Connect with us

Iqtisodiyot

“Foizsiz” illyuziyasi yoxud iste’molchi oldidagi mas’uliyat

Published

on


Nasiya savdo amaliyoti hayotimizga dadil kirib keldi – bunday to‘lov modellari savdo va moliya bozorida ommalashdi. Tovar va xizmatlar xaridi qulaylashdi. Biroq nasiyaga savdo qiluvchi sub’yektlar o‘z ishiga mas’uliyatli yondashmasa, bu qulaylik zararga aylanadi. Kun.uz kolumnisti Iskandar Tursunov o‘z maqolasida BNPL – mug‘ombirlik instrumentiga aylanmasligi kerakligi haqida so‘z yuritadi.

BNPLni tarjima qiladigan bo‘lsak, bu “Buy Now, Pay Later” — “hozir ol, keyin to‘la” degani. Bugun BNPL bilan bog‘liq muammolar haqida gaplashamiz.

Muammo mexanizmlarning o‘zida emas. Asosiy muammo — ularning reklama va marketingda qanday talqin qilinishida, iste’molchiga qaysi iboralar va qaysi urg‘ular bilan yetkazilishida. “Foizsiz”, “ortiqcha to‘lovlarsiz”, “oson rasmiylashtirish” kabi tovar sotib olishni osonlashtiruvchi so‘zlargina aytilib (yozilib), qolgani aytilmasa, iste’molchi mahsulotning haqiqiy qiymati va majburiyatini noto‘g‘ri baholashi mumkin.

Quyida muhim tafsilotlarni bandma-band ko‘rib chiqamiz.

Reklama oddiy e’lon emas, u moliyaviy xulq-atvorni shakllantiradi

Raqamli platformalar va ijtimoiy tarmoqlar orqali moliyaviy mahsulotlar juda tez tarqaladi. Shu sababli endi reklama faqat sotuvni oshiradigan vosita bo‘lib qolmay, balki moliyaviy xulq-atvorni shakllantiradigan omilga aylanadi. Ayniqsa moliyaviy savodxonligi past guruhlar uchun reklamadagi ohang, soddalashtirilgan va’dalar va “tezkor, qulay” urg‘ulari qaror qabul qilishga kuchli ta’sir qiladi.

Shuning uchun marketing nafaqat tijoriy samaradorlik, balki mas’uliyat, shaffoflik, iste’molchini himoya qilish va jamiyat ishonchini saqlash mezonlari bilan ham baholanishi kerak.

“Foizsiz” deb yozilganda…

Ba’zi savdo nuqtalarida bo‘lib to‘lash taklif etilayotgan tovarning boshlang‘ich narxiga sezilarli ustama qo‘shilishi, natijada umumiy to‘lov summasi bozor narxidan ancha yuqori shakllanishi kuzatiladi. “Foiz yo‘q” deb iste’molchiga “umuman qo‘shimcha xarajat yo‘q” degan noto‘g‘ri signal beriladi. Adolat shuki, iste’molchiga “oyiga shuncha” deyish bilan birga, “jami qancha to‘layman” degan savoliga aniq javob berish kerak. Bu muhim!

“Sezilmas qarz” muammosi: mayda bo‘laklar tez ko‘payadi

BNPL va nasiya to‘lovlarining eng xavfli jihati shundaki, majburiyatlar “mayda bo‘laklar” ko‘rinishida tez yig‘iladi. Iste’molchiga bo‘lib to‘lash shartnomasi og‘ir emasdek ko‘rinadi va bir vaqtning o‘zida bir nechta shartnoma tuzadi, natijada umumiy to‘lov yuki daromadga nisbatan tez ortib boradi.

“Oyda bir kichik to‘lov” tarzida taqdim etilgan majburiyatlar ko‘paygach esa, iste’molchi o‘z moliyaviy holatini to‘liq baholay olmay qolishi mumkin. Oqibatda qarzdorlik sezilmas tarzda oshib, keyinchalik uni boshqarish qiyinlashadi.

