Sport
«Futbol dunyoni birlashtiradi» – Infantino Eron AQShdagi mundialda qatnashishini ma’lum qildi
Tramp ham bunga qarshi emas.
Futbol bo‘yicha Eron milliy jamoasi AQSh va Isroil bilan harbiy mojaroga qaramay, 2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok etadi. Bu haqda Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino tashkilot yig‘ilishida ma’lum qildi.
U o‘z nutqida FIFA «dunyoni birlashtirishi» haqida gapirgan.
«Albatta, Eron milliy jamoasi jahon chempionatida ishtirok etadi. Jamoa AQShda o‘ynaydi. Sababi oddiy: biz birlashishimiz, odamlarni birlashtirishimiz kerak. Bizning mas’uliyatimiz aynan shundan iborat. Dunyoni futbol birlashtiradi», – deya Infantinoning so‘zlarini keltirgan Mundo Deportivo.
Eron futbol olamidagi asosiy turnir hisoblangan mundialni boykot qilishi mumkinligi haqidagi gaplar 28 fevral kuniyoq, Yaqin Sharqda harbiy harakatlar boshlanishi bilan paydo bo‘lgandi. Xususan, Eron sport vaziri Ahmad Dunyomoli «AQShga safar uchun sharoit mavjud emasligi»ni qayd etgandi.
«Bu korrupsiyalashgan hukumat rahbarimizni o‘ldirganidan kelib chiqib, hech qanday holatda bu turnirda ishtirok eta olmaymiz. Bolalarimiz xavf ostida. Mohiyatan jahon chempionatida ishtirok etishimizga imkon beradigan hech qanday sharoit qolmadi. Amerikaliklar to‘qqiz oy ichida bizga qarshi ikki marta urush ochdi va minglab eronliklarni azobli o‘limga mahkum etdi. Biz Shtatlarga bora olmaymiz», – degandi u mahalliy telekanal efirida.
Keyinroq eronliklar jahon chempionatida ishtirok etishning muqobil yo‘llarini qidira boshladi. Qaysidir pallada o‘yinlarni AQShdan Meksikaga ko‘chirish haqida ham gap bordi, ammo bu g‘oya amalga oshmadi.
«FIFA yakunda o‘yinlarni asl joyidan ko‘chirish imkonsiz degan qarorga keldi. Bunday qadam tashkilotdan ulkan logistik sa’y-harakatlarni talab qilardi», – degan Goal nashriga Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum.
Bunday sharoitda Eronning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan jamoalar haqida ham gapira boshlashgandi. Xususan, ko‘pchilik bu o‘rinni Yevropa saralashi o‘tish bosqichida Bosniya va Hersegovinadan mag‘lub bo‘lgan (1:1, penaltilar seriyasida – 1:4) Italiyaga berishni taklif qildi.
The Athletic esa FIFA bu o‘rin uchun qit’alararo pley-off tashkil etib, unda Osiyo va Yevropadan turnirga yo‘llanma ololmagan ikkitadan jamoa ishtirok etishini nazarda tutuvchi versiyani o‘rtaga tashlagandi.
«Mayli, qatnashaversin»
AQSh prezidenti Donald Tramp ham Eron turnirda ishtirok etishiga qarshi emas.
«Agar Janni shunday degan bo‘lsa, unda men qarshi emasman. Bilasizmi nima, mayli, o‘ynayverishsin. Janni – fantastik yigit, u mening do‘stim. Men unga aytdim: «Istaganingni qil. Xohlasang, ruxsat ber, xohlamasang, ruxsat berma». Ularning jamoasi yaxshimi? To‘g‘risini aytsam, bunga ishonish qiyin», – deya qayd etgan Amerika rahbari jurnalistlar bilan muloqotda.
JM-2026 turniri 11 iyundan 19 iyulga qadar davom etadi. Turnir taqvimiga ko‘ra, Eronning guruh bosqichdagi uchta o‘yini ham Qo‘shma Shtatlarda o‘tkazilishi belgilangan: ikkitasi Los-Anjyelesda va bittasi Sietlda. Ularga guruhd Belgiya, Yangi Zelandiya va Misr jamoalari raqib bo‘lgan.
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
Sport
Ronaldu Messining oilasidagi yo‘qotishga munosabat bildirdi
Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu otasi vafot etgan argentinalik futbolchi Lionel Messini qo‘llab-quvvatladi. U Messining Instagram sahifasidagi posti ostida izoh qoldirdi.
«Bu qiyin damlarda siz va yaqinlaringizni mahkam quchgan holda chuqur hamdardlik bildiraman, Leo. Bardoshli bo‘ling», deb yozgan Ronaldu.
Avval Messi «Inter Mayami»dagi o‘yinchilik faoliyatini to‘xtatgani e’lon qilingan edi. U oilasi va do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Argentinada qoldi.
Xorxe Messi 8-avgust kuni 68 yoshida vafot etdi. U uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng olamdan o‘tdi. Ko‘p yillar davomida argentinalik futbolchining otasi o‘z o‘g‘lining faoliyatida muhim o‘rin tutardi.
Sport
Dunyoning eng boy odamlaridan biri «Liverpul»ni sotib oladi
Amazon asoschisi Jeff Bezos professional sportga sarmoya kiritish niyatida. The Guardian nashrining xabar berishicha, tadbirkor boshqa investorlar bilan birgalikda Angliyaning «Liverpul» futbol klubining kamida 30 foiz ulushini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda. Kelishuv 1,35 milliard funt sterling yoki taxminan 1,8 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.
«Liverpul» taxminan 6 milliard dollarga baholanadi va dunyodagi eng taniqli sport brendlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bezosning qiziqishi kengroq tendensiyaga mos keladi: badavlat amerikalik investorlar Angliya futbol klublarida faol ravishda ulushlarni sotib olmoqdalar. Amerikalik aksiyadorlar allaqachon «Chelsi», «Kristal Pelas», «Everton» va «Bornmut» kabi 20 ta Premer-liga jamoalaridan 13 tasiga egalik qilishadi.
Agar kelishuv amalga oshsa, Bezos ingliz futboliga faol ravishda sarmoya kiriyotgan amerikalik milliarderlar safiga qo‘shiladi.
Investorlar uchun ingliz futbolining jozibadorligi qisman sportning Qo‘shma Shtatlarda tobora ommalashib borayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, yetakchi Amerika sport franshizalari ko‘pincha yangi investorlar uchun juda qimmat yoki cheklangan, ingliz klubidagi ulush esa global auditoriyaga va eng tijorat jihatidan jozibador sport bozorlaridan biriga kirish imkonini beradi.
-
Siyosat5 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat4 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Sport5 days ago
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
-
Iqtisodiyot3 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
