Iqtisodiyot
Elchixona va bosh konsulxonalar eksportni ko‘paytirishda faolroq bo‘lishga chaqirildi
Prezident xorijdagi elchixona va bosh konsulxonalarni eksportni ko‘paytirishga faolroq ko‘maklashishga chaqirdi.
Masalan, bu yilgi meva-sabzavot eksportining 80 foizi 5 ta davlatga – Rossiya, Pokiston, Qozog‘iston, Afg‘oniston va Xitoyga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yilga nisbatan Janubiy Koreya, Vengriya, Malayziya, Polsha, Qozog‘istonga kamaygan.
Buyuk Britaniya, Italiya, Shvetsiya, Yaponiya, Hindiston, Qatarga eksport kutilganidek bo‘lmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Elchixonalardagi savdo maslahatchilarining bu boradagi faoliyati sust ekani qayd etildi.
Elchilarga eksportchi korxonalar bilan birga ishlab, ularga bozor topish, ko‘rgazmalar tashkil qilish, savdo uyi va ombor tashkil qilish, mahsulotiga sertifikat olish kabi masalalarda ko‘maklashish topshirildi.
Yil boshida «meva – hudud – xorijiy davlat» tizimi asosida ishlar tashkil qilingan edi. Shunga qaramay, vazirlik va idoralar, hokimlar haligacha eskicha yondashuv bilan ishlayotgani qayd etildi.
O‘tgan yili meva-sabzavot eksportining 75 foizi may-oktyabrga, ya’ni jahon bozori mahsulotga to‘yingan, narxlar arzonlashgan davrga to‘g‘ri kelgan. Noyabr-martda esa narx 2-3 barobar qimmat bo‘ladi.
Eksportga mas’ullar o‘zi yangilik qilolmasa, tadbirkorlardan o‘rganishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, avval 1 kilogramm olcha 30 sentga ham sotilmagan. Ilg‘or eksportchilarimiz bu yil 9 ming tonna «shok» usulida muzlatilgan olchani 26 million dollarga eksport qilgan. O‘zimizda olcha yetishmagani uchun import qilib, muzlatib, reeksport qilishni ham boshlashgan.
Shuning uchun ham dala chetida eksportbop mahsulotlar, xususan olchani ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.
Joriy yilda 2 ming 600 gektar dala chetiga ekilgan ekinlar suvsizlik sababli qurib qolgan. Jondor, Ohangaron, G‘allaorol, To‘raqo‘rg‘on va Yangibozor tumanlari dala chetida tomchilab sug‘orish bo‘yicha yaxshi tajriba qildi. Viloyat hokimlariga ushbu tajriba asosida ekin qurib qolgan 2 ming 600 gektarda tomchilab sug‘orishni joriy qilish topshirildi.
Shuningdek, meva-sabzavot zamonaviy qadoqda eksport qilinsa, ko‘proq daromad olish mumin. Bu yil hududlarda 16 ta zamonaviy qadoq ishlab chiqarish loyihasi ishga tushdi. Bu yo‘nalishdagi ishlarni kuchaytirish, yil yakunigacha yana 15 ta bunday korxonani ishga tushirish zarurligi qayd etildi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi qimmatlashuvi davom etadi
Markaziy bank 2026-yil 14-iyuldan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 16,89 so‘mga oshib, 12 092,87 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 24,14 so‘mga oshdi va 13 824,57 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 194,77 so‘m bo‘ldi (+0,88).
Rossiya rubli 157,13 so‘m etib belgilandi (-0,19).
Foto: Markaziy bank
Iqtisodiyot
Tadbirkorlar uchun valuta operatsiyalarida yangi yengillik joriy etildi
O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari endilikda ichki valuta bozoridan sotib olingan valuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini qayta sotib olish amaliyotisiz o‘zgartirishi mumkin.
Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarining 28-bandiga kiritilgan o‘zgartirish davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (3281-6-son, 2026 yil 16 iyul).
Amaldagi tartibga ko‘ra, “Valutani tartibga solish to‘g‘risida“gi qonunning 15-moddasiga muvofiq, joriy xalqaro operatsiyalar bilan bog‘liq hollarda chet el valutasini sotib olish yoki sotish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, maxsus valuta hisobvaraqlariga o‘tkazilgan mablag‘lar buyurtmada ko‘rsatilgan maqsadlar uchun sarflanishi shart edi.
Ilgari bir shartnoma doirasida sotib olingan valuta mablag‘laridan boshqa shartnoma bo‘yicha foydalanish zarurati tug‘ilganda, tadbirkorlar ushbu valutani avval bankka sotishi, so‘ngra yangi maqsad uchun qayta sotib olishi talab etilardi.
Yangi o‘zgartirish mazkur jarayonni soddalashtirishga qaratilgan. Endi tadbirkorlik sub’yektlari ichki valuta bozoridan sotib olingan valuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini belgilangan tartibda o‘zgartirishi mumkin bo‘ladi.
Mazkur o‘zgartish tadbirkorlar uchun ortiqcha vaqt va xarajatlarni qisqartirish, shuningdek, valuta operatsiyalarini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Iqtisodiyot
Ingliz tili Toshkent xalqaro moliya markazining rasmiy tili bo‘ladi
O‘zbekistonda «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, markaz alohida belgilangan hududda maxsus huquqiy rejim asosida faoliyat yuritadi.
Qonunda qayd etilishicha, moliya markazining dastlabki chegaralari uni tashkil etishga oid Prezident farmoni bilan belgilanadi. Markaz tomonidan qabul qilinadigan har bir qaror esa kuchga kirishidan avval rasmiy reyestrda e’lon qilinishi shart.
