Connect with us

Iqtisodiyot

Fermerlarni yangi jazo va majburiyatlar kutmoqda. Qonun loyihasi deputatlar bahsiga sabab bo‘ldi

Published

on


Dala chetlariga ekin ekmagan fermerlarni jarimaga tortish va butun yer maydoniga yer solig‘ini 3 karra oshirish ko‘zda tutilmoqda. Tegishli qonunni O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” partiyalari qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, XDP va “Adolat” deputatlari keskin qarshi chiqdi. Jamoatchilik faoliga ko‘ra, konditsionerli kabinetida o‘tirib qonun chiqarayotganlar – yoz chillasida dalada ishlab yurgan fermerlarni eshitib o‘tirmayapti.

1 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida bo‘sh qolgan yer maydonlari uchun fermerlarga javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokama qilindi. Ayrim deputatlar g‘oyani qo‘llab-quvvatladi, boshqalari esa qonunchilikka kiritilayotgan yangi o‘zgarishlar fermerlarni qiyin moliyaviy holatga solib qo‘yishi mumkinligini ta’kidlashdi.

Qonun loyihasida nimalar ko‘zda tutilgan?

Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshevga ko‘ra, qonun loyihasi prezidentning 2024 yil 30 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlarida qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirish hajmini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ishlab chiqilgan.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda 30 ming gektardan ortiq maydonda yil davomida dala chetlariga ekin ekilmay, mahsulot yetishtirilmaydi. Bu aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga ham, bozorlardagi narx-navoga ham salbiy ta’sir ko‘rsatyapti.


Qahramon Yo‘ldoshev

Shu sababli Soliq kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritish, xususan, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligini dala chetlari, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda tegishli qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish yoki mahsulot yetishtirish hisobini yuritish va nazorat qilish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilash taklif etilyapti.

Qonun loyihasiga ko‘ra, har yili 1 aprelga qadar bunday hududlarda ekin ekish yoki mahsulot yetishtirish ta’minlanmasa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga o‘zlariga tegishli barcha qishloq xo‘jaligi yerlari uchun yer solig‘ini 3 baravar miqdorda hisoblash nazarda tutilyapti.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalaridan foydalanuvchilar, ijarachilar va ikkilamchi ijarachilar ekin maydonlari chetlariga, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarga ekin ekish va mahsulot yetishtirish majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, ularga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 7 baravaridan 10 baravarigacha jarima solinishi mumkin.

Vazir o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshev bunday qat’iy choralar kiritilayotganini “odamlarning dasturxonini to‘kin-sochin qilish” va “har bir qarich yerdan maksimal samarali foydalanish” maqsadi bilan izohladi.

“Bu qonun fermerlarni bankrotlikka olib keladi”


Ulug‘bek Inoyatov

Xalq demokratik partiyasi yetakchisi Ulug‘bek Inoyatov qonun loyihasini tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, loyihani tayyorlashda vaziyatga bir tomonlama yondashilgan.

XDP raisi hujjat mohiyati faqat talab va jazolarni belgilashdan iborat ekaniga urg‘u berib, yerlardan birlamchi va ikkilamchi foydalanuvchilarning manfaatlarini hisobga oladigan aniq mexanizmlar ochib berilmaganini keltirib o‘tdi.

“Fermerning 100 gektar yer maydoni bo‘lib, shundan 2 gektari dala chetlari hisoblansa va qandaydir sabablarga ko‘ra bu maydonning bir gektaridan foydalanilmasa, 100 gektar yer maydoni bo‘yicha jarima va uch barobar yer solig‘i qo‘llanadi”, dedi Ulug‘bek Inoyatov.

XDP yetakchisi bunday yondashuvni ilgari surishdan oldin yerlarning qancha qismi dala chetlariga tegishli ekanini aniq belgilash, fermerlarni qo‘llab-quvvatlaydigan va yerdan samarali foydalanishga undaydigan normalarni ham kiritish kerakligini aytdi.


