Mahalliy
Energiya samaradorligini oshirishning iqtisodiy foydasi va atrof-muhitga ta’siri
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, mamlakatimizda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar iqtisodiy rivojlanishning muhim omili bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mamlakatda binolarning energiya samaradorligini oshirish sohasida investitsiya salohiyati shakllantirilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatdagi ko‘p xonadonli uy-joy tashqi devorlarni izolyasiyalash, isitish tizimlarini almashtirish, eshik va derazalarni almashtirish natijasida yiliga 60 million dollardan ortiq mablag‘ni tejash qilish mumkin.
Jahon bankining hisob-kitoblarga ko‘ra, ijtimoiy soha ob’yektlari, jumladan, sog‘liqni saqlash muassasalari, maktabgacha ta’lim muassasalari va davlat maktablarida ham shunday salohiyat mavjud bo‘lib, energiya samaradorligini oshirishga qaratilagan maqsadli investitsiyalar kiritilishi orqali energiya iste’molini 20-50%ga tejash imkonini beradi va iste’molni yiliga 7,1 mlrd kVt/soatgacha qisqartirish mumkin.
Iqtisodiy foydadan tashqari, bu chora-tadbirlar har yili atmosferaga chiqariladigan SO₂ hajmini o‘rtacha 780 ming tonnaga qisqarishiga yordam beradi. Mamlakatda uglerod birliklari savdosi bozori mavjud va biz ortiqcha kvotalarni boshqa davlatlarga muvaffaqiyatli ravishda sotyapmiz. Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish savdo hajmini yanada oshirishga imkon beradi, bu esa yiliga 50 million dollargacha daromad keltirishi mumkin.
Amalga oshirilayotgan islohotlar infratuzilmani yangilash, energiya samaradorligini oshirish va bozor tamoyillari asosida barqaror va samarali energetika tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish o‘zining ilk natijalarini bermoqda. Bunday chora-tadbirlar nafaqat iqtisodiy foyda keltiradi, balki ekologik barqarorlikni ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan investitsiyalarning muvaffaqiyati, binolarning energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalarda mahalliy aholi va tashkilotlarning ishtirokini ta’minlash loyihalarning samaradorligini oshirishga yordam beradi.
Natijada, energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar nafaqat iqtisodiy samaradorlikni ta’minlaydi, balki mamlakatimizning barqaror rivojlanishiga ham hissa qo‘shadi.
Mahalliy
«Yangi O‘zbekiston yoshlari–2030» strategiyasi taqdimoti doirasida «TOP-100 kitobxon» tanloviga start berildi
Yurtimizda yoshlar siyosati izchil yangilanib, amaliy natijalarga yo‘naltirilgan yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Ana shu jarayonlarning mantiqiy davomi sifatida bugun Yoshlar ishlari agentligi tomonidan «Yangi O‘zbekiston yoshlari–2030» strategiyasining taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu tadbir yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochuvchi muhim platformaga aylandi.
«Yoshlar ijod saroyi» hududida tashkil etilgan maxsus maydonda ishtirokchilar tadbirkorlik, startaplar, zamonaviy kasblar, ta’lim markazlari va xorijiy tillar bo‘yicha imkoniyatlar bilan tanishishdi. Shuningdek, «TOP-100 kitobxon» tanloviga start berilib, mutolaa madaniyatini ommalashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev strategiyaning mazmun-mohiyati va ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdi. Qayd etilganidek, mazkur hujjat mamlakatda yoshlarga oid ilk yaxlit strategik dastur hisoblanadi.
Strategiya doirasida har yili 600 ming yoshni ish bilan ta’minlash, 900 ming nafarini volontyorlikka jalb qilish, 450 ming yoshning xorijiy tillar bo‘yicha bilimini B2 darajaga yetkazish kabi vazifalar belgilangan. Ta’lim sohasida chekka hududlarda o‘quv markazlarini qo‘llab-quvvatlash va soliq imtiyozlari berish rejalashtirilmoqda.
