Mahalliy
Dunyoni aylangan Boysun madonnasi
Mavzuga kirishishdan avval aytmoqchi edimki, ancha yil muqaddam poytaxt Toshkent hamda viloyatlardan 60 nafardan ziyod mo‘yqalam sohibi qadimiy va hamisha navqiron Termiz shahriga, Surxon zaminiga kelgandi. Ular Termiz Arxeologiya muzeyi, Ro‘zi Choriyev tasviriy san’at galereyasini ko‘rishdi, maxsus tashkil etilgan “Surxon sog‘inchlari”, “Yurtimiz jilolari” ko‘rgazmasi hamda Sherobod san’at maktab-internati o‘quvchilari ijodidan namunalar bilan tanishdilar. Viloyatdagi ijodkor san’at ahli bilan samimiy muloqot va suhbatlar bo‘ldi, ulug‘ qadamjolarimiz ziyorat qilindi. O‘shanda O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining navbatdagi tadbiri ham Termiz shahrida o‘tkazilgan.
Bular barchasi Surxondaryo ahli uchun chin esda qolarli, taassurotlarga boy voqealar hisoblanadi. Badiiy ijodkorlar uyushmasining rais o‘rinbosari, akademik Vladimir Burmakin bildirgan fikrlardan biri, ayniqsa, yodimda qolgan:
– Bundan 40 yil oldin (ya’ni 1965-yil), – degandi o‘shanda musavvir Vladimir Burmakin, – do‘stim Ro‘zi Choriyev bilan Surxondaryoga kelganimda “Boysun Madonnasi” asarimni yaratganman. Hayotimdagi eng mashhur mazkur ishim Surxondaryoda, Boysunda yaratilgan va bunga Ro‘zi sababchi bo‘lgan. U bilan birga bolalar uyida katta bo‘lgan otdoshi Ro‘ziboy degan ajoyib insonning uyida mehmon bo‘lgandik. Boysun madonnasi o‘sha – Ro‘ziboy degan insonning xotini. Yigirma uch yoshida beshta farzandi bor edi. Juda chiroyli, makedoniyalik Iskandarning Ravshanagidan hech ham kam emasdi…
Musavvir so‘zini davom ettirar ekan, yana quyidagilarni bayon etdi: “Bu asarni sog‘inganimda ko‘rgazmaga borishimga to‘g‘ri keladi. Yaqinda mening “Boysun Madonnam” namoyish etilayotgan O‘zbekiston Badiiy Akademiyasining ko‘rgazma zaliga xuddi uchrashuvga borganday bordim. Bu asar dunyoga chiqib ketganiga 40 yildan oshdi. Uni endi kam ko‘raman. Dunyoning o‘nlab mamlakatlarida bo‘ldim, ammo “Boysun Madonnasi” dunyoni menga qaraganda ko‘proq aylanib chiqdi…
Boysunga do‘sti Ro‘zi Choriyev yetaklab kelgan musavvirni bu yerdagi hamma narsa – tog‘ havosi, tomida bolakaylar chopib yurgan yonbag‘ir uylar, hatto tuproq hidi ham hayajonga solardi. Uy egalarining yashash joyi unchalik katta emasdi, yonginada joylashgan molxonaning hidi hatto unga xush yoqqan. Musavvir uy bekasi siymosidan xomaki nusxalar oladi va asarni Toshkentda yozib tugatadi. Bu ayolning portretini Ro‘zi ham chizgan, ammo mazmunan teran asarini keng omma uchun mo‘ljallamagan.
Burmakin Leningradda san’at sohasi oliygohini endigina bitirib kelgan yosh rassom Ro‘zi Choriyev bilan o‘tgan asrning 60-yillari o‘rtalarida tanishgan. Bu uchrashuv ularning hayoti va ijodida ko‘p narsani o‘zgartiradi, Choriyevning bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrati Burmakinga ham yuqadi. Rossiyaning namchil va sovuq shimoliy poytaxtida ta’lim olib qaytgan Ro‘zi o‘zining quyoshli yurti Surxondaryoni, uning ajoyib odamlarini juda ham sog‘ingan edi. Bir paytning o‘zida yilning to‘rt faslini, aytaylik, qishni – tog‘ cho‘qqilarida qo‘nib qolgan qor, bahorni – doimiy yashil alp o‘tloqlari, yozni – jaziramada qaynagan qum va nihoyat kuzni – bog‘-rog‘lar tovlanishida kuzatish mumkin bo‘lgan ana shu o‘lkaga ular birgalikda kelishadi. Sayrob bulog‘i yonida o‘tirib o‘sha mashhur chinorni, Boysunda esa qo‘shiq xirgoyi etib do‘ppi tikayotgan ayollarni chizdilar. Boysun do‘ppisida tabiatda mavjud barcha bo‘yoqlar mujassamini ko‘rdilar: masalan, do‘ppidagi havo rang–osmon, oqlik esa gilosning bahoriy gullari, sariq – yetilayotgan bug‘doy poyalarini eslatib turadi, qizil rang – pishib yetilgan olma qiyosi.
