Jamiyat
Dubaydagi mushtlashuvda qatnashgan olti o‘zbekistonlik o‘limga hukm qilindi
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida 2025 yil aprelida O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida ro‘y bergan janjal yuzasidan sud hukmi e’lon qilindi.
Mahalliy nashrlarga ko‘ra, 22 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida sudlanuvchilardan olti nafari o‘lim jazosiga hukm qilingan, yana bir kishiga umrbod qamoq jazosi tayinlangan.
O‘zbekiston TIVdagi manba Kun.uz’ga bergan izohida mazkur ma’lumotni tasdiqlab, hukm yuzasidan apellyatsiya berilishi va jarayon ko‘p yillarga cho‘zilishini ma’lum qildi.
UPD: O‘zbekiston TIV holat yuzasidan aniqlik kiritib, O‘zbekistonning 8 nafar fuqarosi umrbod ozodlikdan mahrum qilingani, yana bir fuqaroga 25 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil aprel oyida ijtimoiy tarmoqlarda Dubay shahridagi yonilg‘i quyish shoxobchalaridan birining hududida o‘zbekistonliklardan iborat ikki jinoiy guruh o‘rtasidagi to‘qnashuv kelib chiqib, bir kishi pichoq zarbasi oqibatida vafot etgani, yana bir kishi komaga tushib qolgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Ko‘p o‘tmay O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi mazkur janjalda ishtirok etishda gumonlanib, 15 nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olinganini ma’lum qilgandi.
Dubay jinoyat qidiruv boshqarmasi «so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzarlik holatlari ko‘payayotgani ikki davlat o‘rtasidagi vizasiz tartibga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi»dan ogohlantirgan, O‘zbekiston TIV esa «fuqarolarni xorijda mamlakat sha’niga dog‘ tushiruvchi harakatlardan tiyilish»ga chaqirgandi.
Mahalliy matbuotda ushbu voqea tafsilotlari paydo bo‘lgan. Unga ko‘ra, oldindan o‘zaro kelishmovchiligi bo‘lgan ikki guruh a’zolari yonilg‘i quyish shoxobchasida uchrashib qolgan. Qizil rangli Mercedes mashinasidan tushgan shaxsning oldiga bir necha kishi yugurib borib uni pichoqlagan. Uning sherigi qochishga uringan, biroq ko‘p o‘tmay uni tutib olishgan va kaltaklashgan.
Voqea joyiga yetib kelgan Dubay politsiyasi hududni o‘rab olgan va mushtlashuv ishtirokchilari qoldirgan buyumlarni musodara qilgan. Kuzatuv kameralari yozuvlari va guvohlarning ko‘rsatmalari voqealar xronologiyasi va ishga aloqador shaxslarning shaxsini aniqlashga yordam bergan. Natijada politsiya amirlikdagi mehmonxonalardan birida mojaro ishtirokchilarini, jumladan, asosiy gumondorlarni qo‘lga olgan.
Keyinroq komadagi shaxs o‘ziga kelmay vafot etgan va mushtlashuv qurbonlari soni ikki nafarga yetgandi.
Dubay politsiyasi o‘z bayonotida amirliklarda bunday holatlar juda kam uchrashi, amirlikning o‘zi esa dunyodagi eng xavfsiz shaharlardan biri bo‘lib qolayotganiga ishontirgan.
Bu voqealardan ko‘p vaqt o‘tmay O‘zbekiston fuqarolarining BAAga kirishida muammolar paydo bo‘ldi. Xususan, iyun oyi boshida futbol bo‘yicha Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida mahalliy milliy jamoaga qarshi uchrashuvni ko‘rishga borgan o‘zbekistonlik muxlislarning bir qismi aeroportda tekshiruvdan o‘ta olmagandi.
Jamiyat
Toshkentdagi “Kislorod” majmuasidagi qo‘shimcha qurilishdan qo‘shnilar norozi
Yakkasaroy tumanidagi “Kislorod” turar joy majmuasi tomida qo‘shimcha qurilma uchun Yakkasaroy tuman Arxitektura va shaharsozlik kengashining xulosasi olingan. Uyda yashovchilar bu qurilishdan norozi. Mulkdorlarning tomdagi tortishuvi sudgacha borgan.
Toshkent shahrining Bo‘rijar ko‘chasida joylashgan “Kislorod” turar joy majmuasida yashovchi fuqarolar binoning tom qismida olib borilayotgan qo‘shimcha qurilish ishlaridan norozi bo‘lib Kun.uz’ga murojaat qilishdi.
