Connect with us

Iqtisodiyot

Global moliyaviy inqiroz 2008: sabablar va oqibatlar

Published

on


Asr boshlari. Inflatsiya juda past, global iqtisodiyot muttasil ravishda o‘sib borardi. Moliyachilardan tortib hukumat vakillarigacha oltin davr kelganiga ishonar, G‘arb jamiyatida “Inqirozlar davri tugadi, biz iqtisodiyotni boshqarishni to‘liq o‘rganib oldik”, degan ishonch hukm surardi. Biroq, 2008 yilda bu chiroyli illyuziya shiddatli ravishda chilparchin bo‘ldi.

Kutilmaganda halokatli turg‘unlik boshlanib, tik turgan moliyaviy imperiya poydevori pufakdan yasalgani ayon bo‘ldi. Uoll-stritdagi “xatarli spekulyatsiyalar” hamda bir guruh ochko‘z brokerlarning qaltis o‘yini butun sayyorani halokat botqog‘iga tortdi.

Xo‘sh, trillionlab dollarlarni havoga uchirgan, millionlab odamlarni uysiz, ishsiz qoldirgan 2008 yilgi inqiroz qanday kelib chiqqandi? Sabablar nima?

Hammasi qanday boshlandi?

2008 yilgi global moliyaviy inqiroz AQShda boshlandi. Uning asosiy shart-sharoitlari ham aynan shu yerda yillar davomida shakllanib kelgan edi. Iqtisodchilar inqirozga olib kelgan sabablar haqida hali ham bahslashishadi, biroq eng ko‘p e’tirof etiladigan bir nechta asosiy omillarni ajratib ko‘rsatish mumkin.

Kredit stavkalarining pasaytirilishi. 2000-yillarning boshida AQShda “dotkom pufagi” oqibatlarini yumshatish uchun foiz stavkalari keskin ravishda pasaytirila boshlandi. Federal zaxiraning asosiy stavkasi 2000 yil may oyida 6,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2001 yilning dekabriga borib 1,75 foizgacha tushirildi. Past stavkalar sabab banklar arzon kreditlarga ega bo‘ldi. Natijada ular iste’mol kreditlari va ipotekalarni ko‘proq bera boshladi, hatto ishonchsiz qarz oluvchilarga ham qarz ajratildi. Bu esa ipoteka kreditlari hajmining keskin oshishiga va ko‘chmas mulk bozorida pufak paydo bo‘lishiga olib keldi.

Bu quyidagicha ro‘y berdi: pul arzonligi sharoitida banklar kreditlar uchun talablarni ancha yumshatdi: qarz oluvchilarning kredit tarixiga, daromadiga va ish turiga qo‘yiladigan shartlar kamaytirildi, boshlang‘ich badal ham kichraytirildi. Natijada ko‘chmas mulkka talab keskin oshdi va uy narxlari juda tez qimmatlashdi. Qisqa muddatda xavf ostidagi ipoteka kreditlarining ulushi 2,5 foizdan 15 foizgacha oshdi.

Shuningdek, o‘zgaruvchan foiz stavkali ipoteka kreditlari paydo bo‘ldi. Bu modelda dastlabki 2-3 yil davomida foiz stavkasi juda past bo‘lgan. Odamlar “hozir to‘lovim kam-ku, keyinchalik daromadim oshsa yopib yuboraman yoki uyning narxi oshsa, uni sotib foyda ko‘raman”, degan o‘y bilan katta miqdorda qarz ola boshladi. Biroq, imtiyozli davr tugagach, foiz stavkalari bozorga qarab keskin ko‘tarilgan va oylik to‘lovlar odamlarning daromadidan ham oshib ketgan. Dastlab faqat foizlar yoki juda kichik miqdor to‘langan, asosiy qarz esa muddat oxiriga qoldirilgan. Bu psixologik tuzoq edi: odamlar bugungi arzon to‘lovga uchib, kelajakdagi ulkan majburiyatni hisobga olmay qo‘yadi.

