Connect with us

Mahalliy

Erkinlik va qadriyatlar chegarasi qayerda?

Published

on


 Pul va mushuk

Men u qizni hali maktabda o‘qib yurganda «kashf» qilgandim. O‘shanda  qizaloqning oilasi biroz pulga muhtoj paytlar edi. Qizaloq mushukchasini juda yaxshi ko‘rardi. Uni sinash uchun «agar senga bir million pul beraman, mushugingni yo‘qot desa voz kecharmiding», deb so‘radim.

U o‘ylab ham o‘tirmay javob berdi: «O‘n million, yuz million pul beraman desangiz ham mushugimni ko‘chaga otmayman.»

Jizzax shahrida «menga er kerak», deb oq ko‘ylakda ko‘chaga chiqqan qizlar haqidagi video ancha bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Liberallar va konservativlar

Bu haqda psixolog Madina Miytan o‘z telegram kanalida shunday yozadi: «Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan bir mavzuga o‘z fikrimni bildirgim keldi. Gap, ko‘pchilikning e’tiborini tortgan, yoshlarning «Menga er kerak» degan yozuvli plakatlar bilan ko‘chaga chiqishi haqidagi voqea haqida ketmoqda.

Ko‘pchilik bu voqea atrofida ikki xil qarash prizmasida aylanib fikr bildiribdi (liberal va konservativ), aslida bu unchalik ham to‘g‘ri yorliqlash emas. Bu voqeaga sababchi omillar ko‘p qirrali, ya’ni faqat liberallik yoki konservativlik emas… Lekin, men ham jamoatchilik ko‘pchiligi shu prizma atrofida aylangani uchun shu prizma asosida bo‘lsa ham o‘z fikrimni bildiraman, chuqurlashib ketish niyatim yo‘q.

Liberal deb atalgan tomon bu harakatni fikr erkinligining namoyoni deb baholabdi. Konservativlar esa bunday harakatni nomaqbul va madaniyatga zid deb hisoblagan. Men har ikkala tomonning ham fikrlarida muayyan haqiqat bor deb hisoblayman, biroq har ikkisi ham o‘z pozitsiyasini ortiqcha radikallashtirib yubormoqda.

Liberal fikrlovchilar «fikr erkinligi»ni cheksiz deb talqin qilib, jamiyat normalari va boshqalarning his-tuyg‘ularini e’tiborga olmayapti.

Konservativlar esa har qanday o‘zgarishga qarshilik ko‘rsatib, eski an’analarga ko‘r-ko‘rona yopishib olmoqda.

Men, o‘z navbatida, bu masalaga muvozanatli yondashish tarafdoriman. «Menga er kerak» degan plakat bilan ko‘chaga chiqish – bu shaxsiy fikrni ifoda etish shakli bo‘lishi mumkin, lekin bu usul madaniyatli va tarbiyali yoshlar uchun munosib emas. Chunki, bunday harakatlar jamoat tartibini buzishi, boshqalarning his-tuyg‘ulariga ta’sir etishi va jamiyatda noto‘g‘ri tasavvurlarni shakllantirishi mumkin. Jamiyatda bunga qarshi bitta odam bo‘lsa yoki bu bitta odamni bezovta qilsa, demak bu uchun qonun-qoidalar ishlamasligi kerak degani emas…

Erkinlik – boshqalarning huquqlarini hurmat qilish doirasidagi erkinlik ekanini unutmasligimiz kerak. Konservatizm esa o‘zgarishlarga to‘siq bo‘lish emas, balki muvofiqlashtirish va muvozanatni ta’minlash uchun xizmat qilishi lozim.