Manzura Salimova

“Adolat” partiyasi deputati Manzura Salimova qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga nisbatan birdaniga uchta ta’sir chorasi nazarda tutilayotganiga e’tibor qaratib, bu xalqaro huquq normalariga zid ekanini ta’kidladi.

“Birinchi chora – yer solig‘ini uch baravar miqdorda hisoblash, ikkinchisi – bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha jarima, uchinchisi – qishloq xo‘jaligi uchun kredit resurslari hisobidan moliyalashtirishni to‘xtatish”, dedi deputat.

Salimovaning so‘zlariga ko‘ra, bu qonun qabul qilinishi fermerlarni og‘ir ahvolga solib qo‘yishi va hatto bankrotlikka olib kelishi mumkin.


Zuhriddin Mavlonov

“Adolat” partiyasining boshqa bir deputati Zuhriddin Mavlonovga ko‘ra, yangi qonun amalda majburiyat sifatida belgilanmagan narsa uchun javobgarlikni joriy etishi mumkin.

Deputat Yer kodeksining 40-moddasida ekin ekish majburiyati faqat kanallar va drenaj tarmoqlari atrofidagi yerlarga nisbatan belgilangani, dala chetlari uchun ham, mahsulot ishlab chiqarish uchun ham alohida javobgarlik yo‘qligini eslatib o‘tdi.

“Mavjud bo‘lmagan majburiyat uchun bir necha turdagi javobgarlikning joriy etilishi sud nizolarining ko‘payishiga va adolatsiz javobgarlikka olib kelishi mumkin”, dedi Mavlonov.


Gulnora Abduvohidova

“Adolat” partiyasidan boshqa bir deputat Gulnora Abduvohidova ham o‘z so‘zida masalaning huquqiy jihatiga to‘xtaldi. U prezidentning amaldagi farmoni bilan tadbirkorlar uchun javobgarlik va majburiyatlarning yangi shakllariga moratoriy joriy etilganini eslatdi.

Bu farmonga asosan, 2023 yil 1 iyuldan boshlab tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga uch yillik moratoriy o‘rnatilgan.

Bundan tashqari, boshqa bir farmon asosida, 2025 yil 1 iyuldan 2028 yil 1 yanvarga qadar kichik va o‘rta biznes sub’yektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga moratoriy e’lon qilingan.

“Bu qonun fermerlarga imkoniyat beradi”


Alisher Qodirov

Bir guruh deputatlar qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashdi. Jumladan, “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirovga ko‘ra, “har bir qarich yerdan maksimal samarali foydalanish” uchun ham yangi tartibni amaliyotga kiritish kerak.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha tashabbuskorlari zarur infratuzilma sharoitlari yaratilmagan deputatlarga talab qo‘yilmasligi bo‘yicha deputatlarga kafolat bergan.

“Maxsus komissiya fermerlarga barcha sharoitlarni yaratib bersa va bir qarich yer ham hosilsiz qolmasligi uchun choralar ko‘rilsa, biz bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Chunki oziq-ovqat xavfsizligi xalqimiz xavfsizligi demakdir”, – dedi Qodirov.


Aktam Hayitov

O‘zLiDeP yetakchisi Aktam Hayitov ham hujjatni qo‘llab-quvvatladi. U yangi qonun fermerlarga “imkoniyat berishi” va ularni harakatga undashini ta’kidladi.

“Joylarda ishchi guruhlar tuzilgan. Har bir holat sinchkovlik bilan o‘rganiladi va baholanadi. Bu ko‘r-ko‘rona qilinmaydi. Tuman ishchi guruhi rahbari – tuman hokimi, uning o‘rinbosari, tuman prokurori. Shuningdek, uning tarkibiga ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, Soliq qo‘mitasi, agrar soha va suv xo‘jaligi, fermerlar kengashi, karantin inspeksiyasi, mahalla uyushmasi vakillari kiradi. Shunday keng tarkib ekish masalalarida yordam beradi”, – dedi Hayitov.

Parlamentdagi birinchi o‘qishda 89 nafar deputat bu bahsli qonunni yoqlab ovoz berdi. 22 deputat qarshi chiqdi, 6 nafari betaraf qoldi, 11 nafari ovoz bermadi.

