Jamiyat
Er bilan suv qishloq xo‘jaligimiz taqdirini hal qiluvchi masala – Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-iyul kuni qishloq xo‘jaligida kosmik ma’lumotlardan foydalanish va raqamlashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Bu kecha bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishining mantiqiy davomi. Meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish masalasi ko‘rib chiqilar ekan, davlatimiz rahbari yerdan unumli foydalanish, samaradorlikni oshirish yo‘llarini ko‘rsatgan edi.
Buning uchun aniq hisob-kitob va tahlil juda zarur. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan «O‘zbekkosmos» agentligi shunday imkoniyat bermoqda. 2024 yil 14 oktyabrdagi Prezident farmoniga muvofiq, iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalar joriy etilmoqda.
Jumladan, bu qishloq va suv xo‘jaligidagi haqiqiy holatni, kamchiliklarni ochiq-oydin ko‘rsatib berayapti. Ikki yil mobaynida sohada foydalanilayotgan 4 million gektardan ziyod yerlar kosmik monitoring qilindi. Aniqlanishicha, hisobotlarda ko‘rsatilgan ayrim maydonlarda paxta ekilmagan, ba’zan esa zaxiradagi yoki egasi noma’lum yerlarga ekilgan.
Shu bois davlat tomonidan ajratiladigan imtiyozli kreditlarning maqsadli ishlatilishini masofaviy monitoring qiladigan tizim yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Iqlim o‘zgarishi va suv taqchilligidan kelib chiqib, yurtimizda kam suv talab qiladigan yangi navlar va agrotexnologiyaga o‘tilmoqda. Lekin ekinlarni sug‘orishda suv sarfi me’yori hozirgi haqiqatdagi talabga javob bermasligi ko‘rsatib o‘tildi. Gidromodul rayonlashtirish yondashuvi ham eskirgan. Oqibatda kanallar oxirida joylashgan 3 mingdan ziyod fermerga suv yetib bormayapti.
Qishloq va suv xo‘jaligi tizimidagi ilmiy institutlarni jalb qilgan holda sug‘orish me’yori va gidromodul rayonlashtirishni to‘liq yangilash vazifasi qo‘yildi.
Fermerlar sarflayotgan suvning haligacha aniq hisobi yo‘qligi qayd etilib, buning barcha bosqichlarini raqamlashtirish, suvning konturma-kontur hisobini yuritish zarurligi ta’kidlandi.
Suv omborlari sig‘imi ham loyihaviy quvvati bo‘yicha hisoblanib kelinar edi. So‘nggi ikki yilda 60 ta yirik suv ombori ilk bor batimetrik tahlildan o‘tkazildi. Loyqa cho‘kkani sababli ayrimlarining sig‘imi kamaygani aniqlandi.
Shu bois barcha suv omborlariga “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatib, suv miqdorini onlayn kuzatish, ulardagi loyqani kamaytirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.
– Yer bilan suv qishloq xo‘jaligimiz taqdirini hal qiluvchi masala, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda sohani raqamlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Hozir fermerlar yer, kredit, subsidiya va agroxizmatlar bo‘yicha 30 dan ortiq platformadan foydalanyapti. Buni osonlashtirish uchun ular birlashtirilib, “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasi ishga tushiriladi.
Endi dalasiga nima ekishni fermerning o‘zi hal qiladi. Buni platformaga ham uning o‘zi kiritadi. Natijada asosiy, takroriy va to‘qsonbosti ekinlar miqdori oldindan ko‘rinadi. Bu oziq-ovqat xavfsizligi, narx-navo barqarorligi va dehqonlarning daromadida juda muhim.
Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov boshchiligida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha komissiya tuzilishi belgilandi. Yetishmayotgan mahsulotni ko‘paytirish uchun imtiyozli kredit va subsidiya beriladi.
Sohada uchuvchisiz apparatlardan foydalanish ham rejalashtirilmoqda. Kuzda 100 dan ziyod zamonaviy dron olib kelinadi. Mutasaddilarga xususiy sektorni jalb etib, fermerlarga dronlar yordamida xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Somonpoyalarni yoqishga chek qo‘yishning qonuniy asoslarini yaratish zarurligi aytildi.
Kosmik tadqiqotlarda qurilish, kadastr, noruda konlari, o‘rmon va yaylov yerlari bo‘yicha ham tahlillar borligi ta’kidlanib, vazirlar va hokimlarga ularni o‘rganib, rejalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Jamiyat
O‘zbekiston va Serbiya turizm sohasida hamkorlik qiladi
PQ–115-son qaror bilan O‘zbekiston Hukumati bilan Serbiya Hukumati o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.
Bitim 2025-yil 28-oktyabrda Toshkent shahrida imzolangan.
Turizm qo‘mitasi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi.
Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin uning qoidalari bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi.
Jamiyat
Namanganda 6-sinf o‘quvchisiga jinsiy zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchi qamoqqa olindi
53 yoshli o‘qituvchi 2013 yilda tug‘ilgan qizga jinsiy zo‘ravonlik qilganlikda gumonlanmoqda. U protsessual tartibda ushlangan. Agar bu o‘z tasdig‘ini topsa, o‘qituvchi 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Namanganda o‘qituvchi o‘quvchi qizga jinsiy zo‘ravonlik qilishda gumonlanmoqda. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi H.D. 28 mart kuni tuman IIBga murojaat qilgan. U o‘z murojaatida 2013 yilda tug‘ilgan qizi 6-sinfda o‘qishini, 1973 yilda tug‘ilgan o‘qituvchi T.Sh. farzandiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganini bildirgan.
