‘ldim. Ammo hushimni yo‘qotdim. O‘zimga kelganimda Toshkent shahrida shifoxonada ekanimni bildim. Meni shifoxonaga notanish kishilar olib borishgan.
Yo‘l harakati qoidalariga amal qilmagan holda harakatlanganimni tan olaman. Bu qilmishimdan pushaymonman”, – degan u.
Shuningdek, sudlanuvchi yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplash uchun 15 500 dollar to‘lab berganini ma’lum qilgan.
Davron Yo‘ldoshev o‘sha kuni uyidan chiqqanida mashinasining davlat raqam belgisi joyida turganini, YTH bo‘lganda davlat raqam belgisi bo‘lgan-bo‘lmaganini eslolmasligini bildirgan.
Jazo
JIB Chinoz tuman sudining 2025 yil 23 dekabrdagi hukmi bilan Davron Yo‘ldoshev Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3 yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil-koloniyasida o‘tash belgilangan.
Marhumning qonuniy vakili sud hukmidan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati kiritgan. Shikoyatda sudlanuvchi xavf ostida qoldirish hamda hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish jinoyatlarini ham sodir qilganini inobatga olib, unga og‘irroq jazo tayinlash so‘ralgan.
Toshkent viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2026 yil 10 martdagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Avvalroq Xorazmda mast holda mashina boshqarib, odam urib yuborgan va hodisa joyidan ketib qolgan IIB xodimi 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.
Jamiyat
O‘qish maqsadida chet elga chiqqanlar soni kamaydi
2026 yilning dastlabki to‘rt oyida o‘qish maqsadida xorijga chiqqan O‘zbekiston fuqarolari soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada qisqardi. Shu bilan birga, Qirg‘iziston, Rossiya va Janubiy Koreya o‘zbekistonliklar uchun eng ommabop ta’lim yo‘nalishlari bo‘lib qolmoqda.
Foto: Fotolia / WavebreakmediaMicro
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–aprel oylarida 7 355 nafar O‘zbekiston fuqarosi ta’lim olish maqsadida chet elga safar qilgan. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning shu davriga nisbatan 2,6 ming nafarga yoki 26,2 foizga kamaygan.
Tahlillarga ko‘ra, mazkur davrda o‘zbekistonliklar o‘qish uchun eng ko‘p tanlagan davlat Qirg‘iz Respublikasi bo‘lgan. U yerga ta’lim maqsadida 1 519 nafar fuqaro yo‘l olgan. Rossiya ikkinchi o‘rinni egallab, ushbu mamlakatga 1 515 nafar o‘zbekistonlik o‘qish uchun borgan.
Reytingning keyingi pog‘onalaridan Janubiy Koreya, Turkiya va Tojikiston joy olgan. Xususan, Koreya Respublikasiga 1 184 nafar, Turkiyaga 554 nafar, Tojikistonga esa 514 nafar fuqaro ta’lim maqsadida safar qilgan.
Shuningdek, Xitoyga 472 nafar, Buyuk Britaniyaga 413 nafar o‘zbekistonlik o‘qish uchun chiqqan. Boshqa davlatlarga ta’lim maqsadida safar qilganlar soni esa 1 184 nafarni tashkil etgan.
Mutaxassislar fikricha, ta’lim migratsiyasidagi o‘zgarishlarga xorijiy universitetlar qabul siyosati, ta’lim xarajatlari, stipendiya dasturlari hamda mehnat bozoridagi tendensiyalar ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Statistik ma’lumotlardan ko‘rinishicha, xorijda ta’lim olishga qiziqish saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, joriy yilning dastlabki oylarida chet elda o‘qish uchun safar qiluvchilar soni o‘tgan yilga nisbatan kamaygan.
Jamiyat
Andijonda 160 ming dollarlik yer savdosi bilan bog‘liq firibgarlik fosh etildi
Andijon viloyatida davlat zaxirasidagi yer maydonini rasmiylashtirib berishni va’da qilib, katta miqdorda pul talab qilgan shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi. U kelishilgan mablag‘ning bir qismini olayotgan vaqtida ushlangan.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Andijon viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, fuqaro Z.Yu. boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, o‘zini go‘yoki Andijon viloyati Statistika boshqarmasi xodimi sifatida tanishtirgan. U Andijon tumanidagi Yo‘ldosh Oxunboboyev massivida joylashgan davlat zaxirasi yer maydoni auksion orqali uning farzandi nomiga rasmiylashtirilgani haqida yolg‘on ma’lumot bergan.
Shundan so‘ng mazkur 40 sotix yer maydonining hujjatlarini kelgusida xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, bu xizmat uchun 160 ming AQSh dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi kelishilgan mablag‘ning dastlabki qismi hisoblangan 80 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda ishning barcha holatlarini aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mutasaddilar fuqarolarni yer ajratish, auksion savdolari va mulkni rasmiylashtirish bilan bog‘liq masalalarda faqat rasmiy manbalar va qonuniy tartiblarga tayanishga chaqirmoqda.