Xulosa qilib aytganda, har ikkala qarash ham o‘z chegaralariga ega. Jamiyatdagi har qanday hodisani baholashda individual erkinlik, jamoat tartibi va madaniyat normalarini hisobga olish zarur. «Menga er kerak» degan plakatlar bilan ko‘chaga chiqish esa – bu huquqbuzarlik va nomadaniyat belgisi sifatida baholanishi kerak. Hatto, biror bir qizi bor xonadon o‘z darvozasiga bu plakatni osib, boshqa qizi bor qo‘shnilarini bezovta qilishga haqqi yo‘q. Erkinlik bu – javobgarlik, mas’uliyat ham. Jamoatchilikka, ommaga miyaga kelgan hazillarni ( fikrlar orqali tug‘iladi, har qanday hazillar) shunchaki hazil edi, deb hamma yoshlar olib chiqaversa vaqti kelib axloqiy normalarga juda juda salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Birgina misol keltiraman (shu plakat misolida): deylik, jamiyatimizda ayollarning xaq-xuquqlari, gender tenglik, turli stereotiplar va boshqa masalalarda kurashishni aynan shunaqa plakatlar yo‘qqa chiqaradi. Chunki, «menga er kerak» degan plakat stereotiplarni yanada kuchaytirishi mumkin. Hazil bo‘ladimi, chin bo‘ladimi bu xatti-harakatlar ayollarni faqat turmushga chiqishga intiladigan zaif va boshqarishga muhtoj mavjudot sifatida tasvirlaydi.

Bundan tashqari, jamoatchilikka noto‘g‘ri signal (provakatsiya) beradi. Bu harakatlar ma’lum bir guruhning tarbiyasi va madaniyati haqida noto‘g‘ri tasavvurlarni shakllantirib jamoatchilikning tarbiyali ayol-qizlarga bo‘lgan fikrlashidagi tinchini buzadi.

Ziyoli jamoatchilik vakillarining buni oqlashida esa asos yo‘q va bu erkinlik emas.»

Erkinlik va qadriyat

Darhaqiqat, bu nafaqat qadriyatlar yoki birovning huquqini buzish balki, mening nazarimda bu yerda moddiy asos ham bor. Go‘zallik saloni mahsulotini reklama qilishda bir paytlar odamlarning (ayniqsa erkaklarning) his-tuyg‘usini junbushga keltirgan «menga er kerak emas» keysidan foydalangan. Yodingizdami uch yil oldin bir psixologning «agar er boqmasa, pul topmasa, zo‘ravonlik qilsa, siz o‘zingiz pul topsangiz, hamma erkak qilishi kerak bo‘lgan ishni qila olsangiz sizga er nega kerak» (bunaqa er nimaga kerak demoqchi bo‘lgan)….. fikri kontekstdan qirqib olinib xuddi shunday muhokamalarga sabab bo‘lgandi. U paytlardaku har holda psixologning aytmoqchi bo‘lgan gapi bor edi, to‘liq videoni ko‘rganlar uning nima demoqchi bo‘lganini tushungandi…

Balki salon reklamasini marketing deyish mumkindir. Ammo marketing qadriyatlar, milliy urf-odatlarni kamsitmasligi kerak.

Ammo tadbirkor bahs-munozaralarga sabab bo‘ladigan reklama usulidan (qora piar) foydalanib bo‘lsa-da mahsulotiga e’tibor tortmoqchi bo‘ldi. Bu birinchi o‘ta qo‘pol xato, ya’ni yosh qizlarni mahsulot (tovar)ga aylantirmoqda. Ikkinchi xato qizlarning osongina bu taklifga rozi bo‘layotgani, garchi malomatga qolsada, sharmanda bo‘lsada… Katta ehtimol bilan bunday chiqishga rozi bo‘lmagan qizlar ham bor deb umid qilamiz…

Seriallardagi millat ayollarini qadrsizlantirayotgan obrazlardan qutulmasdan turib mana bunday chiqishlarni erkinlik deb baholash yoki hech qanday yomonlik ko‘rmaslik uchun o‘z qadriyatlarini tan olmaslik kerak odam. Agar shu qizlar seriallarda er kerak deb chiqsa qanday baholagan bo‘lardingiz, serialni tanqid qilarmidingiz yoki yaxshi syujet qo‘shilibdi, deb alqarmidingiz?

Erkinlik va g‘urur

Bugun biz erkinlik deganda nimani tushunamiz? Yangi Zelandiya, Polsha va AQSh hamkorligida ishlangan «Joyka» kinosi menga erkinlik va g‘urur haqida ajoyib tahlilni taqdim qildi.

Joyka kim – demokratik davlatda tug‘ilib voyaga yetgan, uning erkinligi, bizning tilda aytganda o‘zboshimchaligi birinchi o‘rinda turadigan amerikalik qiz. Shu qadar erkinki Rossiya balet teatrida ishlash uchun 15 yoshida o‘zga odamlar, o‘zga mentalitetli davlatga tavakkal keladi.   