Holat yuzasidan Yangiqo‘rg‘on tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi T.Sh. protsessual tartibda ushlangan. Unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bolalar ombudsmani holatni o‘z nazoratiga olganini bildirgan.
Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismida o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyati nazarda tutilgan. Bunday qilmish uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Avvalroq Angrenda 14 yoshli qizni zo‘rlagan 4 kishi ozodlikdan mahrum qilingandi.
Jamiyat
Narkosavdo va noqonuniy dorilarga qarshi tezkor operatsiyalar o‘tkazildi
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va bojxona organlari hamkorligida mamlakat hududlarida giyohvandlik vositalari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi qator tezkor operatsiyalar amalga oshirildi.
Xorazm viloyatining Urganch shahrida 1983 yilda tug‘ilgan shaxs ushlanib, uning yonidan 5 gramm “opiy” moddasi topildi. Shuningdek, u ijaraga olgan xonadondan 887 gramm “opiy” va 71 gramm “geroin” giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi. Mazkur shaxs ushbu moddalarni qo‘shni davlatdan olib kelib, keyinchalik sotish orqali daromad topishni rejalashtirgan.
Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa 1991 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadonidan muqaddam Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan, umumiy bahosi 140 million so‘mlik 2800 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlanib, musodara qilindi.
Shu kabi holat Toshkent viloyatida ham qayd etildi. Toshkent tumanida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan shaxs va uning 1994 yilda tug‘ilgan, Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan sherigi oldindan kelishgan holda, kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 300 ml “Tropikamid” dori vositasini xaridorga 300 AQSh dollari va 600 ming so‘mga sotayotgan vaqtda ushlandi.
Ularning yonidan bir necha dona “Pregabalin” kapsulalari hamda “Tropikamid” suyuqligi bo‘lgan flakonlar ashyoviy dalil sifatida olindi. Noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan shaxslar kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni turli nomdagi dori vositalari idishlariga joylashtirgan holda mamlakatga olib kirgan.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan shubhali holatlarga duch kelganda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga murojaat qilish so‘raldi. Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Shaxsga doir muhim ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilandi
Shaxsga doir ma’lumotlarning samarali himoya qilinishi ta’minlanadi.
Qonun (O‘RQ–1125-son, 26.03.2026 y.) bilan «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida» gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, quyidagi shaxsga doir ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shart:
– shaxslarning biometrik ma’lumotlari;
– shaxslarning genetik ma’lumotlari;
– O‘zbekiston hududida faoliyat olib borayotgan telekommunikatsiyalar operatorlaridagi ularning xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarning ma’lumotlari.
Yuqorida ko‘rsatilmagan shaxsga doir ma’lumotlar quyidagi shartlardan biri bajarilganda, O‘zbekistondan tashqarida saqlanishi va ishlov berilishi mumkin:
– chet davlatni shaxsga doir ma’lumotlarning bir xil himoya qilinishini ta’minlovchi davlat sifatida tan olish;
– operator tomonidan vakolatli davlat organi tasdiqlaydigan talablarga javob beruvchi standart shartnomaviy shartlar yoki majburiy korporativ qoidalar qabul qilinishi va ularga rioya etilishi;
– ro‘yxati vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish va saqlash sohasidagi xalqaro standartlarga operator tomonidan rioya etilishi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Jamiyat
Chiqindilarni qonunga xilof ravishda olib chiqib ketganlik uchun javobgarlik belgilandi
Chiqindi to‘plash maydonchalaridan chiqindilarni qonunga xilof ravishda olib chiqib ketganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Qonun (O‘RQ–1124-son, 25.03.2026 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalarning monitoringini yuritish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlar yuklatildi.
Bunda atrof-muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga ma’lumotlarni kiritmaganlik, to‘liq kiritmaganlik yoki noto‘g‘ri ma’lumot kiritganlik uchun:
– atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansub faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima qo‘llanilishi ko‘rsatildi.
Shuningdek, qonunga xilof ravishda o‘rmon fondi yerlarini berish, ulardan foydalanish, shunday qilmishlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, –
– BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Quyidagilar uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi:
– maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilgan ekologik huquqbuzarliklar uchun;
– chiqindilar to‘plash maydonchalaridan va ularning qo‘riqlanmaydigan inshootlaridan chiqindilarni qonunga xilof ravishda to‘plaganlik va olib chiqib ketganlik uchun.
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston ikkita toʻlaqonli islom bankini tashkil etadi, 2030-yilgacha 1 milliard dollar jalb etishni maqsad qilgan
-
Dunyodan4 days ago
Maskat va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyiladi.
-
Dunyodan1 day agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan2 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Jamiyat5 days ago
«Ташаббусли бюджет» ғолиблари эълон қилинди
-
Dunyodan2 days ago
Saudiya Arabistoni AQShni urushga chaqirmoqda
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekistonda kichik AES qurilishi Rossiya kompaniyalarini 24,7 mlrd dollargacha buyurtmalar bilan ta’minlaydi – Lixachyov
