Sport
Daniil Yeybog O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdori bo‘ladi
Bugun Milan-Kortina-2026 qishki Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Mazkur tadbirda short-trek bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Daniil Yeybog delegatsiyamiz bayroqdori vazifasini bajaradi.
Italiya sport arxitekturasining eng mashhur namunalaridan biri — «San-Siro» stadioni mezbonlik qiladigan tadbir Toshkent vaqti bilan 7-fevralga o‘tar kechasi 00:00 da boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, qishki Olimpiya o‘yinlari 2026-yil 6–22 fevral kunlari Italiyaning Milan hamda Kortina-d’Ampetsso shaharlarida bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekistonlik sportchilar yilning eng nufuzli musobaqasiga 4 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritgan:
Dmitriy Chigirev hamda Yekaterina Geynish — figurli uchishda (juftlik yo‘nalishida);
Medet Nazarov — tog‘ chang‘isining slalom va gigant-slalom yo‘nalishlarida;
Daniil Yeybog — short-trekning, 500 metr masofaga yugurish.
Biroq tayyorgarlik jarayonida Dmitriy Chigirev jarohat oldi va Olimpiadagacha to‘liq sog‘ayib ulgurmadi. Shu sababli, sportchilarimiz faqat tog‘ chang‘isi va short-trek yo‘nalishlarida ishtirok etadi.
Sport
«Real» ikki futbolchisini mushtlashgani uchun 500 ming yevro jarimaga tortdi
Urugvaylik Federiko Valverde va fransiyalik Oleren Tchuameni o‘zaro janjal uchun jazolandi.
«Real» futbol klubi urugvaylik Federiko Valverde va fransiyalik Oleren Tchuamenini mashg‘ulotdagi mushtlashuv uchun 500 ming yevrodan jarimaga tortdi. Bu haqda Madrid klubi saytida xabar berildi.
«O‘yinchilar sodir bo‘lgan voqeadan to‘liq pushaymon ekanligini bildirib, bir-biridan uzr so‘radi. Bundan tashqari, ular klubdan, jamoadoshlaridan, murabbiylar shtabi va muxlislardan ham uzr so‘radi va ikkalasi ham klub munosib deb hisoblagan har qanday jazoni qabul qilishga tayyor ekanligini bildirdi», deyiladi xabarda.
Natijada «Real» ularni jarimaga tortishga qaror qildi va bu bilan tegishli ichki tekshiruvni yakunladi.
Bir kun avval Marca nashri xabariga ko‘ra, futbolchilar mashg‘ulotdan so‘ng kiyinish xonasida mushtlashgan, oqibatda urugvaylik yiqilib, boshi bilan urilgan va keyinchalik shifoxonaga yotqizilgan. Unga chok qo‘yilgani, klub esa shoshilinch yig‘ilish o‘tkazib, intizomiy ish qo‘zg‘atgani xabar qilingandi.
Shu bilan birga, Valverdening o‘zi bahs paytida tasodifan stolga urilib, jarohat olganini va shifoxonaga yotqizilganini aytgandi. U Tchuameni uni urmaganini ta’kidlab, voqeani bo‘rttirib ko‘rsatmaslikka chaqirdi.
Sport
Nodirbek Abdusattorov TePe Sigeman Chess 2026 turnirini 3-o‘rinda yakunladi
Nodirbek Abdusattorov Shvetsiyadagi nufuzli TePe Sigeman Chess 2026 turnirini uchinchi o‘rinda yakunladi.
O‘zbekistonlik grossmeyster 7 tur yakunlariga ko‘ra turkiyalik 14 yoshli shaxmatchi Yag‘iz Kaan Erdogmush bilan 3-o‘rinni bo‘lishdi.
Qayd etilishicha, Abdusattorov turnir davomida birorta ham partiyada mag‘lub bo‘lmadi. U startda g‘alaba qozonib, keyingi olti bahsni durang bilan yakunladi.
1-o‘rin — Magnus Karlsen (Norvegiya)
2-o‘rin — Arjun Erigaysi (Hindiston)
Turnir 1–7 may kunlari Shvetsiyaning Malmyo shahrida bo‘lib o‘tdi.
