Jamiyat
fermerlar kanaldagi qo‘shimcha quloqlardan norozi
Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq, Piskent va Ohangaron tumanlariga reja-grafik asosida 5 kundan suv berilyapti. Kun.uz tahririyatiga murojaat qilgan ohangaronlik fermerlarga ko‘ra, muammo 5 kunlik navbatda emas, balki kanal bo‘ylab ochib olingan 21 ta noqonuniy quloqlarda. Shu sababli, yer maydoni kanal oxirida joylashgan o‘nlab fermerlarga suv yetib bormayapti. Kanal va ariqlar esa tozalanmagan.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Toshkent viloyati Ohangaron tumanining bir guruh fermerlari suv taqchilligi muammosi bilan yuzlashgan. Tuman hududidan oqib o‘tadigan Yalpoqtepa kanali to‘sib qo‘yilgan. Besh kunlik navbat ortidan dehqonchilik orqaga ketgan. Qoraxitoy mahallasi sobiq raisi Qo‘chqor Po‘latovning aytishicha, 45 yil deganda birinchi marta navbat paydo bo‘ldi.
«Bu kanalimiz 1980-yillarda barpo etilgan. Avval unga 9 kub suv ketardi. Hozirgi dolzarb paytda kanalimizdan navbat qilib, besh kun u zona ishlatadi, besh kun bu zona ishlatadi. Fermerlarimizning dehqonchiligi butunlay orqaga ketdi. Tsement zavodi orqasida katta yerlar bor, mana fermerlarning o‘zlari ham turibdi. Ularga reja hisoblanadi. Suv bo‘lmagandan keyin reja qayerdan bo‘ladi? Mana 3 kun bo‘ldi o‘chganiga», – deya vaziyat haqida aytadi u.
Qo‘chqor Po‘latov, Qoraxitoy mahallasi sobiq raisi
Po‘latovning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda 3 kub suv berilgan. U fermerlarga yetib bormagan. «Men 2025 yil 14 yanvar kuni Ohangaron tuman hokimiga kanalning ahvolini ko‘rsatdim. Lekin undan keyin hech kim qiziqmadi. Fermerlarimizga juda og‘ir, chilla kirdi, dalalar suv ichmasa ular rejani qanday bajaradi?
Fermerlarimizga suv uch kunda yetib boradi. Kanalni tozalasa, suv hammaga yetgan bo‘lardi. Undan 20 ming aholi foydalanadi. Bu ariqdan bu ariqqa suv olaversak, faqat ariq sug‘oramiz, yo dehqon bo‘lmaydi, yo unisi», – deydi Qo‘chqor Po‘latov.
Fuqarolarning aytishicha, uzunligi 32 km bo‘lgan kanal oxirgi marta 2015 yilda tozalangan. Kanalning hozirgi holati chindan ham og‘ir, hamma xohlaganicha suv yo‘lini to‘sib olgan.
Yaltoqtepa kanalida ochilgan quloq
Shaxsini sir tutishni so‘ragan fuqaroga ko‘ra, suvchilarning o‘zi odamlarga noqonuniy quloqlar ochib beryapti. Natijada fermerlarning 750-800 gektar yeriga suv bormayapti.
«Kanal qurilishida 4664 gektar yer suv ichadi deb loyiha qilingan. Suv bilan ta’minlanadi deyilgan. Bu yerni sug‘orish uchun 33 ta quloq qo‘yilgan. Keyin esa bular qo‘shimcha 21 taga ruxsat bergan. Endi suv chiqmaydigan yerlarga ham nasos o‘rnatib, suv tortib olyapti.
