Iqtisodiyot
Go‘sht yana qimmatlasha boshladi. O‘tgan yilda ham narxlar keskin oshgandi
2025 yilda O‘zbekistonda suyaksiz mol go‘shtining qimmatlashishi yillik inflatsiyadan 3,3 barobarga, qo‘y go‘shtining qimmatlashishi esa 3,7 barobarga yuqori bo‘ldi. Yanvar oyida narxlar yana oshishni boshladi. O‘tgan yilda go‘sht yetishtirishning o‘sishi sekinlashdi, mol go‘shti importi esa miqdor jihatdan 67 foizga, qiymat jihatdan 80,5 foizga ko‘paydi.
O‘tgan yil O‘zbekistonda go‘sht narxining qimmatlashgani aholining kundalik xarajatlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Ayniqsa, mol go‘shti narxining tez-tez o‘zgarishi nafaqat iste’molchilar, balki oziq-ovqat xavfsizligi, inflatsiya va agrar siyosat samaradorligi masalalarini ham kun tartibiga olib chiqdi.
2026 yilning yanvar oyida ham narxlarning oshishi davom etyapti. Iqtisodiyot va moliya vazirligining qayd etishicha, 30 dekabr kuni Eski Juva dehqon bozorida 1 kg mol go‘shtining ulgurji minimal narxi 66 ming so‘mdan, maksimal narxi 100 ming so‘mdan, qo‘y go‘shtining ulgurji minimal narxi 70 ming so‘mdan, maksimal narxi 105 ming so‘mdan sotilgan. 30 yanvar holatida esa mol go‘shtining minimal narxi 70 ming so‘mgacha, maksimal narxi 103 ming so‘mgacha, qo‘y go‘shtining minimal narxi 82 ming so‘mgacha, maksimal narxi 110 ming so‘mgacha qimmatlashgan. Ya’ni oxirgi bir oy ichida mol go‘shtining ulgurji minimal bahosi 6 foizga, maksimal bahosi esa 3 foizga, qo‘y go‘shtining minimal bahosi 17 foizga, maksimal bahosi esa qariyb 5 foizga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda suyaksiz mol go‘shti 25 foizga, suyakli mol go‘shti 23,9 foizga, qo‘y go‘shti 26,8 foizga qimmatlashgandi.
Statistika qo‘mitasining rasmiy raqamlariga qaraydigan bo‘lsak, suyakli mol go‘shti narxining oshishi oxirgi yillarda quyidagicha bo‘lgan:
2017 yil – 35,9 foiz (umumiy inflatsiya – 14,4 foiz);
2018 yil – 26,9 foiz (umumiy inflatsiya – 14,3 foiz);
2019 yil – 26,6 foiz (umumiy inflatsiya – 15,2 foiz);
2020 yil – 21,1 foiz (umumiy inflatsiya – 11,1 foiz);
2021 yil – 10,4 foiz (umumiy inflatsiya – 9,98 foiz);
2022 yil – 9,8 foiz (umumiy inflatsiya – 12,3 foiz);
2023 yil – 9,3 foiz (umumiy inflatsiya – 8,8 foiz);
2024 yil – 13,3 foiz (umumiy inflatsiya – 9,8 foiz);
Go‘sht yetishtirish va import
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda 2 mln 987 ming tonna go‘sht (tirik vaznda) yetishtirilgan. Bu ko‘rsatkich oldingi yilga nisbatan 1,5 foizga ko‘p. Xususan, go‘sht yetishtirish 2024 yilda 2 mln 942 ming tonnani (+3,9 foiz), 2023 yilda 2 mln 833 ming tonnani (+3,9 foiz), 2022 yilda esa 2 mln 726 ming tonnani (+3,4 foiz) tashkil etgan.
Shu bilan birga, yildan yilga import hajmi ham oshib boryapti. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonga 869 mln dollarlik go‘sht va go‘sht mahsulotlari import qilingan. Shundan 661 mln dollarlik mahsulot (qariyb 157 ming tonna) qoramol go‘shti hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu 2024 yilga nisbatan miqdor jihatdan 67 foizga, qiymat jihatdan esa 80,5 foizga oshgan. 1 kg import mol go‘shtining o‘rtacha bahosi 4,2 dollarni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, 2024 yilda mazkur ko‘rsatkich 3,9 dollarga teng bo‘lgan.
O‘tgan yilda miqdor jihatdan tovuq go‘shti importi 6,3 foizga, go‘y go‘shti importi esa qariyb 2,5 barobarga oshdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda go‘sht importi uchun bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanadi.