Aynan mana shunday erkinlik tushunchasi Joykaning obrazida o‘z aksini topadi. U nafaqat sahnada erkin harakat qiladigan balerina, balki hayotda ham o‘z prinsiplariga sodiq qolgan, hech qanday moddiy yoki boshqa manfaatlar evaziga o‘z qadr-qimmatini toptamagan kuchli ayoldir. Uning erkinligi – bu jamiyatning unga tiqishtirmoqchi bo‘lgan qoidalarga bo‘ysunmaslik, o‘z tanlovini o‘zi qilish va o‘zligini saqlab qolishdir. Erkinlik faqatgina istagan ishni qilish emas, balki o‘z qarorlari uchun javobgarlikni his qilish, o‘z prinsiplariga sodiq qolish va tashqi bosimlarga qarshi tura olishdir. Joykaning erkinligi aynan mana shunday ichki mustaqillikda namoyon bo‘ladi. Possovet mamlakatlarida kuzatadiganimiz «odob» va «uyat» degan tushunchalar ortiga ko‘p narsa yashiriladi: zo‘ravonlik, reproduktiv huquqlardan mahrumlik, hatto ayolning o‘z sog‘lig‘i ustidan qaror chiqarish huquqi. Ko‘pchilikda tanani himoya qilish – buzuqlik, erkinlik so‘rash – xohlagan ishini qilish deb tushuniladi. Lekin Joyka kabi obrazlar ko‘rsatadiki, ayolning tanasi – uning olami. U o‘z tanasi orqali nafaqat mukammallikni, balki og‘riq va ozodlikni ifoda qiladi. Joykaga ham takliflar bo‘ladi, sen yaxshi raqqosasan, lekin bu yo‘lda tanangni ham «ishga sol» degan ma’noda. Ammo u bunga rozi bo‘lmaydi. Undan asosiy rolni ijro etishi uchun pora so‘rashadi va bu xabar Amerikagacha yetib boradi. Qiz pul bilan ko‘tarilishni ham rad etadi. Gazetalarda u haqda balet teatrining sotqini degan maqolalar chop etiladi. Ishsiz qolgan Joyka yana qing‘ir yo‘ldan yurmaydi, o‘ziga boyvachcha yigit qidirmaydi, ota-onasining pulidan foydalanmaydi, balki farrosh bo‘lib ishlashni afzal ko‘radi.»

Bu kinoni misol qilish orqali qizlarni axloqsizlik qildi demoqchi emasman, har qolda ularda tanlov bor edi: men shunaqa reklama rolikda qatnashib nimagadir erishgandan ko‘ra hech narsasiz qolaman (g‘ururni tanlayman), deyishlari mumkin edi.

Erk va insoniylik

Atrofimizda o‘ta mustaqil qizlar ko‘p –kelajak uchun kasb egallash, turmush o‘rtoq tanlash, qachon turmushga chiqishni o‘zi hal qiladi, iqtisodiy mustaqil bo‘ladi, har bir xatti harakati uchun kelajakda hech kimni aybdor qilmaslik prinsipi bo‘ladi, ya’ni javobgarlik, mas’uliyatni o‘z bo‘yniga oladi va  hech qachon ko‘chaga menga er kerak deb chiqmaydi.

Erkinlik bu odamlar nima deydi degan bosimdan qo‘rqib emas, balki bu ishni qilish mening g‘ururimga to‘g‘ri kelmaydi deb yo‘q deb ayta olishdir… Liberallar  fikricha, «Bu ayollarning o‘z tanasi, o‘z xohishi. Er kerak, deb ovoz chiqarib aytish ham erkinlikdir. Erkinlik – nima haqda gapirishga ham, nima haqida gapirmaslikka ham haqli bo‘lishdir.»

Bu fikrda mantiq bor. Biror ayol «menga er kerak» deya olsa, demak u o‘z xohishini oshkora ifoda etish imkoniga ega. Bu erkinlikning bir yuzi. Ammo internet zamonida shunaqa guruhlar borki, hamma ayolning ehtiyojini to‘g‘ri qabul qiladi: bu sovchilar, tanishuvlar, guruhi. Ana o‘sha guruhda agar biror yolg‘iz ayol menga er kerak, deb yozsa yoki aytsa hech kim uyalmaysanmi, nega er kerak deyapsan, hayosiz demaydi. Bunday guruhlarda hech kimning huquqi yoki tinchi buzilmaydi.  