Burmakin boysunlik ayolni Ravshanak bilan qiyoslab chizadi, ammo asari uchun asli tagi Bibi Maryamga borib taqaladigan madonna nomini tanlaydi.
Kartina syujeti oddiy va lo‘nda: milliy libosli yoshgina ayol qo‘lida go‘dagi bilan turibdi. Orqada – xuddi qaldirg‘oya uyasidek bir-biriga tutashib ketgan uylardan iborat qishloq. Onaning ajib bir sehrigiyoga to‘la ma’suma ko‘zlari cheksiz muhabbatni ifodalaydi, ularda shunday mayinlik, munisalik va yana nimalardir borki, pirovard oqibat portretdan ko‘z uzmay to‘xtovsiz qarab qolaverasan, kishi! O‘zbek ayolini, onalikni madh etuvchi qo‘shiq bo‘lib yangraydi u! Mutaxassislar yana bir detalga e’tibor qaratishgan: asarning umrboqiyligini go‘yo his qilgan musavvir o‘z ishini Leonardo da Vinchi uslubida – o‘ngdan chapga qarab imzolab qo‘ygan…
“Boysun madonnasi” 1968-yili Moskvada, Manejdagi Butunittifoq ko‘rgazmasiga qo‘yildi, Gannover (Germaniya) xalqaro ko‘rgazmasiga bordi, Parijning o‘zida uch marta namoyish etildi va barcha joyda zo‘r muvaffaqiyat qozonaverdi.
Mazkur asar haqida internetdan ma’lumot izlab ukamiz, viloyat malaka oshirish instituti prorektori Bahrom Umarov qalamiga mansub “Boysun madonnasi yoxud shaxsi yashirin ayollar haqida afsona” maqolasiga duch keldim. Maqolada yoziladiki, muallif birinchi marta Germaniyaning Drezden shahri muzeylaridan birida xizmat qiluvchi tarjimon qizdan “Boysun Madonnasi” haqida eshitadi. Xorij safaridan qaytib, kartinada aks ettirilgan ayolni topish va u bilan so‘zlashmoq payida bo‘ladi. Ammo Boysunda yaratilgan mashhur asar, akademik Ro‘zi Choriyev bilan bir vaqtlar mehribonlik uyida tarbiyalangan Ro‘zi aka, uning oilasi haqida tayinli biron narsa bilolmaydi. Ammo kunlardan bir kuni tong payti padari buzrukvori uni mahalladagi ta’ziyaga olib boradi va… butun Yevropani hayratga solgan “Boysun Madonnasi” ana shu xonadon sohibi Ro‘zi akaning ayoli ekanini tasodifan bilib qoladi! Bu holat maqola muallifini hayrat aralash ming-ming afsuslarga olib keladi. Sababi oddiy: shundoq yonginada, o‘z mahallasida yaratilgan buyuk asar haqida uzoq Yevropaning qoq markazidagi mamlakatda eshitib qaytgandi u! Uning o‘zi tugul, umr bo‘yi shu yerda shu xonadon bilan yonma-yon yashab kelgan mahalladoshlar ham bundan xabardor emaslar!..
Ayonki, Mikelanjeloning “Madonna Medichi”, Botichellining “Veneraning tug‘ilishi”, Rafaelning “Konstebl madonnasi”, Albrext Dyurerning “Madonna” asarlari yaratilgan paytidan beri asrlar davomida mashhurligicha qolayotir. Leonardo da Vinchining ona va onalikni ulug‘lagan “Mona Liza”si va Rafaelning “Sikstin Madonnasi”si o‘zidagi beqiyos joziba, aks etgan sirli ma’nolari bilan necha zamonlarki, butun dunyoni maftun aylab keladi.