Shuningdek, qonun talablari yoki moliya markazi qarorlariga zid ravishda tijorat yoki moliyaviy faoliyat yuritgan ishtirokchilarga yirik miqdorda jarima qo‘llanilishi belgilandi. Jarima 10 million AQSh dollaridan yoki qoidabuzarlikka asos bo‘lgan bitim yoki faoliyat qiymatining 10 foizidan oshmasligi lozim.
Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq, moliya markazi tuzilmasiga Kengash, Ma’muriyat, Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi hamda Toshkent xalqaro tijorat sudi kiradi.
Markazning har bir organi moliya yili yakunlanganidan keyin to‘rt oy ichida yillik shaffoflik hisobotini e’lon qilishi shart.
Qonunga muvofiq, ingliz tili Toshkent xalqaro moliya markazining rasmiy tili etib belgilandi.
Konstitutsiyaviy qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n kun o‘tgach kuchga kiradi.
Iqtisodiyot
Biznes-ombudsman Toshkent shahar hokimligini ogohlantirdi
O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar huquqlari bo‘yicha vakili (Biznes-ombudsman) Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarning tom qismiga o‘rnatilgan reklama konstruksiyalari demontaj qilinishi bilan bog‘liq vaziyatni nazoratga olganini ma’lum qildi. Idora reklama pasportlari qonuniy kuchida bo‘lgan tadbirkorlarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.
Reklama joyi pasportidan namuna
Nizoli holat yuzasidan avvalroq Kun.uz tarqatgan xabarda aytilganidek, poytaxt hokimligining Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan dizayn kod kuchga kirishi bilan ko‘p kvartirali uylar tomidagi reklama konstruksiyalarini demontaj qilish borasida talabnoma yuborilgan.
Kun.uz’ga murojaat qilgan tadbirkor hokimlik tomonidan 2030 va 2034 yilgacha muddatga berilgan reklama pasportlarining bekor qilinishi noto‘g‘ri ekanini aytgandi.
14 iyul kuni Biznes-ombudsman ushbu masalani nazoratga olganini ma’lum qildi.
“Reklama to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, reklama joyining pasporti — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari tomonidan beriladigan hujjat bo‘lib, ushbu hujjat yuridik va jismoniy shaxslarning tashqi reklama va axborot obektlarini (konstruksiyalarini) unda ko‘rsatilgan yer uchastkasiga, binoga yoki inshootga, mulk shaklidan qat’i nazar, o‘rnatish huquqini tasdiqlaydigan hujjat hisoblanadi.
“Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasiga ko‘ra, manfaatdor shaxslarga majburiyatlar orqali qiyinchilik tug‘dirish, faqat rasmiy qoidalar va talablarga rioya etilishi maqsadidagina ularga huquqlar berishni rad etish yoki ularning huquqlarini boshqacha tarzda cheklash ma’muriy organlarga taqiqlanadi.
Qolaversa, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 41-moddasiga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi”, – deyiladi Biznes-ombudsman bayonotida.
Tashkilot Toshkent shahar hokimligiga reklama pasportlari amalda bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, qabul qilinadigan qarorlarda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilish yuzasidan xulosa kiritgan.
Agar bu jarayonda tadbirkorlarning mulkiy huquqlari yoki qonuniy manfaatlari buzilsa, Biznes ombudsman o‘z vakolatlari doirasida ularning huquqlarini, jumladan, sudlarda ham himoya qilishini bildirdi.
Vaziyat bo‘yicha poytaxt hokimligi va Adliya vazirligining izohi bilan Kun.uz’ning avvalgi materialida tanishishingiz mumkin.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda mehnat ruxsatnomasisiz ishlagan xorijliklar javobgarlikka tortiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Muhokamalarda qayd etilishicha, keyingi yillarda mamlakatda viza berish va xorijiy fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibining soddalashtirilishi, shuningdek, turizm sohasida yaratilgan imtiyozlar natijasida O‘zbekistonga kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni ortib bormoqda.
Shu bilan birga, ayrim xorijiy fuqarolar hamda doimiy ravishda boshqa davlatlarda yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma olmasdan ishlayotgani qayd etildi. Shuningdek, tasdiqnomada ko‘rsatilmagan mehnat turlari bilan shug‘ullanish holatlari ham uchramoqda.
Qonun loyihasiga muvofiq, O‘zbekiston hududida tasdiqnomasiz mehnat faoliyati bilan shug‘ullangan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi taklif etilmoqda. Shuningdek, tasdiqnomada nazarda tutilmagan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanganlik uchun ham javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Loyihaga asosan, mazkur turdagi ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni ko‘rib chiqish vakolati Davlat mehnat inspeksiyasi, ichki ishlar organlari hamda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga berilishi taklif qilinmoqda.
Deputatlar ta’kidlashicha, qonun loyihasi mehnat munosabatlari sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, qonuniy mehnat bozorini shakllantirish hamda fuqarolarning mehnat huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Ushbu qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
-
Siyosat4 days ago
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar amiriga ta’ziya bildirdi
-
Jamiyat4 days agoToshkent metrosiga yana 3 ta zamonaviy poyezd qo‘shildi
-
Dunyodan3 days agoMahmud Ahmadinejod atrofidagi sirli o’yin: “Mossad bilan hamkorlik”
-
Dunyodan4 days ago
Anqarada NATO sammiti boshlandi
-
Iqtisodiyot3 days agotadbirkor va davlat organlari o‘rtasida huquqiy bahs yuzaga keldi
-
Iqtisodiyot2 days agoMarkaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi
-
Sport4 days agoIspaniyada Fransiya milliy jamoasi haqidagi bayonot ortidan siyosiy mojaro avj oldi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Andijonda Belarus texnologiyasi asosida qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqariladi
