Iqtisodiyot
Dollar gegemonligi zaiflashyapti. Yevro yoki yuan uning o‘rnini bosa oldimi?
AQSh davlat qarzining shiddat bilan ortib borayotgani, siyosiy beqarorlik va savdo nizolari fonida dollarning yetakchilik mavqei pasayib boryapti. Yevropa Markaziy banki yevroni muqobil alternativ sifatida targ‘ib qilayotgan bo‘lsa, Xitoy tomoni yuanning xalqaro to‘lov tizimidagi o‘rnini kengaytirish ustida jiddiy ishlayapti. Global moliya tizimi «ko‘p qutbli» tartibotga qaytyaptimi?
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
2025 yilga kelib dollar gegemonligining pasaya boshlayotgani haqida har doimgidan ham ko‘p gapirilyapti. Iyun oyida Yevropa Markaziy banki prezidenti Kristin Lagard AQSh valutasining global miqyosdagi hukmronligi davom etishini shubha ostiga oldi. Bu esa yevroga moliyaviy maydonda yanada muhim o‘rin egallash imkonini beradi. Xitoy Xalq banki raisi Pan Gunshen ham bir valutaga haddan ortiq bog‘liqlik xavfi haqida ogohlantirish bilan chiqdi. Uning fikricha, gegemon valutani chiqarayotgan mamlakatdagi iqtisodiy muammolar global inqirozga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, bu valuta geosiyosiy keskinlik paytida sanksiya quroliga aylanadi.
«Sog‘lom raqobat zarur», dedi Xitoy Markaziy banki rahbari.
Pan Gunshenning fikricha, so‘nggi yigirma yil ichida xalqaro valuta tizimidagi eng muhim voqealar bu – yevroning joriy etilishi va xitoy yuani kursining o‘sishi bo‘lgan.
TRT’ning yozishicha, Amerika valutasi xalqaro hisob-kitoblar va aktivlarda o‘zining maxsus o‘rnini saqlab qolyapti. Xususan, joriy yilning iyun oyida SWIFT orqali o‘tgan to‘lovlarning 58 foizi dollarda amalga oshirilgan. Yevro bu borada ikkinchi o‘rinda bo‘lsa, yuan esa atigi 3 foiz bilan oltinchi o‘rinni egallagan. Jahon savdosida ham AQSh dollari faol ishlatiladi. 2023 yilda barcha xalqaro shartnomalarning deyarli 40 foizi dollarda imzolangan. Yevroning ulushi ham shuncha, ammo asosan Yevropa Ittifoqi ichidagi va Yevropa–Afrika o‘rtasidagi savdo shartnomalarida. Shuningdek, dunyo markaziy banklari ham AQSh dollarini afzal ko‘radi. O‘tgan yili Markaziy banklarning xalqaro zaxiralarida dollarning ulushi 46 foizni tashkil etgan. Bu yevroda 16 foiz, oltinda 20 foiz.
«Dunyo valuta bozoridagi bitimlarning 88 foizi dollarda amalga oshiriladi», deydi Whitebird birjasi bo‘limi rahbari o‘rinbosari Yan Pinchuk.
Bundan tashqari, butun dunyodagi valuta ayirboshlash operatsiyalarining asosi ham dollarga bog‘langan. Ya’ni «dollar — boshqa valuta» juftliklari bozorning 90 foizidan ortig‘ini egallaydi.
Dollar mavqeyiga ta’sir qilgan omillar
Amerika valutasining maqomi so‘nggi yillarda bir necha bor shubha ostiga olindi. Bu, asosan, 2008–2009 yillardagi jahon moliyaviy inqirozidan beri muhokama qilinadi. Rossiya xalqaro zaxiralarining muzlatilishi, AQSh davlat obligatsiyalari reytingining tushishi kabi omillar bu muhokamalarni yanada kuchaytirdi. Ayrim holatlarda dollar o‘z yetakchiligini yevro va yuanga boy berayotgandek ham tuyulgandi. Shuningdek, Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida boshlangan savdo qarama-qarshiliklari ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi.
Dastlab Xitoy nishonga olingan bo‘lsa, 2025 yilga kelib yuqori tariflar deyarli barcha mamlakatlarga qarshi e’lon qilindi. Shularning fonida AQSh iqtisodiyoti qisman zaiflashdi.
Mamlakatda inflatsiya o‘sishni boshladi — iyul oyida u ko‘rsatkich yillik hisobda 2,7 foizni tashkil etdi. Davlat qarzi esa rekord daraja – 37 trillion dollardan oshdi.
Dollarning raqobatchilari
Ekspertlarning tahlillariga ko‘ra, hozircha dollarning o‘rnini bosadigan boshqa valuta yo‘q. Unga raqobatchi bo‘la oladiganlar – faqat yevro va yuan. Ammo har ikkisida ham kamchiliklar bor.
Yevro. Dunyo savdosining qariyb 14 foizi Yevropa Ittifoqiga to‘g‘ri keladi. YeI 72 ta mamlakatning asosiy savdo hamkori bo‘lib, ularning iqtisodiyoti jahon YaIMning 40 foizini tashkil etadi. Bu esa yevrodan hisob-kitoblarda foydalanish uchun katta afzallik beradi.
