Jamiyat
Kompensatsiya talabi, havo iflosligi va eriyotgan muzliklar. MO yetakchilari eko-sammitda nimalarni gapirdi?
O‘zbekiston prezidenti havo sifati yomonlashishiga qarshi qo‘shnilarni birgalikda kurashishga chaqirdi. Qirg‘iziston rahbari suv infratuzilmasini saqlash xarajatlari uchun qo‘shnilar kompensatsiya to‘lashi kerakligini aytdi. Qozog‘iston yetakchisi Orol fojiasidan saboq chiqarish zaruratini urg‘uladi. Tojikiston peshvosi muzliklar eriyotganidan xavotir bildirdi.
22-24 aprel kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Mintaqaviy ekologik sammit bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy Osiyo yetakchilari suv tanqisligi va ekologik masalalarga doir tashabbuslarni ilgari surdi.
«Markaziy Osiyoda harorat ikki barobar tezroq ko‘tarilyapti»
O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida bugungi kunda ekologik muammolarni global iqlim o‘zgarishlaridan ayri holda ko‘rib chiqib bo‘lmasligini qayd etdi.
«Global isish sur’atlarining tezlashishi davom etmoqda, Markaziy Osiyo mintaqasida esa harorat ikki barobar tezroq ko‘tarilmoqda. Mintaqa muzliklarining qariyb uchdan bir qismi yo‘qoldi, yog‘ingarchilik tartibining beqarorligi kuzatilmoqda, suv resurslari tanqisligi ortib bormoqda. Yer maydonlarining 80 million gektari allaqachon degradatsiyaga uchradi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari ekologik muammolarni yumshatish uchun O‘zbekiston qilayotgan ishlarni sanadi.
«Yashil makon» loyihasi doirasida qariyb 1 milliard tup daraxt va buta ekildi. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ortiq maydonda o‘rmonzorlar barpo etilib, yangi «yashil belbog‘»lar yaratilmoqda. Bizning tashabbusimiz bilan BMT Bosh Assambleyasining «O‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha harakatlar o‘n yilligi» rezolyutsiyasi qabul qilindi», – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Bundan tashqari, suvni tejash borasidagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar natijasida yiliga 10 milliard kub metr suv iqtisod qilinmoqda. Mamlakatimizning generatsiya quvvatlarida «yashil» energetika ulushi allaqachon 30 foizga yetdi, 2030 yilning oxiriga borib esa 50 foizdan oshadi.
Shavkat Mirziyoyev mintaqadagi iqlim va ekologiya muammolarini hal qilish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi:
atmosfera havosining sifati yomonlashayotgan sharoitda «Markaziy Osiyoning toza havosi» davlatlararo konsorsiumini ta’sis etish;
cho‘llanishga qarshi kurashish, qurg‘oqchilikning oldini olish hamda qum va chang bo‘ronlari haqida barvaqt ogohlantirish markaziga mintaqaviy maqom berish;
texnologik o‘tish jarayonlarini tezlashtirish uchun imtiyozli bojxona tartiblari va ekomahsulotlar uchun sertifikatlarni o‘zaro tan olishni nazarda tutuvchi «Markaziy Osiyo yashil savdo yo‘lagi»ni shakllantirish;
Markaziy Osiyo iqlim loyihalarining yagona investitsiya portfelini yaratish;
Biologik xilmaxillikni saqlash uchun «Markaziy Osiyo Qizil kitobi»ni ishlab chiqish;
Markaziy Osiyo atrof-muhitidagi o‘zgarishlarning yagona mintaqaviy atlasi yaratish.
«Issiqko‘l sathi qariyb 14 metrga pasaydi»
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov iqlim o‘zgarishi mintaqa va dunyoda suv resurslari hamda energetika sohasidagi mavjud muammolarni yanada keskinlashtirganiga urg‘u berdi.
«Qirg‘iziston hissasiga global issiqxona gazlari chiqindilarining atigi 0,03 foizi to‘g‘ri keladi. Shunga qaramay, bizning mamlakat nomutanosib ravishda iqlim o‘zgarishi oqibatlarining katta yukini ko‘tarib kelyapti», – dedi Sadir Japarov.
