Iqtisodiyot
“Chuqur muammolarimiz arigani yo‘q” – iqtisodchilar oltindan tushumlar so‘mni mustahkamlayotgani haqida
Oltinning rekord narxlari O‘zbekiston uchun bir necha milliard dollarlik “sovg‘a” bo‘ldi. Iqtisodchilar bunday vaziyatda “osmondan yog‘ilgan pul”ni xudo berdi deb bugunning o‘zida ishlatib yubormasdan, strategik zaxiraga aylantirish kerakligini aytmoqda. Milliy valutaning mustahkamlanishi cho‘zilib ketsa, buning oqibatlari ijobiy bo‘lmasligi mumkin.
Dunyoda kechayotgan harbiy urushlar ustiga Trampning savdo urushlari ham qo‘shilib, jahon bozorlarida noaniqlikliklarni kuchaytirdi, natijada oltin narxi rekord darajada oshib ketdi.
Oltin – O‘zbekistonning eng asosiy eksport tovari. Sodda qilib aytganda, biz chetga jami 100 dollarlik mahsulot sotsak, uning 35 dollari birgina oltin hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu yil narxlar oshib ketgani uchun O‘zbekistonning oltin eksportidan daromadi 1,8 barobarga oshdi. Natijada valuta tushumi ko‘payib, dollarning so‘mga nisbatan kursi 20 oy oldingi darajaga qaytib qoldi.
Milliy valutamizning qadri oshib borayotganini ko‘pchilik yaxshi yangilik deb hisoblashi aniq, axir import tovarlarning arzonlashishi kimga ham yoqmaydi deysiz? Lekin iqtisodchilar va eksportyorlar haqida bunday deb bo‘lmaydi.
Eksportyorlar masalasi tushunarli: so‘mning mustahkamlanishi ular ishlab chiqaradigan mahsulotning tannarxini oshirib, tashqi bozorlarda raqobatdoshligini kamaytiradi. Endi iqtisodchilarga kelsak: xo‘sh, ular dollar kursi tushayotganidan nega xursand emas?
Gap shundaki, iqtisodiy o‘sish uchun barqarorlik – eng asosiy omil. Oxirgi oylarda valuta bozorida kuzatilayotgan holat esa, uzoq muddatli trenddan og‘ishish va cheklangan davomiylikka ega tashqi shok demakdir. Bunday shart-sharoit noaniqliklar tufayli investitsiya qarorlarini kechiktiradi. Qolaversa, arzon dollar sabab bir muddat sun’iy ustunlikka ega bo‘lib qolgan import oldida mahalliy ishlab chiqaruvchilar sinishi mumkin. Buning oqibatlari shokning ta’siri o‘tib ketganidan keyin ko‘rinadi.
O‘zi umuman, O‘zbekiston kabi mamlakatlar uchun milliy valuta uzoq muddatli trendda sekin-asta qadrsizlanib borishi tabiiy, chunki iqtisodiyotda mavjud chuqur tarkibiy muammolar shuni taqozo qiladi. Milliy valuta kursining mustahkamlanishi ana shu muammolarning yechilishi bilan bog‘liq bo‘lmasa, bu xuddi “osmondan yog‘ilgan pul”dek bo‘lib qoladi, bu esa mavjud vaziyat haqidagi chalg‘ituvchi kartinani yuzaga keltirish orqali, yanglish qarorlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu sababli iqtisodchilar bunday vaziyatlarda ulkan qo‘shimcha daromadni xudo berdi deb bugunning o‘zida iqtisodiyotga kiritib yuborishni emas, strategik zaxiraga aylantirishni tavsiya qiladi.
Xususan, iqtisodchi Otabek Bakirov “Oltindan superdaromadlar so‘mni mustahkamlashi emas, zaxiralanishi kerak” sarlavhali postida shunday yozadi:
“Biz har unsiya oltindan ortiqcha 1400-1600 dollarni samaradorlik tufayli ishlab topayotganimiz yo‘q. Bugun so‘mning mustahkamlanib borayotgani ham iqtisodiyotimiz, tashqi savdo va xususan eksportimizning chuqur muammolari ariganidan darak bermaydi. Ya’ni bu – atipik mustahkamlanish. Amalda yo‘q joydan, qulay kon’yunktura O‘zbekistonga bir necha milliard dollarlik qo‘shimcha daromadlarni sovg‘a qilmoqda. Biz bu sovg‘ani zaxiralash o‘rniga, iste’molga yo‘naltirmoqdamiz”.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev ortiqcha daromadlarni iqtisodiyotdan to‘liq chiqarib olishga chaqirdi:
“Hozirgi shart sharoitlarda qimmatbaho metallardan kelayotgan daromadlar zaxiralarga yo‘naltirilishi kerak. Lekin bu Markaziy bankning oltin hisobiga so‘m chiqarishi hamda sterilizatsiyani to‘liq amalga oshirmasligi shaklida emas, balki o‘sha ortiqcha daromadlarning iqtisodiyotdan to‘liq chiqib ketishi ko‘rinishida bo‘lishi kerak”.