Oxirgi yillarda go‘sht narxining qimmatlashishiga bir nechta omillar majmuasi ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin.
Birinchidan, chorva mollarini oziqlantirish uchun ajratilgan yer maydonlari qoramollar soniga mutanosib emas. Oldin mavjud bo‘lgan yaylovlar o‘rni ekinzorga aylanishi bilan nomutanosiblik kengayib boryapti. Ya’ni fermer chorvachilikni kengaytirishni istasa ham, buning uchun unda yetarli yer maydoni mavjud emas.
Yaylov chorvachiligida go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarishga qilinadigan xarajatlar qoramolchilikdagiga nisbatan ancha kam bo‘lib, mahsulot ishlab chiqarish tannarxning pastligi tufayli go‘sht narxini muvozanatlovchi asosiy omil hisoblanadi. Iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sababli yaylovlarning qisqarishi tabiiy ravishda kuchayib boryapti. Shuningdek, buta va yarim buta o‘simliklarini o‘tin va boshqa xo‘jalik ehtiyojlari uchun chopib olish ham yaylovlar inqirozi va cho‘llanish jarayonini tezlashtirgan.
O‘z navbatida, yaylovlarning qisqarishi mavjud zaxiralardan ko‘proq foydalanishni taqozo etadi. Buning oqibatida o‘simliklarning normal o‘sib rivojlanishi va urug‘ hosil qilishi, tuproqqa urug‘larning to‘kilishi kabi muhim tabiiy jarayonlar sekinlashadi.
Ya’ni hozirgi narxlar oshishini barqarorlashtirish, bozordagi taklifni oshirish uchun birinchi navbatda mazkur ko‘p yillik tizimli muammoni hal qilish kerak bo‘ladi. Cho‘l yaylovlarining hajmi va hosildorligini oshirmay turib, ularda boqilayotgan chorva hayvonlari bosh sonini ko‘paytirishning iloji yo‘q. Masalan, ayrim mamlakatlarda yaylovlar holatini yaxshilash uchun har yili bir yillik o‘simlik urug‘larini sepish yo‘lga qo‘yilgan.
Ikkinchidan, go‘shtning katta qismi odamlar tomonidan xonadonlarda yetishtiriladi. Bunda qo‘shimcha daromad olish maqsadida yosh qoramol chorvadordan sotib olinadi va semirtirib sotiladi. Shrot va kunjara kabi mahsulotlar narxining tez o‘zgaruvchanligi, yem-xashak uchun yer maydonlarining yetarli emasligi, makkajo‘xori kabi ekinlarni ekishga qo‘yilgan norasmiy cheklovlar chorva uchun oziq-ovqat narxlarini qimmatlashtiryapti.
Iqtisodiyot
«Yomg‘ir va qorda ham foydalanishga tayyor bo‘ladi» – Toshkent-Andijon pulli yo‘li haqida nimalar ma’lum?
Pulli yo‘l qurilishi natijasida Toshkentdan Andijonga borish vaqti hozirgi 5−5,5 soatdan 2−2,5 soatgacha qisqaradi. Dastlabki bosqichda qiymati 3,66 mlrd dollar bo‘lgan 171 km uzunlikdagi Toshkent-Angren-Qamchiq dovoni muqobil yo‘lini qurish rejalashtirilyapti. Bunda 33 km uzunlikdagi 4 qatorli yangi tunnel ham foydalanishga topshiriladi. Loyiha Jahon banki ko‘magida amalga oshiriladi.
Joriy yilda Qamchiq dovoni orqali o‘tuvchi Toshkent-Andijon pulli yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanadi. Bu haqda «Avtoyo’linvest» agentligi direktori Asliddin Isayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, vodiy viloyatlarini poytaxt bilan bog‘lovchi pulli yo‘lning umumiy uzunligi 314 km bo‘ladi. Dastlabki bosqichda qiymati 3,66 mlrd dollar bo‘lgan 171 km uzunlikdagi Toshkent-Angren-Qamchiq dovoni muqobil yo‘lini qurish rejalashtirilyapti. Bunda 33 km uzunlikdagi 4 qatorli yangi tunnel ham foydalanishga topshiriladi. Yo‘lning yillik to‘lov miqdori 465 mln dollarga baholanyapti.