Shu gapni ochiq aytaman, mas’ullarning xabari bor. Ohangaron tumanida suv tizimi umuman izdan chiqqan. Suv bor, uni to‘g‘ri taqsimlash yo‘lga qo‘yilmagan. Nazorat o‘rnatilmagan. Mana ko‘rdingiz, qancha suv soyga tushyapti. Agar suvchilar dambalarni qo‘ymasdan, nazoratni to‘g‘ri olib borganda, bunaqa suv muammosi bo‘lmasdi. Suvchilar masalan 10 gektarga 10 litr suv berishi kerak bo‘lsa,10 gektar yerga kerak bo‘lsa 50 gektar yerning suvini ham beradi.
Aslida kanalga, zovurga umuman to‘g‘on qo‘yish mumkin emas. Bu jinoyat hisoblanadi. Bu bo‘yicha ma’muriy javobgarlik bor kodeksda. Shundan keyin fermerlar shartnoma rejalarini bajara olmayapti. Suv tejovchi texnologiyalar qilingan. Davlatdan subsidiyalar olingan.
Prezidentning qarorida yozilgan. Birinchi navbatda suv tejovchi texnologiyalar qilgan fermerlarga suv yetkazib berish kerakligi aytilgan. Lekin bu gaplar chekkada qolib ketyapti. Fermerlarimiz tanish-bilishchilik, o‘z vazifasini bajarmaslik, noqonuniy quloqlar ochilishi tufayli kuyib qolyapti. Toshkent viloyati, Ohangaron, Dalvarzin deymiz, suv havzasi bor. Boshlig‘i Qurbonov, u umuman vazifasini bajarmaydi», – deydi suhbatdosh.
Kanalning eng oxirgi nuqtasida, suv yetib bormayotgan yerlardagi fermerlar suv yo‘qligidan hosil kamaygani, ekinlar rivojlanmayotganini aytib berishdi.
«Biz boshlanishiga chorvachilik uchun 180 gektar, 2014 yilda esa hokim qaroriga asosan 70 gektar shartli suvli yer maydoni oldik. 2023 yilda chorvachilikni rivojlantirish maqsadida Germaniyadan yomg‘irlatib sug‘orish uskunasini sotib olib, uni 100 gektar yer maydonda joriy etdik. Shu yilda odatiy sug‘orish usulida bir gektar yerdan 15 sentnergacha, yomg‘irlatib sug‘orishda esa 30 sentnergacha bug‘doy hosili oldik.
Joriy yil aprelida tuman suv yetkazib berish korxonasi bilan shu suvga shartnoma tuzganmiz. Suv yetib kelishi qiyinlashdi. Olgan bo‘lsak, aprel-may oylarida bir kun yoki ikki kun suv olganmiz. Mana yomg‘irlatib sug‘orish uchun 4000 kub suv ketadigan hovuz tashkil qilganmiz. Agar suv tinimsiz kelib tursa, hovuz 2 kunda kunda to‘ladi», – deydi “Bekzod-Sherzod faxr” fermer xo‘jaligi raisi Bekzod Egamberdiyev.
Bekzod Egamberdiyev, “Bekzod-Sherzod faxr” fermer xo‘jaligi raisi
Uning aytishicha, mas’ullar suv 5 kunlik grafik asosida berilishi haqida ogohlantirmagan.
«O‘tgan hafta grafik bo‘yicha biz suv olishimiz kerak edi, 1-2 kundan keyin yopib qo‘yishdi. Keyin bilsak, shu O‘rta Chirchiq tumaniga paxtaga suv yetmayotgani sababli, suvni u yerga haydash buyurilgan ekan», – deydi fermer.
50 gektar yerga beda ekib, 2 mingta zotdor qo‘y boqayotgan “Hisorment” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Fayziddin Shaydullayev ham suvdan qiynalayotganini aytib berdi.
«Bedani aprel oyidan beri bir marta sug‘ordik. Masalan, sug‘orish o‘z o‘rnida bo‘lsa, shu kecha-kunduzgacha uchinchi o‘rimni o‘rib olishimiz kerak edi. Hozir ikkinchisi ham tayyor bo‘lmadi. Agar mana shu ketish bo‘lsa, ikkinchisini ham o‘ra olmaymiz. 20 santimetrda to‘xtab qolgan.