O‘z navbatida, banklar ham ehtimoliy xatarni juda ham past baholay boshladi: qarz oluvchi to‘lovni to‘xtatsa ham, bank garovdagi uy yoki kvartirani ochiq bozorda qimmatroq narxda sotib yuborishi mumkin. Narxlar kundan kunga oshib borayotgan sharoitda qarzning ham o‘sib borishi katta xavf sifatida ko‘rilmayotgan edi.

Ipoteka obligatsiyalari. Banklar endi ipoteka kreditlarini birlashtirib, ularni obligatsiyalar (MBC) ko‘rinishida boshqa moliyaviy tashkilotlar va investorlarga sota boshladi. Bunday obligatsiyalarni sotib olgan investorlar kreditlar bo‘yicha to‘lanadigan foiz va asosiy qarzdan ulush olish huquqiga ega bo‘lardi. Ipoteka obligatsiyalari dunyo bo‘ylab juda ishonchli aktiv sifatida sotiladi. Ularga nafaqat boy investorlarning mablag‘lari, balki oddiy ishchi va xizmatchilarning pensiya jamg‘armalari, odamlarning hayoti va mulkini sug‘urta qiluvchi tashkilotlarning zaxira mablag‘lari ham yo‘naltirila boshlandi. Banklar mijozlarning depozit pullarini ko‘proq foyda ko‘rish maqsadida ushbu obligatsiyalarga tikadi. Natijada, pufak yorilganda, uy-joy bozoriga umuman aloqasi bo‘lmagan va kredit olmagan o‘qituvchi, hamshira yoki kichik tadbirkor ham o‘z pensiya jamg‘armasidan yoki bankdagi omonatidan ayrildi.

Sodda qilib aytganda, banklar substandart kreditlarni ishonchli kreditlar bilan bir savatga solib, “yuqori sifatli” obligatsiya sifatida qadoqlashadi. Reyting agentliklari ham ularga eng yuqori bahoni berishgan. Investorlar nima sotib olayotganini to‘liq tushunishmagan, lekin ular “juda foydali” narsaga pul tikkaniga ishonishardi.

Qonunchilikdagi o‘zgarishlar. Banklar ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash uchun ma’lum miqdorda o‘z kapitaliga ega bo‘lishi shart. Ammo 2004 yilda AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi bu talablarni yumshatadi. Oddiy tilda aytganda, bu qaror banklarga “cho‘ntagida bor pulidan bir necha barobar ko‘p qarz berish” imkonini beradi. Xususan, ilgari banklar o‘zining 1 dollar o‘z puliga 12 dollar qarz bera olgan bo‘lsa, endi bu chegara 1 dollarga 33 dollar nisbatgacha kengayadi. Bu – banklarga ulkan foyda keltirdi, lekin ularni juda zaif ham qilib qo‘ydi: bozor bor-yo‘g‘i 3 foizga pasaysa ham, bank butun kapitalini yo‘qotishi mumkin bo‘lib qoldi.

Vaziyatning keskinlashishi

2004 yil iyunidan 2006 yil iyunigacha bo‘lgan ikki yil davomida Federal rezerv asosiy foiz stavkasini 1,25 foizdan 5,25 foizgacha oshirdi. Bu davrga kelib talabning yuqoriligi fonida uy narxlari ham nihoyatda qimmatlashgandi. Yuzaga kelgan pufak yanada shishishi uchun esa uy bahosi tinimsiz o‘sishi kerak bo‘lardi. Ammo, ko‘chmas mulk odamlarga arzon kreditlar bilan ham qimmatlik qila boshladi va 2006 yilga kelib, bozorda talab kamaydi; narxlar uzoq yillik o‘sishdan keyin birinchi marta arzonlasha boshladi.

