Jamiyat
Farg‘onada shifokor adashib bemorning sog‘lom oyog‘ini kesib tashladi
Shifokor bemorning chap oyog‘ini kesish o‘rniga o‘ng oyog‘ini son sohasidan kesib tashlagan. So‘ngra uning chap oyog‘ini ham kesgan. Bemor sog‘lom tana a’zosi kesib tashlanishi oqibatida hamda bir vaqtning o‘zida ikki og‘ir turdagi jarrohlik amaliyotini ko‘tara olmay vafot etgan.
Farg‘onada adashib bemorning sog‘lom oyog‘ini kesgan va uning o‘limiga sababchi bo‘lgan shifokor jinoiy jazoga tortildi.
Kun.uz tanishgan sud hujjatida keltirilishicha, shifokor Abdubannop Madolimov Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiy markazi Farg‘ona filialining xirurgiya bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Bemor Adinaxon Isomitdinova 2024 yil 18 oktyabrda farzandlari tomonidan filialga olib kelingan. Unga “qandli diabet ikkinchi turi og‘ir shakli, dekompensatsiya bosqichi, Ds neyroishemik shakli, Vanger-4, chap oyoq boldir sohasida amputatsiyadan keyingi holat tizza bo‘g‘imi maydalanib sinishi” tashxisi qo‘yilgan.
Abdubannop Madolimov 2024 yil 9 sentabrdan 2024 yil 25 oktyabrga qadar o‘z hisobidan ta’tilda bo‘lgan. Bu vaqtda bo‘lim mudiri vazifasini vaqtincha bajarish D.Ravshanov zimmasiga yuklatilgan.
Biroq shunday bo‘lishiga qaramay Abdubannop Madolimov 2024 yil 18 oktyabr kuni bo‘limning vaqtincha mudirini go‘yoki tajribasiz sifatida ko‘rsatgan holda bemor A.Isomitdinovani davolash hamda jarrohlik amaliyoti o‘tkazish ishlaridan o‘zboshimchalik bilan chetlatgan. So‘ngra bemorning hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yib, biror-bir tibbiy ko‘rsatma bo‘lmagani holda uning “chap oyoq son sohasini amputatsiya qilish” rejasini ishlab chiqqan. Bu rejani tibbiy hujjatlar tarixiga bo‘limning vaqtinchalik mudiri nomidan rasmiylashtirgan.
Jarrohlik amaliyoti 2024 yil 19 oktyabr kuni Abdubannop Madolimov tomonidan o‘zboshimchalik bilan tanlangan tibbiyot xodimlari va tibbiy sohada mutaxassislikka ega bo‘lmagan talaba ishtirokida o‘tkazilgan. Ammo jarrohlik amaliyoti paytida bemorning biron-bir kasallik asorati bo‘lmagan o‘ng oyog‘i son sohasidan kesib tashlangan. Shifokorlar keyinchalik ayolning chap son sohasini ham ko‘r-ko‘rona amputatsiya qilishgan.
Sog‘lom tana a’zosi kesib tashlanishi hamda bir vaqtning o‘zida ikki og‘ir turdagi jarrohlik amaliyotini ko‘tara olmaslik oqibatida bemor 2024 yil 7 noyabr kuni vafot etgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudining 2025 yil 6 maydagi hukmiga ko‘ra Abdubannop Madolimov Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 45-moddasi qo‘llanib, 3 yil Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida rahbarlik va shifokorlik vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shifokordan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga 27 mln 806 ming so‘m moddiy va 80 mln so‘m ma’naviy zarar undirish belgilangan.
Jinoyat ishi Farg‘ona viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan.
Abdubannop Madolimov apellyatsiya shikoyatida harakatlarida jinoyat tarkibi yo‘qligi, bemorning o‘limi uning harakatlari bilan bog‘liq bo‘lmagani haqida vajlar keltirgan hamda sud hukmini bekor qilib, oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan. Jabrlanuvchining qonuniy vakili esa apellyatsiya shikoyatida shifokordan 28 mln 995 ming so‘m moddiy va 350 mln so‘m ma’naviy zarar undirishni so‘ragan.
Apellyatsiya instansiyasining ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz, apellyatsiya shikoyatlari qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
Jamiyat
O‘zbekiston va Serbiya turizm sohasida hamkorlik qiladi
PQ–115-son qaror bilan O‘zbekiston Hukumati bilan Serbiya Hukumati o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.
Bitim 2025-yil 28-oktyabrda Toshkent shahrida imzolangan.
Turizm qo‘mitasi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi.
Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin uning qoidalari bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi.
Jamiyat
Namanganda 6-sinf o‘quvchisiga jinsiy zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchi qamoqqa olindi
53 yoshli o‘qituvchi 2013 yilda tug‘ilgan qizga jinsiy zo‘ravonlik qilganlikda gumonlanmoqda. U protsessual tartibda ushlangan. Agar bu o‘z tasdig‘ini topsa, o‘qituvchi 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Namanganda o‘qituvchi o‘quvchi qizga jinsiy zo‘ravonlik qilishda gumonlanmoqda. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi H.D. 28 mart kuni tuman IIBga murojaat qilgan. U o‘z murojaatida 2013 yilda tug‘ilgan qizi 6-sinfda o‘qishini, 1973 yilda tug‘ilgan o‘qituvchi T.Sh. farzandiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganini bildirgan.