Ijtimoiy faollikni oshirish maqsadida grantlar ajratish, yoshlarni davlat tashkilotlarida amaliyotga jalb qilish, ijodkorlar uchun maxsus mukofotlar joriy etish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, yoshlar salomatligini mustahkamlash, psixologik xizmatlarni rivojlantirish va sport bilan shug‘ullanish ko‘rsatkichlarini oshirish ham ustuvor vazifalardan sanaladi.
Xalqaro yo‘nalishda esa 100 ming nafar yoshlarning global dasturlarda ishtirokini ta’minlash, nufuzli tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan.
Umuman olganda, «Yangi O‘zbekiston yoshlari–2030» strategiyasi yoshlarning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladigan, mamlakat kelajagini belgilab beruvchi muhim dastur sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Mahalliy
Ko‘kdalada payhon bo‘lgan lolami yoki lolaqizg‘aldoq?
Yaqinda Qashqadaryoning Ko‘kdala tumanidagi qizg‘aldoqzorning payhon qilinishi katta bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ammo bu voqeada bir muhim jihat e’tibordan chetda qoldi: deyarli barcha nashrlar va blogerlar qizg‘aldoqzorni «lolazor» deb atashdi. Bu shunchaki tilshunoslikdagi xato emas, balki mohiyatning va huquqiy mas’uliyatning butunlay o‘zgarishidir. Mashinalarning qizg‘aldoq o‘sgan dala o‘rtasida yurgan videosini dastlab oddiy odamlar tarqatdi, lolazor deya. Keyin Qashqadaryo viloyati ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi «e, to‘xta bu lolazor emas, balki qizg‘aldoq o‘sadigan joyku», deb xatoni to‘g‘irlash o‘rniga «lolazor»ni payhon qilganlarga qanday chora ko‘rilgani haqida rasmiy munosabat chiqardi.
Undan keyin barcha-barcha nashrlar qizg‘aldoqni lolaga aylantirib butun dunyo bo‘ylab tarqatdi. Va aprelning bir sanasi qizg‘aldoq lolaga aylangan kun hisobida tarixga muhrlandi.
Nima farqi bor, har qanday o‘simlikni payhon qilish noto‘g‘ri-ku, demoqchisiz. Ammo o‘simlik turlari chalkashtirilib «payhon» bo‘lishi-chi? Agar jamoatchilikka har qanday qizil gul «lola» deb tanishtirilaversa, odamlarda haqiqiy yovvoyi lolalar (masalan, Greyg yoki Kaufman lolalari) va oddiy lolaqizg‘aldoq o‘rtasidagi farq yo‘qoladi. Lola va lolaqizg‘aldoq bir-biriga o‘xshasada ular turli oilalarga mansub, mutlaqo boshqa-boshqa o‘simliklar.
Qolaversa, «lola» so‘zida katta jarima va javobgarlik yuki bor. O‘zbekistonning yovvoyi lolalari aksariyat hollarda «Qizil kitob»ga kiritilgan, kamyob va davlat muhofazasidagi o‘simliklar hisoblanadi. Ularni uzish yoki payhon qilish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka olib keladi. Qizg‘aldoq esa tabiatda keng tarqalgan, hatto begona o‘t hisoblangan o‘simlikdir. Ammo uni begona o‘t bo‘lgani uchun bosib yanchish ham tabiatga bo‘lgan zo‘ravonlik. Buni albatta inkor qilmaymiz. Ammo huquqni muhofaza qiluvchi organlar jurnalistning «lolazor payhon bo‘ldi» degan xabariga asoslanib ish ochsa-yu, ekspertiza u yerda oddiy qizg‘aldoq o‘sganini aniqlasa, bu OAVning, ekolog mutaxassislarning professionalligi va obro‘siga qattiq putur yetkazadi. Yana bir tomoni qizg‘aldoqzorni lolazor deb atash orqali OAV jamoatchilikda «ekologik fojia yuz berdi» degan vahimani uyg‘otadi. Bu jurnalistikadagi sensatsiya ketidan quvish illatining bir ko‘rinishi bo‘lib, axborotning aniqlik tamoyiliga ziddir. Natijada madaniyatsizlik va tartibsizlik holati og‘ir ekologik jinoyatdek ko‘rsatiladi.
