Jamiyat
Denovda gaz quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘ldi
Surxondaryo viloyati Denov tumanida joylashgan avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida portlash va yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa joyiga qutqaruv xizmatlari tezkor yetib borib, yong‘inni o‘rab oldi, bartaraf etish ishlari davom etmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 7 aprel kuni soat 08:24 da «112» tizimi orqali Oqtom mahallasidagi gaz quyish shoxobchasida «KAMAZ» rusumli propan gaz tashuvchi maxsus avtomobildan sig‘imga gaz quyish vaqtida chaqnash yuz bergani haqida xabar kelib tushgan.
Qutqaruv bo‘linmalari hodisa joyiga soat 08:39 da yetib borib, yong‘in soat 08:42 da o‘rab olingan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga texnologik jarayonning buzilishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Hozirda mutasaddi idoralar tomonidan voqea sabablari o‘rganilmoqda.
Jamiyat
Andijonda 1 mlrd so‘mlik gaz o‘g‘irlandi: prokuratura tergov boshladi
Andijon shahrida 1 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon shahri bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.Unda YaTT M.A. aholiga xizmat ko‘rsatish binosini tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, jami 1 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Orzular ota-onaning hamyoniga bog‘liq bo‘lmasligi kerak: Tursunoy Usmonovaning hikoyasi
Ba’zida hayot bizga eshiklarni ochadi, lekin ulardan kirish uchun “yo‘llanma” bermaydi. 2014 yilda beshta xorijiy universitetga o‘qishga kirib, ammo moddiy yetishmovchilik sababli uyda qolgan o‘zbek qizining hikoyasi bugun yuzlab yoshlar uchun dunyo darvozasini ochib beruvchi katta loyihaga aylandi. Tursunoy Usmonova bilan suhbatimiz — yiqilishlar, besh yillik sabr va ta’limdagi “tiklangan adolat” haqida.
2014 yil: Beshta “Ha” va bitta og‘riqli “Yo‘q”
Tasavvur qiling, siz 18 yoshdasiz. Orzularingiz osmon qadar baland. Tunlarni kitob ustida o‘tkazib, Germaniyaning eng nufuzli beshta universitetidan qabul xatlarini olasiz. Amerika va Koreyadan ham xushxabarlar keladi. Har bir elektron pochta xabari — bu yangi hayot, yangi dunyo va yorqin kelajak va’dasi. Ammo bu xursandchilik uzoqqa cho‘zilmaydi.
“O‘sha damlarni eslasam, ham quvonch, ham achchiq bir bo‘shliqni his qilaman,” — deydi Tursunoy Usmonova. “Pochtamga kelgan ’Congratulations!’ degan yozuvlarni ko‘rib sakrab quvonganman. Ammo keyin sukut boshlangan. Chunki o‘qishga kirish — bu yo‘lning bor-yo‘g‘i 10 foizi ekanini o‘shanda tushunganman. Qolgan 90 foizi — mablag‘, chipta, viza va turar joy edi.”
2014 yilda O‘zbekistonda bugungidek axborot oqimi yo‘q edi. Telegram kanallari, YouTube’dagi grantlar haqidagi gidlardan asar ham yo‘q edi. Tursunoy o‘zi kabi oddiy oiladan chiqqan qiz qanday qilib to‘liq grant yutishi mumkinligini o‘rgatadigan bitta ham mentor topa olmagan. Ota-onasining esa Germaniyadagi kontrakt va yashash xarajatlarini to‘lashga imkoni yo‘q edi.
Bu Tursunoy uchun shunchaki omadsizlik emas, balki shaxsiy fojia edi. U o‘z salohiyati borligini bilar, lekin tizimdagi tushunarsiz “moliyaviy devor” uning yo‘lini to‘sib qo‘ygandi. Natijada, Germaniya universitetlari o‘rniga u Toshkent axborot texnologiyalari universitetining (TATU) Axborot xavfsizligi yo‘nalishiga hujjat topshirishga majbur bo‘ladi.