Markaziy bankning nasiya bozori bo‘yicha tahliliy materialida keltirilishicha, 2024 yilda bir kishiga o‘rtacha 3 ta nasiya shartnomasi to‘g‘ri kelgan (2023 yilda – 2 ta). Bu ko‘rsatkich nasiya majburiyatlari jamlanib borishi ehtimolini kuchaytiradi.

Qarz yukining sifati – iqtisodiy barqarorlik uchun muhim mezondir

Qarzning ko‘payishi doim o‘sishga xizmat qilmaydi. Iste’mol qarzlari tez oshib, uy xo‘jaligi daromadiga og‘ir bosim o‘tkazsa, bu ham bozor barqarorligi uchun xatar tug‘diradi, ham jamiyatning ko‘plab ijtimoiy sohalariga zarba beradi.

Daromadning katta qismi qarz to‘lovlariga ketadigan sharoitda oilalarning kundalik ehtiyoji, jamg‘arma qilish imkoniyati, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi zaiflashadi. Bu esa nafaqat bitta oila, keng ko‘lamda butun iqtisodiyot uchun salbiy oqibatlarga olib keladi.

Shu sababli reklama va sotuv amaliyoti odamni qarzga kiritishga emas, uning qarz yukiga chidamlilik chegarasini tushuntirishga va ehtiyotkor qaror qabul qilishga chaqirishi kerak.

Markaziy bankning 2024 yil iyulidagi so‘roviga ko‘ra, bankdan qarzdor bo‘lgan respondentlarda bankdan tashqari majburiyatlar ham hisobga olinganda jami o‘rtacha qarz yuki (DSTI – daromadga nisbatan qarz to‘lovlari ulushi) 73 foizni tashkil etgan; respondentlarning to‘rtdan bir qismida esa DSTI 80 foizdan yuqori bo‘lgan!

Savdoda shaffoflik va mohiyatga e’tibor

Agar mahsulot “savdo” yoki “nasiya savdo” sifatida reklama qilinsa, u holda savdoga xos asosiy jihatlar iste’molchiga tushunarli bayon etilishi lozim.

Narx qanday shakllanayotgani, tovar yoki xizmatning qiymati nimalarni o‘z ichiga olishi, to‘lov muddati, majburiyatning oqibatlari, shartlarni buzish holatida nima bo‘lishi kabi masalalar yashirilmasligi kerak. Aks holda, “savdo” ko‘rinishida taqdim etilgan mexanizm amalda faqat kechiktirilgan to‘lov asosidagi moliyalashtirishga yaqinlashib qoladi va iste’molchi mahsulotning mohiyatini to‘liq anglamaydi. Bu esa reklama va shartnoma o‘rtasida ishonch tafovutini keltirib chiqaradi.

Jahon tajribasi: BNPL bozorida iste’molchini himoya qilish kuchaymoqda

Bugungi kunda BNPL bozorida reklama shaffofligi va iste’molchining xabardorligini kuchaytirish ko‘pgina mamlakatlarda ustuvor masala bo‘lib bormoqda. Sababi oddiy: “oson rasmiylashtirish” nazoratsiz kengaysa, bir nechta BNPL bitimlari yig‘ilib, qarzdorlik jamlanishi va xatarni anglash darajasi pasayishi ortishi.

Shu bois Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Avstraliya kabi bozorlarda reklama bo‘yicha talablar kuchaymoqda: reklama chalg‘itmasligi, xarajatlarni yashirmasligi va “oylik to‘lov” bilan birga “jami to‘lov” hamda asosiy shartlarni aniq ko‘rsatishi kerak.

Ayrim yurisdiksiyalarda “BNPL kreditmi yoki bo‘lib to‘lash usulimi?” savoliga amaliy yondashuvlarga aniqlik kiritilmoqda. Iste’molchi natijani aniq tushunishi shart, chunki u majburiyat oladi.