Bu qatorda “Boysun Madonnasi”ning o‘rni qanday!? Uning nigohi ham sirli ma’nolarga to‘la, ko‘zlardagi teranlik, unda aks etayotgan vazmin o‘ylar kishini qamraydi. Razm solinsa, oqshomning g‘ira-shira paytidagi xayoliy holat, quyosh nurlarini o‘ziga yutgan quyuq qora va binafsha ranglar ayolning yuz ifodasiga, asar mantig‘iga kuch beradi, ko‘ngil toshqinligini yorqin ifodalaydi. Ta’sirchan obraz zamirida ma’suma qishloq ayolining barcha iztiroblari mujassam. Farzandini bag‘riga bosgan ayol libosi, an’anaviy kiyim-taqinchoqlari teran xalqchil tomirga ega, milliy xususiyatlar bo‘rtib turadi. Bu siymo o‘zbekning ming yillik madaniyatini, o‘zbek ayolining tug‘ma andishasini namoyon etadi. Musavvir ayol andishasi va mahzun quvonchini birgina kartinada uyg‘unlashtirishning uddasidan chiqqan. Hatto bag‘ridagi bolakay qarashlarida ham onaga dildoshlik va darddoshlik aks etadi. Ushbu asar ayol qalbining sharqona his-tuyg‘ulari, rang-barang zarblari, ruhiy dunyosi, kechagi tarixiy qadriyatini badiiy ifoda ko‘zgusida ko‘z-ko‘z qiladi.
Demak, “O‘zbek ayolining onalik madhiyasi” deya bekorga ta’rif etmaganlar uni muallif Vladimir Burmakinning kasbdoshlari!
Endi “Madonna” so‘zining ma’nosiga e’tibor qaratsak: avvalo, shuni bilaylikki, ona tilimizda bu so‘z shu paytga qadar uchramagan, qo‘llanilmagan va demak o‘zbek tilining lug‘at tarkibida bo‘lmagan, binobarin mustaqillik yillarida yaratilgan besh tomlik o‘zbek tili izohli lug‘atida ham bu so‘zni, tabiiy, ko‘rmaymiz, ya’ni bu – o‘zbek so‘zi emas. Rus tili lug‘atlariga qaraganimizda ham kelib chiqishi bo‘yicha uning rus so‘zi bo‘lmaganligi ayon bo‘ladi. S.I.Ojegovning “Slovar russkogo yazika” kitobi varaqlab ko‘rilsa, “Madonna” termini nasroniylik dinining katolik yo‘nalishida “xudoning onasi” deya tushuntirilganini ko‘ramiz. “Madonna” so‘zi avvalboshdan italyan tilida “bekam”, “oyim”, “xonim” tushunchalarini bildirgan ekan. Milodning 18-asridan boshlab esa bu so‘z ma’noviy o‘zgarishga uchraydi va “tasviriy san’atda xudo onasining ifodalanishi” tushunchasini bildira boshlaydi. Yevropaning Uyg‘onish davri san’ati xudoning onasi obrazini ayol go‘zalligi, bokiraligi, itoatkorligi, o‘zini farzandiga baxshida etgan muqaddas, ulug‘vor, munis volida ekanligini mahorat bilan ifodalaydi. Davr rassomlari ijodida Madonnani tasvirlash borasida fantaziyaga katta erk berilgan va natijada turli xil bitmas-tuganmas murakkab kompozitsiyalar vujudga kelgan. Oxir-oqibat esa bu obrazni yaratish jarayoni ko‘p hollarda diniy motivning yo‘qolib borishi bilan kechadi. Soha mutaxassislari fikriga ko‘ra, bu holat ayniqsa Rafael ijodida boshqa rassomlarga qaraganda juda ham bo‘rtib turadi va o‘zining kuchli ifodasini topadi, ya’ni unda pokiza ayol go‘zalligi va o‘zini go‘dagiga to‘la bag‘ishlagan hamda bolasining kelajak taqdiridan xavf tuygan yoshgina onaning tuyg‘ulari o‘ta nozik tarzda mujassamlashadi.
Madonna obrazini yaratish amaliyoti jahonda hozir ham davom etadi. Zamondosh yorqin shaxslardan ilhomlangan musavvirlar ijodi buni ko‘rsatmoqda. Misollar esa yetarlicha. Pirovardida aytish lozimki, o‘tgan asrning oltmishinchi yillari oxirida ulug‘ miniatyurachi rassom Chingiz Ahmarovning o‘zbek musavvirlari Yevropa maktabi an’analaridan voz kechib milliy zaminga qaytishi lozimligi haqidagi g‘oyasini Ro‘zi Choriyev va Vladimir Burmakin faol qo‘llab-quvvatlaganlari zamirida ularning o‘z vaqtida Boysunda kechgan ana shu ijodiy jarayonlari yotadi desak, hech ham xato bo‘lmaydi.