Konservatorlarning radikalligi esa qizlarni rostdan ham er kerak, deb chiqayapti, erni ochiqchasiga talab qilayapti, bu hayosizlik deb ularni ayblashmoqda. Konservativlar iddaosidek bu qizlarning er so‘rashi aka-ukasi, yoki ota-onasi rostanam yerga qaraydigan ish emas.

Afsuslanarlisi qizlar «er kerak» degan aksiyaning ortida shaxsiy ehtiyojlardan ham ko‘ra tijorat, xayp, yoki odamlarning ehtiroslari bilan o‘ynashuvchi manipulyativ kuchlar qurboni bo‘lgani. Gap mana shunda. Bu turdagi reklama nima uchun xavfli: ayol qadrini tushiradi, uni «erga muhtoj» deya taqdim qiladi, qarama-qarshi jinsga «men seni istayapman» degan signal jo‘natadi, ya’ni shaxsiy ehtiyojni oshkora sotadi, jamiyatga «hayotdagi eng asosiy masala – juft topish va jismoniy ehtiyojlardir» degan xulosani miyaga singdiradi.

Aslida erkinlik – insonni inson qiluvchi kuch, har qanday vaziyatda ham inson bo‘lib qolish prinsipi.

Bu aksiya faqat gap yoki fikr ifodasi emas. Uning ortida tijorat bor. Uning ssenariysi, formati, g‘oyasi – hammasi aniq hisoblangan. Va u hissiyotlar orqali e’tibor tortmoqchi, ya’ni ayol hissiyoti tovarga aylantirilmoqda. Chunki, ayollardan foydalanish shov-shuvning eng oddiy va samarali yo‘li.  Ammo shu bilan birga ayol qadri, sevgi qadri, shaxsiy ehtiyoj qadri toptaladi. Erkinlik degan muqaddas tushuncha – xayp quroliga aylanadi.

Agar bu shaxsiy qaror bo‘lganida, ayol ko‘chaga yolg‘iz chiqardi. Ommaviy chiqish esa bu shunchaki ommaga ergashish: bu aksiya ommaviy, bir xil formatda, o‘zaro kelishilgan holda – demak, bu shaxsiy emas, strategik harakat.

«Menga er kerak», degan ochiq gap ayolni kuchli va erkin qilib ko‘rsatmaydi, balki «meni oling» degan qurbonga aylantiradi.

Erkin inson esa o‘z qadr-qimmatini pastga tushirmaydi, bu mustaqil shaxs emas, muhtoj inson pozitsiyasi. Ayol o‘z hayotini to‘ldirish uchun kimnidir izlashga haqli. Lekin u o‘zini reklama qilsa, ba’zi hollarda erkinlik emas, ichki bo‘shliq va muhtojlikni fosh qiladi. Chindan erkin inson o‘zini buyum sifatida taklif qilmaydi. Qadriyatlarga tayangan inson muhabbatni kutmaydi, balki shakllantiradi.

Chunki erkinlik – bu har narsani aytish emas, qaysi so‘z seni past qiladi,

qaysi so‘z seni ko‘taradi – shuni his qilish. Erkinlik – men xohlagandek yashayman, deyish emas, men kimligimni yo‘qotmasdan yashayman, deyish.

Tasavvur qiling: agar qizlar, menga er emas, erk kerak deb yozilgan plakatlarni ko‘tarib chiqqanda nima bo‘lardi? Albatta jamiyatdagi ko‘pgina qizlarning og‘riqli nuqtalari bayon etilgan va ko‘pchilik bu kreativlikni qo‘llab – quvvatlardi. Chunki erki bor ayol er kerakligini ko‘chaga chiqib aytish shartmasligini anglab yetgan bo‘ladi…

Shu muhokamalar bo‘layotgan paytida ancha ulg‘aygan, hamma narsaga mustaqil qaror qilib erishayotgan, ya’ni o‘ta mustaqil shaxsga aylangan mushugi bor qizga yana savol berdim: agar senga katta pul va karera taklif qilishsa ko‘chaga «menga er kerak» deb chiqarmiding?