Iqtisodchi Ahliddin Malikovga ko‘ra, hozirgi vaziyat O‘zbekiston uchun tom ma’nodagi suveren boylik jamg‘armasini tuzish zarurligini ko‘rsatyapti. Ayniqsa, xomashyo eksportiga tayanadigan mamlakatlarda SBJlar valuta volatilligining oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Dunyodagi eng yirik suveren boylik jamg‘armasi – 1,9 trillion dollarlik aktivlarga ega Norvegiya pensiya fondi bo‘lib, hukumat 1990-yillardan boshlab neft va gazdan tushumlarning mo‘ljaldagidan ortiq qismini shu fondga yo‘naltirib keladi.
“O‘zbekistondagi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi amalda suveren boylik jamg‘armasi vazifasini bajarib kelmoqda. Biroq, jamg‘armaning mablag‘lari ko‘pincha davlat banklari yoki yirik loyihalarni moliyalashtirish uchun ishlatiladi. Bundan tashqari, jamg‘arma o‘z faoliyati va investitsiyalari to‘g‘risida to‘liq va muntazam ravishda ochiq hisobotlar berib bormaydi”, – deydi Ahliddin Malikov.
Shu tariqa, iqtisodchilar oltindan hozirgi yuqori tushumlarni iqtisodiyotga to‘liq kiritib yubormasdan, jamg‘arib borishga chaqiryapti. Chunki so‘mning mustahkamlanishi cho‘zilib ketsa, buning ta’siri zararga xizmat qilishi mumkin. Milliy valutaning barqaror va uzoq muddatli qadri oshishi esa, sud-huquq tizimining mustaqilligini oshirish, savdoni erkinlashtirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobatni kuchaytirish kabi tarkibiy islohotlarga bog‘liq bo‘lib qolaveradi.
Komron Chegaboyev,
Kun.uz
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda 2 mingdan ortiq tadbirkor barqarorlik reytingiga kirdi
O‘zbekistonda 2026-yil 24-aprel holatida 2,1 ming nafar tadbirkorga yuqori barqarorlik reytingi berilgan. Ulardan 335 ta sub’yekt eng yuqori AAA darajasini olgani ma’lum bo‘ldi.
Qayd etilishicha, barqarorlikni baholash tizimi joriy etilganidan beri yuqori reytingga ega tadbirkorlar soni 1,3 barobarga oshgan. Bu biznes muhitida muayyan ijobiy siljishlar kuzatilayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, umumiy manzarada farqlar saqlanib qolmoqda. Xususan, 64,4 ming tadbirkor o‘rta barqarorlik toifasiga kiritilgan bo‘lsa, 226,2 mingta sub’yekt qoniqarli darajada baholangan. 294,7 mingta tadbirkor esa past reytingga ega deb topilgan.
Yuqori reytingga ega tadbirkorlarning eng katta qismi savdo sohasiga to‘g‘ri keladi. Bu yo‘nalishda 690 ta korxona yuqori barqarorlik ko‘rsatkichiga erishgan.
Undan keyin xizmat ko‘rsatish sohasi 654 ta korxona bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. Sanoat sohasida 506 ta tadbirkor yuqori reyting olgani qayd etilgan. Qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida esa bu ko‘rsatkich ancha past. Mos ravishda 106 ta va 59 ta korxona yuqori barqarorlik toifasiga kiritilgan. Bu sohalarda tizimli muammolar saqlanayotganini anglatadi.
Hududlar bo‘yicha tahlil qilinganda, eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Poytaxtda 709 ta tadbirkor yuqori reytingga ega. Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich 258 tani tashkil etgan. Samarqand viloyatida 180 ta, Farg‘ona viloyatida esa 152 ta tadbirkor yuqori barqarorlik darajasini qo‘lga kiritgan.
Iqtisodiyot
Humo kartalari bo‘yicha SMS-xabarnomalar narxi oshirilmaydi
Humo kartalari bo‘yicha 13131 raqamidan kiruvchi SMS-xabar narxi 84,2 so‘m miqdorida saqlanib qolinadi. Avvalroq, 1 maydan boshlab narxlar 168,4 so‘mga oshirilishi haqida xabar berilgandi.
