Mahalliy
Amerikada sun’iy intellektdan «adolatli foydalanish» konsepsiyasi mavjud… yoxud SI va ko‘chirmakashlik xususida
«Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum», deyishadi. Samarqand viloyatida tug‘ilgan Shohjahon Abdusattorov intellektual shou «Evrika+» ko‘rsatuvida 1-o‘rinni qo‘lga kiritganida, «Zukko Yurist» intellektual musobaqasiga asos solganida 20 yoshli talaba edi.
Hech qancha o‘tmay Toshkent davlat yuridik universitetida o‘tkazilgan yana bir «Yil talabasi – 2022» tanlovida «Eng faol targ‘ibotchi talaba» yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi.
Bu hali hammasi emas. ZukkoYurist.com AQSh va O‘zbekiston qonunchiligini taqqoslovchi chatbot, blog maqolalari, huquqiy tahliliy kontent va intellektual testlar orqali foydalanuvchilarga xizmat qiluvchi yirik raqamli platforma asoschisi Shohjahon AQShning nufuzli oliygohlaridan biri — Pennsylvania State Universityga 70% grant asosida magistrlik (LL.M.) dasturiga qabul qilindi. Ayni paytda qahramonimiz yosh (24 yoshda) bo‘lishiga qaramay intellektual mulk huquqi, mualliflik huquqi va sun’iy intellekt sohalarining huquqiy tartibga solinishi bo‘yicha chuqur izlanishlar olib bormoqda.
Uning hayotdagi shiori shunday: Bilim orqali xizmat qil, tafakkur orqali yetakla, huquq orqali adolatga boshla.
– «Zukko Yurist» g‘oyasi qanday tug‘ildi? ZukkoYurist.com platformasidagi chatbot va tahliliy kontentni ishlab chiqishda qanday jamoa yoki texnologiyalar yordam berdi?
– Talabaligimda o‘zimga tez-tez bir savolni berardim: «Mukammal yurist qanday bo‘lishi kerak?»
Va kuzatuvlar asnosida javobni topdim: chinakam yurist – bu qonunlarni chuqur tushunadigan, mantiqiy fikrlay oladigan, kitob mutolaasi orqali dunyoqarashini kengaytirgan shaxs bo‘lishi kerak. Aynan shu fikrlar meni ilhomlantirdi va 2022-yilda «Zukko Yurist» loyihasiga asos solindi.
Loyihani ilk bor Talabalar festivali doirasida bir martalik tanlov shaklida o‘tkazdik. Tanlov yoshlar orasida katta qiziqish va shov-shuv uyg‘otdi. Chunki universitet tarixida hali bu kabi innovatsion va integratsiyalashgan yondashuvdagi loyiha bo‘lmagan edi. Talabalarning so‘rovi bilan «Zukko Yurist» loyihasini turnir shaklida muntazam o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydik. 1-mavsum Toshkent davlat yuridik universitetida muvaffaqiyatli o‘tgach, TDYu qoshidagi akademik litsey va Temurbeklar maktabi rahbariyati tanlovni o‘z muassasalarida ham tashkil etish istagini bildirishdi.
Keyinchalik loyihani barcha yuridik ta’lim muassasalarida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha reja ishlab chiqdik. Hozirda Amerikada o‘qiyotganim sabab loyihani yakuniga yetkazishga o‘zim qatnasha olmadim. Ammo loyiha hozir ham Toshkent davlat yuridik universitetida o‘tkazilmoqda.
Ammo loyihaning mantiqiy davomi sifatida shu yil ZukkoYurist.com raqamli platformani ishga tushirdim. Mazkur sayt nafaqat blog maqolalari, balki sun’iy intellekt asosidagi chatbot, tahliliy kontent va interaktiv huquqiy vositalar orqali foydalanuvchilarga xizmat qilmoqda.