Sport
«Real»da xaos. Valverde va Chuameni mushtlashib ketdi
Urugvaylik futbolchi boshidan jarohatlangan va safdan chiqqan. Klub ikki futbolchini ham jazolashi mumkin.
«Real»da ichki muhit kundan kunga yomonlashmoqda. «Barselona» bilan o‘yinga bir necha kun qolganida madridliklar mojaro girdobida qoldi – ish shu darajaga borib yetdiki, futbolchilar o‘zaro janjallashmoqda.
Chuameni va Valverdening janjali
So‘nggi kunlarda futbol olamidagi asosiy yangilik – Oreliyen Chuameni va Federiko Valverde o‘rtasidagi mushtlashuv bo‘ldi. Marca ma’lumotiga ko‘ra, ushbu yarimhimoyachilar dastlab chorshanba kungi mashg‘ulot chog‘ida nizolashib qolgan, ammo o‘shanda ish ochiq mushtlashuvgacha borib yetmagan.
Payshanba kuni futbolchilar hissiyotlarini jilovlay olishmagan. Xabar qilinishicha, fransiyalik futbolchi mojaroga chek qo‘yish uchun Fededan uzr so‘ragan, ammo urugvaylik uning uzrini qabul qilmagan. Mashg‘ulot vaqtida esa jamoadoshiga qarshi qo‘pol o‘ynay boshlagan. Murabbiy Alvaro Arbeloa vaziyatni to‘g‘rilash uchun ularni mashg‘ulotda bitta jamoa safida o‘ynatgan. Lekin vaziyat yumshamagan.
As nashri yozishicha, kiyim almashtirish xonasida Valverde Chuamenini bir kun oldin bo‘lgan janjalni OAVga sizdirishda ayblagan. Oreliyen esa buni qat’iy rad qilib, jamoadoshidan uni ayblashni to‘xtatishni talab qilgan. Fede esa to‘xtamagan, shundan so‘ng Oreliyen unga musht tushirgan. Zarbadan so‘ng Valverde yiqilgan va stol burchagiga urilib boshi yorilgan. Shundan so‘ng uni shifoxonaga olib ketishgan va boshini tikishgan.
Valverdening raddiyasi
Hozirda futbolchi bazaga qaytgan. «Real» matbuot xizmati rasmiy bayonotida aytilishicha, unda bosh miya jarohati qayd etilgan. Bunday holatlarda futbolchi ikki haftagacha maydonga tusha olmasligi mumkin.
Ko‘p o‘tmay Valverde ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida holat yuzasidan izoh berdi: u vaziyat bo‘rttirib yuborilgani, bu har qanday jamoada bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatligi va bunday xabar kiyim almashtirish xonasidan tashqariga chiqmasligi kerakligini aytgan.
«Jamoadoshim meni urgani yo‘q, men ham uni urmadim. Lekin tushunaman: biz mushtlashganimizga yoki bu ataylab qilinganiga ishonishingiz osonroq, lekin unday emas. Bahs paytida men tasodifan stolga urildim, bu esa peshonamda kichik tirnalishga va shifoxonaga borishimga sabab bo‘ldi», – deya yozgan Fede.
Futbolchi «Real»ning og‘ir mavsumi va Chempionlar ligasini tark etishni qabul qilish og‘ir bo‘lganini tan olgan.
«Biz yana bir yilni behuda sarfladik. Men g‘azab va alamimni ichimga yutardim, ammo oxir-oqibat hammasi bema’ni janjalga aylanib ketdi», – degan futbolchi.
U bo‘lgan voqea uchun uzr so‘ragan va hamon klubga sodiqligini qayd etgan.
«Real» – hayotimdagi eng muhim narsalardan biri va men unga befarq bo‘la olmayman», – deya qo‘shimcha qilgan urugvaylik futbolchi.
Valverde o‘z murojaatini shunday yakunlagan: «Men klub va jamoadoshlarim zarur deb hisoblagan har qanday qarorga rozi bo‘laman».