«16-qavatdagi 139-xonadon egalari umumiy foydalanish mulkini, tomni o‘zlartirib, uyiga qo‘shib, uyining davomini qilib quryapti. Bu masalani necha marta majlislarga olib chiqqan, doim rad javobini olgan. Quruvchi kompaniya – Murad Buildings bu to‘g‘risida rasmiy xat bergan. Ya’ni tomga hech qanaqa qurilish mumkin emas degan. Bu qo‘shni hamma hujjatlari borligini aytgan. Lekin bu qurilishga ruxsatnoma olish uchun kamida 51 foiz mulkdorlarning ruxsati kerak. Bu to‘g‘risida hech qanday ovoz berish, majlis o‘tkazilmagan va bizdan rozilik olinmagan. Hamma qo‘shnilar nomidan gapiryapman”, – deydi majmuada istiqomat qiladigan Dildora Norqulova.
Aholiga ko‘ra, bu qurilish amalga oshirilsa binoning yong‘in xavfsizligi qismiga putur yetishi mumkin. Qurilish ishlari 24 soat rejimda, kechasi 22:00 dan boshlab ertalabgacha davom etgan paytlar ham bo‘lgani aytildi.
«Ventilyatsiya, livniklar (qor-yomg‘ir suvlarini chiqarish tizimi), yuqori kuchlanishli shitlar kabi barcha muhandislik tizimi tomda joylashgan. 19 fevralda Yakkasaroy tumani qurilish inspeksiyasidan vakil kelib qurilish ishlarini olib borayotgan brigada bilan akt tuzishgan: qurilish ishlari to‘xtatilishi, tom o‘z holiga qaytarilishi haqida. Tomda ochilgan eshik bekitildi. Ular tasdiqlovchi hujjatlarni bermaguncha ish boshlanmasligi haqida akt bor, 3 tomonlama imzo qo‘yilgan. Lekin 13 martdan boshlab boshqaruv kompaniyasidan, aholidan roziliklarsiz ishni boshlab yuborishdi. Qo‘riqlovchilar ularning texnikasini ushlab qololmadi», – deya ta’kidladi yana bir fuqaro.
Murojaatchilar tomdagi bu qurilishning aholiga xavfi katta ekanligini, ular quyosh panellari o‘rnatmoqchi ekanliklarini, ammo bu shaxs tom qismini o‘rab olayotganini ma’lum qilishdi.
Ayni paytda majmua aholisi tahririyatga taqdim etgan hujjatlarga ko‘ra, uy tomida qurilish taqiqlangan. Ammo mulkdor nomidan qurilish ishlarini olib borayotgan o‘zini Hojiakbar Ergashev deb tanishtirgan shaxs buni amalga oshirish uchun biror rasmiy hujjat taqdim etmadi. U hujjatlarni rasmiylashtirish boshqaruv kompaniyasi bir necha bor almashgani va ayrim davrlarda mas’ul direktor bo‘lmagani sababli jarayon to‘liq yakuniga yetmagani bilan izohladi.
“Kislorod” turar-joy majmuasi aholisi qurilishni to‘xtatishni so‘rab qurilishda nazorat inspeksiyasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan. Ammo natija bo‘lmagan.
Ma’lum bo‘lishicha, qurilish uchun Yakkasaroy tumani Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 15.12.2025 yildagi loyiha xulosasi olingan. Boshqaruv kompaniyasi ayni paytda ushbu xulosani haqiqiy emas deb topishni so‘rab sudga ariza kiritgan.
Jamiyat
Bo‘stonliqda ikki kishi mushuklarni qiynab o‘ldirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘stonliqda mushuklar qiynoqqa solingani va o‘ldirilgani aks etgan videolar tarqaldi. Ikki kishi ularni tepgan va miltiqdan o‘q uzgan. Voqea 2025 yil dekabrda sodir bo‘lgan. Aybdorlar aniqlanib, sud qilindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lingani aks etgan videolar tarqaldi.
Kadrlarda bino ichida bir kishi mushukni tepib, unga jarohat yetkazgani aks etgan. Jonivor o‘zini olib qochishga uringan, biroq lavhalarning birida u harakatsiz bo‘lib qolganini ko‘rish mumkin. Shundan so‘ng zo‘ravon uni ko‘tarib, xonadan chiqib ketgan.
Keyinroq kadrda qo‘lida qurol bo‘lgan boshqa bir erkak paydo bo‘ladi. U ham mushuklarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lib, miltiqdan ular tomon bir necha bor o‘q uzadi. Boshqa bir yozuvda esa arqonga osib qo‘yilgan jonsiz mushukni ko‘rish mumkin.
Toshkent viloyati IIBB mazkur holat 2025 yilning dekabr oyida Bo‘stonliq tumani Yangiqo‘rg‘on mahallasidagi mehmonxonalardan birida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti matbuot xizmati Gazeta’ga aniqlik kiritishicha, 2025 yil 27 dekabr kuni ro‘y bergan voqeaga aloqador shaxslar aniqlangan, ularning harakatlari yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, sudga oshirilgan.