Besh yillik sukunat va ichki kurash
TATUda o‘qish yomon emasdi, ammo “boy berilgan imkoniyat” hissi Tursunoyni tinch qo‘ymasdi. Ko‘pchilik bunday vaziyatda taqdirga tan berib, oqim bo‘ylab suzishni tanlaydi. Ammo Tursunoy boshqacha yo‘l tutdi. U besh yil davomida har kuni ingliz tilidagi xalqaro forumlarni titdi, xorijiy universitetlarning talablarini sinchiklab o‘rgandi.
“Besh yil davomida men rad javoblari bilan do‘stlashdim. Har bir ’reject’ (rad javobi) menga nimanidir o‘rgatdi. Birida motivatsion xatim bo‘sh edi, boshqasida moliyaviy hujjatlarni noto‘g‘ri to‘ldirgan edim. Lekin men taslim bo‘lmadim. Bilardimki, qayerdadir baribir o‘sha men qidirayotgan ’too‘liq imkoniyat’ bor,” — deya ta’kidlaydi qahramonimiz.
Bu yillar davomida u nafaqat o‘qidi, balki IT sohasini mukammal o‘rgandi. Python, C++, Java kabi dasturlash tillarini o‘zlashtirib, mantiqiy fikrlashini charxladi. Ammo uning asl missiyasi baribir ta’lim sohasida edi.
Global UGRAD: Muzlarning erishi
Nihoyat, 4-kursda, ko‘pchilik o‘qishni bitirib ishga kirish haqida o‘ylayotgan bir paytda, Tursunoyning pochtasiga uzoq kutilgan xabar keldi. U AQSh Davlat departamentining eng raqobatbardosh dasturlaridan biri — Global UGRAD finalchisiga aylangan edi.
Bu dastur shunchaki o‘qish emasdi. Bu — Amerika hukumati tomonidan to‘liq qoplanadigan (o‘qish, aviachipta, turar joy, oylik stipendiya) mo‘’jiza edi. Tursunoy Amerikaning Grand Valley State University universitetiga yo‘l oldi.
U yerda u birinchi marta haqiqiy akademik erkinlikni, talaba markaziy figura bo‘lgan ta’lim tizimini va eng muhimi — xalqaro standartlarni ko‘rdi. “Men Amerikada kutubxonaning ichida yashashga tayyor edim. U yerdagi har bir resurs, har bir laboratoriya menga 2014 yildagi yo‘qotilgan yillarimning o‘rnini to‘ldirish uchun berilgandek edi,” — deb xotirlaydi Tursunoy.
Adliya vazirligidan “American Councils”gacha
O‘zbekistonga qaytgach, Tursunoy o‘zgarib bo‘lgan edi. U endi shunchaki “aqlli talaba” emas, balki tizim qanday ishlashini tushunadigan mutaxassis edi. U o‘z faoliyatini Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligida axborot texnologiyalari bo‘yicha bosh mutaxassis sifatida boshladi.
Ammo ichki intilish uni baribir ta’limga qaytardi. Tursunoyning American Councils for International Education (Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari) tashkilotidagi faoliyati uning hayotidagi eng muhim burilish nuqtalaridan biri bo‘ldi. Bu yerda u xalqaro dasturlarni (UniCEN, FEP, FLEX) muvofiqlashtirar ekan, tanlov jarayonlari qanday kechishini, xalqaro komissiya nomzoddan nimalarni kutishini ichkaridan o‘rgandi.
Ukasining orzusidan yuzlab talabalar muvaffaqiyatigacha
Tursunoyning loyihasi shunchaki oilaviy yordamdan boshlangan. 2020 yilda uning ukasi “Men ham Amerikada o‘qimoqchiman,” deganida, Tursunoy barcha tajribasini unga sarfladi. Natija esa hayratlanarli bo‘ldi: ukasi birdaniga 15 ta universitetdan grant yutdi.
Bu xabar tarqalgach, Tursunoyga murojaatlar ko‘payib ketdi. Shu tariqa “T&T Progress” loyihasi dunyoga keldi. Bugun ushbu loyiha yoshga dunyoning Top-300 taligiga kiruvchi universitetlarga kirishda yordam bermoqda. Natijalar esa zalvorli: Harvard (magistratura), Carnegie Mellon, University of Toronto, Boston University, NYU kabi nufuzli dargohlarga qabul va El-Yurt Umidi, Fulbright, Chevening grantlari sohiblari.
Gap shunchaki o‘qishga kirishda ham emas. Loyiha talabalari qo‘lga kiritayotgan “full ride” (to‘liq qoplovchi) grantlar miqdori 280,000 dan 320,000 AQSh dollarigacha yetmoqda. Bu mablag‘lar kontrakt, aviachipta, yashash va tibbiy sug‘urtani to‘liq o‘z ichiga oladi.
Tiklangan adolat falsafasi
“Agar bola iqtidorli bo‘lsa-yu, faqat puli yo‘qligi uchun o‘qiy olmasa — bu adolatsizlik. Orzular ota-onaning cho‘ntagiga qarab belgilanmasligi kerak,” — deydi Tursunoy qat’iyat bilan.
Tursunoyning o‘zi ham magistraturani “El-yurt umidi” granti asosisa Webster universitetida MBA yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. U bugun nafaqat mentor, balki IT sohasini biladigan, uchta tilda erkin gaplashadigan va xalqaro biznes boshqaruvi bo‘yicha mutaxassis — zamonaviy o‘zbek ayoli timsolidir.
Kelajak rejalari:
Hozirda u EdTech sohasida yangi loyihalar ustida ishlamoqda. Maqsad — sun’iy intellekt yordamida har bir o‘quvchining qobiliyatini aniqlash va unga eng mos universitetlarni topib berish.
“2014 yilda men yig‘laganman. Bugun esa mening talabalarim quvonchidan yig‘layapti. Mana shu mening eng katta g‘alabam,” — deydi u samimiy tabassum bilan.
Xulosa o‘rnida:
Tursunoy Usmonovaning hikoyasi — bu o‘z vaqtida berilmagan imkoniyat uchun dunyodan o‘ch olish emas, balki o‘sha imkoniyatni boshqalarga yaratib berish orqali dunyoni yaxshilash hikoyasidir. Esda tuting: ba’zida eng katta yiqilish — eng baland parvoz uchun tramplin bo‘ladi.
Asror MIRZO tayyorladi
Jamiyat
Prezident Buxoroning yangi ma’muriy markazi bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahriga tashrifi davomida Buxoro viloyatining yangi ma’muriy markazida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Majmua Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida sinovdan o‘tgan boshqaruv organlarini integratsiyalash tajribasining davomidir. U yerda 38 ta davlat idorasi bir joyda jamlanib, aholi uchun katta qulaylik yaratilgan. Avvallari turli yumush bilan olis masofalarni bosib, boshqa tuman idoralariga qatnagan fuqarolar barcha xizmatlarni o‘ziga yaqin joyda olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Prezidentimiz o‘tgan yili Ko‘kdalaga tashrifi chog‘ida bunday yondashuv barcha tumanlar uchun namuna ekanini ta’kidlagan edi. O‘tgan davrda boshqa hududlarda ham ushbu tajriba asosida bunyodkorlik ishlari boshlangan.
Xususan, Buxorodagi ma’muriy markaz 14 gektar maydonni egallagan bo‘lib, birinchi bosqichda viloyat va shahar hokimliklari, viloyat prokuratura hamda ichki ishlar boshqarmalari kabi davlat idoralari bir hududda jamlangan. Bu, eng avvalo, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining o‘zaro muvofiqlashuvini yaxshilash, murojaatlar bilan ishlashni tezlashtirish va davlat xizmatlari sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Majmua faqat ma’muriy binolardan iborat emas. Bu yerda fuqarolarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun xiyobonlar, favvoralar va yashil hududlar barpo etilmoqda.
Prezidentimiz viloyat hokimligining yangi binosidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Odamlarga qulaylik yaratish, fuqarolar turli masalalar yuzasidan har xil manzillarga borib yurmasdan, zarur xizmatlarni bir hududning o‘zida olishini ta’minlash maqsadida davlat idoralarini yagona ma’muriy markazlarga birlashtirish ishlarini izchil davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbariga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholiga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi.
Jumladan, banklar tomonidan sun’iy intellektdan foydalangan holda hudud va mahallalar kesimida tahlil o‘tkazilib, Buxoro tumani misolida o‘sish nuqtalari aniqlangani haqida axborot berildi. Bu tahlillar yer, suv, mehnat resurslari, bozor talabi, infratuzilma va mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini o‘zaro bog‘liq holda baholash imkonini berdi. Natijada Buxoro tumanida agrobiznes, turizm, sanoat va yo‘l bo‘yi xizmatlari eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilangan.
Xususan, 15 ming gektar yerni o‘zlashtirish, 500 gektar yangi uzumzorlar barpo etish, enoturizmni kengaytirish, shuningdek, neft-gaz, kimyo, qurilish va oziq-ovqat tarmoqlarida yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 2026–2031 yillarda ushbu yo‘nalishlarda 7,4 trillion so‘mlik loyihalarni amalga oshirish va 15 mingta yangi ish o‘rni yaratish mumkin.
Shuningdek, tumandagi 36 ta mahallani 6 ta drayver yo‘nalish – uzumchilik, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, bog‘dorchilik, turizm va servisga ixtisoslashtirish mumkinligi qayd etildi. Loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida mahallalar uchun resurs bazasini shakllantirish, biznes-rejalarni avtomatik tayyorlash, mablag‘lar harakati va natijalarni real vaqt rejimida nazorat qilish bo‘yicha sun’iy intellekt asosidagi yechimlar ishlab chiqilmoqda.
Prezidentimiz sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanib, har bir hududning salohiyatini ochish, loyihalarni natijaga qaratilgan holda shakllantirish va aholi bandligi hamda daromadini oshirishga xizmat qiladigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi.
Jamiyat
O‘zbekistondagi yagona ovchi ayol yoki Buxoro cho‘lidagi «dunyo»
Buxoroda hali qish uyquga ketmay turib, har yili turistik mavsum erta boshlanishi ko‘pchilikka ayon. Aprel oyi kirmasdanoq, Buxoro shahrining eski shahar ko‘chalari xorijlik sayohlar bilan gavjumlashib qoladi. Xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi har jihatdan izchil rivojlangan, sharoitlar kengaygan.
Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi sayyohlarning asosiy e’tibor markazida, ayniqsa, qadim tarixiy obidalaru, buyuk shaxslar tomonidan bino bo‘lgan inshootlarga talab yuqori.
Bugun esa shahar markazidagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarining hayratlanarli darajada bo‘y ko‘rsatayotganiga emas, turizm salohiyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazayotgan G‘ijduvon tumanining Qizilqum bag‘irlariga yondosh «Oltinsoy» maskani haqida so‘z yuritsak. Eslatib o‘tamiz, cho‘l bag‘rida barpo etilgan bu yashil maskan dam olish manzili emas, balki, yangi turizm o‘chog‘idir.
Tuman markazidan, qariyb, 20 kilometrcha uzoqlikda joylashgan «Baraka» cho‘l massivida joylashgan bu maskanning umumiy maydoni 28 gektardan iborat. Bir qarashda, «cho‘l», deganda, ko‘z o‘ngingizda quruq va sukutga cho‘mgan manzara paydo bo‘ladi. Ushbu manzil esa bu tasavvuriningizni mutlaqo o‘zgartiradi.
Cho‘lning ushbu ko‘ngilochar maskanida ov qilish, kamondan va miltiqdan otish, otda sayr, gastronomik turizm yuqori. Ovul hayotiga oid milliy namunada qurilgan o‘tovlar va ulardagi tuya suti, hududda tuyaqush parvarishi yo‘lga qo‘yilgani kishini befarq qoldirmaydi.
Ayniqsa, cho‘l hududidagi 5 gektar maydonda suv havzasining bunyod etilayotgani, unda baliq ovlash, xushmanzara joylarni tomosha qilish, ot va tuyalarda sayr etish mumkinligi odamni shoshirib qo‘yadi.
Cho‘l bag‘ridagi yashil olamning had-hududsizligi ko‘zlaringiz qirida qoladi. «Kimning mehnati ekan?»-deysiz beixtiyor.
– O‘zbekistondagi yagona ovchi ayol haqida eshitganmisiz?
– Ha, albatta, Iqlima Jo‘rayeva-da!-deymiz o‘ylab turmay, qiziqishimiz ortib.