Ikkinchidan, atamaning «payhon» qilinishi — taqiqning mohiyatini susaytiradi. Jurnalist «Lolazor payhon bo‘ldi» deb bong urganda, o‘quvchi «Demak, lola shunchalik ko‘p va arzon ekan-da, u yerda mashina haydasa ham bo‘laverarkan» degan noto‘g‘ri tushunchaga boradi. Vaholanki, haqiqiy yovvoyi lola tog‘ bag‘ridagi noyob xazina bo‘lib, u yerga nafaqat mashina, balki odamning kirishi ham qat’iy nazoratda bo‘lishi kerak. Nomlarni aralashtirish odamlarda haqiqiy noyob turlarga nisbatan beparvolikni shakllantiradi.
Uchinchidan, bu kasbiy bepisandlik natijasidir. Nega biz «lolaqizg‘aldoqzor» so‘zidan qochamiz? So‘z uzunligi uchunmi yoki lola desak maqola ko‘proq o‘qiladi, yuki og‘irroq bo‘ladi, deb o‘ylaymizmi? Oddiy aholi botanik farqlarni mukammal bilishi shart emasdir, lekin jurnalist yoki ekolog mutaxassislar o‘simlik turini noto‘g‘ri aytishga umuman haqqi yo‘q. O‘rikni shaftoli, olmani olxo‘ri deb atash qanchalik mantiqsiz bo‘lsa, qizg‘aldoqni lola deyish ham katta xato hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, so‘zlarni o‘z o‘rnida qo‘llamaslik shunchaki lingvistik xato emas, balki atrof-muhitga bo‘lgan yuzaki munosabatning ko‘rinishidir. Qizg‘aldoq va lolani chalkashtirish orqali biz noyob tabiat boyliklarimizning qadrini pasaytiramiz va jamiyatda noto‘g‘ri tushuncha shakllanishiga sabab bo‘lamiz. Haqiqiy madaniyat va tabiatni asrash — har bir narsani o‘z nomi bilan atash, har bir so‘z uchun mas’uliyatni his qilishdan boshlanadi.
Unutmang lola boshqa, lolaqizg‘aldoq boshqa, xuddi shaftoli va o‘rikdek…
Yana unutmang, lolazorniyam, qizg‘aldoqzorniyam, oddiy ko‘k o‘t o‘sadigan dalaniyam na mashinada na oyoqlar ostida toptashga hech kimning haqqi yo‘q…
Barno Sultonova
Mahalliy
Bugun tushlik qildingizmi?
Zamonaviy ilmiy tadqiqotlarda faqat nima yeyish emas, balki qachon yeyish ham salomatlik uchun juda muhim ekani ta’kidlanmoqda. Oxirgi yillarda AQSh va Yevropa olimlari tushlikni vaqtida qilish inson organizmi uchun katta ahamiyatga ega ekanini aniqlashdi.
1. Energiyani tiklaydi va ish qobiliyatini oshiradi
Tushlik kunning o‘rtasida organizmga yangi energiya beradi. Uzoq vaqt och yurish esa charchoq, asabiylik va diqqat pasayishiga olib keladi. Olimlar kun davomida muntazam ovqatlanish ish unumdorligini yaxshilashini qayd etmoqda.
2. Miya faoliyati va diqqatni kuchaytiradi
Tushlik qilmagan odamlarda tushdan keyin diqqat tarqoqligi, qaror qabul qilishda qiyinchilik va xotira pasayishi ko‘proq kuzatiladi. Miya glyukozaga muhtoj bo‘lgani uchun tushlik uni qo‘llab-quvvatlaydi.
3. Vazn tashlashga yordam beradi
2024 yilda olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, kaloriyali taomlarni aynan tushlik vaqtida qabul qilish va ovqatlanish vaqtiga e’tibor berish vazn kamayishiga yordam berishi mumkin. Bu degani tushlikni o‘tkazib yuborish emas, balki uni to‘g‘ri vaqtda qilish muhim.