“Yangi majburiyat va yuklamalar – fermerlar uchun umumiy vaziyatning yomonlashuvi fonida yuz beryapti”

Davletovuz kanali muallifi jurnalist Qobil Xidirov qonun loyihasiga fermerlar, qishloq xo‘jaligi vakillarining keskin e’tirozlarini tizimlashtirib, bu tashabbus nega xato ekani haqida yozdi.

“Birinchidan, yozning chillasida fermer dalasida sarg‘ayib yurganida, o‘lganning ustiga tepgan qilib, salqin konditsionerli xonasida o‘tirgan qonun tashabbuskorlari, deputatlar yana fermerlar ishtirokisiz, ularning fikr-mulohazalarini inobatga olmasdan qaror qabul qilishmoqda. Mavridini qarang. Fermerlar, dehqonlar allaqachon qaror qabul qilish jarayoni ishtirokchisi emas, ularning professional uyushmalari esa allaqachon vazirlik va hukumat chizig‘idan chiqmaydigan tishsiz tashkilotga aylanib qolgan. Eng achinarlisi, bunday tashabbuslar aynan shunday tashkilotlar orqali ilgari surilmoqda.

Ikkinchidan, yangi majburiyat va yuklamalar fermerlar uchun umumiy vaziyatning yomonlashuvi fonida yuz bermoqda: oxirgi ikki yilda paxta va g‘alla narxlarining hukumat tomonidan manipulyatsiya qilingani oqibatida fermerlarda rag‘bat, daromad kamaydi, ishonchsizlik ortdi, xodim yollash imkoniyati pasaydi. Juda ko‘pchilik qarzi ortganini aytgan.

Uchinchidan, har to‘rtta kommentning bittasi suv yo‘qligi yoki tanqisligi haqida bo‘lmoqda. Ekologik muammo chuqurlashib borayotgani rost, lekin suv taqsimotida ham adolatning ko‘zi yana ko‘r bo‘lib qolyapti. Dala cheti tugul, asosiy dalaga suv muammo bo‘lyapti, deb yozg‘irmoqda fermerlar.

Yana bir masala. Dala chetiga ekin ekishning ilmiy asosi bormi? Yoki shunchaki o‘zidan to‘shovi qimmat tadbirmi? Ayrim izohlarda dala cheti deya fermer asosiy yeridan joy ajratilib, ko‘zbo‘yamachilik qilinayotgani ham aytilgan. Bu esa aksincha paxtaga ishlov berish, agrotexnika tadbirlarini amalga oshirishni qiyinlashtirmoqda, qaytaga zarar keltiryapti.

Oqibat haqida. Jazo choralarini qo‘llash yana inson omilini yuzaga keltiradi, ya’ni jarima bayonnomasini shartli Toshmat rasmiylashtiradi, inson omili esa doimo korrupsiyaning o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Balki kerak emasdir.

Shunday ekan, “bizniki to‘g‘ri, biz fermerdan ko‘ra ko‘proq narsa bilamiz” demasdan, balki fermer va dehqonlar oldidan bir o‘tilsa, ularni ham eshitib bunday ishlarga qo‘l urilsa, hech bo‘lmasa davlat institutlariga nisbatan borgan sari pasayib borayotgan ishonchga yana darz yetkazilmagan bo‘lar edi”, deya ta’kidladi Qobil Xidirov.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida imzolangan qonunga asosan, qonun loyihalari parlamentga kiritilayotganda loyihaning huquqiy ekspertizasi, korrupsiyaga qarshi ekspertizasi va loyiha bo‘yicha o‘tkazilgan jamoatchilik muhokamasi natijalari ham taqdim etilishi kerakligi belgilangan edi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

Kimlar foyda solig‘ini ikki barobar kam to‘lashi mumkin?

Published

on


Soliq kodeksining 337-moddasiga muvofiq, foyda solig‘i to‘lovchilarining ayrim toifasi belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida pasaytirilgan stavkani qo‘llash huquqiga ega.