– Yashang!-deydi hamkasb suhbatdoshimiz Ramazon Bekmurodov. So‘ng yana so‘zida davom etib: – bu manzil shu ovchi ayolning amalga oshirgan loyihasi mevasi. Bundan bir necha yil ilgari qiymati 1 milliard so‘m va USAID homiyligida ajratilgan 31 ming AQSh dollari evaziga boshlangan ushbu loyihani opa yillar davomida izchil rivojlantirdi. Uzoq cho‘l massividagi haqiqiy ekoturizm markazi – «Oltinsoy»ning barpo etilishida shu ovchi ayol bosh-qosh bo‘ldi. Milliy va zamonaviy turizm imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirdi. Xullas, opa halol peshona teri evaziga mehnat qildi.
Mazkur cho‘l zonasida 40 mingga yaqin turli-tuman ko‘chatlar o‘tqazilgan. Ko‘chatlar ham vodiyning eng serhosil viloyatlaridan keltirilgan ekan. Shu yashil olam orasida yurtalarning o‘rnatilgani xuddi sizni ertaklar olamiga boshlaydi.
– Buxoroni ko‘pincha huu-uv, dunyoning chekkasidan kelganlar ham «cho‘l va issiq, tuprog‘i sho‘r», deyishadi. Yo‘q. Men Buxoroning farzandi sifatida o‘sha cho‘lda yam-yashil dunyo yaratdim. Kuch-quvvatim bilan harakat qildim. Toki, Buxoroni dunyo bilsin va tanisin: bu yurt tomirlari yashil olamga tutashligini,-deydi ekomaskanga tikilib Iqlima Jo‘rayeva.
O‘z hayotini tabiat qo‘ynida, tog‘ va cho‘llar bag‘rida o‘tkazgan yagona mohir ovchi ayol, tadbirkor va «Shuhrat» medali sohibasi Iqlima Jo‘rayeva bilan qisqa suhbatda bo‘ldik.
– Cho‘l bag‘ridagi yashil olam kishini befarq qoldirmaydi. Bu loyihani boshlash g‘oyasi qanday paydo bo‘lgan?
– Bolaligimdan tabiatga mehrim baland edi. Quruq, jim-jit cho‘lga qarab: «nega bu yerda hayot qaynamasligi kerak?» degan savol ko‘nglimda ko‘p bor uyg‘ongan. Keyinchalik tushundimki, tabiatga mehr bilan yondashsangiz, u sizga, albatta, javob qaytaradi. Shu fikr menga kuch berdi. Bu loyihani o‘zimning orzu va sabrlarimning natijasi, desam ham bo‘ladi. Bundan tashqari, ko‘pchilik odamlar cho‘lga qarab, «cho‘lda hech narsa bo‘lmaydi», deyishadi. Men esa aksincha, imkoniyatni ko‘rdim. Tabiatni asrab, shu bilan birga odamlarga uni his qilish imkonini berishni istadim.
– Eng katta qiyinchilik nimada bo‘ldi?
– Bilasizmi, eng katta qiyinchilik nimada? Avvalo, odamlarni «Cho‘lni yashnataman», degan shijoatingizga ularning ishonmasligida. Keyinchalik qiyinchilik esa suv masalasi va iqlim. Daraxt ekish, uni parvarishlash masalasi bu yerda juda katta mehnat talab qiladi. Lekin, o‘ziga ishongan inson uchun esa to‘siq yo‘q. Men hammasini qiyinchilik emas, sinov, deb qabul qilganman.
– Siz O‘zbekistondagi yagona ovchi ayolsiz! Ovchilik sizning-cha, bu tanlovmi yoki taqdir yo‘limi?
– Men tutgan yo‘l ham taqdir, ham tanlov yo‘li. Tanlov deganim, har kim ham bunday yo‘lni tanlamaydi. Lekin, shu bilan birga, taqdir ham bor. Agar qalbingizda tabiatga yaqinlik, jasorat va sabr bo‘lmasa, bu yo‘lda yura olmaysiz. Men o‘zimni shu sohada topdim, shuning uchun bu men uchun ham tanlov, ham taqdir.
Iqlima Jo‘rayevaning aytishicha, so‘nggi yillarda tabiatdagi muvozanat sezilarli darajada o‘zgargan. Qishlar yumshoqlashgan, yozlar esa yanada issiq va quruq bo‘lib bormoqda. Bu esa hayvonot dunyosiga ham, o‘simliklarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
– Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash har bir insonning kundalik hayotidan boshlanishi kerak. «Hech narsa bo‘lmaydi», degan joyda hayot qaynaydi,- deydi u.