Birinchi o‘rimni yomg‘ir hisobiga o‘rib olganmiz. U bilan qo‘ylarni qishdan chiqara olmaymiz-da. Ohangaronda qish ko‘proq bo‘ladi. Bahorgacha kamida 17-18 mingta beda press yig‘ishimiz kerak», – deydi u.
Fayziddin Shaydullayev, “Hisorment” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi
Zotli sigirlar boqayotgan fermer Ulug‘bek Komilovning aytishicha, kelayotgan suv yerga nisbatan juda kam.
«Davlatdan 5,5 mlrd so‘m kredit olganmiz, 28 gektar yer maydonida makkajo‘xori ekdik, bu yil bug‘doy, arpalarimiz biz kutgan hosilni bermadi», –deydi Komilov.
Fermer Ulug‘bek Komilov
Ohangaron tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi direktori Abdulaziz Aliqulov holat yuzasidan izoh berdi.
«Besh kunlik grafik ishlab chiqilgan. Chunki suv tanqis hozirgi kunda, besh kun hammaga yetkazib berilyapti. Hamma grafikka rozi. Grafik vaqtida ochilib, vaqtida yopib turibdi. Hozirgi kunda bizda dushanba kuni grafik bo‘yicha besh kun yopilgan. Shanba kuni ochiladi», – dedi u.
Abdulaziz Aliqulov, Ohangaron tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi direktori
Aliqulov kanaldagi holat tangligini tan olib, uni yaxshilash uchun Suv xo‘jaligi vazirligiga loyiha kiritilganini aytdi. U bir hafta ichida kanal to‘liq tozalanishiga va’da berdi.
Ushbu masala yuzasidan Yalpoqtepa kanaliga suv yetkazib beruvchi Ohangaron-Dalvarzin irrigatsiya tizimi boshqarmasi boshlig‘i Nodir To‘laganov bilan bog‘landik. Uning aytishcha, tabiiy manbalar hisoblangan 6-7 ta soyda hozir suv yo‘q. «Bu yil ikki oycha yog‘ingarchilik bo‘lmadi. Suv tanqis, suv ko‘paysa, 5 kunlik grafik taqsimotdan voz kechiladi», – deydi To‘laganov.
U yaqin vaqtlar ichida Ohangaronga suv ochilishini bildirdi. Ammo kanal tozalanishidan va noqonuniy quloqlar bartaraf etilishidan hali darak yo‘q.
28 iyun kuni Toshkent viloyati suv xo‘jaligi boshqarmasi vakili Kun.uz muxbiri bilan bog‘lanib, fermerlarga suv berilgani, noqonuniy quloqlar yopilganini aytdi. Tahririyatga murojaat qilgan fermerlar esa suv bo‘limidagilar noqonuniy quloqlarni yopishga ruxsat bermagani, quloqlarning egalari ham bunga qarshilik ko‘rsatgani, kanal ham tozalanmaganini aytib bergan. Daryodan kanalga suv ochishni ham fermerlar o‘zi texnika olib kelib amalga oshirishiga to‘g‘ri kelgan. Kanalga suv ochilganidan keyin ham hajmi yetarli bo‘lmagani tufayli kanal oxiridagi maydonlarda ahvol og‘irligicha qolmoqda.
Yaltoqtepa kanali, suv olinadigan qulog‘i buzilishiga qarshilik ko‘rsatayotgan fuqaro
Shahzod O‘roqboyev,
Kun.uz
Jamiyat
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
-
Sport2 days ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat1 day ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport1 day ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat2 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Siyosat22 hours ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
-
Jamiyat16 hours ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
-
Siyosat15 hours ago
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
-
Sport5 hours ago
«Beradigan boshqa narsam qolmadi» — Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi
