Jamiyat
Er bilan suv qishloq xo‘jaligimiz taqdirini hal qiluvchi masala – Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-iyul kuni qishloq xo‘jaligida kosmik ma’lumotlardan foydalanish va raqamlashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Bu kecha bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishining mantiqiy davomi. Meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish masalasi ko‘rib chiqilar ekan, davlatimiz rahbari yerdan unumli foydalanish, samaradorlikni oshirish yo‘llarini ko‘rsatgan edi.
Buning uchun aniq hisob-kitob va tahlil juda zarur. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan «O‘zbekkosmos» agentligi shunday imkoniyat bermoqda. 2024 yil 14 oktyabrdagi Prezident farmoniga muvofiq, iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalar joriy etilmoqda.
Jumladan, bu qishloq va suv xo‘jaligidagi haqiqiy holatni, kamchiliklarni ochiq-oydin ko‘rsatib berayapti. Ikki yil mobaynida sohada foydalanilayotgan 4 million gektardan ziyod yerlar kosmik monitoring qilindi. Aniqlanishicha, hisobotlarda ko‘rsatilgan ayrim maydonlarda paxta ekilmagan, ba’zan esa zaxiradagi yoki egasi noma’lum yerlarga ekilgan.
Shu bois davlat tomonidan ajratiladigan imtiyozli kreditlarning maqsadli ishlatilishini masofaviy monitoring qiladigan tizim yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Iqlim o‘zgarishi va suv taqchilligidan kelib chiqib, yurtimizda kam suv talab qiladigan yangi navlar va agrotexnologiyaga o‘tilmoqda. Lekin ekinlarni sug‘orishda suv sarfi me’yori hozirgi haqiqatdagi talabga javob bermasligi ko‘rsatib o‘tildi. Gidromodul rayonlashtirish yondashuvi ham eskirgan. Oqibatda kanallar oxirida joylashgan 3 mingdan ziyod fermerga suv yetib bormayapti.
Qishloq va suv xo‘jaligi tizimidagi ilmiy institutlarni jalb qilgan holda sug‘orish me’yori va gidromodul rayonlashtirishni to‘liq yangilash vazifasi qo‘yildi.
Fermerlar sarflayotgan suvning haligacha aniq hisobi yo‘qligi qayd etilib, buning barcha bosqichlarini raqamlashtirish, suvning konturma-kontur hisobini yuritish zarurligi ta’kidlandi.
Suv omborlari sig‘imi ham loyihaviy quvvati bo‘yicha hisoblanib kelinar edi. So‘nggi ikki yilda 60 ta yirik suv ombori ilk bor batimetrik tahlildan o‘tkazildi. Loyqa cho‘kkani sababli ayrimlarining sig‘imi kamaygani aniqlandi.
Shu bois barcha suv omborlariga “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatib, suv miqdorini onlayn kuzatish, ulardagi loyqani kamaytirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.
– Yer bilan suv qishloq xo‘jaligimiz taqdirini hal qiluvchi masala, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda sohani raqamlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Hozir fermerlar yer, kredit, subsidiya va agroxizmatlar bo‘yicha 30 dan ortiq platformadan foydalanyapti. Buni osonlashtirish uchun ular birlashtirilib, “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasi ishga tushiriladi.
Endi dalasiga nima ekishni fermerning o‘zi hal qiladi. Buni platformaga ham uning o‘zi kiritadi. Natijada asosiy, takroriy va to‘qsonbosti ekinlar miqdori oldindan ko‘rinadi. Bu oziq-ovqat xavfsizligi, narx-navo barqarorligi va dehqonlarning daromadida juda muhim.
Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov boshchiligida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha komissiya tuzilishi belgilandi. Yetishmayotgan mahsulotni ko‘paytirish uchun imtiyozli kredit va subsidiya beriladi.
Sohada uchuvchisiz apparatlardan foydalanish ham rejalashtirilmoqda. Kuzda 100 dan ziyod zamonaviy dron olib kelinadi. Mutasaddilarga xususiy sektorni jalb etib, fermerlarga dronlar yordamida xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Somonpoyalarni yoqishga chek qo‘yishning qonuniy asoslarini yaratish zarurligi aytildi.
Kosmik tadqiqotlarda qurilish, kadastr, noruda konlari, o‘rmon va yaylov yerlari bo‘yicha ham tahlillar borligi ta’kidlanib, vazirlar va hokimlarga ularni o‘rganib, rejalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Jamiyat
Jizzaxda simyog‘och qulashi oqibatida uch qoramol nobud bo‘ldi
Hududdagi simyog‘ochlar eskirib ketgani aytilmoqda.