Shuningdek, 2004–2006 yillarda past foiz bilan olingan o‘zgaruvchan stavkali kreditlarning imtiyozli davri tugadi. Masalan, kimdir oyiga 1000 dollar to‘layotgan bo‘lsa, bu miqdor 2000 dollarga aylandi. Odamlar ipotekaga olingan uyi qarz miqdoridan ko‘ra arzonroq bo‘lib qolganini ko‘ra boshlashdi. Bozorda 300 ming dollar ipotekasi bor xonadonlar 200 ming dollarga ham baholanmay qo‘ydi.

Shu tariqa, amerikaliklar “salbiy kapital”ga ega bo‘lib qolganini tushuna boshladi. Uyni sotib qarzni yopish imkonsiz holatga keldi. Natijada mijozlar kalitni bankka topshirib, uydan chiqib keta boshlashdi. Bu – “ommaviy defolt” to‘lqini boshlanishiga sabab bo‘ldi.

Tez orada, banklar tomonidan chiroyli “qadoqlangan” ipoteka obligatsiyalari o‘z qiymatini yo‘qota boshladi. Chunki bu obligatsiyalarning asosi – odamlar to‘laydigan oylik kreditlar edi. Investorlar bu qog‘ozlarni sota boshlashdi, lekin xaridor topilmasdi. Moliya tizimi falajlandi. Banklar bir-biriga pul bermay qo‘ydi, chunki qaysi bankning portfelida qancha “zaharli” qog‘oz borligini hech kim aniq bilmasdi.

2008 yil 15 sentabrda AQSh tarixidagi eng yirik bankrotlik yuz berdi: mamlakatdagi yirik investitsiya banki Lehman Brothers inqirozga uchragani haqida ma’lum qildi. Iqtisodchilar aynan shu voqeani global inqirozning keskin bosqichi boshlanishi deb hisoblaydi, chunki u butun bank tizimi bo‘ylab domino effektini keltirib chiqardi.

Inqirozning global miqyosda yoyilishi

Inqiroz shiddat bilan AQSh chegarasidan tashqariga chiqib ketdi. Yevropa va Osiyoning yirik banklari ham AQShning ipoteka obligatsiyalaridan ko‘p miqdorda sotib olishgandi. Pufak yorilgach, bu banklarning aktivlari ham bir zumda qadrsizlandi. Masalan, Islandiya bank tizimi bir necha kun ichida butunlay quladi.

Qo‘shma Shtatlar – dunyodagi eng yirik iste’mol bozoridir. Amerikaliklar pul sarflashni to‘xtatgach, Xitoy, Germaniya va Yaponiya kabi eksportga tayanadigan davlatlarning tovarlariga talab keskin tushib ketdi. Zavodlar yopildi, neft va boshqa xomashyo narxlari arzonlashdi. Ishonch kanaliga darz ketdi. AQShdan tashqaridagi banklar ham nafaqat mijozlarga, balki bir-birlariga ham pul qarz bermay qo‘yishdi. Bu “likvidlik inqirozi” sifatida baholandi. Pul oqimining to‘xtashi esa, butun dunyo bo‘ylab biznes faolligini muzlatib qo‘ydi.

Global oqibatlar

Inqiroz o‘chog‘i bo‘lgan AQShda millionlab odamlar uysiz va ishsiz qoldi. London global moliyaviy markaz bo‘lgani sababli turg‘unlik Britaniya bank tizimiga ham kuchli zarba berdi: hukumat bir nechta yirik banklarni milliylashtirishga majbur bo‘ldi. Gretsiyada boshlangan inqiroz butun boshli yevro hududining parchalanish xavfini yuzaga keltirdi. Ispaniyada qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi vaziyatning yomonlashuvi 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida ishsizlikni 50 foizgacha oshirib yubordi. Neft narxining qulashi va xorijiy kapitalning chiqib ketishi ortidan 2009 yilda Rossiya iqtisodiyoti qariyb 8 foizga qisqardi.