Ushbu shaxslar Bo‘stonliq tumanidagi dam olish maskanida ishlovchi fuqarolar – 1993 yilda tug‘ilgan Sh. M. va 1996 yilda tug‘ilgan A. A. ekani ma’lum bo‘lgan. Ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) va 220–1-moddasi (Qurolning qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishi) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
2026 yil 26 mart kuni bo‘lib o‘tgan sud qarori bilan, 33 yoshli (M.Sh.)ga nisbatan MJtKning 111-moddasi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi, 30 yoshli (A.A.)ga nisbatan MJtKning 220(1)-moddasi (Qurolning qonunga xilof muomalasi) bilan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati hayvonlarga nisbatan shafqatiz munosabat uchun qonunchilikda javobgarlik muqarrarligi, ma’muriy jazo qo‘llangandan so‘ng bu kabi harakatlar takroran sodir etilsa, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatgan.
Jamiyat
Toshkentda haydovchi mashinasini piyodalar ustiga haydadi
U bu ishni qasddan amalga oshirgan – jabrlanuvchilar uning sobiq rafiqasi va hamrohlari bo‘lgan.
Toshkent shahrida haydovchi Tracker rusumli avtomobilini piyodalar ustiga qasddan haydab bordi. Toshkent shahri IIBB xabariga ko‘ra, hodisa 26 mart kuni Yunusobod tumani Niyozbek yo‘li ko‘chasida sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, 27 yoshli erkak o‘zining sobiq rafiqasi va uning yonida bo‘lgan shaxslar bilan janjallashib qolgan. Shundan so‘ng o‘z boshqaruvidagi mashinani ularning ustiga haydagan va ularni qasddan urib yuborgan.
Hodisa oqibatida 25 yoshli ayol va uning tanishlaridan biri yengil turdagi turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Idora xabarida voqeaning barcha ishtirokchilari shaxsi aniqlangani, tuman ichki ishlar bo‘limiga olib kelingani, shuningdek, tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgani ma’lum qilingan.
Mazkur holat Ichki ishlar vazirligi va Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan nazoratga olingan.
Jamiyat
Toshkentda AQShga viza olib berish va’dasi bilan 75 ming dollar olgan shaxs ushlandi
Toshkentda AQShga viza olib berishni va’da qilib, 75 ming dollar olgan shaxs ushlandi. Yana bir holatda esa Navoiy viloyatida Bolgariyaga ishga jo‘natish evaziga 3 ming dollar so‘ralgan.
Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti
Toshkent shahrida fuqaroga AQShga borish uchun «biznes viza» rasmiylashtirib berishni va’da qilib, 75 ming dollar olgan shaxs ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Departamentning Sergeli tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Sh. A. go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaro M.O.ga AQShga borishi uchun viza olib berish evaziga pul olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, yana bir holatda departamentning Navoiy viloyati Xatirchi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «T.L.» MChJ rahbari F.Sh. fuqaro J.B.ni Bolgariyaga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan 3 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (Pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Shvetsiyadan 14 nafar o‘zbekistonlik deportatsiya qilindi
Shvetsiyada migratsiya qonunchiligini buzgan 14 nafar O‘zbekiston fuqarosi Toshkentga qaytarildi. Ularning deportatsiya qilinishi ikki davlat vakolatli idoralari hamkorligida amalga oshirildi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur fuqarolar Shvetsiya hududida bo‘lish tartib-qoidalarini buzgani sababli mamlakatdan chiqarib yuborilgan.
Ularni O‘zbekistonga qaytarish jarayoni Shvetsiya va O‘zbekistonning tegishli idoralari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida tashkil etilgan bo‘lib, fuqarolar Toshkent shahriga yetkazilgan.
Rasmiylarga ko‘ra, bu kabi holatlar asosan xorijda qonuniy maqomga ega bo‘lmasdan yashash, vizaviy talablarni buzish yoki belgilangan muddatdan ortiq qolib ketish bilan bog‘liq bo‘ladi.
Mutaxassislar xorijga chiqishdan oldin qabul qiluvchi davlatning migratsiya qonunchiligini puxta o‘rganish, barcha hujjatlarni qonuniy rasmiylashtirish zarurligini ta’kidlamoqda.
Aks holda deportatsiya, qayta kirish taqiqlari va boshqa huquqiy oqibatlar kelib chiqishi mumkin.
-
Siyosat3 days agoIslom bank ishi anʼanaviy foizlarga asoslangan modellardan nimasi bilan farq qiladi?
-
Jamiyat2 days agoO‘zbekistonda taksichilarni aldashning yangi firibgarlik usuli fosh etildi
-
Dunyodan2 days ago
Prezident Tramp Eronga Hormuz boʻgʻozini ochish uchun 48 soat vaqt berdi
-
Dunyodan2 days ago
Eron tarixidagi eng katta banknotalar muomalaga chiqariladi
-
Jamiyat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini hayit bilan tabrikladi
-
Jamiyat21 hours ago
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
-
Jamiyat3 days ago
Namanganda yirik turistik majmua qurilishi boshlandi
-
Siyosat3 days agoO‘zbekiston va AQSh mehnat migratsiyasi bo‘yicha yangi kelishuvga erishdi