Chatbot funksiyasini ishlab chiqishda men OpenAI API, matnni qayta ishlovchi til modellarini integratsiya qilishga e’tibor qaratdim. Dasturlashdan xabardor bo‘lganim uchun chatbot logikasini, foydalanuvchi interfeysini va asosiy baskend funksiyalarini mustaqil tarzda ishlab chiqdim, qonunchilikka oid maqolalar, taqqoslovchi tahlillar, test savollari va javob variantlarini ham yozdim. Natijada, ZukkoYurist.com bugungi kunda yosh yuristlar, talabalar va huquqiy sohaga qiziqqan foydalanuvchilar uchun innovatsion, o‘rganishga qulay va zamonaviy platformaga aylandi.
– Texnologiya shiddat bilan rivojlanayotgan paytda ilmiy ishingiz juda katta ahamiyatga ega bo‘lishi shubhasiz. Intellektual mulk huquqining asosiy vazifasi huquqni himoya qilish, ijodiy va ilmiy faoliyatni rag‘batlantirish. O‘zbekistonda mualliflik huquqi amalda qanchalik samarali ishlamoqda?
– O‘zbekistonda so‘nggi yillarda bu borada normativ-huquqiy baza shakllanmoqda, «Intellektual mulk muassasasi» faoliyat olib bormoqda, qonunchilikka o‘zgartish va takomillashtirishlar kiritilmoqda. Bu juda ijobiy ko‘rsatkich. Biroq amaliy samaradorlik nuqtai nazaridan hali ko‘plab muammolar mavjud: ijodkorlar va ilmiy tadqiqotchilar o‘z huquqlarini qanday himoya qilishni to‘liq bilmaydi, sudlarda mualliflik huquqiga oid ishlar kam, huquqbuzarlarga nisbatan javobgarlik holatlari esa sust qo‘llaniladi. Eng muhim masala – huquqiy madaniyat va amaliy tushunchaning yetishmasligi. Huquq mavjud, biroq uni tan olish va qo‘llash jarayoni kuchli emas. Mualliflar o‘z asarlarini ro‘yxatdan o‘tkazishdan tortinadi, kontraktlar tuzilmaydi, plagiatga jiddiy qaralmaydi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, O‘zbekistonda mualliflik huquqi sohasida asosiy yutuq – qonun mavjudligi, asosiy muammo – uning hayotga tatbiq etilish darajasidir. Ya’ni bizda huquq bor, lekin uni his qiladigan va himoya qiladigan tizimli muhit hali to‘liq shakllanmagan.
– Mualliflik huquqi masalasida AQSh va O‘zbekiston qonunchiligi o‘rtasida qanday farqlar bor va u qanday hal etilishi mumkin?
– AQSh qonunchiligida mualliflik huquqi asar yaratilgan zahoti avtomatik kuchga kiradi, lekin u huquqiy da’volarda ishonchli himoya olish uchun U.S. Copyright Officeda rasmiy ro‘yxatga olish talab qilinadi. Ro‘yxatdan o‘tgan asar sudda kuchli dalil sifatida tan olinadi va qonuniy kompensatsiyalarni olish imkonini beradi.
O‘zbekistonda esa ro‘yxatdan o‘tish majburiy emas va huquq yaratilgan paytdan boshlab mavjud, biroq sudda mualliflikni isbotlash jarayoni murakkab va amaliy mexanizmlar zaif. Plagiat holatlarida ko‘p hollarda da’vogar o‘zining muallif ekanini aniqlashda qiynaladi.
Ikkinchi muhim farq – sun’iy intellekt bilan bog‘liq huquqiy aniqlik. AQShda hozirda SI tomonidan yaratilgan asarlar mualliflik huquqi bilan himoyalanmaydi (chunki u «inson» tomonidan yaratilmagan), bu borada sud qarorlari mavjud. O‘zbekistonda esa bu mavzu hali qonunchilik darajasida aniqlashtirilmagan – bu yangi xavf va imkoniyatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bu farqlarni qanday hal qilish mumkin? Birinchidan, mualliflik huquqini ro‘yxatga olish tizimini soddalashtirish va raqamlashtirish orqali isbotlash imkoniyatlarini kuchaytirish kerak. Ikkinchidan, SI va raqamli asarlar bilan bog‘liq huquqiy asoslarni aniqlashtirish zarur. Va albatta, huquqshunoslar, ijodkorlar, tadqiqotchilar o‘rtasida huquqiy madaniyat va hamkorlik muhitini yaratish bu jarayonda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
– AQShdagi «adolatli foydalanish» (fair use) konsepsiyasi va uning O‘zbekistondagi analoglari qay darajada turfa? Uni milliy huquq tizimiga moslashtirish mumkinmi?