Shuning uchun reklamada va narx yorlig‘ida “jami to‘lov” va asosiy shartlar ochiq aytilishi, shikoyat qilish hamda mas’uliyatli sotuv mexanizmlari kuchli bo‘lishi lozim.

“Halol/islomiy” yorlig‘i: eng yuqori darajadagi mas’uliyat

Ayrim mahsulotlar o‘zini “halol” yoki “islomiy” deb taqdim etadi. “Halol/islomiy” bu – oddiy tijoriy da’vo emas, u iste’molchining e’tiqodiy ishonchi bilan bevosita bog‘lanadi. Shuning uchun bu da’vo ishlatiladigan reklamada narx va majburiyatlar yanada ochiq va aniq bo‘lishi shart.

Iste’molchining e’tiqodiy tuyg‘usidan foydalanib, uni mohiyatini tushunmasdan qarzga kirishga undash – ishonchni suiiste’mol qilish hisoblanadi. Bunday taqdimot oxir-oqibat nafaqat bitta kompaniya, balki butun bozor segmenti obro‘siga zarar yetkazishi mumkin.

Asosiy mezonlar: adolat, shaffoflik va iste’molchiga zarar yetkazmaslik

Mas’uliyatli reklama va marketingning markazida adolat turadi. Reklama va marketing faoliyati iste’molchiga zarar yetkazmasligi, uni adolatsiz moliyaviy yuk ostida qoldirmasligi lozim. Bu nafaqat axloqiy talab, u bozor ishonchi va barqarorlikning amaliy kafolatidir.

Reklamada mahsulotning qulay tomonlarini ko‘rsatish mumkin, biroq taqdimot muvozanatli bo‘lishi kerak: foyda va qulaylik bilan birga, iste’molchining qaroriga ta’sir qiladigan asosiy shartlar ham aniq va halol yoritilishi kerak.

Reklama va marketing uchun amaliy “minimal shaffoflik” qoidalari

BNPL/nasiya reklamasida mas’uliyatli yondashuv uchun kamida quyidagilar ta’minlanishi lozim:

1. “Oylik to‘lov” bilan birga, “Jami to‘lov” ham aniq ko‘rsatiladi (muddat, boshlang‘ich to‘lov bo‘lsa, u ham).

2. Reklamada “foizsiz” iborasi ishlatilsa, narx ustamasi, xizmat haqi, komissiya yoki boshqa xarajatlar mavjud bo‘lsa, yashirilmaydi va aniq bayon etiladi.

3. To‘lovning kechikishi shartlari chalg‘itmaydigan tarzda ko‘rsatiladi:

a) Agar penya/jarima 0 so‘m bo‘lsa, “jarimasiz” iborasi faqat shu mazmunda ishlatiladi.

b) Kechikishning boshqa oqibatlari (xizmat cheklovi, limit pasayishi, undirish tartibi va boshqalar) bo‘lsa, ular ham qisqa va tushunarli ko‘rsatiladi. “Batafsil shartlar” havolasi qo‘shimcha ma’lumot uchun berilishi mumkin, biroq “havola bor” degan bahona bilan muhim shartlar reklamada yashirilmaydi.

4. Bir vaqtning o‘zida bir nechta bo‘lib to‘lash shartnomasi tuzilsa, umumiy majburiyat tez oshishi mumkinligi haqida ogohlantirish beriladi (masalan: “Bir nechta bo‘lib to‘lash majburiyatlari umumiy to‘lov yukini oshirishi mumkin”).

5. “Halol/islomiy” da’vosi ishlatilsa, u faqat yorliq bo‘lib qolmay, shaffof hujjatlar va ichki nazorat bilan asoslanadi; xususan, reklama va marketing materiali vakolatli islomiy moliya maslahatchisi/kengashi tomonidan mazmunan ko‘rib chiqilganligi (tasdiqlash tartibi mavjudligi) ochiq ko‘rsatiladi.

