Sport
Infantino jonli efirda Isroil va Falastinni yarashtirishga urindi
Ammo bu urinish muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
29 aprel kuni Kanadaning Vankuver shahrida bo‘lib o‘tgan FIFA kongressida kichik diplomatik mojaro ro‘y berdi. Tashkilot prezidenti Janni Infantino tinchlikparvar vazifasini bajarishga qaror qilib, sahnaga Isroil va Falastin futbol federatsiyalari vakillarini chaqirdi va ularni birgalikda suratga tushishga hamda bir-biriga qo‘l berishga undadi. Ammo bu urinish muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
«Biz azob chekyapmiz»
Mojaro delegatlarning chiqishlari yakunlanganidan keyin, Infantino Isroil futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Basim Shayx Sulaymon hamda Falastin futbol assotsiatsiyasi rahbari Jabroyil Rajubni sahnaga chiqishga chaqirganida ro‘y berdi.
Sulaymon bunga rozi bo‘lgan, Rajub esa e’tiroz bildirgan va Infantino bilan keskin muhokamaga kirishgan. FIFA prezidenti bir necha bor tomonlarni kelishtirishga uringan. U Jabroyilning qo‘lidan ushlab olgan va uni ko‘ndirishga uringan, ammo maqsadiga erisha olmagan – falastinlik rasmiy isroillik hamkasbiga qo‘l berishdan bosh tortib, shunday degan: «Biz azob chekyapmiz». Yakunda «tinchlikparvar» ularni navbatma-navbat quchib qo‘ygan, shundan keyin ular sahnani tark etishgan. Infantinoning o‘zi minbarga qaytib, xalqaro bolalar turniri o‘tkazilishi haqida e’lon qilgan.
«Bir xil huquq va majburiyatlarga ega bo‘lgan hamda FIFA a’zosi hisoblangan Isroil va Falastinning ikki vakiliga minnatdorchilik bildirishga ijozat bergaysiz. Biz birgalikda ishlaymiz, keling, bolalarga umid berish uchun shunday qilaylik… Tez orada 15 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida ajoyib turnir o‘tkazamiz, unga barcha 211 mamlakatni taklif qilamiz. Keling, bolalar uchun birgalikda harakat qilaylik», – degan futbol mulozimi.
Keyinroq Rajub jurnalistlarga intervyu chog‘ida o‘z pozitsiyasi yuzasidan izoh berdi: «Men uchun sport bu sport. Va bu men hurmat qilishim kerak bo‘lgan axloq kodeksi. Ammo agar ikkinchi tomon Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahudek jinoyatchining vakili bo‘lsa va mohiyatan FIFA kongressida uning nomidan gapirsa… Men bunday odam bilan qanday qilib birgalikda suratga tushishim yoki unga qo‘l berishim mumkin?»
Bundan tashqari, Rajub falastinliklar Isroil klublariga nisbatan sanksiya qo‘llanishiga erishmoqchi ekanini qo‘shimcha qilgan: «Bangkokdagi 74-kongressda biz yana bir bor FIFAga Isroil futbol assotsiatsiyasiga a’zo bo‘lgan, ammo Falastin hududida joylashgan klublarning Falastin futbol assotsiatsiyasi roziligisiz ishtirok etishi masalasini ko‘rib chiqishni so‘rab murojaat qildik. Shuningdek, biz FIFAdan Isroil futboli tuzilmasida davom etayotgan kamsitish va irqchilikka qarshi kurashish choralarini ko‘rishni so‘radik».
Sulaymon esa bo‘lib o‘tgan hodisa yuzasidan munosabat bildirmagan. Ammo o‘z chiqishida birgalikda totuv yashashga chaqirib, Isroil federatsiyasi «Falastin futbol assotsiatsiyasiga qo‘l berayotgani»ni ta’kidlagan.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot18 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat14 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat13 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