– AQShdagi «fair use» konsepsiyasi mualliflik huquqining eng muhim va murakkab institutlaridan biridir. Bu norma muallifning huquqiy manfaatlari va jamiyatning axborot, tanqid, ta’lim yoki ilmiy izlanishdan foydalanish erkinligi o‘rtasida muvozanat yaratishga xizmat qiladi.
«Fair use» to‘rt asosiy mezon asosida baholanadi: foydalanish maqsadi va xarakteri (ilmiy, notijorat, tanqidiy, parodiya va h.k.), asarning tabiati (faktlar asosida yoki badiiy asarmi), foydalanilgan miqdor va hajm, asl asar bozori yoki qiymatiga ta’siri.
Bu tizim holatga asoslangan yondashuv (case-by-case analysis) bo‘lib, sudlar tomonidan dinamik tarzda talqin qilinadi. Shu bois u moslashuvchan va zamonaviy sharoitga mos yondashuv deb qaraladi.
O‘zbekistonda esa «adolatli foydalanish»ning aniq nomdagi instituti mavjud emas, ammo mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonunda «erkin foydalanish hollari» degan tushuncha bor. Masalan, iqtibos keltirish, o‘quv jarayonlarida cheklangan darajada foydalanish, shaxsiy maqsadda ko‘chirish kabi hollarga ruxsat beriladi. Biroq bu normalar ko‘proq qat’iy chegaralangan va moslashuvchanlikdan yiroq, shuningdek, sudlar amaliyotida keng tatbiq etilmagan.
Uni milliy huquq tizimiga moslashtirish mumkinmi? Ha, mumkin. Ammo bu faqat «qonunga yozish» bilan emas, balki: huquqshunoslar va ijodkorlar o‘rtasida tushunchaviy muvofiqlik yaratish, sudlar uchun talqin yo‘riqnomalar ishlab chiqish, raqamli platformalar va ta’lim tizimida bu normalarni testdan o‘tkazish orqali bosqichma-bosqich joriy qilish mumkin.
– Hamyurtlarimiz orasida ijtimoiy tarmoqlarga yozadigan postini ham SIga yozdirmoqda, hattoki izohlargacha, ya’ni so‘zma-so‘z ko‘chirmoqda. Bu to‘g‘rimi? SI va plagiat tushunchasi – chegara qayerda?
– Bu savol bugungi kunda juda dolzarb. Chunki sun’iy intellekt vositalari (masalan, ChatGPT, Deepseek, Copilot) nafaqat matn yozib beradi, balki ularni uslub, ohang va faktlar bilan to‘ldirib beradi. Lekin shuni unutmaslik kerakki: mashina yozgan matn – bu sizning shaxsiy fikringiz emas, balki avtomatik generatsiyalangan kontent.
Agar siz SI yordamidan tahrir, taklif, ilhom olish maqsadida foydalansangiz – bu tabiiy, hatto professional yondashuv hisoblanadi. Ammo sun’iy intellektdan olingan matnni so‘zma-so‘z o‘z postingiz sifatida, izohsiz, tahrirsiz e’lon qilish – bu axloqiy nuqtai nazardan noto‘g‘ri va ba’zi hollarda plagiat sifatida ham baholanishi mumkin.
SI va plagiat o‘rtasidagi chegaraga kelsak, plagiat bu boshqa manbadan ruxsatsiz yoki ko‘rsatmasdan matn, g‘oya yoki tuzilmani egallab olishdir. SI esa sizga yangi matn yaratadi, ammo bu matn siz yaratgan ijodiy mehnat sifatida qabul qilinmaydi. SI yozgan matnni «men yozdim» deyish – bu plagiatga yaqinlashadi.
Nima qilish kerak? SI yordamidan foydalansangiz, tahrir qilib, shaxsiy ohang qo‘shing. Yozgan matnni aynan sizga xos fikr va tajriba bilan boyiting. Ilmiy yoki professional ishda SIdan foydalanilganini ochiq ko‘rsating (disklaimer bilan).