Xulosa

BNPL va nasiya to‘lov tizimlari bozorda qulaylik yaratadi, savdoni tezlashtiradi va ayrim ehtiyojlar qondirilishi yengillashadi. Biroq ular noto‘g‘ri reklama qilinsa, “sezilmas qarz” muammosini kuchaytiradi, qarzdorlik yig‘ilishi tezlashadi, aholi ishonchiga putur yetadi.

Reklama va marketing “tez sotish” emas, “to‘g‘ri tushuntirish” tamoyiliga tayanishi kerak. Mas’uliyatli reklama iste’molchining ongli tanlovini himoya qiladi, tadbirkorning obro‘sini mustahkamlaydi va bozor barqarorligiga uzoq muddatli hissa qo‘shadi.

Iskandar Tursunov,

Islomiy moliya eksperti,

Al Muamalat Consulting direktori



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

O‘zbekistonda chet elliklarga auksion orqali yer ijara huquqini sotish to‘xtatiladi

Published

on


Bundan buyon xorijiy investorlar qishloq xo‘jaligi yerlarini auksion orqali ijaraga ololmaydi. Ular faqat viloyat hokimliklari orqali, kamida 10 mln dollar investitsiya kiritish hamda yaylov, lalmi va foydalanishdan chiqqan yerlarni aylanmaga qaytarish sharti bilan ikkilamchi ijaraga yer olishi mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yer resurslaridan yanada samarali foydalanishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Erishilgan yutuqlar

So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda yer munosabatlarini isloh qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, yer ajratish vakolati hokimlardan olinib, yer uchastkalarini auksion orqali realizatsiya qilish tartibi joriy etildi. Shu davrda 616,3 ming gektar yer auksion orqali ajratildi, budjetga 1,4 trillion so‘m tushum ta’minlandi.

Eng muhimi, yerning haqiqiy egasi paydo bo‘lishi natijasida har bir gektardan olinayotgan daromad 3 karra oshib, 50-60 million so‘mga yetgan. Bugun ushbu yerlarda har yili 539 trillion so‘mlik mahsulot yetishtirilib, 2,1 milliard dollarlik eksport amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, sohada hal etilishi lozim bo‘lgan qator masalalar ham borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Nima ekishni fermer o‘zi belgilaydigan tartib kengaytiriladi

Yerlar auksion orqali ajratilayotgan bo‘lsa-da, ijarachilarning undan foydalanishdagi mustaqilligi hali yetarli emas. Shu sababli 117,6 ming gektar yer hozirgacha sotilmasdan turibdi.

Shu bois, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishning yangi tizimini qo‘llash, joriy yilda yana 100 ming gektar yerni yangi tartib asosida auksionga chiqarish rejalashtirilgan. Bu borada, ayniqsa, yerdan foydalanishda iqtisodiy rag‘batlarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.

O‘tgan yili vodiy viloyatlari, Jizzax, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda sotilgan yerlarda ekinlarni mustaqil joylashtirish bo‘yicha joriy etilgan tajriba yaxshi samara bergani ta’kidlandi. Xususan, 2025 yilda 20 ming gektar yerning 16 ming gektarida tadbirkorlar o‘zlari tanlagan yuqori daromadli va eksportbop ekinlarni ekib, 150 million dollarlik eksport uchun zamin yaratgan. Endi ushbu tajribani kengaytirish, yerdan foydalanuvchilarga yanada ko‘proq iqtisodiy erkinlik berish muhimligi qayd etildi.

Plantatsiya va chorvachilik uchun – 500 gektargacha yer uchastkalari

Sanoatlashgan plantatsiya va chorvachilik loyihalari uchun 50 gektardan 500 gektargacha yer uchastkalarini auksionga chiqarish, shu asosida joriy yilning o‘zida har bir viloyatda kamida 5 tadan yirik loyihalarni boshlash belgilandi.