«Loyiha Jahon banki ko‘magida amalga oshiriladi. Tender jarayonlarini to‘liq loyihalashtirish va o‘tkazish uchun Arup xalqaro konsalting kompaniyasi jalb qilindi. Joriy yilda amaliy ishlar boshlanishi rejalashtirilgan. Loyihaga Fransiya, Turkiya va Xitoyning yirik kompaniyalari qiziqish bildiryapti. Eng asosiy maqsadimizdan biri, harakat xavfsizligini yaxshilashga qaratilgan. Noqulay ob-havo sharoitlarida, yomg‘ir va qor sharoitlarida ham avtomobil yo‘li to‘liq foydalanishga tayyor holatda bo‘ladi», – deydi Asliddin Isayev.
Pulli yo‘l qurilishi natijasida Toshkentdan Andijonga borish vaqti hozirgi 5−5,5 soatdan 2−2,5 soatgacha qisqarishi kutilyapti. Ushbu yo‘nalishda 1 kunda o‘rtacha qatnov 40 mingtani tashkil etadi.
Iqtisodiyot
Yaqin Sharqdagi urush O‘zbekistondagi benzin narxlariga qanday ta’sir qilyapti?
Harbiy harakatlar boshlanganidan keyingi birjaning 4 ta savdo sessiyasida benzin narxi arzonlashgan bo‘lsa, 6 martdan narxlar sezilarli osha boshladi. 27 fevraldan 13 martgacha bo‘lgan davrda AI-92 bahosi 5,1 foizga qimmatlashgan.
Yaqin Sharqdagi mojaroning kuchayishi fonida global miqyosida neft yetkazib berishda uzilishlar kuzatilyapti. Jahon neft eksportining qariyb beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kema qatnovi deyarli to‘xtab qoldi, bu esa yonilg‘i narxlarining ko‘tarilishiga sabab bo‘lyapti.
Harbiy harakatlar boshlanishidan oldin O‘zbekistondagi birja savdolarida 1 tonna AI-92 markali benzin bahosi 12 mln 83 ming so‘mni tashkil etgan. Keyingi 4 ta savdo sessiyasida narxlar umumiy hisobda 2 foizga yoki 1 tonna uchun 11 mln 841 ming so‘mgacha pasaydi.
Keyinchalik global bozordagi narxlarning qimmatlashishi fonida O‘zbekiston bozorida ham benzin bahosi osha boshladi. 13 mart kungi savdolarda 1 tonna AI-92 12 mln 704 ming so‘mdan sotildi. Bu 27 fevral kungi narxlarga nisbatan 5,1 foizga qimmatroq.
Benzin importiga qaramlik
O‘zbekistonda neft qazib olish va qayta ishlash quvvatlari mavjud bo‘lsa-da, ichki ehtiyojni to‘liq qoplash uchun importga bog‘liqlik yildan yilga oshib boryapti. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar-fevral oylarida qariyb 166 mln dollarlik 279 mln litr benzin import qilingan. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan miqdor jihatdan 2 barobarga, qiymat jihatdan esa 2,1 barobarga ko‘p. Oxirgi oylarda ichki talabning qariyb teng yarmi tashqaridan olib kirilayotgan benzin hisobiga qondirilyapti.
O‘z navbatida ichki ishlab chiqarish hajmi ham oxirgi 2 yilda sezilarli darajada kamaydi. Masalan, 2023 yilda 1 mln 333 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2025 yilda 1 mln 200 ming tonnagacha yoki 10 foizga qisqargan.
Iqtisodiyot
MChJ O‘zbekistondagi eng ommalashgan biznes shakli bo‘lib qolmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning 1 mart holatiga O‘zbekistonda jami 419 mingta tijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ular orasida mas’uliyati cheklangan jamiyatlar (MChJ) eng keng tarqalgan tashkiliy-huquqiy shakl bo‘lib, ularning soni 331 686 tani tashkil etgan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, MChJ mamlakatdagi barcha tijorat korxonalarining 79,1 foizini tashkil qiladi. Bu esa har o‘nta korxonaning qariyb sakkiztasi aynan ushbu tashkiliy shaklda faoliyat yuritishini anglatadi.
Tashkiliy-huquqiy shakllar kesimida xususiy korxonalar soni 47 028 ta bo‘lib, ular umumiy korxonalarning 11,2 foizini tashkil etgan. Oilaviy korxonalar 36 518 ta (8,7 foiz)ni tashkil etgan bo‘lsa, aksiyadorlik jamiyatlari 637 ta (0,2 foiz)ni tashkil qilgan.