– Sun’iy intellekt faoliyatini tartibga soluvchi global huquqiy standartlar yaratish mumkin deb hisoblaysizmi? Agar shunday bo‘lsa, ular qanday shaklda bo‘lishi lozim?
– Albatta, sun’iy intellekt faoliyatini global darajada tartibga solish – bu endi nazariya emas, amaliy zaruratga aylangan. Menimcha, SIning huquqiy chegaralarini belgilovchi xalqaro standartlar yaratilmasa, texnologik taraqqiyot inson huquqlari, axborot xavfsizligi va mualliflik huquqi sohalarida jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Men bu yo‘nalishda uch bosqichli yondashuv tarafdoriman: Etik kodeks – SIni yaratishda umumiy axloqiy mezonlar (masalan: diskriminatsiya qilmaslik, shaxsiy ma’lumotlarga ehtiyotkorlik bilan munosabat), milliy qonunchilikka moslashtiriladigan model qonunlar – har bir davlat o‘z tizimiga moslashtira oladigan xalqaro hujjatlar. Global monitoring mexanizmi – sun’iy intellektdan noto‘g‘ri foydalanilayotgan holatlarni aniqlab, tavsiya va choralar beruvchi xalqaro platforma.
– Yaqinda xorijda bir shaxs SI yordamida sudda yutib chiqqani aytildi. Agar kelajakda SI yuridik maslahat bersa yoki hatto sud qarorlarini tahlil qilsa – bu inson huquqlari va sud mustaqilligiga tahdid emasmi?
– Bu savol orqasida texnologik taraqqiyot va huquqiy qadriyatlar o‘rtasidagi chuqur muvozanat muammosi yotadi. Bir tomondan, sun’iy intellektning yuridik sohadagi imkoniyatlari – masalan, qonunlarni tez tahlil qilish, hujjatlar bilan ishlash, statistikani baholash – bu jarayonni tezlashtiradi, xatoliklarni kamaytiradi va odil sudlovga xizmat qilishi mumkin. Ammo ikkinchi tomondan bu imkoniyatlar noto‘g‘ri talqin qilinsa yoki tartibga solinmasa, inson huquqlari, shaxsiy daxlsizlik va sud hokimiyatining mustaqilligiga bevosita xavf tug‘dirishi mumkin.
Shaxsan men sun’iy intellektning sud-huquq tizimida yordamchi vosita sifatida qo‘llanilishini qo‘llab-quvvatlayman, ammo u hech qachon qaror qabul qiluvchi sub’yekt bo‘lmasligi kerak. Sababi, SI algoritmlarida insoniy hissiyot, konstitutsiyaviy qadriyat, adolat tushunchasi yo‘q. U faqat ma’lumot asosida natija chiqaradi, lekin «adolatli va insoniy» qaror bera olmaydi.
SI tomonidan berilgan huquqiy maslahatlar, ayniqsa oddiy fuqarolar uchun, tushunarli va tezkor xizmat bo‘lishi mumkin, lekin ularning asosida qabul qilinadigan har qanday huquqiy qaror yuridik javobgarlikka ega, inson tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Sud bu faqat qonun emas, bu insoniy tushuncha, kontekst va ijtimoiy adolat platformasi.
Shuning uchun, kelajakda SIni sud amaliyotida ishlatish masalasi bo‘yicha bizga quyidagilar zarur, ya’ni aniq huquqiy chegaralar: SI maslahat bera oladi, lekin qaror chiqarmaydi, inson ishtirokini ta’minlovchi majburiy nazorat tizimlari va, albatta, bu sohani tartibga soluvchi xalqaro etik kodeks va yurisdiksiyaviy protokollar.
– Bugungacha SI faoliyatini tartibga soluvchi yagona xalqaro huquqiy normalar mavjud emas. Sizningcha, qanday yondashuvlar orqali birlashgan global standart yaratish mumkin?
– Ha, ayni paytda SIni tartibga soluvchi yagona xalqaro normativ hujjat mavjud emas. Bu esa sun’iy intellekt bilan bog‘liq asosiy xavf, ya’ni tartibsiz rivojlanish va bir-biridan farq qiluvchi milliy yondashuvlar o‘rtasidagi nomuvofiqlikni yuzaga keltirmoqda. Menimcha, bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun global huquqiy standart zarur, lekin u moslashuvchan, texnologik neytral va ijtimoiy mas’uliyatli bo‘lishi kerak.