Ushbu loyihalar uchun suv va elektr ta’minoti xarajatlarini qoplab berish, 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha arzon kreditlar ajratish, kredit foiz stavkalarini kompensatsiya qilib berish, yetishtirilgan mahsulotni qadoqlash xarajatlarining 50 foizgacha qismini subsidiyalash kabi qator moliyaviy qo‘llab-quvvatlash joriy etilishi ta’kidlandi.

Chet elliklar auksionda qatnasholmaydi

Taqdimotda yerdan yuqori daromad olishda ilg‘or xorijiy tajribani, ayniqsa, chet elning zamonaviy agrotexnologiyalarini keng qo‘llash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, bu jarayonda milliy manfaatlarni himoya qilish lozimligi qayd etildi.

Xususan, xorijiy investorlarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishning tartibi va shartlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bundan buyon ularga faqat viloyat hokimliklari huzuridagi direksiyalar orqali, investitsiya miqdori kamida 10 million dollar bo‘lgan loyihalar doirasida, yaylov, lalmi va foydalanishdan chiqqan yerlarni aylanmaga qaytarish sharti bilan ikkilamchi ijaraga berish tartibi qo‘llanadi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini olish bo‘yicha auksionda faqat mahalliy dehqon va tadbirkorlar ishtirok etishini belgilash lozimligi ta’kidlandi.

Mudofaa, chegara, tarixiy-madaniy yerlar va o‘rmon fondi yerlari faqat mamlakatimiz fuqarolariga beriladi.

Yer ijarasining muddati

Yerlarni ijaraga berish muddatini barcha turdagi yerlar uchun, shu jumladan, sanoat va qurilish loyihalarini amalga oshiradigan chet ellik investorlar uchun ham 49 yil etib belgilash taklif etildi.

Bugungi kunda qariyb 100 ming gektarga yaqin yerning ijara muddati tugagan. Shu bois, tadbirkorlar ushbu yerlarni qayta auksionga chiqarmasdan, ijara muddatini uzaytirish bo‘yicha qulay va shaffof tartib joriy etish zarurligini bildirmoqda. Taqdimotda mazkur jarayonni davlat xizmatlari markazlari va elektron platformalar orqali amalga oshirish, kadastr, qishloq xo‘jaligi va adliya tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish, e’tirozlar bo‘lmagan taqdirda qishloq xo‘jaligi yerlari uchun 30 yilgacha, noqishloq yerlar uchun 49 yilgacha uzaytirish tartibini joriy etish taklif qilindi.

Soliq yoki ijara to‘lovidan qarzdorlik, sud nizosi yoki noqonuniy qurilish aniqlangan hollardagina ijara shartnomasi yangi muddatga uzaytirilmasligi belgilanmoqda.

Raqamlashtirish, javobgarlik va boshqa qo‘shimcha mexanizmlar

Yig‘ilishda yer toifasini o‘zgartirish va nobudgarchilik to‘lovlarini hisoblash bilan bog‘liq jarayonlar haligacha qog‘oz shaklida yuritilayotgani tanqid qilindi. Bu esa kelishuv va qaror qabul qilish muddatining cho‘zilishiga, investorlar noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Shu munosabat bilan barcha jarayonlarni raqamlashtirish, yerdan maqsadli foydalanish, suv samaradorligi va tuproq sifati kabi mezonlar asosida yerdan foydalanish samaradorligini baholash tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi.

Yerga bo‘lgan ijara huquqini moliyaviy vosita sifatida kengaytirish, uni nafaqat tijorat kreditlari, balki lizing, ipoteka va bank kafolatini olish uchun ham garovga qo‘yish imkoniyatini yaratish zarurligi qayd etildi.