Foto: Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan surat
Octotelecom kontent-provayderi Humo kartalari bo‘yicha 13131 qisqa raqamidan yuboriladigan SMS-xabarnomalar narxi 1 maydan boshlab 168,4 so‘mga oshirilishi haqida xabar bergandi. Bu iste’molchilarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng Humo to‘lov tizimi operatori bo‘lgan Milliy banklararo protsessing markazi narx avvalgi darajada saqlanib qolinishini e’lon qildi.
Kompaniya foydalanuvchilar murojaatlari va xizmat ahamiyatini inobatga olib, Octotelecom’ga amaldagi tarifni saqlab qolish bo‘yicha rasmiy xat yuborgan. Qo‘shimcha tahlil natijasida uni o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
«Qo‘shimcha tahlillar va Octotelecom bilan konstruktiv muloqot yakunlariga ko‘ra, amaldagi tarifni saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 2026 yil 1 maydan boshlab 13131 raqamidan keluvchi bitta kiruvchi SMS-xabar narxi o‘zgarmaydi va 84,2 so‘mni tashkil etadi», deyiladi xabarda.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hudud yetakchi?
2026-yil yanvar–fevral oylarida O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan jami 4,1 trln so‘mlik kiyim-kechak ishlab chiqarildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Andijon viloyatiga to‘g‘ri keldi. Ushbu hududda 1,8 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, respublikada mutlaq yetakchiga aylandi.
Shuningdek, Toshkent viloyatida 524,6 mlrd so‘m, Namangan viloyatida 438,6 mlrd so‘mlik kiyim ishlab chiqarilgan. Bu hududlar ham yuqori ko‘rsatkichlar bilan ajralib turibdi.
Farg‘ona viloyatida 371,4 mlrd so‘mlik, Toshkent shahrida esa 310,3 mlrd so‘mlik kiyim ishlab chiqarilgan.
So‘nggi o‘rinlarda esa Surxondaryo viloyati 10,4 mlrd so‘m va Jizzax viloyati 19,3 mlrd so‘mlik ko‘rsatkich bilan qayd etilgan.
Boshqa hududlar orasida Samarqand viloyati 158 mlrd so‘m, Buxoro viloyati 117,4 mlrd so‘m, Qashqadaryo viloyati 89 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan.
Iqtisodiyot
Soliq va tadbirkorlik sohasidagi qonunbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirildi
“Soliq va tadbirkorlik sohasidagi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, mazkur sohada muhim o‘zgartishlar amalga oshirildi.
Xususan, Jinoyat kodeksining 179-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, soxta tadbirkorlik uchun jarima, muayyan huquqlardan mahrum qilish va ozodlikdan mahrum qilish kabi sanksiyalar nazarda tutilmoqda.
Endilikda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish maqsadini ko‘zlamasdan ssudalar, kreditlar olish, foydani (daromadni) soliqlardan ozod qilish (soliqlarni kamaytirish) yoki boshqacha mulkiy manfaat ko‘rish maqsadida tadbirkorlik sub’yektini tashkil etish BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum qilib, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, 184-modda (soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) – jinoyat tarkibi aniqlashtirilib, jarima, majburiy to‘lovlarni undirish va ozodlikdan mahrum qilish choralari qayta belgilandi, ilk huquqbuzarlikda zarar to‘liq qoplansa, javobgarlikdan ozod etish tartibi saqlab qolindi, jinoyat ishlarida jamoat himoyachisi ishtiroki ta’minlandi.
Qonun rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston aholisining katta qismi qaysi sohalarda ishlaydi?
O‘zbekiston aholisining katta qismi qaysi sohalarda ishlaydi?
Source link
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
-
Jamiyat5 days ago
Giyohvand moddalar aylanmasini nazorat qilishning milliy tizimi takomillashtiriladi
-
Jamiyat5 days agoShavkat Mirziyoyev Ostonaga yetib bordi
-
Iqtisodiyot4 days ago“QQSni oson qaytarib olish ta’minlanmasa, stavkani 6 foizga tushirishni taklif qilamiz” – Davron Vahobov
-
Iqtisodiyot4 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Dunyodan3 days ago
Buyuk Britaniyada “chekmaydigan avlod” dunyoga keldi
-
Dunyodan3 days ago
Eron oliy rahbari yuzi va oyog‘idan jiddiy jarohat oldi
-
Iqtisodiyot4 days agoQirg‘iziston ilk marta Yevropa Ittifoqining sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish mexanizmiga tushdi