Jizzax viloyatida eskirgan simyog‘ochlar qulashi oqibatida uch bosh qoramol nobud bo‘ldi. Jamoatchilik faoli Xayrulla Qilichevga ko‘ra, hodisa 15 mart kuni Forish tumani Garasha qishlog‘ida yuz bergan.
Hududdan yuqori kuchlanishli elektr liniyasi o‘tgani, qulagan simyog‘ochlar esa 1950-yillarda o‘rnatilgani va ular allaqachon eskirib chirib ketgani ta’kidlangan.
Qilichevning so‘zlariga ko‘ra, qoramollarning egasi zararni qoplab berishni so‘rab, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning Forish tumani bo‘limiga murojaat qilgan. Biroq arizaga javob berilmagan.
Shuningdek, voqea sodir bo‘lgan kuni hududga eski simyog‘ochlarni almashtirish uchun beton ustunlar keltirilgan. Biroq ular hamon o‘rnatilmagan.
«Hududiy elektrtarmoqlari» AJ matbuot xizmati holat yuzasidan Kun.uz’ga izoh berdi.
Dastlabki izohga ko‘ra, qoramol egasi hududni to‘siqlar bilan o‘rab olgani, amaldagi qonunchilikka ko‘ra esa elektr uzatish liniyalari muhofaza zonasida bunday qilish taqiqlangani ta’kidlangan.
Shuningdek, kompaniya holat hozirda o‘rganilayotgani, yaqin vaqt ichida hududda yangi beton ustunlar o‘rnatilishini bildirdi.
Bundan tashqari, qoramol egasi tegishli tartibda sudga murojaat qilishi mumkinligi va agar sud kompensatsiya belgilasa, kompaniya zararni qoplab berishga tayyorligi qayd etilgan.
Jamiyat
OKMKning Angrenliklarga ajoyib tuhfasi
Joriy yil 29 mart kuni Angren shahridagi Mirzo Ulug‘bek mahallasida joylashgan, OKMK homiyligida zamonaviy qiyofaga keltirilgan “Yangi Angren” madaniyat va sport majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va Sport vazirliklari mas’ullari, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, OKMK boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanov, mahalla aholisi, nuroniylar, turli millat vakillari, milliy-madaniy markazlar faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda mas’ullar tomonidan ramziy lenta qirqilib, “Yangi Angren” madaniyat va sport majmuasi rasman o‘z faoliyatini boshladi.
Mazkur majmua OKMK homiyligida kombinat bunyodkorlari tomonidan to‘liq ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.
2025–2026 yillarda majmuada loyiha qiymati 31 milliard so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, zamonaviy qiyofaga keltirildi.
Majmua tarkibida 32×20 o‘lchamli sport zali, fitnes xonasi, sheyping zali kabi zamonaviy sport inshootlari joylashgan.
Binoning ikkinchi qavatida esa, tasviriy san’at, amaliy san’at, raqs, vokal, teatr, folklor va musiqa yo‘nalishlaridagi to‘garaklar faoliyati uchun barcha sharoitlar yaratilgan. E’tiborlisi, endilikda angrenlik yoshlar bu yerda sportning badiiy gimnastika, kurash, yengil atletika, voleybol, basketbol, fitnes, sheyping, mini futbol turlari bilan ham shug‘ullanishadi.
Binoning xonalari va yo‘laklari o‘ziga xos milliylik ruhida bezatilgan bo‘lib, har bir xonaga alohida e’tibor qaratilgan. Badiiy akademiya ijodkorlari tomonidan taniqli aktyorlar, yozuvchilarning portretlari tayyorlab berildi.
Kombinat quruvchilari tomonidan binoning tomi, kommunikatsiya tizimlari to‘liq yangilandi. Barcha zarur mebel jihozlari bilan ta’minlandi. Hududda obodonlashtirish va ko‘klamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, 2 dona shiyponcha o‘rnatilib, yo‘laklarga dekorativ beton qoplamasi yotqizildi.