Qirg‘iziston rahbari buni quyidagi raqamlar bilan izohladi:
2020 yildan beri sel va toshqinlar kabi favqulodda vaziyatlar soni uch barobarga oshgan, to‘g‘ridan to‘g‘ri moddiy zarar yiliga taxminan 16 mln dollarni tashkil etyapti;
Qirg‘izistondagi muzliklar maydoni 16 foizga qisqardi;
prognozlarga ko‘ra, 2100 yilga borib mamlakatdagi muzliklarning 80 foizigacha qismi yo‘qolishi mumkin;
so‘nggi o‘n yilliklarda Issiqko‘l sathi qariyb 14 metrga pasaydi, ko‘lga quyiladigan daryolar soni yuztadan o‘ttiztagacha kamaydi;
1968 yildan beri baland tog‘lardagi muzli ko‘llar soni 30 foizga oshgan.
Japarov mamlakati suv infratuzilmasini saqlash uchun katta pul sarflayotgani, biroq qo‘shni davlatlar buning uchun qazilma yoqilg‘i ko‘rinishida kompensatsiya taklif qilmayotganini aytdi.
«Qirg‘iziston hududida shakllanadigan yillik umumiy suv resurslari hajmi taxminan 50 mlrd kub metrga baholanadi. Shundan mamlakatimiz o‘z ehtiyojlari uchun atigi 12 mlrd kub metr suvdan foydalanadi, qolgan 38 mlrd kub metr esa qo‘shni davlatlarga oqib ketadi. Biz Qirg‘izistonda shakllanadigan suv resurslari Markaziy Osiyo davlatlarining qishloq xo‘jaligi, energetika, oziq-ovqat va ijtimoiy-iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashda katta ahamiyatga ega ekanini tushunamiz. Shu bois o‘nlab yillar davomida avvalgi suv taqsimoti limitlarini saqlab kelyapmiz, suvni to‘plash va chiqarib berish xizmatlarini amalga oshiryapmiz, gidrotexnik inshootlarni saqlash va xavfsizligini ta’minlayapmiz, favqulodda vaziyatlardan himoya choralarini ko‘ryapmiz. O‘tgan yil davomida suv xo‘jaligi sohasiga qariyb 80 mln dollar ajratdik. So‘nggi besh yil ichida bu yo‘nalishga davlat budjetidan 259 mln dollar yo‘naltirildi, bu mamlakat yillik budjetining 2 foizini tashkil etadi. Biroq bu mablag‘lar eskirgan infratuzilmani modernizatsiya qilish va samarali, zamonaviy tizim yaratish uchun yetarli emas», – dedi Qirg‘iziston prezidenti.
Japarov mintaqada suv-energetika sohasida o‘zaro manfaatli iqtisodiy tizim joriy etishni taklif qildi.
«Bizning tomonimizdan amalga oshirilayotgan barcha ishlar mohiyatan ekotizim xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lib, ular barcha suv iste’molchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va birgalikda moliyalashtirilishi zarur. Mintaqa davlatlarining yagona kelishuvga erishishi oson emasligi ayon, ammo manfaatlar muvozanatini topish, shuningdek, mintaqadagi suv va energetika resurslarini taqsimlash mexanizmlariga samarali iqtisodiy vositalarni bosqichma-bosqich joriy etish orqali, kompleks yondashuv asosida o‘zaro maqbul yechimlarni ishlab chiqishimiz lozim», – dedi u.
«Orol dengizi hanuzgacha noto‘g‘ri siyosat oqibatlarini eslatib turadi»
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tanlab yondashish ekologiya masalasida ham mutlaqo nomaqbul yondashuv ekanini urg‘uladi.
«Ko‘plab hollarda ekologik kun tartibi turli mintaqa va davlatlarning rivojlanish ehtiyojlari yetarli darajada hisobga olinmasdan shakllantiriladi. Ayniqsa, bu hali ham o‘z iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash bilan band bo‘lgan rivojlanayotgan mamlakatlarga tegishli. Holbuki, rivojlangan davlatlar bugungi ekologik standartlariga uzoq davom etgan industrializatsiya jarayoni natijasida erishgan. Shu sababli global miqyosda yanada ekologik toza modellarga o‘tish adolatli, muvozanatli va rag‘batlantiruvchi bo‘lishi zarur», – dedi u.
