Jamiyat
G‘ijduvon hokimidan MSK raisigacha – kiberfiribgarlar kimlarni qanday chuv tushirgan?
2025 yil 3 dekabr. G‘ijduvon tumani hokimi Farhod Umarov Telegram orqali tanishlariga qarz so‘rab “yoza boshladi”. Xabar shaxsiy profildan kelmaganmi, ko‘plab tashkilot rahbarlari hokimbuvaga yordamga shoshildi: taqdim etilgan bank kartasiga bir necha soatda 80 mln so‘mdan ortiq pul o‘tkazmalari kelib tushdi.
“Maxfiy topshiriq”
So‘nggi vaqtlarda turli vazirlik va qo‘mita matbuot xizmatlari rahbar nomidan tizimda faoliyat yuritayotgan mas’ul xodimlarga maxfiy topshiriq borayotgani, bunga ishonmaslik haqida ogohlantirish bilan chiqa boshladi.
Masalan, Bojxona qo‘mitasi raisi nomidan tizimda faoliyat yuritayotgan mas’ul xodimlarga Telegram orqali “yaqin vaqt ichida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tergovchisi Dilnoza Yo‘ldosheva bog‘lanib, bir qator savollar berishi va muammoning mohiyatini batafsil tushuntirishi” haqida topshiriq borgan.
Qo‘mita matbuot xizmati ogohlantirish bilan chiqib, qo‘mita raisi nomidan ochilgan soxta akkauntlardan murojaat bo‘lganida ishonib qolmaslikni so‘ragan.
Sport vazirligi, Fanlar akademiyasi va boshqa tashkilotlar matbuot xizmatlari ham shunday ogohlantirish bilan chiqqan.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Asrorjon Asqarov nomidan ham tizimida faoliyat yuritayotgan mas’ul xodimlarga maxfiy topshiriq borgan. Unda “yaqin vaqt ichida DXX xodimi Belbekov Jandos bog‘lanib, bir qator savollar berishi” aytilgan.
Sxema qanday ishlaydi?
“Jandos Belbekov” va boshqa shu kabi navbatchi ismlar bilan bog‘liq kiberfiribgarlikka ko‘plar chuv tushgan. Bu sxema qanday ishlashini bir holat misolida keltiramiz.
2025 yil 1 dekabr kuni Telegram orqali O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev nomidan Buxoro viloyati hududiy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlovchi Rohilaxon Otayevaga maxfiy topshiriq borgan.
Topshiriqda shunday deyilgan:
“Rohilaxon Mavlonovna, hozirda tashkilotimizda xodimlarning shaxsiy ma’lumotlari noqonuniy tarqatilishi bilan bog‘liq ichki tekshiruv o‘tkazilmoqda. Yaqin vaqt ichida siz bilan DXX xodimi Tolganoy Erjanova bog‘lanib, jamoa haqida bir qator savollar beradi va muammo mohiyatini batafsil tushuntiradi.
Ushbu ma’lumot qat’iy maxfiy hisoblanadi. Iltimos, tekshiruv jarayoni va mazkur xabar mazmunini hech kimga, jumladan, hamkasblaringizga ham oshkor etmang. Hamkorligingiz va professionalligingiz uchun rahmat. Hurmat bilan Zayniddin Nizomxo‘jayev”.
Rohilaxon Otayeva hayron qolgan. Chunki Markaziy saylov komissiyasi raisi hududiy saylov komissiyalari xodimlariga bu shaklda to‘g‘ridan to‘g‘ri topshiriq bermasdi. Otayeva holatga ishonish yoki ishonmaslik masalasida ikkilanib turgan bir vaqtda unga notanish raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Raqam egasi o‘zini DXX xodimasi mayor Erjanova deb tanishtirgan. U Markaziy saylov komissiyasi raisi bilan bog‘lanib, ayrim savollariga javob berish bo‘yicha ruxsat olganini aytgan. So‘ngra Telegram orqali qo‘ng‘iroq qilishini aytib, go‘shakni qo‘ygan.
Oradan ko‘p o‘tmay Rohilaxon Otayevaga Telegram orqali “Erjanova” nomli profildan dumaloq video kelib tushgan. Videoda xizmat kiyimidagi ayol xizmat guvohnomasini ochib ko‘rsatgani aks etgandi. “Erjanova” Otayeva bilan rus tilida gaplashgan. Buni “Moskva davlat xavfsizligi xizmati bilan hamkorlikda ish olib borayotgani sababli rus tilida gapirishga majbur bo‘layotgani” bilan izohlagan. Biroq Otayeva unga ishonmasdan, qo‘ng‘iroqni o‘chirgan.