Avvalambor, BMT, YuNESKO yoki OYeSD kabi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan umumiy axloqiy prinsiplar (masalan, adolat, shaffoflik, inson huquqlari, hisobdorlik) asosida xalqaro platforma yaratilishi kerak. Bu har bir davlatga texnologik qarashlaridan qat’i nazar, umumiy qadriyatlar asosida yo‘l-yo‘riq beradi. Boshlanishiga qat’iy konvensiyalar emas, balki tavsiya xarakteridagi yo‘riqnomalar, texnik standartar ishlab chiqilishi kerak. Bularni har bir davlat o‘z qonunchiligiga moslashtiradi. Bu «yumshoq huquq» vositalari orqali birinchi bosqichda keng xalqaro konsensus shakllanishi mumkin.
SIning sog‘liqni saqlash, sud, ta’lim, xavfsizlik kabi sohalardagi qo‘llanishiga qarab turli sektorlar uchun alohida standartlar ishlab chiqilishi lozim. Har bir sohada xavf darajasi, mas’uliyat va foyda nisbati boshqacha.
Texnologiya tez o‘zgarayotganligi sababli, har bir global hujjatni doimiy yangilanadigan va kuzatuv asosida ishlaydigan tizimga aylantirish kerak. SI masalasida «bir martalik qonun» emas, evolyusion huquqiy yondashuv zarur.
– Qimmatli fikrlaringiz uchun tashakkur.
Barno Sultonova suhbatlashdi
Mahalliy
Buxorodagi davlat bog‘chalari ham vaqtincha yopiladi
Buxoroda ham bog‘chalar vaqtincha yopiladi.
Buxoro viloyatida kutilgan kuchli issiqlar munosabati bilan 15–17-iyul kunlari barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.
Bu haqda Buxoro viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Buxoro viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining xulosasiga asoslanib ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, qaror maktabgacha yoshdagi bolalarning hayoti va salomatligini jazirama issiqning salbiy ta’siridan muhofaza qilish maqsadida qabul qilingan.
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari 20 iyul kunidan boshlab belgilangan tartibda o‘z faoliyatini qayta tiklaydi.
Ota-onalardan ushbu vaqtinchalik cheklovni to‘g‘ri qabul qilish, shu kunlarda farzandlari salomatligi va xavfsizligiga alohida e’tibor qaratish so‘raldi.
Avvalroq Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Navoiydagi bog‘chalar vaqtincha yopilishi ma’lum qilingandi.
Mahalliy
Ayrim fransuz tili o‘qituvchilariga umumiy qiymati 1,3 mln yevrolik grant ajratiladi
Fransiyaning Nitsa shahrida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi delegatsiyasi hamda Frankofoniya instituti o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjatga ko‘ra, 2030 yilgacha O‘zbekistondagi 1 410 nafar fransuz tili o‘qituvchisining malakasi oshiriladi. Ularning 910 nafari uchun umumiy qiymati 1,3 million yevroga teng bo‘lgan bepul pedagogik stipendiya (grant) ajratiladi.
Shuningdek, tomonlar «Allyumer le zetual» («Allumer les étoiles») dasturi doirasida pedagoglar malakasini oshirish, trenerlar tayyorlash hamda xorijiy til mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, A. Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida Frankofoniya instituti byurosini ochish masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur byuro kelgusida mintaqaviy markaz sifatida fransuz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirishga xizmat qilishi rejalashtirilmoqda.
Mahalliy
O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab «Canva»dan bepul foydalanadi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi delegatsiya Fransiyadagi O‘zbekiston elchixonasida «Canva» kompaniyasi bilan grant kelishuvini imzoladi. Hujjatga muvofiq, mamlakatdagi 10 mingdan ortiq umumta’lim maktabi «Canva for Education» platformasidan uch yil mobaynida mutlaqo bepul foydalanadi.