Tabiat bilan hamnafas, yashil olam bilan o‘zini egiz bilgan tadbirkor tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu ekomaskan bugun minglab sayyohlarni bag‘riga chorlab, mahalliy aholi uchun ham daromad manbai bo‘lmoqda. Ayni paytda bunda 20 nafarga yaqin ishchi doimiy bandlikka ega.
Kelgusidagi rejalarida cho‘l hududini xalqaro darajadagi ekoturizm nuqtasiga aylantirishni, O‘zbek cho‘lining go‘zalligini dunyo ahli ko‘rishini istagan ovchi ayol bilan qizg‘in suhbatni keyinga qoldirdik.
Bilganimiz shu: cho‘l, deb atalgan makon faqat quruqlik emas, sabr va mehnat bilan yashillikka aylanishi mumkin bo‘lgan had-hududsiz manzil ekan. «Oltinsoy» esa ana shu ishonchning tirik isboti, inson irodasi tabiat bilan uyg‘unlashsa, mo‘’jiza yaratish mumkinligining yorqin namunasidir.
Mavzuga qaytamiz.
Jamiyat
Buxoro aeroporti jahon standartlariga to‘liq mos bo‘lishi kerak — Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroga safari chog‘ida shaharning yangi aeroportini barpo etish loyihasi bilan tanishdi.
Mamlakatimizda transport infratuzilmasi izchil rivojlantirilmoqda. Yangi yo‘l va ko‘priklar qurilib, yo‘lovchilarga qulayliklar oshirilmoqda. Qayd etish kerakki, davlatimiz rahbari 2024-yilda Buxoro viloyatiga tashrifi davomida hududning turizm salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida Buxoroning yangi xalqaro aeroportini barpo etish bo‘yicha muhim topshiriq bergan edi.
Ushbu transport inshooti hamda unga tutash infratuzilmani barpo etish uchun shahar tashqarisidan jami 370 gektar yer maydoni ajratilgan. Loyiha doirasida aeroportga olib boruvchi avtomobil yo‘li ham qurilmoqda. Uning umumiy uzunligi 23,8 kilometrni tashkil etib, shundan 2,7 kilometri mutlaqo yangi yo‘l, 21,1 kilometri esa rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, yo‘l bo‘yida 2 ta yo‘l o‘tkazgich, 9 ta yer osti piyodalar o‘tish joyi va 8 ta ko‘prik barpo etilishi nazarda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, yangi aeroportda uzunligi 3,3 kilometr bo‘lgan, barcha turdagi havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega uchish-qo‘nish yo‘lagi, shuningdek, soatiga 1200 nafar yo‘lovchiga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega aerovokzal majmuasi quriladi.
– Biz Buxoro viloyati aholisi, shuningdek, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun zamonaviy va qulay xizmat ko‘rsatadigan aeroport barpo etishni maqsad qilganmiz. Shunday ekan, ushbu aeroport jahon standartlari talablariga to‘liq mos bo‘lishi shart, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbariga Buxoro viloyatining iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan boshqa qurilish loyihalari haqida ham axborot berildi.
-
Siyosat3 days agoSaida Mirziyoyevaning Vashingtonga tashrifi chogʻida AQSh Oʻzbekistonning JSTga kirishini qoʻllab-quvvatlashga vaʼda berdi
-
Jamiyat3 days agoNavoiyda xususiy bog‘cha tarbiyachisi bolalarni kaltakladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Qurilish bozorida asosiy ulush bino va inshootlar hissasiga to‘g‘ri keldi
-
Siyosat5 days agoOʻzbekistonda vaqtinchalik jamoat obʼyektlari xavfsizligini taʼminlash boʻyicha yangi qoidalar kuchga kirdi
-
Iqtisodiyot2 days agoAmir Temur yubileyiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalar chiqarildi
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Tramp Eronni Hormuz muammosi “jiddiy oqibatlarga olib kelishi” haqida ogohlantirdi
-
Dunyodan5 days ago
AQSh Eron bilan urushda 13 nafar harbiyni yo’qotdi
-
Dunyodan5 days ago
Yevropa energiya va xavfsizlik o’rtasida tanlov qilmoqda