Oradan 15 daqiqa o‘tib, “Ahmedov” nomli profildan qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Otayeva unga ham javob bermagan. Shundan so‘ng “Zayniddin Nizomxo‘jayev” nomli profildan DXX tomonidan yuborilgani haqidagi xabarnomaning PDF formati kelgan. Unga “DXX xodimlari gaplashmoqchi ekani, ularning qo‘ng‘iroqlariga javob berishi kerakligi” haqidagi topshiriq ham qo‘shimcha qilingandi.
Shundan so‘ng “Ahmedov” nomli profil yana aloqaga chiqqan. Avvaliga o‘zbek, keyin rus tilida gapirgan erkak o‘zini Markaziy bank yuristi Dmitriy Axmedov deb tanishtirgan.
“Sizning nomingizga 6 ta bankdan 400 mln so‘mdan ortiq kredit olingan. Shu pullar Rossiya davlatiga chiqib ketgan. Bu mablag‘lar terroristik tashkilotlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi mumkin. Holatga aniqlik kiritish uchun siz bilan bog‘landim. Shuning uchun siz ularning savoliga javob berishingiz kerak”, degan “Ahmedov”.
Otayeva bu harakatlar kiberfiribgarlar nayrangi ekanini tushunib yetgan va telefonni o‘chirgan. Qayta qilingan qo‘ng‘iroqlarga esa javob bermagan. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, unga Telegram’ida “Markaziy bank” boti paydo bo‘lgan. Botdan uning nomiga ajratilgan 6 ta kredit rekvizitlari PDF shaklda jo‘natilgan.
Oradan bir kun o‘tib, bosimlar to‘xtagan hamda yozishmalar o‘chib ketgan. Shu payt Rohilaxon Otayevaning telefoni bir muddat go‘yo bloklangan kabi qotib qolgan.
Agar katta miqdorda onlayn kredit rasmiylashtirsa, kimlardir nomiga kredit olmoqchi bo‘lganda berilmasligini o‘ylagan Otayeva banklardan birining ilovasini yuklab olgan. So‘ngra o‘z nomiga 98,2 mln so‘m onlayn kredit rasmiylashtirgan. Bu orada telefoni yana yaxshi ishlamay qolgan. Ma’lum muddatdan so‘ng olgan krediti Farhod Hamidov nomidagi bank kartasiga o‘tkazib olingan.
Kiberfiribgarlar PDF shaklda hujjat jo‘natganda Rohilaxon Otayevaning telefon boshqaruvini qo‘lga kiritishgandi.
“Puli qolmagan” hokim
2025 yil 3 dekabr kuni ayni shu kiberfiribgarlar Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani hokimi Farhod Umarovning Telegram profilini egallab olishgan. Buni hokimga “Samaya luchshaya mama” nomli maxsus virus dasturini jo‘natish orqali amalga oshirishgan. Dasturdagi havolaga kirib ko‘rgan Farhod Umarov o‘zi bilmagan holda profil boshqaruvini kiberfiribgarlar qo‘liga tutqazgan.
Shundan so‘ng hokim nomidan uning tanishlariga “Assalomu alaykum, 7 mln so‘m berib turasanmi, ertaga soat 10:00 gacha qaytarib beraman” mazmunida qarz so‘ralgan xabar jo‘natilgan. Ushbu xabarga o‘ndan ortiq odam aldangan.
Jumladan, Vobkent tumani hokimi yordamchisi, Buxoro viloyati G‘aznachilik xizmati boshqarmasi bosh mutaxassisi, G‘ijduvon tuman Erkin iqtisodiy zona direktori, hududdagi MChJlardan birining rahbari, G‘ijduvon tuman Yoshlar ishlari bo‘limi, Kadastr agentligi G‘ijduvon tuman bo‘limi boshliqlari va boshqalar taqdim qilingan bank kartalariga jami 80 mln so‘mdan ortiq pul mablag‘larini o‘tkazib berishgan.
Farhod Umarov Telegram akkaunti qanday qilib o‘zlashtirilganidan xabari yo‘qligini aytgan.
“Xabarni o‘qiganimda u haqiqatan ham Farhod Umarovdan kelgan deb ishondim. Chunki menga aynan Umarovning profilidan yozildi. O‘rtamizda ishonchli munosabatlar borligi sababli unga 7 mln so‘m o‘tkazib berdim. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay Farhod Umarovning profilidan yana bank kartasi tashlab berildi va “Bu yerga yana 7 mln so‘m yuborishingiz mumkinmi?” mazmunida xabar keldi. Buni ko‘rib shubhalandim. Sababi, birinchi xabar kirill, ikkinchisi esa lotin alifbosida edi”, degan jabrlanuvchilardan biri.
Farhod Umarov nomidan so‘ralgan pullar xorazmlik Elyor Otaboyev, Hamdam Qadamov, Samarqand shahrida yashovchi Dildora Qurbonova, Maftuna Vohidova, Mirjalol Ahmedov va boshqalar nomidagi bank kartalariga o‘tkazilgan.
“Drop” karta
Kiberfiribgarlar birovlarning nomidagi bank kartalarini qanday qo‘lga kiritishgan? Albatta, pul evaziga ularning o‘zlariga ochtirib olishgan. Bunday bank kartalari “Drop” kartalar deb ataladi.
Masalan, yuqoridagi holatda Dildora Qurbonova, Maftuna Vohidova, Iroda Tolipova, Amir Murodov, Farhod Hamidov va boshqalar o‘zlari bankka borib, nomlariga 10 tadan karta ochishgan. So‘ngra ularni kiberfiribgarlar qo‘liga tutqazishgan. Rossiya fuqarosi Ivan Kornilov ularning har biriga bu “xizmati” uchun 300 dollardan to‘lab bergan. So‘ngra ushbu bank kartalari pul o‘tkazmalarni amalga oshirish uchun turli ilovalarga ulangan.
Fuqarolar o‘z nomlariga ochilgan bank kartalari orqali jinoiy yo‘l bilan topilgan pul mablag‘lari aylanishidan bexabar bo‘lgan. Ularga ushbu bank kartalari totalizator sayti orqali pul yechishga kerakligi, tushadigan pul miqdori juda ko‘pligi sababli o‘zlarining nomidagi karta limiti tugab, blokka tushib qolgani aytilgan.
Ivan Kornilov kim?
Kun.uz ushbu holatlarga aloqador jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishdi. Unda sxema tashkilotchilari sifatida Ivan Kornilov va Yegor Kuznetsov ismlari keltirilgan. Ular Rossiya fuqarosi bo‘lgan.
Samarqandlik 26 yoshli A.I. 2025 yil 18 avgustda Moskva shahridan Samarqandga qaytayotganida samolyotda Ivan Kornilov ismli shaxs bilan tanishib qolgan. Ivan Kornilov 1 oy davomida Samarqand shahrida bo‘lgan. Bu vaqtda A.I. uni shaharning turistik hududlari bilan tanishtirib turgan.
“Bir oydan so‘ng Kornilov Rossiyaga qaytib ketdi. Ketishidan avval keyinchalik xabarlashib turishimiz uchun telefon raqam almashdik.
Oradan taxminan ikki haftacha o‘tgach, Kornilov menga kriptovaluta ayirboshlash faoliyati bilan shug‘ullanadigan shaxs kerak ekani haqida yozib qoldi. Shu payt yonimda bo‘lgan do‘stim suhbatga qo‘shilib, shunday tanishlari borligini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng Ivan Kornilov Yegor Kuznetsov ismli shaxs bilan birga Samarqand shahriga uchib keldi. Ikki o‘rtog‘im bilan ularni kutib oldik. Ular ikki hafta Samarqandda bo‘lishdi Bu vaqtda menga ish taklif qilishdi. Ular onlayn qimor saytlariga pul o‘tkazish bilan shug‘ullanishini, buning uchun “Drop” karta ochish kerakligini aytishdi”, degan A.I. suddagi ko‘rsatmasida.
Taklif etilgan ish shunday bo‘lgan: birov “Drop” kartalarga tushgan pullarni bankomat orqali naqdlashtirib, ikkinchi odamga topshiradi. Ikkinchi odam naqdlashtirilgan pullarni kriptovalutaga ayirboshlab, Ivan Kornilov va Yegor Kuznetsovga o‘tkazib beradi.
Amaldorlar nomidan qarz so‘rab o‘marilgan yoki “Jandos Belbekov” nomi bilan onlayn kredit oldirish orqali o‘zlashtirilgan pullar ana shu “Drop” kartalarga kelib tushgan. Amaldorlarning Telegram profillarini buzib kirish yoki SIP raqamlar orqali qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini DXX xodimi sifatida tanishtirish ishlarini Yegor Kuznetsov amalga oshirgan.
Jazo
Ushbu holatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan aniqlanib, gumondorlar ushlangan. Ularga nisbatan alohida ish yurituviga ajratilgan holda bir nechta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ishning A.I.ga oid qismi sudda ko‘rib chiqilib, 15 iyun kuni hukm o‘qildi. U 17 ta epizod (jumladan, G‘ijduvon tumani hokimi hamda Buxoro viloyati hududiy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari bilan bog‘liq epizodlar) bo‘yicha ayblangan.
Sud hukmi bilan A.I. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b, g” bandlari, 141-2-moddasi (shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 2-qismi “a, b, v” bandlari, 278-6-moddasi (zarar keltiruvchi dasturlarni yaratish, ishlatish yoki tarqatish) 2-qismi “b, v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga 2 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar to‘liq qoplangan.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat4 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat4 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat3 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat2 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