Ushbu imtiyoz 2022-yil 1-sentyabrdan keyin joriy soliq davrida jami daromadi ilk bor 10 mlrd so‘mdan oshgan soliq to‘lovchilarga beriladi.

Pasaytirilgan stavka joriy soliq davrida hamda undan keyingi soliq davri mobaynida amal qiladi.

Imtiyozdan foydalanish uchun pasaytirilgan stavka qo‘llanilayotgan davrlarda soliq to‘lovchining jami daromadi 100 mlrd so‘mdan oshmasligi shart. Agar ushbu chegaradan oshib ketilsa, pasaytirilgan stavkani qo‘llash huquqi bekor bo‘ladi.

Mazkur imtiyoz yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq to‘lovchilari va aksiz solig‘i to‘lovchilariga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Shuningdek, soliq to‘lovchi tugatilayotgan hollarda yoki imtiyoz olish maqsadida bir nechta tadbirkorlik subyekti o‘rtasida daromad sun’iy ravishda bo‘lingani aniqlansa, pasaytirilgan stavkadan foydalanishga ruxsat berilmaydi.

Mazkur tartib Soliq kodeksining 337-moddasida belgilangan bo‘lib, tadbirkorlik subyektlarini halol soliq to‘lash va biznesni qonuniy kengaytirishga rag‘batlantirishga qaratilgan.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekistonda chetdan xomashyo olib keladigan yangi kompaniya tuzilib, unga 200 mln dollar ajratiladi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda metallurgiya sanoatini rivojlantirish, xomashyo bazasini mustahkamlash va mahalliylashtirish darajasini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilandi.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyati, Samarqand va Surxondaryoda ham temir zaxiralari mavjudligi prognoz qilinmoqda. Shu munosabat bilan temir sifati uchun zarur bo‘lgan marganets va ferrosilitsiy kabi minerallar zaxiralarini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

Mutasaddilarga sun’iy intellekt yordamida geologik maydonlarni tahlil qilib, bir oy muddatda temir hamda uni boyitish uchun zarur minerallar zaxiralarini oshirish bo‘yicha geologiya dasturini ishlab chiqish topshirildi. Hudud rahbarlariga esa bu jarayonlarga yirik tadbirkorlarni jalb qilish vazifasi yuklatildi.

Bugungi kunda mamlakatda metallurgiya sohasida 150 ga yaqin o‘rta va kichik xususiy korxona faoliyat yuritmoqda. Qurilish materiallari sohasidagi islohotlardan keyin hududlarda metall mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan yangi loyihalar boshlangani qayd etildi.

Xususiy korxonalarni xomashyo bilan barqaror ta’minlash maqsadida import xomashyoni markazlashgan tarzda olib kelish bo‘yicha alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu tuzilmaga 200 million dollar ajratiladi, import qilingan xomashyo esa faqat birja savdolari orqali sotiladi.

Yig‘ilishda iqtisodiyotning yangi texnologik bosqichga o‘tayotgani munosabati bilan metall mahsulotlari turini ko‘paytirish, shuningdek, yirik metallurgiya korxonalari va xususiy sektor o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish zarurligi ham ta’kidlandi.

Ma’lum qilinishicha, mamlakatda choksiz quvurga bo‘lgan yillik talab 280 million dollarga teng. Asosiy tashqi savdo hamkorlari esa har yili 1,5 milliard dollarlik shunday mahsulot import qiladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, choksiz quvur ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun 275 million dollar investitsiya talab etiladi. Bu orqali yiliga 450 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish va uning 170 million dollarlik qismini eksport qilish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, ishga tushirilgan quyuv-prokatlash majmuasi avtomobilsozlik, maxsus transport, texnologik uskunalar, maishiy va qishloq xo‘jaligi texnikasi hamda qurilish materiallari uchun 1,5 milliard dollarlik mahsulotni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarish imkonini beradi. Mas’ullarga uch oy muddatda choksiz quvur, sovuq prokat, metallni 3D usulda bosib chiqarish va yuqori aniqlikda ishlov berish bo‘yicha loyihalar paketini tayyorlash topshirildi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Apple yana dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylandi

Published

on


Apple kompaniyasi kapitallashuv bo‘yicha grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasidan o‘zib ketdi.