Bu sizu biz hali yaxshi anglab yetmagan yoki hali zarur ravishda qadrlab ulgurmagan “Boysun Madonnasi”ning yaratilish tarixiga qisqacha ilova edi.
Abdulla Xolmirzayev
Mahalliy
O‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha muhim tadbir tashkil etildi
Bugungi kunda ta’lim tizimida o‘zbek tilini davlat tili sifatida o‘qitish sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada belgilangan vazifalar ijrosi doirasida joriy yilning 24-28-avgust kunlari Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusida respublika o‘quv-seminari tashkil etildi.
Seminarga respublikamizning barcha hududlaridan jami 180 nafar pedagog, xususan, 120 nafar maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 60 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi jalb etildi.
Joriy yilning 24-avgust kuni Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida respublika o‘quv-seminarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov, Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov va Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktor o‘rinbosari Habibullo Nosirov ishtirok etdi.
Ochilish marosimida ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova bugungi seminar sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy metodikalarni amaliyotga keng joriy etish va o‘zbek tilini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
”Mustaqillik bizga nafaqat erkin va farovon hayot qurish, balki milliy tilimiz, madaniyatimiz va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodlarga yetkazish imkonini berdi. Shu ma’noda, bugungi “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusidagi seminar alohida ahamiyatga ega. Chunki til – bu shunchaki muloqot vositasi emas. Til – xalqning tarixi, ma’naviyati va tafakkurini o‘zida mujassam etgan bebaho qadriyatdir. Farzandlarimizga o‘zbek tilini sifatli o‘rgatish orqali biz ularning nafaqat savodxonligini, balki Vatanga daxldorlik hissini, milliy qadriyatlarga hurmatini va jamiyat bilan erkin muloqot qilish qobiliyatini ham rivojlantiramiz. Bu jarayonda, ayniqsa, pedagogning o‘rni beqiyos. Bolada tilga muhabbat uyg‘otish uchun, avvalo, unga erkin gapirish, fikr bildirish va xato qilishdan qo‘rqmaslik imkonini berish zarur. Bugungi seminarda 180 nafar pedagog ishtirok etayotgani ham ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Ishonamanki, bugungi seminar sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy metodikalarni amaliyotga keng joriy etish va o‘zbek tilini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.” – dedi Yuliya Risyukova.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, tashkil etilayotgan seminarlar, yaratilayotgan dastur va metodikalar pedagoglarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
”Millatning taraqqiyoti, eng avvalo, uning tiliga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi. O‘z tilini qadrlagan, unda erkin fikrlay oladigan va o‘z fikrini ravon ifoda eta oladigan avlod milliy qadriyatlarni ham chuqurroq anglaydi. Shuning uchun bolalarimizga o‘zbek tilini o‘rgatish masalasi faqat ta’lim muassasalarining vazifasi bo‘lib qolmasligi kerak. Bolaning tilga bo‘lgan munosabati, avvalo, oilada shakllanadi. Ota-onalar, ayniqsa, onalar bolaning dastlabki nutqi, so‘z boyligi va fikrlash tarzining rivojlanishida katta o‘rin tutadi. Bola bilan o‘zbek tilida ko‘proq suhbatlashish, uning savollariga to‘liq va tushunarli javob berish, ertak, she’r va hikoyalar o‘qib berish juda muhim,” – dedi Sherzod Karimov.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov mashg‘ulotlarda egallangan bilimlar amaliyotga tatbiq etilsa, ular o‘z samarasini beradi. Olingan tajribalar ta’lim muassasalariga, pedagoglarga va eng asosiysi, bolalarimizga yetib borishi lozimligini ta’kidladi.
”Bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar nihoyatda katta. Prezidentimiz tashabbusi bilan yosh avlodga sifatli ta’lim va munosib tarbiya berish, ularning bilim doirasini kengaytirish hamda kelajakda yetuk inson bo‘lib shakllanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bugun pedagoglar uchun ham katta imkoniyatlar mavjud. Ilgari biz o‘rganmagan yoki yetarlicha foydalanmagan metodikalar, tajribalar va bilimlarni egallash imkoniga ega bo‘lyapmiz. Bunday seminar va uchrashuvlar orqali o‘qituvchilar bir-biridan o‘rganadi, o‘z qarashlarini boyitadi va mavjud muammolarga birgalikda yechim izlaydi. Oldimizda hali ko‘plab vazifalar va yechimini kutayotgan savollar mavjud. Ularni hal etish uchun bilim, tajriba, hamkorlik va mas’uliyat talab qilinadi. Eng muhimi, amalga oshirayotgan har bir ishimiz bolalarning kelajagiga xizmat qilishi kerak. Bugungi uchrashuv va mashg‘ulotlarda egallangan bilimlar amaliyotga tatbiq etilsa, ular o‘z samarasini beradi. Olingan tajribalar ta’lim muassasalariga, pedagoglarga va eng asosiysi, bolalarimizga yetib borishi lozim. Shundagina biz bilimli, ma’naviy yetuk, o‘z ona tilini, milliy madaniyati va Vatanini sevadigan yosh avlodni tarbiyalay olamiz.” – dedi Shuhrat Sirojiddinov.
Mazkur o‘quv-seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari o‘zbek tili fani o‘qituvchilari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, ularni zamonaviy metod va vositalardan samarali foydalanishga yo‘naltirishdan iborat.
Seminar davomida umumiy o‘rta ta’lim maktablari pedagoglari uchun o‘zbek tilini o‘qitishning zamonaviy usullari, muloqotga yo‘naltirilgan ta’lim, amaliy topshiriqlar asosida o‘qitish, darslarni rejalashtirish va baholash usullari bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Mashg‘ulotlarda pedagoglar o‘quv materiallarini tahlil qilish, o‘quvchilarning nutqiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlar ishlab chiqish, amaliy mashqlar va muloqotga asoslangan yondashuvlardan foydalanish bo‘yicha tajriba almashdi.
Maktabgacha ta’lim yo‘nalishida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda esa bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatishda o‘yin texnologiyalaridan foydalanish, tabiiy til muhitini yaratish, talaffuz va lug‘at boyligini rivojlantirish usullariga e’tibor qaratildi.
Seminar doirasida “O‘zbek tili” interfaol ta’lim platformasi ham taqdim etildi. Mazkur platforma maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari va pedagoglar uchun o‘zbek tilini o‘rgatish jarayonini raqamli vositalar asosida tashkil etishga xizmat qiladi.
Platformada bolalarning yosh xususiyatlari hisobga olingan holda kichik va o‘rta guruh hamda katta va tayyorlov guruhi uchun alohida o‘quv resurslari shakllantirilgan. Unda mavzuli materiallar, interfaol o‘yinlar, video mashg‘ulotlar va foydalanuvchi uchun yo‘riqnomalar joylashtirilgan.
Mazkur resurslar orqali bolalarning lug‘at boyligini oshirish, og‘zaki nutqini rivojlantirish va o‘zbek tilida muloqot qilish ko‘nikmalarini shakllantirish imkoniyati yaratilgan. Platformada kundalik hayot, oila, tabiat, fasllar, hayvonot olami, kasblar, transport, milliy qadriyatlar, o‘quv qurollari hamda alifbo kabi mavzular bo‘yicha interfaol materiallar mavjud.
Shuningdek, mashg‘ulotlarda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt vositalari va zamonaviy o‘quv resurslaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Ishtirokchilar guruhli ishlar, amaliy topshiriqlar va muhokamalar orqali o‘z metodik yondashuvlarini boyitdi.
Mazkur seminar ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish va davlat tilini o‘qitish samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Seminarni muvaffaqiyatli tamomlagan pedagoglarga tegishli sertifikatlar topshiriladi. Ular “Milliy mentor” sifatida o‘z hududlariga qaytgach, seminar davomida egallagan bilim va ko‘nikmalari hamda o‘zlashtirgan zamonaviy metodikalarni kaskad-kombinatsiyalashgan yondashuv asosida hududdagi boshqa pedagoglarga yetkazish va amaliyotga joriy etish ishlarini davom ettiradi.
Mahalliy
Texnikum bitiruvchisini ishga olgan tashkilotlarga kredit beriladi
Hukumat qarori bilan «Texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom davlat texnikumlari bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibini belgilaydi.