“Yangi Angren“ madaniyat va sport saroyining foydalanishga topshirilishi aholi, ayniqsa yoshlarning madaniyat va sport bilan muntazam shug‘ullanishi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishi, milliy qadriyatlar va san’atni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tadbirda mamlakatimiz ijtimoiy sohasini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanov O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni hamda sport vazirining “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Zinnat Hayitqulova, Angren shahridagi Mirzo Ulug‘bek mahallasi fuqarosi: – Shunday ulug‘ ayyom kunlarida mahallamizda ajoyib madaniyat va sport majmuasi qad rostlagani barcha mahalla ahlini xursand qildi. Ushbu maskanda hudud yoshlarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan. Yaratilgan sharoitlar ko‘zni quvnatadi. Fursatdan foydalanib, mahalla ahli nomidan mana shunday ezgu amallarni boshidan tutgan davlatimiz rahbariga o‘z minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz.
OKMK tomonidan angrenliklarga tuhfa etilgan mazkur zamonaviy majmua hudud aholisi uchun ma’naviyat, madaniyat va sportni birlashtirgan muhim maskan sifatida xizmat qilishi shubhasiz.
Reklama huquqi asosida
Jamiyat
O‘zbekiston va Serbiya turizm sohasida hamkorlik qiladi
PQ–115-son qaror bilan O‘zbekiston Hukumati bilan Serbiya Hukumati o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.
Bitim 2025-yil 28-oktyabrda Toshkent shahrida imzolangan.
Turizm qo‘mitasi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi.
Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin uning qoidalari bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi.
Jamiyat
Namanganda 6-sinf o‘quvchisiga jinsiy zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchi qamoqqa olindi
53 yoshli o‘qituvchi 2013 yilda tug‘ilgan qizga jinsiy zo‘ravonlik qilganlikda gumonlanmoqda. U protsessual tartibda ushlangan. Agar bu o‘z tasdig‘ini topsa, o‘qituvchi 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Namanganda o‘qituvchi o‘quvchi qizga jinsiy zo‘ravonlik qilishda gumonlanmoqda. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi H.D. 28 mart kuni tuman IIBga murojaat qilgan. U o‘z murojaatida 2013 yilda tug‘ilgan qizi 6-sinfda o‘qishini, 1973 yilda tug‘ilgan o‘qituvchi T.Sh. farzandiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganini bildirgan.
Holat yuzasidan Yangiqo‘rg‘on tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi T.Sh. protsessual tartibda ushlangan. Unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bolalar ombudsmani holatni o‘z nazoratiga olganini bildirgan.
Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismida o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyati nazarda tutilgan. Bunday qilmish uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Avvalroq Angrenda 14 yoshli qizni zo‘rlagan 4 kishi ozodlikdan mahrum qilingandi.
Jamiyat
Narkosavdo va noqonuniy dorilarga qarshi tezkor operatsiyalar o‘tkazildi
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va bojxona organlari hamkorligida mamlakat hududlarida giyohvandlik vositalari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi qator tezkor operatsiyalar amalga oshirildi.
Xorazm viloyatining Urganch shahrida 1983 yilda tug‘ilgan shaxs ushlanib, uning yonidan 5 gramm “opiy” moddasi topildi. Shuningdek, u ijaraga olgan xonadondan 887 gramm “opiy” va 71 gramm “geroin” giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi. Mazkur shaxs ushbu moddalarni qo‘shni davlatdan olib kelib, keyinchalik sotish orqali daromad topishni rejalashtirgan.
Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa 1991 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadonidan muqaddam Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan, umumiy bahosi 140 million so‘mlik 2800 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlanib, musodara qilindi.
Shu kabi holat Toshkent viloyatida ham qayd etildi. Toshkent tumanida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan shaxs va uning 1994 yilda tug‘ilgan, Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan sherigi oldindan kelishgan holda, kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 300 ml “Tropikamid” dori vositasini xaridorga 300 AQSh dollari va 600 ming so‘mga sotayotgan vaqtda ushlandi.
Ularning yonidan bir necha dona “Pregabalin” kapsulalari hamda “Tropikamid” suyuqligi bo‘lgan flakonlar ashyoviy dalil sifatida olindi. Noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan shaxslar kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni turli nomdagi dori vositalari idishlariga joylashtirgan holda mamlakatga olib kirgan.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan shubhali holatlarga duch kelganda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga murojaat qilish so‘raldi. Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston ikkita toʻlaqonli islom bankini tashkil etadi, 2030-yilgacha 1 milliard dollar jalb etishni maqsad qilgan
-
Dunyodan1 day agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan4 days ago
Maskat va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyiladi.
-
Dunyodan2 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Jamiyat5 days ago
«Ташаббусли бюджет» ғолиблари эълон қилинди
-
Dunyodan2 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozida baʼzi davlatlar bilan koridor ochadi
-
Dunyodan2 days ago
Saudiya Arabistoni AQShni urushga chaqirmoqda