4. Qondagi shakar miqdorini barqaror ushlaydi
Tushlikni o‘tkazib yuborish ba’zi odamlarda kechqurun haddan tashqari ko‘p ovqat yeb qo‘yishga sabab bo‘ladi. Bu esa qonda shakar keskin ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin. Muntazam tushlik metabolizmni barqarorlashtirishga yordam beradi.
5. Kechki ovqatni me’yordan ortiq yeyishni kamaytiradi
Tushlik qilmagan inson kechqurun qattiq och qoladi va ko‘proq kaloriya iste’mol qiladi. Ilmiy kuzatuvlarda bu holat vazn ortishiga olib kelishi aniqlangan.
6. Asab tizimiga ijobiy ta’sir qiladi
Ochlik gormonlari stressni kuchaytirishi mumkin. Vaqtida tushlik qilish esa kayfiyatni barqaror ushlab turishga yordam beradi.
Mutaxassislar tushlikda oqsilga boy mahsulotlar, jumladan, tovuq, baliq, tuxum, loviya, murakkab uglevodlardan grechka, guruch, qora non, sabzavotlar, foydali yog‘lardan zaytun yog‘i, yong‘oq iste’mol qilishni tavsiya qilishmoqda.
Shuni yodingizda tutingki, tushlik qilish — shunchaki qorin to‘ydirish emas. Bu energiya, miya faoliyati, vazn nazorati va metabolizm uchun nihoyatda muhim odat. Zamonaviy xorijiy tadqiqotlar tushlikni o‘tkazib yuborish o‘rniga, uni to‘g‘ri vaqtda va muvozanatli qilishni tavsiya qilishmoqda.
Mahalliy
Ijtimoiy va media loyihalarga start berildi
O‘zbekistonda ijtimoiy taraqqiyot, axborot siyosati va jamoatchilik bilan muloqot sohalarida yangi imkoniyatlar eshigi ochildi. Ommaviy axborot vositalari sohasidagi muhim tuzilma hamda yirik nodavlat tashkilot o‘rtasida imzolangan yangi memorandum kelgusi yirik loyihalarga asos bo‘lishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent tayyorlash markazi hamda nodavlat notijorat tashkiloti — “Renessans” tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish milliy markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur kelishuv mamlakatda ijtimoiy, ta’lim va axborot sohalarida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. Tomonlar aholi hayot sifati va umr davomiyligini oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ekologik muammolarga yechim topish hamda ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qiladi.
Shuningdek, memorandum doirasida zamonaviy media va axborot loyihalarini ishga tushirish, davlat organlari bilan samarali kommunikatsiyani yo‘lga qo‘yish, muhim tashabbuslarni keng jamoatchilikka tezkor va ta’sirchan tarzda yetkazish rejalashtirilgan.
Mutaxassislarning fikricha, bu hamkorlik nafaqat yangi medialoyihalar, balki jamiyat hayotiga real ta’sir ko‘rsatadigan amaliy dasturlarga ham turtki berishi mumkin. Ushbu strategik hamkorlik yaqin vaqt ichida mamlakatda katta o‘zgarishlar va muhim yangiliklarga sabab bo‘lishi kutilmoqda.
Mahalliy
Qashqadaryoliklar — “Media haftalik“ka marhabo!
Qashqadaryoliklar — “Media haftalik“ka marhabo!
Source link
-
Siyosat4 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
-
Siyosat5 days agoSamarqandda narkotiklarning transmilliy tahdidlariga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda
-
Siyosat5 days agoGiyohvand moddalar savdosini moliyaviy tomirlarni kesish orqali to’xtatish mumkin.
-
Siyosat3 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
-
Siyosat4 days agoHukumat mehnat muhojirlariga til oʻrgatish va malaka olish xarajatlari uchun kompensatsiya toʻlashi kerak
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Tramp Eron rahbariyati bilan uchrashishga tayyorligini ma’lum qildi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