Jamiyat
Soliq oliy maktabida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari ochiladi
O‘zbekistonda soliq sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimi joriy etilmoqda. Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, Soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq oliy maktabida bakalavriat, magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlari yo‘lga qo‘yiladi.
Prezidentning “Soliq sohasida malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (PQ–227-son, 2026 yil 16 iyun) qabul qilindi.
Ma’lum qilinishicha, prezidentning 2026 yil 19 maydagi PF–95-sonli farmoniga asosan Soliq qo‘mitasi huzurida Soliq oliy maktabi tashkil etilgan. Shuningdek, uning tarkibida Malaka oshirish va kompetensiyalarni rivojlantirish markazi hamda Soliqqa oid tadqiqotlar markazi faoliyat yuritadi.
Qarorga ko‘ra, 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab Soliq oliy maktabida o‘qish muddati kamida uch yil bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga talabalar qabul qilinadi. 2027-2028 o‘quv yilidan esa magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlari joriy etiladi.
Oliy maktabda soliqlar va soliqqa tortish, raqamli soliq ma’murchiligi, soliq huquqi hamda moliyaviy nazorat kabi yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlanadi.
Bitiruvchilar davlat namunasidagi diplom bilan bir qatorda soliq maslahatchisi va auditor malaka sertifikatlarini olish uchun zarur o‘quv kurslarini tamomlaganligi haqida hujjat ham oladi.
Shuningdek, buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi xalqaro tashkilotlarning ACCA, DipIFR, CAP/CIPA, CIA va ACA kabi sertifikatlarini qo‘lga kiritgan talabalarning mazkur sertifikatlarni olish bo‘yicha o‘qish xarajatlari Soliq oliy maktabi tomonidan qoplab beriladi.
Jamiyat
FVB tizimiga ishga kiritishni va’da qilgan shaxs ushlandi
Buxoro viloyatida fuqaroni Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tizimiga ishga joylashtirib berishni va’da qilgan shaxs 3,5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi.
Foto: Prokuratura departamenti
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.A. fuqaro S.I.ning ishonchiga kirib, uni go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tizimiga ishga kirish imtihonlaridan o‘tkazib berishini aytgan.
Ma’lum qilinishicha, u mazkur xizmat evaziga 3 500 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Toshkentdagi ko‘chalardan biriga Mustafo Kamol Otaturk nomi beriladi
Toshkent shahridagi muhim ko‘chalardan bir qismiga Turkiya Respublikasi asoschisi va birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk nomi beriladi. Bu haqda tegishli prezident qarori qabul qilindi.
Prezidentning 2026 yil 15 iyundagi qaroriga muvofiq, poytaxtning Yashnobod tumanida barpo etilayotgan “O‘zbek-turk do‘stligi” xiyoboniga tutash hududda joylashgan Abdulla Qodiriy ko‘chasining bir qismi Mustafo Kamol Otaturk nomi bilan ataladi.
Hujjatga ko‘ra, yangi nom Istiqbol, Farg‘ona yo‘li va Nukus ko‘chalari kesishmasidan boshlanib, Abdulla Qodiriy ko‘chasi hamda Mahtumquli shohko‘chasi kesishmasigacha bo‘lgan hududga beriladi.
Qaror O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik va yaqinlik rishtalarini e’tirof etish maqsadida qabul qilingani ta’kidlanmoqda.
Mustafo Kamol Otaturk XX asrda Turkiya davlatchiligini shakllantirgan eng muhim siyosiy arboblardan biri sifatida tanilgan. U mamlakat mustaqilligi uchun kurashga rahbarlik qilgan, respublika boshqaruv tizimini joriy etgan hamda keng ko‘lamli siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirgan.
Mazkur tashabbus Toshkentda yaratilayotgan “O‘zbek-turk do‘stligi” xiyoboni bilan uyg‘un holda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning yana bir ramzi sifatida baholanmoqda.
Qarorning amaliy ijrosi doirasida tegishli davlat organlari va mahalliy hokimliklarga ko‘chani qayta nomlash hamda manzil ma’lumotlarini yangilash bilan bog‘liq tashkiliy choralarni amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.
-
Siyosat2 days ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Mahalliy3 days ago
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
-
Jamiyat3 days agoFarg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
-
Sport4 days agoJCh-2026. Osiyoning ikki jamoasi Yevropa vakillariga qarshi maydonga tushadi
-
Mahalliy3 days ago
Quyoshda turgan suvning ta’mi emas, tarkibi o‘zgaradi… bu esa juda xavfli
-
Jamiyat3 days agoO‘zbekistonda qaysi fintex ilovalardan ko‘p foydalanilmoqda?
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga gilam eksport qilmoqda?
-
Sport2 days agoEron Amerikaga bordi, Osiyo Yevropaning ta’zirini berayotir – JCh kundaligi