Shuningdek, boshqa tashkiliy-huquqiy shakldagi tijorat tashkilotlari soni 3 358 taga teng bo‘lib, ular umumiy korxonalarning 0,8 foizini tashkil etadi.
MChJ shakli tadbirkorlar uchun nisbatan qulay tashkiliy-huquqiy mexanizmlar, ishtirokchilarning javobgarligi cheklanganligi hamda boshqaruv tizimining soddaligi sabab mamlakatda eng ommalashgan biznes shakli sifatida saqlanib qolmoqda.
Iqtisodiyot
Infratuzilma dasturidagi taqsimlanmagan mablag‘lar endi yangi tartibda ajratiladi
Adliya vazirligi tomonidan Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida buyurtmachisi aniqlanmagan va taqsimlanmagan mablag‘larni buyurtmachilarga taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizomga ko‘ra, davlat dasturi doirasida ajratilgan, ammo hozircha muayyan buyurtmachiga biriktirilmagan yoki taqsimlanmagan mablag‘larni obektlar (loyihalar) hamda buyurtmachilar kesimida taqsimlash tartibi belgilandi.
Hujjatga muvofiq, vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, shuningdek viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari mazkur mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha o‘z takliflarini elektron shaklda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi.
Bunda nizom ilovasida mablag‘larni ajratish mumkin bo‘lgan maqsadli yo‘nalishlar hamda takliflarni taqdim etish muddatlari aniq belgilab qo‘yilgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi kelib tushgan takliflarni bir oy muddatda o‘rganib chiqadi va davlat dasturi doirasida obektlar bo‘yicha manzilli ro‘yxatni shakllantiradi. Shuningdek, ushbu ro‘yxat har chorakda kamida bir marta hukumatga tasdiqlash uchun taqdim etib boriladi.
Iqtisodiyot
2026 yilda paxtani mashinada terish ulushi 70 foizga yetkaziladi
13 mart kuni imzolangan prezident qarori bilan shunday vazifa belgilandi. Qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlarini xarid qilishni moliyalashtirish uchun 400 mln dollargacha tashqi qarz olinadi.
13 mart kuni “Agrar sektorni zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashning navbatdagi chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, qishloq xo‘jaligida mexanizatsiyalash darajasini oshirish, ayniqsa paxta terimini texnika vositalari orqali amalga oshirish ulushini kengaytirish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi. Jumladan, 2026 yilda paxtani mashinalar yordamida terib olish ulushini 70 foizgacha yetkazish rejalashtirilmoqda.
Shu maqsadda 2026 yilda qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlarini xarid qilishni moliyalashtirish uchun davlat kafolati ostida jalb qilinadigan xorijiy kredit liniyalari hisobidan tijorat banklari orqali 400 million AQSh dollarigacha mablag‘ yo‘naltirilishi ta’minlanadi.
Bundan tashqari, tijorat banklari barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlarini xarid qilish uchun milliy valutada 10 yil muddatga, 2 yillik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratadi. Mazkur kreditlar Markaziy bankning asosiy stavkasiga qo‘shimcha 4 foiz bank marjasi asosida taqdim etiladi.
Qarorda paxta va g‘alla kombaynlarini imtiyozli kredit va lizing shartlari asosida xarid qilish tartibi ham belgilangan. Xususan, 2026 yildan boshlab ushbu texnikalar bo‘yicha kredit va lizing to‘lovlarini amalga oshirish muddati yil davomida ikki marta — 31 yanvar va 31 iyul sanalari etib belgilandi.
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev fuqarolardan murojaatlar ko‘payib borayotgan bir paytda militsiya xodimlarining qo‘pol xatti-harakatlarini tanqid qildi
-
Jamiyat5 days agoNogironlar uchun onlayn platforma tenderida shubhali holatlar aniqlandi
-
Jamiyat3 days ago
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov lavozimidan ozod etildi
-
Dunyodan4 days agoEron rasmiylari tinch aholi qurbonlari sonini e’lon qildi
-
Iqtisodiyot4 days ago
13-mart kuni ham dollar kursi pastlaydi
-
Siyosat4 days agoIkki nafar O‘zbekiston fuqarosi firibgarlik va o‘g‘irlik hodisasidan so‘ng Bahrayn va AQShdan qaytib keldi
-
Dunyodan3 days ago
AQSh, Isroil va Eron o’rtasidagi urush qurbonlari soni 2000 nafarga yetdi.
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp yashirishga uringan Eronga qarshi urush sababi ma’lum bo’ldi