Yer uchastkasini bo‘sh turgan yer sifatida hisobga olish tartibini soddalashtirish, yerlarni qayta ijaraga berishda shartnomalarni haq evaziga yoki tekinga tuzish mumkinligini aniq belgilash, shundan kelib chiqib, yer oldi-sotdisiga oid huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqish taklif etildi.

Yer nazorati yo‘nalishida javobgarlikni kuchaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish uchun javobgarlikni faqat sug‘oriladigan yerlar uchun emas, qolgan barcha turdagi yer uchastkalariga nisbatan ham tatbiq etish zarurligi ta’kidlandi.

Temir yo‘llari, avtomobil yo‘llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obektlari, suv inshootlari va tarmoqlarini qurish maqsadlarida yerlarning toifasi o‘zgartirilganda nobudgarchilik to‘lovidan ozod qilish, yer jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganida to‘lanadigan kompensatsiya to‘lovlarini soliqqa tortmaslik bo‘yicha takliflar bildirildi.

Kelgusida qishloq xo‘jaligi yerlari ijarachilariga hududlardagi 13 ta direksiya orqali, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga esa 14 ta investitsiya kompaniyasi orqali xizmat ko‘rsatilishi, ushbu tashkilotlar o‘z yo‘nalishlarida davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasida “ko‘prik” vazifasini bajarishi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev yer islohotlarini yangi bosqichga olib chiqish, yerdan foydalanish samaradorligini oshirish, tadbirkorlar uchun yanada ochiq va tushunarli tizim yaratish, shuningdek, sohada raqamlashtirishni jadallashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Janubiy Koreya banki O‘zbekiston bozoriga kirmoqda

Published

on


Janubiy Koreyaning yirik moliyaviy institutlaridan biri — Shinhan Bank O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda.

Moliya sohasi manbalariga ko‘ra, bank O‘zbekistonda to‘liq formatda faoliyat yuritadigan mahalliy sho‘’ba tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilgan. Tegishli hujjatlarni joriy yilning birinchi yarmida moliyaviy regulyatorlarga topshirish rejalashtirilgan.

Agar loyiha ma’qullansa, bu Shinhan Bank’ning 11-chi xorijiy sho‘’basi va O‘zbekistonda koreys tijorat banklari orasidagi birinchi bunday tashabbus bo‘ladi.

Ma’lum qilinishicha, bank mahalliy regulyatorlar bilan oldindan kelishuvlarga erishgan. Hozirda tayyorgarlik ishlarining asosiy qismi yakunlangan, to‘liq faoliyat esa  kelasi yildan boshlanishi mumkin.

Shinhan Bank O‘zbekistondagi faoliyatini Qozog‘istondagi muvaffaqiyatli model asosida yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bank fikricha, O‘zbekistonda moliyaviy bozor hali «rivojlanishning dastlabki bosqichi»da bo‘lib, katta o‘sish imkoniyatlariga ega.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

“Shaharlashuv darajasi pastligi – O‘zbekistonning ochilmagan potensiali”

Published

on


Shaharlashuv – O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotining asosiy drayveri bo‘la oladi. 10-15 million aholimiz qishloqlardan shaharlarga ko‘chishi kerak. Men buni mamlakatimizning hali ochilmagan ulkan salohiyati sifatida ko‘raman, deydi iqtisodchi.

O‘zbekistonda oxirgi yillardagi yuqori iqtisodiy o‘sishda – 2018-2019 yillardagi islohotlar, xususan propiska cheklovlarining olib tashlanishi muhim o‘rin tutadi. Bu haqda Nyu York universiteti professori, iqtisodchi Behzod Hoshimov Kun.uz’ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Bugungi farovonligimiz – o‘sha yillarda qilingan islohotlar natijasi. Toshkentda propiska ochilishi milliardlab dollar qiymat yaratdi. Minglab, balki millionlab odamlar poytaxtga kelib, daromadini oshirdi”, – dedi u.

Hoshimovga ko‘ra, islohotlar bu bilan to‘xtab qolmasligi kerak. Chunki shaharlar iqtisodiy o‘sish va boylikning eng muhim manbasi hisoblanadi.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston hanuzgacha yetarlicha shaharlashmagan mamlakat bo‘lib qolmoqda. Aholining katta qismi qishloqlarda yashaydi, holbuki zamonaviy qishloq xo‘jaligida avvalgidek ko‘p ishchi kuchiga ehtiyoj yo‘q.

Professor rivojlangan davlatlarni misol qilib keltirdi. Uning aytishicha, AQSh – dunyodagi eng yirik qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lsa-da, aholining 2 foizidan kamrog‘i bu sohada ishlaydi. Daniyada esa qishloq xo‘jaligida bandlar ulushi 1 foizdan ham kam.

“Bugungi qishloq xo‘jaligi avtomatlashtirilgan. Ekin ekish, hosil yig‘ish, parvarishlash ishlarini texnika va robotlar bajaradi. Eski davrdagidek ko‘p qo‘l mehnati talab qilinmaydi. Shaharlarda esa xizmatlar sohasi uchun ishchi kuchi kerak”, – deydi u.

Hoshimovning fikricha, iqtisodiy boylik manbayi – qishloq aholisining shaharlarga ko‘chib, xizmat ko‘rsatish va sanoat tarmoqlarida ishlashidir. Bu jarayon har bir fuqaroning daromadini oshiradi.

U Xitoy tajribasini misol qilib, mamlakatning keskin boyishida urbanizatsiya hal qiluvchi rol o‘ynaganini qayd etdi.

Iqtisodchi Qozog‘iston bilan solishtirganda ham O‘zbekistonda urbanizatsiya darajasi pastligini aytib, bu – katta ochilmagan salohiyat ekanini ta’kidladi.

“Bizda qishloqda past samaradorlikda ishlayotgan millionlab odamlar bor. Agar ular shaharlarda xizmat ko‘rsatish yoki ishlab chiqarishga o‘tsa, darhol boyiydi. Shu sababli ularga shaharlar qurish, sharoit yaratish kerak”, – deydi Behzod Hoshimov.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Qoraqalpog‘istonda yirik maxsus mayning zonasi tashkil etiladi

Published

on


O‘zbekistonda kriptoiqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbus amalga oshirilmoqda. PQ–143-sonli Prezident qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasida «Besqala Mining Valley» maxsus mayning zonasi tashkil etiladi.

Qarorga ko‘ra, mazkur maxsus zona hududi sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasining butun hududi belgilangan. Ushbu zona doirasida mayning uchun yagona elektr energetika tizimi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda vodorod elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalanishga ruxsat beriladi.

Maxsus zona ishtirokchilariga kripto-aktivlar bilan operatsiyalar amalga oshirish bo‘yicha keng huquqlar berilgan. Jumladan, mayning natijasida olingan kripto-aktivlar milliy kripto-birjalar yoki xorijiy platformalar orqali sotilishi mumkin. Shuningdek, ularni boshqa likvidli kripto-aktivlarga ayirboshlash yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida realizatsiya qilishga ruxsat etiladi.

Mazkur jarayonlarni muvofiqlashtirish maqsadida «Besqala Mining Valley» maxsus mayning zonasi direksiyasi tashkil etiladi. Mayning faoliyatini tartibga solishda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ishchi organ sifatida belgilandi.

Talabgor yuridik shaxslar maxsus zona rezidentligi va faoliyat yuritish uchun ruxsatnoma olish maqsadida direksiyaga murojaat qiladi.

Qarorga muvofiq, 2035-yil 1-yanvarga qadar zona rezidentlarining mayning faoliyatidan olingan daromadlari soliqlar va yig‘imlardan ozod qilinadi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Dollar kursining pasayishi davom etadi

Published

on



Dollar kursining pasayishi davom etadi



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.