Foto: Adam Gray/Bloomberg

Bloomberg xabariga ko‘ra, Apple kompaniyasi kapitallashuv bo‘yicha grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasidan o‘zib ketdi va dunyoning eng qimmat ommaviy kompaniyasiga aylandi.

17 iyul kuni Nvidia aksiyalari 3,7 foizga arzonlashdi, oqibatda kompaniyaning bozor qiymati 4,8 trillion dollargacha tushdi. O‘z navbatida, Apple aksiyalari 0,4 foizga qimmatlab, kompaniya kapitallashuvi 4,9 trillion dollarga yetdi.

Nvidia 2025 yilning may oyidan buyon birjadagi eng qimmat kompaniyalar reytingini boshqarib kelayotgan edi. Oktabr oyida uning kapitallashuvi besh trillion dollarga yetgan.

Reuters nashrining qayd etishicha, eng qimmat kompaniyalar ro‘yxatida yetakchining o‘zgarishi investorlar e’tiborini Nvidia kabi «sun’iy intellekt bumining eng yaqqol benefitsiarlari» doirasidan tashqariga kengaytira boshlaganidan dalolat beradi. Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, Apple o‘z modellarini rivojlantirishga mablag‘ sarflamagani uchun sun’iy intellekt poygasida ortda qolayotgan hisoblanardi, biroq endi «kayfiyat o‘zgargan».

«Apple <…> sun’iy intellektni servislari orqali monetizatsiya qilish, foydalanuvchilarni o‘z ekotizimiga bog‘lash va uskunalarni yangilash uchun ancha qulayroq mavqega ega. Qayta baholash sun’iy intellekt bilan bog‘liq spekulyativ o‘sishni emas, balki [kompaniya] daromadining barqarorligiga bo‘lgan ishonchni aks ettiradi», deb ta’kidladi BRI Wealth Management investitsiya bo‘limi rahbari Toni Medouz.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Dollar kursi qimmatlashuvi davom etadi

Published

on


Markaziy bank 2026-yil 14-iyuldan valyutalarning yangi kursini belgiladi. 

AQSh dollari 16,89 so‘mga oshib, 12 092,87 so‘m etib belgilandi.

Yevro kursi 24,14 so‘mga oshdi va 13 824,57 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 194,77 so‘m bo‘ldi (+0,88).

Rossiya rubli 157,13 so‘m etib belgilandi (-0,19).


Foto: Markaziy bank

 



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Tadbirkorlar uchun valuta operatsiyalarida yangi yengillik joriy etildi

Published

on


O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari endilikda ichki valuta bozoridan sotib olingan valuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini qayta sotib olish amaliyotisiz o‘zgartirishi mumkin.

Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarining 28-bandiga kiritilgan o‘zgartirish davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (3281-6-son, 2026 yil 16 iyul).

Amaldagi tartibga ko‘ra, “Valutani tartibga solish to‘g‘risida“gi qonunning 15-moddasiga muvofiq, joriy xalqaro operatsiyalar bilan bog‘liq hollarda chet el valutasini sotib olish yoki sotish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, maxsus valuta hisobvaraqlariga o‘tkazilgan mablag‘lar buyurtmada ko‘rsatilgan maqsadlar uchun sarflanishi shart edi.

Ilgari bir shartnoma doirasida sotib olingan valuta mablag‘laridan boshqa shartnoma bo‘yicha foydalanish zarurati tug‘ilganda, tadbirkorlar ushbu valutani avval bankka sotishi, so‘ngra yangi maqsad uchun qayta sotib olishi talab etilardi.

Yangi o‘zgartirish mazkur jarayonni soddalashtirishga qaratilgan. Endi tadbirkorlik sub’yektlari ichki valuta bozoridan sotib olingan valuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini belgilangan tartibda o‘zgartirishi mumkin bo‘ladi.

Mazkur o‘zgartish tadbirkorlar uchun ortiqcha vaqt va xarajatlarni qisqartirish, shuningdek, valuta operatsiyalarini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.