Futbolchilar jazolanadi
«Real» klubiga yaqin bo‘lgan jurnalistlar bu voqea rahbariyatning g‘azabini keltirgani, ikki futbolchi ham intizomsizligi uchun qat’iy jazolanishi haqida yozishdi.
Ko‘p o‘tmay «Real» klubi Valverde va Chuameni o‘rtasida chiqqan mojaroni rasman tasdiqlab, ularga nisbatan intizomiy ish ochilganini ma’lum qildi:
«Real Madrid futbol klubi ertalabki mashg‘ulot paytida Federiko Valverde hamda Orelen Chuameni o‘rtasida ro‘y bergan vaziyat yuzasidan surishtiruv ishlarini boshlanganini ma’lum qiladi. Klub tegishli jarayonlarni yakunlaganidan keyin ikki futbolchiga nisbatan qo‘llangan choralar haqida batafsil ma’lumot beradi».
Bunday holatlar uchun futbolchilar bir necha o‘yinga chetlatilib, moliyaviy jarima qo‘llanishi mumkin. Ichki protokolga ko‘ra, jiddiy darajada muammo keltirib chiqqan futbolchilar bilan shartnoma bekor qilinishi ham ko‘zda tutilgan.
Umuman olganda, xaos «Real» uchun odatiy holga aylangan. Xabarlarga ko‘ra, jamoa a’zolari ikki guruhga ajralib olgan va o‘zaro muloqot qilmaydi. Olti nafar futbolchi esa bosh murabbiy Alvaro Arbeloaning so‘zlariga quloq tutmaydi.
Bu vaqtda klub himoyachilari Antonio Ryudiger va Alvaro Karreras o‘rtasida ham so‘nggi vaqtlarda ikki bor janjal ro‘y bergani haqida ham xabarlar tarqalgan. Mundo Deportivo ma’lumotiga ko‘ra, ikkinchi janjaldan keyin jamoadoshlari Ryudigerni uzr so‘rashga majbur qilishgan.
Mbappe bilan bog‘liq vaziyat
Bu voqealar Kilian Mbappe bilan bog‘liq katta mojaro fonida ro‘y bermoqda: jarohatlangan hujumchi tiklanish jarayonini o‘tash o‘rniga sevgilisi bilan Italiyaga ketib qolishi jamoadoshlarini ham, klub muxlislarini ham g‘azablantirgan. Muxlislar fransiyalik futbolchini jamoadan ketkazish talabi bilan petitsiya boshlagan va u allaqachon 34 million kishi tomonidan imzolangan.
Lekin Mbappe allaqachon klub bazasiga qaytdi va aftidan hech narsadan xavotirda emas – u tez orada maydonga qaytishi ham mumkin. Chuameni va Valverdening janjali ro‘y bergan mashg‘ulotda Kilian ham bor edi va bazani juda mamnun holatda tark etgan. Jurnalistlar hujumchi bazadan qattiq kulgancha chiqib ketayotganini ko‘rishgan.
Mendining og‘ir jarohati
Bu vaqtda madridliklar tarkibida yana bir jiddiy yo‘qotish ro‘y berdi. Mavsumning katta qismini jarohatini davolash bilan o‘tkazib yuborgan himoyachi Ferlan Mendi la liganing 34-turi doirasida «Espanyol»ga qarshi kechgan o‘yinda (2:0) yana jarohat oldi. U o‘yin boshida tezlik olayotganida bel qismida og‘riq sezdi va gazonga o‘tirib oldi.
Avvaliga shifokorlar uning davolanish va tiklanish jarayoni besh oy davom etishini prognoz qilishgandi. Ammo 7 may kuni Mendi o‘ng son mushagining payi uzilgani va operatsiya qilinishi, kamida bir yilni o‘tkazib yuborishi ma’lum qildi. COPE nashri ma’lumotiga ko‘ra, endi 30 yoshli fransuz futbolchilik faoliyatini yakunlash haqida o‘ylamoqda.
Shunday muammolar girdobida qolgan «Real» 10 may kuni «Kamp Nou»ga safar qiladi va la liganing 35-turi doirasida «Barselona»ga qarshi maydonga tushadi. Kataloniyaliklar shu kuni chempionga aylanishi mumkin – buning uchun mezbonlar azaliy raqibiga yutqazmasligining o‘zi yetarli bo‘ladi. Madridliklar bu o‘yinga qanday holatda borishi hisobga olinsa, bu qiyin vazifa bo‘lib ko‘rinmayapti.
Sport
Jahon chempionati debyutantlari futbolkalariga maxsus nishon qadaladi
Jahon chempionatining final bosqichida ilk bor ishtirok etadigan futbolchilarning liboslariga maxsus nishon qadaladi. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.
Ushbu o‘ziga xos belgi debyutantlarni boshqa yulduzlardan ajratib turish va ularning faoliyatidagi tarixiy qadamni alohida e’tirof etish maqsadida joriy etilmoqda. Hatto allaqachon jahon yulduziga aylanib ulgurgan Lamin Yamal ham shunday nishon bilan maydonga tushadi.
O‘z tarixida ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasining barcha a’zolari shunday liboslarda harakat qilishadi.
Sport
Angliyaning uchta klubi yevrokuboklar finaliga chiqdi
«Aston Villa», «Kristal Pelas» va «Arsenal» nufuzli sovrinlar uchun kurashadi.
Foto: Alexander Hassenstein / Getty Images
Yevropa klublari turnirlarining so‘nggi bosqichiga Angliya Premer Ligasining uchta klubi yetib keldi.
«Aston Villa» Yevropa Ligasi finaliga chiqdi. Klub yarimfinalda Angliyaning yana bir vakili «Nottingem Forest»ni ikki o‘yin natijasiga ko‘ra ortda qoldirdi (0:1, 4:0). Finalda Germaniyaning «Frayburg» klubi ham ishtirok etadi. U Portugaliyaning «Braga» klubi to‘sig‘idan o‘tishga muvaffaq bo‘ldi (1:2, 3:1). Turnirning hal qiluvchi bahsi 20 may kuni Istanbulda o‘tkaziladi.
Angliyaning «Kristal Pelas» klubi Konferensiyalar Ligasi finaliga chiqdi. U yarimfinalda Ukraina vakili «Shaxtyor»ni ikki o‘yin natijasiga ko‘ra ortda qoldirdi (3:1, 2:1). Finalda Ispaniyaning «Rayo Valekano» klubi ham ishtirok etadi. U Fransiyaning «Strasbur» klubi to‘sig‘idan o‘tishga muvaffaq bo‘ldi (1:0, 1:0). Turnirning hal qiluvchi bahsi 27 may kuni Lepsigda o‘tkaziladi.
Avvalroq, Angliyaning «Arsenal» klubi Chempionlar Ligasi finaliga yo‘l olgan edi. Fransiyaning «PSJ» klubiga qarshi bahs 30 may kuni Budapeshtda o‘tkaziladi.
-
Jamiyat5 days ago
Prezident Buyuk Britaniyaning ikki marhum fuqarosini mukofotladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Endi chet el valyutasida obligatsiyalar chiqarish mumkin bo‘ladi
-
Dunyodan5 days ago
Amirliklar neft eksport qiluvchi arab davlatlari tashkilotini tark etadi
-
Dunyodan4 days agoXitoyda pirotexnika zavodining portlashi oqibatida 26 kishi halok bo‘ldi
-
Siyosat2 days agoOʻzbekistonda Mudofaa vazirligi tarkibida sunʼiy intellekt boʻlimi va kiberxavfsizlik instituti tashkil etildi
-
Iqtisodiyot4 days ago
budjet tarkibida qaysi soliqlarning ulushi ko‘proq?
-
Dunyodan4 days agoTahlilchilar neft haqida xavotirli ma’lumotlarni e’lon qilishdi
-
Jamiyat3 days ago
Askiya nozikfahm zakiylar bahsi, «tor» hazillar emas!