Quyidagi talablarga javob bergan tashkilotlar kredit olish huquqiga ega:
– texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda dual ta’lim bo‘yicha texnikum bilan amal qiluvchi shartnoma mavjud bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilgan bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilarga tashkilotning malakali mutaxassislarini “ustoz” sifatida biriktirgan bo‘lishi;
– dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilgan bo‘lishi hamda ish haqi to‘lashi;
– joriy yilda texnikum bitiruvchisini tashkilotdagi vakant ish o‘rniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan bo‘lishi.
Tashkilotlar dual ta’lim dasturi doirasida kredit olish uchun tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etadi:
kreditni olish to‘g‘risidagi ariza;
ariza beruvchi (tashkilot)larning amalda bo‘lgan tasdiqlovchi hujjatlari;
texnikum va tashkilot o‘rtasidagi hamda tashkilot va o‘quvchi o‘rtasidagi dual ta’lim bo‘yicha shartnoma nusxalari;
dual ta’lim dasturi va dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar ro‘yxati;
tashkilot tomonidan kreditdan foydalanish rejasi;
tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot.
Tashkilotning kredit ajratish bo‘yicha taqdim etgan barcha hujjatlari kreditga layoqatlilik ko‘rsatkichiga muvofiq kelgan taqdirda, tijorat banki 3 ish kunida bu haqda tashkilotga xabar beradi, shartnoma tuzadi hamda uning hisobvarag‘iga kreditni o‘tkazadi.
Mahalliy
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish imkoniyatini beruvchi yangi tartib belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan.
Qarorga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona tartibi joriy etiladi.
Mazkur xizmatlardan foydalanish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda topshiriladi.
10-sinf o‘quvchilarining o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish tartibi alohida belgilanadi. Bu o‘quvchilarga kasbiy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha xulosa berishning yagona tartibi joriy etiladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda mazkur davlat xizmatlarini YaIDXP orqali ko‘rsatish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Bundan tashqari, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur ma’lumotlarni tegishli davlat organlaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratiladi.
Mahalliy
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 30 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu 2015/2016-o‘quv yilidagi 7 taga nisbatan 4,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, o‘n yil ichida mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar soni 23 taga oshgan.
Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni 2005/2006-o‘quv yilida 2 ta bo‘lgan. 2010/2011-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 6 taga yetgan.
2015/2016-o‘quv yilida mamlakatda 7 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyingi besh yilda ular soni yana sezilarli ko‘paygan.
2020/2021-o‘quv yili boshida xorijiy OTMlar soni 18 taga yetgan. Bu 2015/2016-o‘quv yiliga nisbatan 11 taga ko‘pdir.
Shuningdek, 2020/2021-yildan 2025/2026-o‘quv yiligacha xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni yana 12 taga oshgan. Natijada besh yillik davrda ular soni 18 tadan 30 taga yetdi.
Mahalliy
35 yilda O‘zbekistonda maktablar soni 1,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 11 118 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu ko‘rsatkich 1991/1992-o‘quv yilidagi 8 557 ta maktabga nisbatan 1,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, mustaqillikdan keyingi davrda mamlakatdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 2 561 taga oshgan.
Dinamikaga ko‘ra, maktablar soni ayrim davrlarda sekin o‘sgan yoki qisqargan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda barqaror ko‘payish kuzatilgan. 2020/2021-o‘quv yilida ular soni 10 181 tani tashkil etgan.
1995/1996-o‘quv yilida mamlakatda 9 289 ta, 2000/2001 o‘quv yilida 9 726 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
2005/2006-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 9 803 taga yetgan. 2010/2011-o‘quv yilida esa 9 806 ta maktab qayd etilgan. Keyingi besh yilda ko‘rsatkich biroz pasayib, 2015/2016-o‘quv yilida 9 720 tani tashkil qilgan.
2020/2021-o‘quv yilidan boshlab o‘sish yana tezlashgan. 2021/2022-yilda 10 289 ta, 2022/2023-yilda 10 522 ta, 2023/2024-yilda 10 750 ta maktab faoliyat yuritgan.
2024/2025-o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 10 943 tani tashkil etgan. Bir yil o‘tib, bu ko‘rsatkich yana 175 taga oshib, 11 118 taga yetgan.
Shunday qilib, 2020/2021-o‘quv yilidan 2025/2026-o‘quv yiligacha mamlakatdagi maktablar soni 937 taga ko‘paygan.
-
Siyosat4 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat5 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat5 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat4 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat3 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
-
Jamiyat5 days ago
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