AQSh va Yevropada iste’molning keskin tushib ketishi eksportga asoslangan Xitoy iqtisodiyoti uchun haqiqiy shok bo‘ldi. Minglab fabrikalar yopildi. Qishloqlardan shaharlarga kelib ishlayotgan qariyb 20 milliondan ortiq ichki migrantlar ishsiz qoldi. Eksport quladi. Shunday sharoitda rasmiy Pekin inqirozga qarshi tarixiy deya baholanadigan chora-tadbirlar rejasini e’lon qildi: 4 trillion yuanlik (o‘sha davrdagi kurs bo‘yicha taqriban 586 milliard dollar yoki mamlakat yalpi ichki mahsulotining 12,5 foizi) iqtisodiy rag‘batlantirish paketi qabul qilindi. Bu ulkan mablag‘ temiryo‘llar, aeroportlar va ko‘chmas mulk kabi ichki infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishga sarflandi. Natijada Xitoy global retsessiya davrida ham o‘zining iqtisodiy o‘sishini saqlab qoldi.

Yaponiyaning bank tizimi substandart kreditlar xavfidan chetda, ancha konservativ va xavfsiz holatda bo‘lsa-da, inqiroz real iqtisodiyotga qaqshatqich zarba berdi. Yapon iqtisodiyoti Toyota, Sony, Honda kabi gigantlar orqali avtomobil va yuqori texnologiyalar eksportiga juda qaram edi. Global miqyosda talab pasayib ketishi bilan, Yaponiya eksporti yarim yilda qariyb 40 foizga qisqardi. Toyota 70 yil ichida birinchi marta operatsion zarar ko‘rganini e’lon qildi. 2009 yilda mamlakat YaIM 5,4 foizga qisqardi.

Janubiy Koreyaga kelsak, bu mamlakatga inqiroz milliy valutaning qadrsizlanib ketishi orqali ta’sir qildi. Xorijiy investorlar global xavf-xatarlar tufayli o‘z kapitallarini Koreya bozoridan shoshilinch olib chiqa boshlashi ortidan von dollarga nisbatan deyarli 40 foizga qadrsizlanib ketadi. Fors ko‘rfazi davlatlariga inqiroz ikki frontdan zarba berdi: xomashyo narxlari arzonlashdi va ko‘chmas mulk bozori quladi. Shunday bo‘lsa-da, arab davlatlarining oldindan yig‘ib qo‘ygan yirik suveren fondlari ularga inqirozni nisbatan barqaror o‘tkazish imkonini berdi.

Global inqiroz O‘zbekistonga ham ta’sir qilganmi?

O‘zbekistonning bank-moliya tizimi xalqaro moliya bozorlariga kuchli integratsiya bo‘lmagani va yopiq siyosat yuritilgani sababli, mamlakatda G‘arb davlatlaridagidek to‘g‘ridan to‘g‘ri bankrotliklar kuzatilmaydi. Biroq iqtisodiy turg‘unlikning ikkilamchi ta’siri seziladi. Rossiya va Qozog‘istonda kuzatilgan moliyaviy muammolar yirik qurilish va ishlab chiqarish loyihalarining to‘xtashiga olib keldi. Oqibatda minglab o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ish joyini yo‘qotdi yoki oyliklari qisqartirildi. Bu esa hududlardagi oilalarning xarid qobiliyati pasayishiga olib keldi.

Bundan tashqari, global sanoatdagi uzilishlar sababli O‘zbekistonning asosiy eksport tovarlari bo‘lgan paxta tolasi, mis, qora metallar va gazga talab pasayadi, narxlar arzonlashib ketadi. Bu esa valuta tushumlarini cheklab qo‘yadi. Ammo, eng qiziq jihat boshqa: aynan inqiroz hukm surgan yillarda Jahon bankiga taqdim qilingan ma’lumotlarda O‘zbekiston o‘z tarixidagi eng yuqori iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarini qayd etgan: 2008 yilda 9 foiz, 2009 yilda 8,1 foiz. Statistik ko‘rsatkichlarning “chizilishi” odatiy holga aylangan o‘sha davrlarda haqiqiy iqtisodiy vaziyatning qanday bo‘lgani noma’lum.

Umumiy yo‘qotishlar

2008 yilgi moliyaviy inqiroz natijasida yo‘qotilgan mablag‘lar trillionlab dollarni tashkil etadi. Inqirozning ta’siri juda keng va uzoq davom etgani sababli, uning umumiy qiymatini aniq hisoblash qiyin. AQShda inqiroz rasman 18 oy – 2007 yil dekabridan 2009 yil iyunigacha davom etdi. Global retsessiya esa ayrim mamlakatlarda 2011 yilgacha cho‘zildi.

2009 yilda Xalqaro valuta jamg‘armasi jahon moliyaviy tizimi aktivlarning qadrsizlanishi va qaytarib bo‘lmaydigan qarzlar sabab 4 trillion dollardan ortiq zarar ko‘rganini e’lon qilgan. O‘sha yil yakunlari bo‘yicha global ishlab chiqarish hajmi 2,9 foizga kamaygan. Bu – Ikkinchi jahon urushidan beri jahon iqtisodiyotida birinchi marta salbiy o‘sish kuzatilgan holat bo‘ldi.

2012 yil aprel oyida AQSh Moliya vazirligi yo‘qotishlar bo‘yicha taxminiy hisob-kitoblarni e’lon qiladi. Unga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarda uy xo‘jaliklarining umumiy boyligi 19,2 trillion dollarga kamaygan. Bu – asosan ipoteka kreditlari bo‘yicha defoltlar tufayli uy-joylarning yo‘qotilishi va inqirozdan keyin yuzaga kelgan ommaviy ishsizlik bilan bog‘liq. 2009 yil oktyabrida ishsizlik 10 foizgacha ko‘tarilgan edi. Qolaversa, AQSh fond bozoridagi yo‘qotishlar ham juda katta bo‘ldi: 2008 yilda aksiyadorlar boyligi 6,9 trillion dollarga kamaydi. Dow Jones indeksi 2007 yildagi eng yuqori darajasiga nisbatan 2 barobarga quladi.

Umuman olganda, 2008 yilgi moliyaviy inqiroz dunyo iqtisodiyotiga jiddiy saboq berdi. Eng muhim xulosa shundan iborat bo‘ldiki, moliyaviy tizimdagi haddan tashqari risk va nazoratning yetarli emasligi global falokatga olib kelishi mumkin. Inqirozdan keyin ko‘plab davlatlar bank tizimini qat’iyroq tartibga solishni boshladi. Banklarga kapital zaxiralari bo‘yicha yangi talablar joriy qilindi, risklarni nazorat qilish mexanizmlari kuchaytirildi.

Bugungi kunda ham iqtisodchilar 2008 yilgi inqirozni zamonaviy kapitalizm tarixidagi burilish nuqtasi deb hisoblaydi. Chunki bu voqea global moliya tizimining naqadar o‘zaro bog‘liqligi va zaifligini yaqqol ko‘rsatib bergandi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?

Published

on


Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan 75,2 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 12 foizga oshgan. Hududlar kesimida eng yuqori natija Toshkent shahrida qayd etilgan — 13,9 trln so‘m.

Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati 10,7 trln so‘m va Samarqand viloyati 10,1 trln so‘m bilan joylashgan. Andijon va Farg‘ona viloyatlarining har birida 5,6 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

Buxoro viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 4,7 trln so‘m, Qashqadaryoda 4,6 trln so‘m, Namanganda 4,5 trln so‘mni tashkil etgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatida ko‘rsatkich bir xil — 3,2 trln so‘mdan. Xorazm viloyatida 2,4 trln so‘m, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarining har birida 2,3 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Jizzax viloyatida esa yirik korxonalar tomonidan 2,1 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqarilgan.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Prezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan hududlarda yangi obyektlarni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda davlatimiz rahbari hududlardagi studiyalarga yig‘ilgan keng jamoatchilik vakillarini, ular orqali butun xalqimizni yaqinlashib kelayotgan ulug‘ bayram bilan tabrikladi.

