Iqtisodiyot

Go‘sht yana qimmatlasha boshladi. O‘tgan yilda ham narxlar keskin oshgandi

Published

on


2025 yilda O‘zbekistonda suyaksiz mol go‘shtining qimmatlashishi yillik inflatsiyadan 3,3 barobarga, qo‘y go‘shtining qimmatlashishi esa 3,7 barobarga yuqori bo‘ldi. Yanvar oyida narxlar yana oshishni boshladi. O‘tgan yilda go‘sht yetishtirishning o‘sishi sekinlashdi, mol go‘shti importi esa miqdor jihatdan 67 foizga, qiymat jihatdan 80,5 foizga ko‘paydi.

O‘tgan yil O‘zbekistonda go‘sht narxining qimmatlashgani aholining kundalik xarajatlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Ayniqsa, mol go‘shti narxining tez-tez o‘zgarishi nafaqat iste’molchilar, balki oziq-ovqat xavfsizligi, inflatsiya va agrar siyosat samaradorligi masalalarini ham kun tartibiga olib chiqdi.

2026 yilning yanvar oyida ham narxlarning oshishi davom etyapti. Iqtisodiyot va moliya vazirligining qayd etishicha, 30 dekabr kuni Eski Juva dehqon bozorida 1 kg mol go‘shtining ulgurji minimal narxi 66 ming so‘mdan, maksimal narxi 100 ming so‘mdan, qo‘y go‘shtining ulgurji minimal narxi 70 ming so‘mdan, maksimal narxi 105 ming so‘mdan sotilgan. 30 yanvar holatida esa mol go‘shtining minimal narxi 70 ming so‘mgacha, maksimal narxi 103 ming so‘mgacha, qo‘y go‘shtining minimal narxi 82 ming so‘mgacha, maksimal narxi 110 ming so‘mgacha qimmatlashgan. Ya’ni oxirgi bir oy ichida mol go‘shtining ulgurji minimal bahosi 6 foizga, maksimal bahosi esa 3 foizga, qo‘y go‘shtining minimal bahosi 17 foizga, maksimal bahosi esa qariyb 5 foizga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda suyaksiz mol go‘shti 25 foizga, suyakli mol go‘shti 23,9 foizga, qo‘y go‘shti 26,8 foizga qimmatlashgandi.

Statistika qo‘mitasining rasmiy raqamlariga qaraydigan bo‘lsak, suyakli mol go‘shti narxining oshishi oxirgi yillarda quyidagicha bo‘lgan:


2017 yil – 35,9 foiz (umumiy inflatsiya – 14,4 foiz);
2018 yil – 26,9 foiz (umumiy inflatsiya – 14,3 foiz);
2019 yil – 26,6 foiz (umumiy inflatsiya – 15,2 foiz);
2020 yil – 21,1 foiz (umumiy inflatsiya – 11,1 foiz);
2021 yil – 10,4 foiz (umumiy inflatsiya – 9,98 foiz);
2022 yil – 9,8 foiz (umumiy inflatsiya – 12,3 foiz);
2023 yil – 9,3 foiz (umumiy inflatsiya – 8,8 foiz);
2024 yil – 13,3 foiz (umumiy inflatsiya – 9,8 foiz);

 Go‘sht yetishtirish va import

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda 2 mln 987 ming tonna go‘sht (tirik vaznda) yetishtirilgan. Bu ko‘rsatkich oldingi yilga nisbatan 1,5 foizga ko‘p. Xususan, go‘sht yetishtirish 2024 yilda 2 mln 942 ming tonnani (+3,9 foiz), 2023 yilda 2 mln 833 ming tonnani (+3,9 foiz), 2022 yilda esa 2 mln 726 ming tonnani (+3,4 foiz) tashkil etgan.

Shu bilan birga, yildan yilga import hajmi ham oshib boryapti. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonga 869 mln dollarlik go‘sht va go‘sht mahsulotlari import qilingan. Shundan 661 mln dollarlik mahsulot (qariyb 157 ming tonna) qoramol go‘shti hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu 2024 yilga nisbatan miqdor jihatdan 67 foizga, qiymat jihatdan esa 80,5 foizga oshgan. 1 kg import mol go‘shtining o‘rtacha bahosi 4,2 dollarni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, 2024 yilda mazkur ko‘rsatkich 3,9 dollarga teng bo‘lgan.

O‘tgan yilda miqdor jihatdan tovuq go‘shti importi 6,3 foizga, go‘y go‘shti importi esa qariyb 2,5 barobarga oshdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda go‘sht importi uchun bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanadi.

Oxirgi yillarda go‘sht narxining qimmatlashishiga bir nechta omillar majmuasi ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Birinchidan, chorva mollarini oziqlantirish uchun ajratilgan yer maydonlari qoramollar soniga mutanosib emas. Oldin mavjud bo‘lgan yaylovlar o‘rni ekinzorga aylanishi bilan nomutanosiblik kengayib boryapti. Ya’ni fermer chorvachilikni kengaytirishni istasa ham, buning uchun unda yetarli yer maydoni mavjud emas.

Yaylov chorvachiligida go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarishga qilinadigan xarajatlar qoramolchilikdagiga nisbatan ancha kam bo‘lib, mahsulot ishlab chiqarish tannarxning pastligi tufayli go‘sht narxini muvozanatlovchi asosiy omil hisoblanadi. Iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sababli yaylovlarning qisqarishi tabiiy ravishda kuchayib boryapti. Shuningdek, buta va yarim buta o‘simliklarini o‘tin va boshqa xo‘jalik ehtiyojlari uchun chopib olish ham yaylovlar inqirozi va cho‘llanish jarayonini tezlashtirgan.

O‘z navbatida, yaylovlarning qisqarishi mavjud zaxiralardan ko‘proq foydalanishni taqozo etadi. Buning oqibatida o‘simliklarning normal o‘sib rivojlanishi va urug‘ hosil qilishi, tuproqqa urug‘larning to‘kilishi kabi muhim tabiiy jarayonlar sekinlashadi.

Ya’ni hozirgi narxlar oshishini barqarorlashtirish, bozordagi taklifni oshirish uchun birinchi navbatda mazkur ko‘p yillik tizimli muammoni hal qilish kerak bo‘ladi. Cho‘l yaylovlarining hajmi va hosildorligini oshirmay turib, ularda boqilayotgan chorva hayvonlari bosh sonini ko‘paytirishning iloji yo‘q. Masalan, ayrim mamlakatlarda yaylovlar holatini yaxshilash uchun har yili bir yillik o‘simlik urug‘larini sepish yo‘lga qo‘yilgan.

Ikkinchidan, go‘shtning katta qismi odamlar tomonidan xonadonlarda yetishtiriladi. Bunda qo‘shimcha daromad olish maqsadida yosh qoramol chorvadordan sotib olinadi va semirtirib sotiladi. Shrot va kunjara kabi mahsulotlar narxining tez o‘zgaruvchanligi, yem-xashak uchun yer maydonlarining yetarli emasligi, makkajo‘xori kabi ekinlarni ekishga qo‘yilgan norasmiy cheklovlar chorva uchun oziq-ovqat narxlarini qimmatlashtiryapti.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version