U esa shunday javob yozib yubordi:  

Barno Sultonova



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Mahalliy

O‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha muhim tadbir tashkil etildi

Published

on


Bugungi kunda ta’lim tizimida o‘zbek tilini davlat tili sifatida o‘qitish sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

​Bu borada belgilangan vazifalar ijrosi doirasida joriy yilning 24-28-avgust kunlari Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusida respublika o‘quv-seminari tashkil etildi.

​Seminarga respublikamizning barcha hududlaridan jami 180 nafar pedagog, xususan, 120 nafar maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 60 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi jalb etildi.

​Joriy yilning 24-avgust kuni Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida respublika o‘quv-seminarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

​Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov, Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov va Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktor o‘rinbosari Habibullo Nosirov ishtirok etdi.

​Ochilish marosimida ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

​Tadbirda so‘zga chiqqan Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova bugungi seminar sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy metodikalarni amaliyotga keng joriy etish va o‘zbek tilini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

​”Mustaqillik bizga nafaqat erkin va farovon hayot qurish, balki milliy tilimiz, madaniyatimiz va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodlarga yetkazish imkonini berdi. Shu ma’noda, bugungi “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusidagi seminar alohida ahamiyatga ega. Chunki til – bu shunchaki muloqot vositasi emas. Til – xalqning tarixi, ma’naviyati va tafakkurini o‘zida mujassam etgan bebaho qadriyatdir. Farzandlarimizga o‘zbek tilini sifatli o‘rgatish orqali biz ularning nafaqat savodxonligini, balki Vatanga daxldorlik hissini, milliy qadriyatlarga hurmatini va jamiyat bilan erkin muloqot qilish qobiliyatini ham rivojlantiramiz. Bu jarayonda, ayniqsa, pedagogning o‘rni beqiyos. Bolada tilga muhabbat uyg‘otish uchun, avvalo, unga erkin gapirish, fikr bildirish va xato qilishdan qo‘rqmaslik imkonini berish zarur. Bugungi seminarda 180 nafar pedagog ishtirok etayotgani ham ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Ishonamanki, bugungi seminar sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy metodikalarni amaliyotga keng joriy etish va o‘zbek tilini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.” – dedi Yuliya Risyukova.

​Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, tashkil etilayotgan seminarlar, yaratilayotgan dastur va metodikalar pedagoglarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

​”Millatning taraqqiyoti, eng avvalo, uning tiliga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi. O‘z tilini qadrlagan, unda erkin fikrlay oladigan va o‘z fikrini ravon ifoda eta oladigan avlod milliy qadriyatlarni ham chuqurroq anglaydi. Shuning uchun bolalarimizga o‘zbek tilini o‘rgatish masalasi faqat ta’lim muassasalarining vazifasi bo‘lib qolmasligi kerak. Bolaning tilga bo‘lgan munosabati, avvalo, oilada shakllanadi. Ota-onalar, ayniqsa, onalar bolaning dastlabki nutqi, so‘z boyligi va fikrlash tarzining rivojlanishida katta o‘rin tutadi. Bola bilan o‘zbek tilida ko‘proq suhbatlashish, uning savollariga to‘liq va tushunarli javob berish, ertak, she’r va hikoyalar o‘qib berish juda muhim,” – dedi Sherzod Karimov.

​Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov mashg‘ulotlarda egallangan bilimlar amaliyotga tatbiq etilsa, ular o‘z samarasini beradi. Olingan tajribalar ta’lim muassasalariga, pedagoglarga va eng asosiysi, bolalarimizga yetib borishi lozimligini ta’kidladi.

​”Bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar nihoyatda katta. Prezidentimiz tashabbusi bilan yosh avlodga sifatli ta’lim va munosib tarbiya berish, ularning bilim doirasini kengaytirish hamda kelajakda yetuk inson bo‘lib shakllanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bugun pedagoglar uchun ham katta imkoniyatlar mavjud. Ilgari biz o‘rganmagan yoki yetarlicha foydalanmagan metodikalar, tajribalar va bilimlarni egallash imkoniga ega bo‘lyapmiz. Bunday seminar va uchrashuvlar orqali o‘qituvchilar bir-biridan o‘rganadi, o‘z qarashlarini boyitadi va mavjud muammolarga birgalikda yechim izlaydi. Oldimizda hali ko‘plab vazifalar va yechimini kutayotgan savollar mavjud. Ularni hal etish uchun bilim, tajriba, hamkorlik va mas’uliyat talab qilinadi. Eng muhimi, amalga oshirayotgan har bir ishimiz bolalarning kelajagiga xizmat qilishi kerak. Bugungi uchrashuv va mashg‘ulotlarda egallangan bilimlar amaliyotga tatbiq etilsa, ular o‘z samarasini beradi. Olingan tajribalar ta’lim muassasalariga, pedagoglarga va eng asosiysi, bolalarimizga yetib borishi lozim. Shundagina biz bilimli, ma’naviy yetuk, o‘z ona tilini, milliy madaniyati va Vatanini sevadigan yosh avlodni tarbiyalay olamiz.” – dedi Shuhrat Sirojiddinov.