Ortda qolgan o‘n yilda O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar yuz berdi. Tadbirkorlikka keng yo‘l ochilib, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, raqobatbardosh sanoat tarmoqlarini yaratish, chekka tuman va qishloqlar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ulkan ishlar bajarildi. Ta’lim, tibbiyot va madaniyat sohalariga e’tibor yangi bosqichga ko‘tarildi.

– So‘nggi o‘n yil mamlakatimiz tarixida yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini qurish bosqichi sifatida abadiy muhrlandi, – dedi Prezidentimiz.

Bu davrda iqtisodiyotimiz hajmi 2,5 barobardan ziyod oshdi. Iqtisodiyot tarmoqlariga 160 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, umumiy qiymati 76 milliard dollarlik 2 ming 163 ta yirik sanoat loyihasi ishga tushirildi, qariyb 6 million nafar aholi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi.

Bugun yurtimizda dunyoning yetakchi kompaniyalari, yirik investorlari va xalqaro moliya institutlari ishtirokida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Investitsiyalar ko‘payishi bilan sanoatimiz qiyofasi ham tubdan o‘zgarmoqda.

– Biz xomashyo eksport qilgan davlatdan uni chuqur qayta ishlash zanjiri asosida tayyor mahsulotni jahon bozoriga olib chiqadigan iqtisodiyotga o‘tyapmiz. Eng muhimi, yangi korxonalar bilan birga zamonaviy texnologiyalar, yangi kasblar va yuqori malakali ish o‘rinlari ham paydo bo‘lmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Joriy yilning o‘zida 1,7 milliard dollarlik 56 ta yirik zamonaviy sanoat va servis obyekti ish boshladi, 8,8 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratildi.

Shuningdek, budjetdan ajratilgan 46 trillion so‘m hisobidan 385 ta maktab, 113 ta bog‘cha, 81 ta shifoxona, 7,5 ming kilometr yo‘l, 3,2 ming kilometr ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari qurildi, ta’mirlandi va rekonstruksiya qilindi.

Bugungi marosimda mamlakatimizning barcha hududlarida umumiy qiymati qariyb 50 trillion so‘m bo‘lgan 72 ta yirik sanoat va servis loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirildi. Ularning ochilishi Mustaqillik bayramiga munosib tuhfa bo‘ldi.

Yangi loyihalar hisobiga 15 mingta ish o‘rni yaratiladi, budjetga yiliga qo‘shimcha 1 trillion so‘m tushum tushishi ta’minlanadi.

Investitsiya loyihalari energetika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, metallurgiya, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari, tog‘-kon, to‘qimachilik va yengil sanoat kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan.

Jumladan, Sirdaryo viloyatida 1 ming 573 megavattli elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 200 megavattli shamol elektr stansiyasi va 100 megavattli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi. Navoiy viloyatidagi yangi energetika loyihalari yiliga 657 million kilovatt-soat elektr energiyasini ishlab chiqaradi.

Mazkur loyihalar orasida mamlakatimizning eksport salohiyatini sezilarli oshiradigan quvvatlar ham bor. Andijon, Namangan va Jizzax viloyatlarida ishga tushirilgan to‘qimachilik, trikotaj va gilam mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari millionlab dollarlik eksportni ta’minlaydi. Samarqand va Toshkent viloyatlarida barpo etilgan yangi metallurgiya korxonalari ham sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va import o‘rnini bosishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz bugungi loyihalarni faqat investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari bilan o‘lchash to‘g‘ri bo‘lmasligini ta’kidladi. Yangi o‘quv yili arafasida ijtimoiy sohada ham ko‘plab zamonaviy obyektlar foydalanishga topshirilmoqda. Ular orasida 36 ta bolalar bog‘chasi, 43 ta maktab, 7 ta oliy ta’lim muassasasi va 3 ta shifoxona bor.