Kristin Lagardning ta’kidlashicha, yevro maqomini mustahkamlash sezilarli foyda keltiradi. Ammo, bu o‘z-o‘zidan amalga oshmaydi. Avvalo, Yevropaning iqtisodiy barqarorligi, huquqiy tizimi va institutlar birligini kuchaytirish kerak. Bundan tashqari, Yevropaning geosiyosiy nufuzini oshirish ham zarur.
«Investorlar, ayniqsa katta investorlar, xavfsizlik bo‘yicha ishonchli hamkorlardan kafolat izlaydi. Ular kuchli siyosiy va harbiy ittifoqlarga ega mintaqalarga sarmoya kiritishni afzal ko‘radi», – deydi Lagard.
Ekspertlar fikricha, raqamli yevroga ham katta umid bog‘lash kerak emas. Bu yevroittifoq pulining barqarorligini oshiradi, ammo asosan ichki bozorda. Afzalliklari – to‘lov tizimining ishonchliligini oshiradi, oflayn operatsiyalar imkoniyatini kengaytiradi va pul aylanishi ustidan nazoratni kuchaytiradi. O‘z navbatida riskli jihatlar ham bor: omonatlarning banklardan chiqib ketishi, texnik xarajatlarining oshishi va talabning noaniqligi. Shuningdek, xalqaro hisob-kitoblarda ham ta’siri cheklangan bo‘ladi. Shu jihatdan mukammal huquqiy asos va transchegaraviy infratuzilmasiz raqamli yevro tezda kuchlar muvozanatini o‘zgartira olmaydi.
Yuan. Xitoy milliy valutasi ham dollarning o‘rnini bosish darajasiga hali chiqmagan. Xalqaro Valuta Jamg‘armasining ma’lumotiga ko‘ra, yuanning global ulushi 1 foizdan oshmaydi.
Buning bir necha sabablari bor. Asosiy sabab — yuan uchinchi davlatlar o‘rtasidagi to‘lovlarda ishlatilmaydi. Masalan, Braziliya va Argentina o‘zaro hisob-kitobni dollarda amalga oshiradi, yuandan esa faqat Xitoy bilan savdoda foydalaniladi. Shunday bo‘lsa-da, oxirgi yillarda Xitoy hukumati qator muvaffaqiyatli ishlarni amalga oshirdi.
The Economist’ning yozishicha, rasmiy Pekin o‘zining tovar va xizmatlar savdosida yuandan ko‘proq foydalanishni boshladi — hozirda bu ko‘rsatkich 30 foizdan oshgan, 2019 yilda 14 foiz edi. Pekin barcha transchegaraviy tushumlarining 50 foizidan ko‘prog‘ini yuan orqali amalga oshiradi — bu ko‘rsatkich 2010 yilda atigi 1 foiz bo‘lgan.
Siyosatchilar yuanning ichki va tashqi bozorlarda barqaror aylanishini xohlashadi. Bu esa xorijdagi yuan savdosini kuchaytiradi va chet elliklarning valutaga kirish qulayligini yaxshilashi kerak. May oyida mamlakat regulyatori yirik banklarga savdoni osonlashtirish uchun ajratilgan kreditlarning kamida 40 foizi yuanda bo‘lishi kerakligi bo‘yicha topshiriq beradi.
Aylanmani oshirish uchun Xitoy rasmiylari savdo sheriklarini yuanni to‘lov vositasi sifatida qabul qilishga undamoqchi. Ularga yuan majburiyatlarini taklif qilish bu borada asosiy vositaga aylangan. FZT tadqiqotchilari tomonidan may oyida e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, Rossiyaga sanksiyalar qo‘yilganidan so‘ng, Xitoy banklari xorijga yangi kreditlarini deyarli to‘liq dollardan yuanga o‘tkazgan. Ilgari bu ko‘rsatkich faqat 15 foiz bo‘lgan. Natijada yuandagi kreditlari uch baravar oshgan.
Xitoy o‘z moliyaviy infratuzilmasini ham mustahkamlashni boshlagan. Endilikda Pekin boshqa davlatlar bilan dollar tizimidan foydalanmasdan turib ham tranzaksiyalarni amalga oshira oladi. Bunga raqamli yuan, QR kod orqali to‘lovlar va eng muhimi – SWIFT tizimiga o‘xshash CIPS yordam beradi. Atlantic Council tahlilchisi Josh Lipskiyga ko‘ra, Xitoy banklari SWIFTʼdan mustaqil ishlay olgani uchun yuan orqali xalqaro to‘lovlar statistikada kamroq ko‘rsatilayotgan bo‘lishi mumkin.
CIPSʼga butun dunyo bo‘ylab 1700 dan ortiq bank a’zo bo‘lgan — bu Ukraina urushidan oldingi davrga nisbatan uchdan bir qismga ko‘p. Birgina 2024 yilda tranzaksiyalar hajmi 43 foizga o‘sib, 24 trln dollarga yetgan. Shuningdek, 33 ta bozorda yuandagi to‘lovlarining hisob-kitobini amalga oshiruvchi kliring banklar ish boshlagan. Xususan, bu ro‘yxatga joriy yilda Turkiya va Mavrikiy ham qo‘shildi. Iyun oyida Xitoy BAA bilan Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi CIPS tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.
Shunday bo‘lsa-da, Xitoydagi pul oqimi ustidan saqlanayotgan qat’iy nazorat yuanning xalqaro valutaga aylanishiga asosiy to‘siq bo‘lib qolyapti.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot1 day ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat1 day ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat1 day ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