Holat yuzasidan Yangiqo‘rg‘on tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi T.Sh. protsessual tartibda ushlangan. Unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bolalar ombudsmani holatni o‘z nazoratiga olganini bildirgan.
Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismida o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyati nazarda tutilgan. Bunday qilmish uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Avvalroq Angrenda 14 yoshli qizni zo‘rlagan 4 kishi ozodlikdan mahrum qilingandi.
Jamiyat
Narkosavdo va noqonuniy dorilarga qarshi tezkor operatsiyalar o‘tkazildi
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va bojxona organlari hamkorligida mamlakat hududlarida giyohvandlik vositalari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi qator tezkor operatsiyalar amalga oshirildi.
Xorazm viloyatining Urganch shahrida 1983 yilda tug‘ilgan shaxs ushlanib, uning yonidan 5 gramm “opiy” moddasi topildi. Shuningdek, u ijaraga olgan xonadondan 887 gramm “opiy” va 71 gramm “geroin” giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi. Mazkur shaxs ushbu moddalarni qo‘shni davlatdan olib kelib, keyinchalik sotish orqali daromad topishni rejalashtirgan.
Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa 1991 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadonidan muqaddam Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan, umumiy bahosi 140 million so‘mlik 2800 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlanib, musodara qilindi.
Shu kabi holat Toshkent viloyatida ham qayd etildi. Toshkent tumanida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan shaxs va uning 1994 yilda tug‘ilgan, Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan sherigi oldindan kelishgan holda, kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 300 ml “Tropikamid” dori vositasini xaridorga 300 AQSh dollari va 600 ming so‘mga sotayotgan vaqtda ushlandi.
Ularning yonidan bir necha dona “Pregabalin” kapsulalari hamda “Tropikamid” suyuqligi bo‘lgan flakonlar ashyoviy dalil sifatida olindi. Noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan shaxslar kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni turli nomdagi dori vositalari idishlariga joylashtirgan holda mamlakatga olib kirgan.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan shubhali holatlarga duch kelganda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga murojaat qilish so‘raldi. Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Shaxsga doir muhim ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilandi
Shaxsga doir ma’lumotlarning samarali himoya qilinishi ta’minlanadi.
Qonun (O‘RQ–1125-son, 26.03.2026 y.) bilan «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida» gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, quyidagi shaxsga doir ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shart:
– shaxslarning biometrik ma’lumotlari;
– shaxslarning genetik ma’lumotlari;
– O‘zbekiston hududida faoliyat olib borayotgan telekommunikatsiyalar operatorlaridagi ularning xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarning ma’lumotlari.
Yuqorida ko‘rsatilmagan shaxsga doir ma’lumotlar quyidagi shartlardan biri bajarilganda, O‘zbekistondan tashqarida saqlanishi va ishlov berilishi mumkin:
– chet davlatni shaxsga doir ma’lumotlarning bir xil himoya qilinishini ta’minlovchi davlat sifatida tan olish;
– operator tomonidan vakolatli davlat organi tasdiqlaydigan talablarga javob beruvchi standart shartnomaviy shartlar yoki majburiy korporativ qoidalar qabul qilinishi va ularga rioya etilishi;
– ro‘yxati vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish va saqlash sohasidagi xalqaro standartlarga operator tomonidan rioya etilishi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Jamiyat
Chiqindilarni qonunga xilof ravishda olib chiqib ketganlik uchun javobgarlik belgilandi
Chiqindi to‘plash maydonchalaridan chiqindilarni qonunga xilof ravishda olib chiqib ketganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Qonun (O‘RQ–1124-son, 25.03.2026 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalarning monitoringini yuritish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlar yuklatildi.
Bunda atrof-muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga ma’lumotlarni kiritmaganlik, to‘liq kiritmaganlik yoki noto‘g‘ri ma’lumot kiritganlik uchun:
– atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansub faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima qo‘llanilishi ko‘rsatildi.
Shuningdek, qonunga xilof ravishda o‘rmon fondi yerlarini berish, ulardan foydalanish, shunday qilmishlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, –
– BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Quyidagilar uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi:
– maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilgan ekologik huquqbuzarliklar uchun;
– chiqindilar to‘plash maydonchalaridan va ularning qo‘riqlanmaydigan inshootlaridan chiqindilarni qonunga xilof ravishda to‘plaganlik va olib chiqib ketganlik uchun.
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston ikkita toʻlaqonli islom bankini tashkil etadi, 2030-yilgacha 1 milliard dollar jalb etishni maqsad qilgan
-
Dunyodan4 days ago
Maskat va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyiladi.
-
Dunyodan1 day agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan2 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Jamiyat5 days ago
«Ташаббусли бюджет» ғолиблари эълон қилинди
-
Dunyodan2 days ago
Saudiya Arabistoni AQShni urushga chaqirmoqda
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekistonda kichik AES qurilishi Rossiya kompaniyalarini 24,7 mlrd dollargacha buyurtmalar bilan ta’minlaydi – Lixachyov
