Jamiyat
Savdo-sanoat palatasi mansabdori porani qaytarib berayotganda ushlandi
Surxondaryo viloyatida Savdo-sanoat palatasi tuman bo‘limi boshlig‘i ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qiziriq tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda Savdo-sanoat palatasi Qiziriq tumani bo‘limi boshlig‘i M.Ch. fuqaro O.B.ga dehqon xo‘jaligi tashkil etishi uchun auksion orqali 2 gektar yer maydoni olib berishini va’da qilgan. So‘ngra firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan 5 mln so‘mni O.B.ga qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Prokuratura departamenti Ekologiya va kadastrlar palatasi xodimlari tezkor tadbirda ushlanganini xabar bergandi.