Jamiyat
Davlat organi va bank tizimidagi korrupsiya holatlari aniqlandi
Andijon viloyatida davlat organi mansabdori hamda tijorat banki xodimi tomonidan pora talab qilish bilan bog‘liq korrupsiyaviy holatlar fosh etildi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Ma’lum bo‘lishicha, Andijon viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasining shu’ba boshlig‘i xizmat mavqeini suiiste’mol qilgan holda fuqarodan pul talab qilgan.
Xususan, Andijon shahridagi savdo do‘konida ichimlik suvidan noqonuniy foydalanilgani oqibatida davlatga qariyb 680 million so‘m zarar yetkazilganligi yuzasidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Shundan so‘ng mansabdor shaxs tanishlari orqali zarar miqdorini qayta hisoblatib, uni kamaytirish hamda ma’muriy chora ko‘rilishida yordam berish evaziga 30 million so‘m talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan mablag‘ni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Yana bir holatda aksiyadorlik tijorat banklaridan birining Asaka tuman filiali Mahallabay ishlash bo‘limi bosh menejeri tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqaroga 3 milliard 650 million so‘m miqdorida kredit olib berishda yordam qilishni va’da qilgan.
Buning evaziga u 8 ming AQSh dollari talab qilib, joriy yilning aprel–may oylarida fuqarodan jami 7 800 AQSh dollari olgan. Keyinchalik va’dasini bajara olmagan bank xodimi mablag‘ning 1 000 AQSh dollarini qaytarib berayotgan vaqtida DXX va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Zomin va Baxmalda sel kuzatildi, 3 ta avtomobil oqib ketdi
Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal tumanlarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sel oqimlari yuzaga kelib, sel yo‘lida qoldirilgan uchta yengil avtomobil oqim bilan oqib ketdi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 18 iyun kuni Zomin va Baxmal tumanlarining ayrim tog‘ va tog‘oldi hududlarida kuzatilgan kuchli yomg‘irlar natijasida sel oqimlari hosil bo‘lgan.
Qayd etilishicha, sel oqimi tabiiy sel yo‘li orqali harakatlangan. Biroq sel yo‘liga noto‘g‘ri qoldirib ketilgan 3 ta yengil transport vositasi oqim ta’sirida oqib ketgan.
Mas’ullarning bildirishicha, hodisa oqibatida fuqarolar orasida tan jarohati olganlar qayd etilmagan.
Jamiyat
1400 dollar olgan hokim yordamchisi ushlandi
Xorazm viloyatida fuqaroni oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan hokim yordamchisi 1400 AQSh dollarini olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi.
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda Hazorasp tumanidagi “Ziyolilar” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi I.R. fuqaro D.R.ni Toshkent gumanitar fanlar universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, evaziga 1 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni vaqtda ushbu holat bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
2500 dollar talab qilgan sudya yordamchisi qo‘lga tushdi
Jinoyat ishlar bo‘yicha Qarshi tuman sudining sudya yordamchisi fuqaroni boshqa hududdagi ish joyiga o‘tkazib berishni va’da qilib, evaziga 2500 AQSh dollari talab qilgan vaqtida tezkor tadbirda ushlandi.
Ma’lum qilinishicha, sudya yordamchisi Majburiy ijro byurosining Qashqadaryo viloyati tumanlaridan biridagi bo‘limida joriy yil may oyidan faoliyat yurita boshlagan fuqaroga o‘zining mansabdor tanishlari orqali ishga joylashtirib qo‘yganini aytgan.
Shuningdek, u kelgusida mazkur xodimni o‘zi istagan tumandagi MIB bo‘limiga o‘tkazib berishini bildirib, buning uchun 2500 AQSh dollari so‘ragan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda sudya yordamchisi talab qilingan pul mablag‘ini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Tibbiyot muassasalariga ishga kiritish bilan bog‘liq firibgarliklar aniqlandi
Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida fuqarolarni tibbiyot muassasalariga ishga joylashtirishni va’da qilib, ulardan minglab dollar va pul mablag‘larini olgan shaxslar fosh etildi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Jarqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tez tibbiy yordam stansiyasining sobiq xodimi 4 nafar fuqaroni mazkur muassasaga haydovchi vazifasiga ishga kiritib qo‘yishini aytib aldagani aniqlandi.
U fuqarolardan jami 3 400 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan bo‘lib, tekshiruv davomida ushbu mablag‘ning 600 AQSh dollari qaytarilgani protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Shuningdek, departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda fuqaro N.J. ikki nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali viloyat Perinatal markazi hamda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filialiga hamshiralik vazifasiga ishga joylashtirib berishini va’da qilgani ma’lum bo‘ldi.
U mazkur xizmat evaziga fuqarolardan 3 300 AQSh dollari va 9,7 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, ayni vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Abdulla Qodiriy ko‘chasida haydovchilar uchun yangi qayrilish joyi tashkil etildi
Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy ko‘chasida harakatni tashkil etish sxemasi takomillashtirilib, haydovchilar uchun yangi qayrilish joyi tashkil etildi. Natijada mazkur yo‘nalishda ortiqcha bosib o‘tiladigan masofa qariyb 75 foizga qisqardi.
Foto: Yo‘l harakatini tashkil etish va monitoring markazi
Yo‘l harakatini tashkil etish va monitoring markazi ma’lum qilishicha, avval Ekopark tomonidan harakatlanib kelgan va Movarounnahr hamda Mahatma Gandi ko‘chalari tomon yo‘nalish olmoqchi bo‘lgan haydovchilar ruxsat etilgan joyda qayrilish uchun 2 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tishga majbur edi.
Endilikda esa qayrilib olish imkoniyati bevosita Abdulla Qodiriy ko‘chasining o‘zida tashkil etildi. Buning natijasida haydovchilar uchun taxminan 500 metr masofani bosib o‘tishning o‘zi yetarli bo‘lmoqda.
Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, qayrilib olish uchun zarur bo‘lgan harakat yo‘li qariyb to‘rt baravarga qisqargan. Shu bilan birga, avval ushbu manyovrni amalga oshirish uchun 6–8 daqiqa vaqt sarflangan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich o‘rtacha 1,5–2 daqiqani tashkil etmoqda.
Bu esa har bir haydovchi uchun birgina qayrilish jarayonida o‘rtacha 4–6 daqiqa vaqt tejalishini anglatadi.
Mas’ullar ta’kidlashicha, mazkur yo‘nalishdan har kuni minglab transport vositalari foydalanishini hisobga olganda, o‘zgarish nafaqat haydovchilar uchun qulaylik yaratadi, balki qo‘shni ko‘chalardagi ortiqcha transport oqimini ham kamaytirishga xizmat qiladi.
YHTEM Toshkent shahrida harakatni tashkil etish tizimini bosqichma-bosqich takomillashtirish, yo‘l harakati xavfsizligi va transport oqimining samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirayotganini ma’lum qildi.
-
Siyosat4 days ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Mahalliy4 days ago
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
-
Jamiyat4 days agoFarg‘onada 1 kilogrammdan ortiq gashish olib ketayotgan shaxs qo‘lga olindi
-
Jamiyat5 days agoFarg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
-
Sport4 days agoEron Amerikaga bordi, Osiyo Yevropaning ta’zirini berayotir – JCh kundaligi
-
Mahalliy5 days ago
Quyoshda turgan suvning ta’mi emas, tarkibi o‘zgaradi… bu esa juda xavfli
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga gilam eksport qilmoqda?
-
Dunyodan3 days ago
Dunyo bo’ylab qochqinlar soni 10 yil ichida birinchi marta kamaydi.