Kelishuv Parij shahridagi YuNESKO bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan «Ta’lim transformatsiyasi sammiti +4» doirasida imzolandi. Grantning umumiy qiymati 20 million AQSh dollariga teng bo‘lib, u maktablarda zamonaviy raqamli ta’lim vositalarini keng joriy etishga xizmat qiladi.
«Canva» — Avstraliyada tashkil etilgan va hozirda dunyoning 190 dan ortiq mamlakatida qo‘llanilayotgan yetakchi vizual dizayn platformasi hisoblanadi. Uning ta’limga mo‘ljallangan «Canva for Education» xizmati o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun maxsus ishlab chiqilgan minglab tayyor shablonlar hamda dizayn vositalarini taklif etadi.
Platforma orqali o‘quvchilar taqdimot va infografikalar tayyorlash, vizual materiallar yaratish, sun’iy intellekt asosida ta’lim kontenti ishlab chiqish, guruh bo‘lib onlayn hamkorlik qilish va raqamli savodxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mahalliy
OTMlarga kirish uchun test sinovlari 14 iyuldan boshlanadi
2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari 14-23 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, test sinovlari 10 kun davomida kuniga ikki smenada tashkil etiladi. Birinchi smena soat 08:00, ikkinchi smena esa 15:00 da boshlanadi. Abituriyentlardan belgilangan hududga test boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin yetib kelishlari so‘ralgan.
Ma’lum qilinishicha, test sinovlarida ishtirok etish uchun «Abituriyent ruxsatnomasi» my.uzbmb.uz sayti orqali berilmoqda. Abituriyentlarga ruxsatnomani yuklab olib, chop etish tavsiya etilgan.
Har bir abituriyent ruxsatnomada ko‘rsatilgan manzil, sana va smenada test topshiradi. Boshqa hudud, kun yoki smenada test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.
Agentlik abituriyentlar test sinoviga pasport yoki ID-karta hamda ruxsatnoma bilan kelishi shartligini eslatdi. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikkan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.
Mahalliy
O‘zbekistonda 13 mingga yaqin abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi
2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish jarayonida 13 mingga yaqin nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilda barcha fanlar bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 997 nafar abituriyent test topshirmasdan, bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazilgan. Mazkur toifadagi abituriyentlar uchun testga kirish ruxsatnomasi shakllantirilmagan. Taqqoslash uchun, 2025 yilda bunday imkoniyatdan 678 nafar abituriyent foydalangan.
2026/2027-o‘quv yili uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish 5–25 iyun kunlari davom etdi. Bu davrda 677 907 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning 451 744 nafari joriy yil bitiruvchilari, 226 163 nafari esa avvalgi yillarda ta’lim muassasasini tamomlagan fuqarolardir.
Ro‘yxatdan o‘tganlarning 365 196 nafari ayollar, 312 711 nafari erkaklarni tashkil etgan. Test sinovlarida esa 664 609 nafar abituriyent ishtirok etadi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida yuklangan 24 526 ta milliy va xalqaro sertifikat tasdiqlangan. Shuningdek, umumta’lim fanlari bo‘yicha 193 186 nafar, chet tillari bo‘yicha esa 125 354 nafar sertifikatga ega abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
Test sinovlarini o‘tkazish uchun respublika bo‘yicha 64 ta yirik sig‘imli bino tayyorlangan. Ularda bir smenada 35 490 nafar, bir kunda esa 70 980 nafar abituriyent test topshirishi mumkin. Test sinovlari 10 kun davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
-
Sport5 days agoJCh anonsi. Belgiya hayron qoldira oladimi?
-
Sport4 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Sport4 days agoIspaniya Belgiyani yengib, yarimfinalga chiqdi
-
Jamiyat4 days agoBektemir tumanida «zakladchik»lar qo‘lga olindi
-
Jamiyat4 days agoDori narxini sun’iy oshirgan yuzlab dorixonalar aniqlandi
-
Jamiyat4 days agoJanubiy Koreya va AQShga noqonuniy migratsiya tashkil etmoqchi bo‘lganlar ushlandi
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev ICESCO bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga chaqirmoqda
-
Iqtisodiyot4 days ago
17 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar aniqlandi