Yangi Toshkent hududida jahon standartlari asosida 10 gektar maydonda barpo etilgan Yangi O‘zbekiston universitetining zamonaviy majmuasi shular jumlasidandir. Bu yerda 7 ming nafar talaba tahsil olishi uchun sharoit yaratilgan.

Oliy ta’lim muassasasida Garvard universiteti bilan hamkorlikda Rektorlar maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Oksford universiteti bilan birgalikda davlat xizmatchilarining malakasini oshirish bo‘yicha “Ta’lim xabi” tashkil etiladi. 1-oktyabrdan Sun’iy intellekt instituti ish boshlaydi.

Shuningdek, 30 ming kvadrat metr maydonga ega besh qavatli yangi Milliy kutubxona eng zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan. U bir vaqtning o‘zida 1,5 ming nafar kitobxonga xizmat ko‘rsata oladi. Bu yerda 28 dan ziyod o‘quv xonasi va zallar, turli sig‘imdagi konferensiya zallari tashkil etilgan, 200 mingdan ortiq kitob jamlangan.

Qarshi shahrida 400 milliard so‘mlik Iqtisodiyot va pedagogika universitetining zamonaviy bino va inshootlari barpo etildi. Bu yerda 3 ming nafar talaba tahsil oladi, 700 nafar aholi daromadli ish bilan ta’minlanadi.

Farg‘ona viloyatidagi yangi zamonaviy tibbiyot muassasasida esa yiliga 60 ming nafar bemorni davolash va 30 ming nafar ayolni skriningdan o‘tkazish imkoniyati yaratildi.

Davlatimiz rahbari yangi obyektlarni barpo etishda ishtirok etgan investor va tadbirkorlar mehnatini yuksak baholadi.

– Siz kiritayotgan har bir investitsiya O‘zbekiston kelajagining poydevorini mustahkamlaydi. Siz yaratayotgan har bir ish o‘rni oilalar farovonligiga xizmat qiladi. Siz ishlab chiqarayotgan har bir mahsulot mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi. Siz eksport qilayotgan har bir tovar O‘zbekistonning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi, – dedi Prezidentimiz.

Ushbu loyihalarni barpo etishda fidoyilik ko‘rsatgan quruvchilar, muhandis va loyihachilar, tadbirkor va investorlarga minnatdorlik bildirildi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosdi va 72 ta yirik investitsiya loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirildi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?

Published

on



O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?

Published

on


2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan 19 trln so‘mlik kiyimlar ishlab chiqarilgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Andijon viloyatida qayd etilgan — 7,1 trln so‘m. Bu ko‘rsatkich ikkinchi o‘rindagi Toshkent viloyati natijasidan 3 barobardan ko‘proq yuqori.

Toshkent viloyatida kiyim ishlab chiqarish hajmi 2,1 trln so‘m, Namanganda 1,8 trln so‘m, Toshkent shahrida esa 1,7 trln so‘mni tashkil etgan. Farg‘ona viloyatida ham 1,4 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.

Samarqand viloyatida yirik korxonalar 1 trln so‘mlik kiyim mahsulotlari ishlab chiqargan. Qashqadaryoda bu ko‘rsatkich 897,9 mlrd so‘m, Buxoroda 659,8 mlrd so‘m, Xorazmda 620,1 mlrd so‘m bo‘lgan.

Navoiy viloyatida kiyim ishlab chiqarish hajmi 578 mlrd so‘m, Sirdaryoda 324,7 mlrd so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 307,8 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Bulardan tashqari, Surxondaryoda 227,1 mlrd so‘m, Jizzax viloyatida esa 203 mlrd so‘mlik kiyim mahsulotlari ishlab chiqarilgan.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Dushanbadan dollar bilan bog‘liq vaziyat qanday bo‘ladi?

Published

on



Dushanbadan dollar bilan bog‘liq vaziyat qanday bo‘ladi?



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.