Qozog‘iston prezidenti Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqalar quyidagi umumiy ekologik muammolarga duch kelayotganini aytdi:
suv tanqisligi va suv resurslarini samarasiz boshqarish;
cho‘llanish;
muzliklarning erishi;
havoning ifloslanishi;
biologik xilmaxillikning zaiflashuvi.
«Hozirda mamlakatda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining umumiy hajmida qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi 7 foizdan oshdi. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 15 foizdan yuqori bo‘lishi kutilyapti. Neft va gazning yirik ishlab chiqaruvchisi bo‘lib qolayotganimizga qaramay, barqaror energetika maqsadlariga sodiqmiz. Dunyodagi yetakchi uran eksportchilaridan biri sifatida Qozog‘iston uglerodsiz elektr energetikasini rivojlantirishni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Ayni paytda ilk atom elektr stansiyamiz qurilish loyihasini ishlab chiqmoqdamiz va shu bilan birga, ko‘mir elektr stansiyalarini “toza ko‘mir” texnologiyalari asosida modernizatsiya qilyapmiz. Shu jihatdan yirik energetika obektlaridan chiqindilar qariyb 35 foizga kamayishi kutilyapti», – dedi To‘qayev.
Qozog‘iston rahbari oxirgi yillarda Orol dengizida erishilgan yutuqlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
«Orol dengizi hanuzgacha noto‘g‘ri siyosat oqibatlarini eslatib turadi. Shu bilan birga, qat’iy va ilmiy asoslangan choralar orqali nimalarga erishish mumkinligini ham namoyish etadi. Bugungi kunda biz Shimoliy Orolning qariyb 36 foizini tiklashga erishdik – suv sifati yaxshilandi, baliq zaxiralari ko‘paydi va aholi turmush darajasi oshdi», – dedi u.
«14 mingta muzlikdan 1300 dan ortig‘i allaqachon to‘liq erib ketdi»
Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ham mintaqa va Tojikistondagi ekologik vaziyat haqida gapirdi.
«Iqlim va suv masalalari birgalikdagi yechimlarni talab qiladi. Mintaqada muzliklarning tez sur’atlarda erishi, ekotizimlar degradatsiyasi va tabiiy ofatlar soni ortib boryapti. Iqlim o‘zgarishi va suv iste’molining oshishi resurslarga tushayotgan bosimni yanada kuchaytiryapti. Shu jihatdan davlatlararo energetika komissiyasini tashkil etish hamda suv va energiyani tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish kerak», – dedi u.
Tojikiston rahbarining ma’lum qilishicha, mamlakatdagi 14 ming muzlikdan 1300 dan ortig‘i allaqachon erib ketgan. Bu jarayon tezlashib boryapti, natijada suv balansi buzilmoqda va butun mintaqada tabiiy ofatlar xavfi ortyapti.
«Ma’lumki, mamlakatimiz hududida Markaziy Osiyo suv resurslarining 60 foizigacha bo‘lgan qismi shakllanadi. Bu Tojikiston tog‘ ekotizimlarining mintaqa suv ta’minoti va barqaror rivojlanishidagi muhim rolini ko‘rsatadi. Shu nuqtayi nazardan, muzliklarning tez erishi va qor zaxiralarining kamayishi jiddiy xavotir uyg‘otyapti», – dedi Rahmon.
«Suvdan oqilona va adolatli foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratilishi lozim»
Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ranschegaraviy suv resurslaridan oqilona va adolatli foydalanish masalasiga alohida urg‘u berdi. U suv masalalari quyidagi uchta asosiy tamoyil asosida hal etilishi lozimligini ta’kidladi:
suv masalalari bo‘yicha asosiy konvensiyalar va boshqa xalqaro hujjatlarga qat’iy rioya etish;
transchegaraviy daryolar bo‘yida joylashgan barcha davlatlarning manfaatlarini teng hisobga olish;
xalqaro tashkilotlarning, eng avvalo, BMTning keng ishtirokini ta’minlash.
«Turkmaniston BMT homiyligida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Suvdan foydalanish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy kengash tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. Ushbu tuzilma suv sohasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtiruvchi samarali platformaga aylanadi», dedi Berdimuhamedov.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat5 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat4 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Sport5 days ago
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
-
Iqtisodiyot4 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat5 hours ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