​Mazkur o‘quv-seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari o‘zbek tili fani o‘qituvchilari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, ularni zamonaviy metod va vositalardan samarali foydalanishga yo‘naltirishdan iborat.

​Seminar davomida umumiy o‘rta ta’lim maktablari pedagoglari uchun o‘zbek tilini o‘qitishning zamonaviy usullari, muloqotga yo‘naltirilgan ta’lim, amaliy topshiriqlar asosida o‘qitish, darslarni rejalashtirish va baholash usullari bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etildi.

​Mashg‘ulotlarda pedagoglar o‘quv materiallarini tahlil qilish, o‘quvchilarning nutqiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlar ishlab chiqish, amaliy mashqlar va muloqotga asoslangan yondashuvlardan foydalanish bo‘yicha tajriba almashdi.

​Maktabgacha ta’lim yo‘nalishida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda esa bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatishda o‘yin texnologiyalaridan foydalanish, tabiiy til muhitini yaratish, talaffuz va lug‘at boyligini rivojlantirish usullariga e’tibor qaratildi.

​Seminar doirasida “O‘zbek tili” interfaol ta’lim platformasi ham taqdim etildi. Mazkur platforma maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari va pedagoglar uchun o‘zbek tilini o‘rgatish jarayonini raqamli vositalar asosida tashkil etishga xizmat qiladi.

​Platformada bolalarning yosh xususiyatlari hisobga olingan holda kichik va o‘rta guruh hamda katta va tayyorlov guruhi uchun alohida o‘quv resurslari shakllantirilgan. Unda mavzuli materiallar, interfaol o‘yinlar, video mashg‘ulotlar va foydalanuvchi uchun yo‘riqnomalar joylashtirilgan.

​Mazkur resurslar orqali bolalarning lug‘at boyligini oshirish, og‘zaki nutqini rivojlantirish va o‘zbek tilida muloqot qilish ko‘nikmalarini shakllantirish imkoniyati yaratilgan. Platformada kundalik hayot, oila, tabiat, fasllar, hayvonot olami, kasblar, transport, milliy qadriyatlar, o‘quv qurollari hamda alifbo kabi mavzular bo‘yicha interfaol materiallar mavjud.

​Shuningdek, mashg‘ulotlarda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt vositalari va zamonaviy o‘quv resurslaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Ishtirokchilar guruhli ishlar, amaliy topshiriqlar va muhokamalar orqali o‘z metodik yondashuvlarini boyitdi.

​Mazkur seminar ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish va davlat tilini o‘qitish samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

​Seminarni muvaffaqiyatli tamomlagan pedagoglarga tegishli sertifikatlar topshiriladi. Ular “Milliy mentor” sifatida o‘z hududlariga qaytgach, seminar davomida egallagan bilim va ko‘nikmalari hamda o‘zlashtirgan zamonaviy metodikalarni kaskad-kombinatsiyalashgan yondashuv asosida hududdagi boshqa pedagoglarga yetkazish va amaliyotga joriy etish ishlarini davom ettiradi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Texnikum bitiruvchisini ishga olgan tashkilotlarga kredit beriladi

Published

on


Hukumat qarori bilan «Texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
 
Ushbu Nizom davlat texnikumlari bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibini belgilaydi.
 
