Iqtisodiyot
Davlat budjetini tuzish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi
Davlat budjetini tuzish va ijro etish tartibi takomillashtirildi.
Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetini tuzish va ijro etish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi idoraviy hujjatni (ro‘yxat raqami 3558-5, 27.07.2026-y.) davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Mazkur o‘zgartirishlar Budjet kodeksiga kiritilgan normalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra:
– mahalliy budjetlarni rejalashtirishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining roli kuchaytirilib, daromadlar prognozi, xarajatlarning dastlabki miqdorlari va budjetlararo transfertlar bo‘yicha takliflarni shakllantirishdagi vazifalari belgilandi;
– budjet so‘rovlaridagi asossiz yoki samaradorligi past xarajatlarni qisqartirish mexanizmi joriy etildi. Tegishli tashkilotlar bildirishnoma olganidan keyin 3 ish kuni ichida yangilangan budjet so‘rovini taqdim etadi;
– budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning rivojlantirish dasturlari kamida 3 yilga tuzilib, ularda aniq natija ko‘rsatkichlari va kutilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy samaradorlik belgilanadi;
– mahalliy budjetlarga budjet ssudasi ajratish to‘g‘risidagi talabnoma 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Natijasi bo‘yicha arizachiga 1 ish kuni ichida xabar beriladi;
– davlat moliyasi barqarorligini baholash uchun umumiy fiskal balansni shakllantirish va hisoblash tartibi belgilandi.
Mazkur o‘zgartirishlar budjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanishga xizmat qiladi.