Quyidagi talablarga javob bergan tashkilotlar kredit olish huquqiga ega:
 
– texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda dual ta’lim bo‘yicha texnikum bilan amal qiluvchi shartnoma mavjud bo‘lishi;
 
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilgan bo‘lishi;
 
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilarga tashkilotning malakali mutaxassislarini “ustoz” sifatida biriktirgan bo‘lishi;
 
– dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilgan bo‘lishi hamda ish haqi to‘lashi;
 
– joriy yilda texnikum bitiruvchisini tashkilotdagi vakant ish o‘rniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan bo‘lishi.
 
Tashkilotlar dual ta’lim dasturi doirasida kredit olish uchun tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etadi:


kreditni olish to‘g‘risidagi ariza;
ariza beruvchi (tashkilot)larning amalda bo‘lgan tasdiqlovchi hujjatlari;
texnikum va tashkilot o‘rtasidagi hamda tashkilot va o‘quvchi o‘rtasidagi dual ta’lim bo‘yicha shartnoma nusxalari;
dual ta’lim dasturi va dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar ro‘yxati;
tashkilot tomonidan kreditdan foydalanish rejasi;
tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot.

Tashkilotning kredit ajratish bo‘yicha taqdim etgan barcha hujjatlari kreditga layoqatlilik ko‘rsatkichiga muvofiq kelgan taqdirda, tijorat banki 3 ish kunida bu haqda tashkilotga xabar beradi, shartnoma tuzadi  hamda uning hisobvarag‘iga kreditni o‘tkazadi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi

Published

on


O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish imkoniyatini beruvchi yangi tartib belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan.

Qarorga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona tartibi joriy etiladi.

Mazkur xizmatlardan foydalanish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda topshiriladi.

10-sinf o‘quvchilarining o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish tartibi alohida belgilanadi. Bu o‘quvchilarga kasbiy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha xulosa berishning yagona tartibi joriy etiladi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda mazkur davlat xizmatlarini YaIDXP orqali ko‘rsatish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Bundan tashqari, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur ma’lumotlarni tegishli davlat organlaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratiladi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi

Published

on


Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 30 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.

Bu 2015/2016-o‘quv yilidagi 7 taga nisbatan 4,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, o‘n yil ichida mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar soni 23 taga oshgan.

Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni 2005/2006-o‘quv yilida 2 ta bo‘lgan. 2010/2011-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 6 taga yetgan.

2015/2016-o‘quv yilida mamlakatda 7 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyingi besh yilda ular soni yana sezilarli ko‘paygan.

2020/2021-o‘quv yili boshida xorijiy OTMlar soni 18 taga yetgan. Bu 2015/2016-o‘quv yiliga nisbatan 11 taga ko‘pdir.

Shuningdek, 2020/2021-yildan 2025/2026-o‘quv yiligacha xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni yana 12 taga oshgan. Natijada besh yillik davrda ular soni 18 tadan 30 taga yetdi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

35 yilda O‘zbekistonda maktablar soni 1,3 barobar oshdi

Published

on


Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 11 118 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.

Bu ko‘rsatkich 1991/1992-o‘quv yilidagi 8 557 ta maktabga nisbatan 1,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, mustaqillikdan keyingi davrda mamlakatdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 2 561 taga oshgan.

Dinamikaga ko‘ra, maktablar soni ayrim davrlarda sekin o‘sgan yoki qisqargan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda barqaror ko‘payish kuzatilgan. 2020/2021-o‘quv yilida ular soni 10 181 tani tashkil etgan.

1995/1996-o‘quv yilida mamlakatda 9 289 ta, 2000/2001 o‘quv yilida 9 726 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.

2005/2006-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 9 803 taga yetgan. 2010/2011-o‘quv yilida esa 9 806 ta maktab qayd etilgan. Keyingi besh yilda ko‘rsatkich biroz pasayib, 2015/2016-o‘quv yilida 9 720 tani tashkil qilgan.

2020/2021-o‘quv yilidan boshlab o‘sish yana tezlashgan. 2021/2022-yilda 10 289 ta, 2022/2023-yilda 10 522 ta, 2023/2024-yilda 10 750 ta maktab faoliyat yuritgan.

2024/2025-o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 10 943 tani tashkil etgan. Bir yil o‘tib, bu ko‘rsatkich yana 175 taga oshib, 11 118 taga yetgan.

Shunday qilib, 2020/2021-o‘quv yilidan 2025/2026-o‘quv yiligacha mamlakatdagi maktablar soni 937 taga ko‘paygan.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.