Jamiyat
Cho‘lpon tilga olgan qiziqchilar sardori kim edi?
«Ezilgan, jabr va zulm ostida ingragan xalqning ko‘ngil ochishga, xursand bo‘lishga, o‘ynab-kulishga bo‘lgan tabiiy va kuchli maylini katta ustozlar yetishtirgan», deya fikr bildirgan edi qiziqchilar haqida so‘z yuritgan Cho‘lpon «Guliston» jurnalining 1936-yil, oltinchi sonidagi maqolasida. Ulug‘ adib ta’kidlab o‘tgan ustoz qiziqchi esa Yusufjon Shakarjonov edi…
Yusufjon Shakarjonov 1869-yili marg‘ilonlik Shokirjon kulol oilasida dunyoga keldi. Bolaligidan sayllarda qiziqchilarning chiqishlarini tomosha qilib voyaga yetdi. Natijada ixlosdan boshlangan qiziqish sabab Yusufjon vodiylik bu san’at ustalariga shogird tushdi. Shu bilan birga, ota kasbi – kulolchilik bilan ham shug‘ullandi.
Natijada tabiiy qobiliyat, so‘zga chechanlik xislatlari ustun bo‘lgan Yusufjon, Zokir gov, Sa’di Maxsum kabi ustozlari singari mohir qiziqchi bo‘lib yetishdi. U nafaqat vodiyda, balki Buxoro amirligi, Xiva xonligi, Qashqarda ham bo‘lib, o‘z san’atini namoyish etdi. Ammo o‘sha paytda qiziqchilik qilish g‘oyat og‘ir edi. Xo‘sh, nima uchun shunday bo‘lgan?
Cho‘lpon «Guliston» jurnalida chop etilgan yuqoridagi maqolasida bu haqda shunday yozadi:
«Podshohlar, sultonlar, xonlar va beklarning qamchilaridan qon tomgan zamonlarda, ko‘pchilik aholi o‘z dardini bir yulg‘un bachkisiga ham ayta olmagan davrlarda xalqning og‘ir ahvolini, mamlakatning qora kunlarini, fuqaroning dard va hasratlarini bironta saroy yoki xalq qizig‘i chiqib, «hazil» yo‘li bilan «yedirib» yuboradi. Katta-katta izdihomlarda, yillik sayillarda necha kecha-kunduzlik to‘ylarda so‘z qilaturg‘on qiziqlar minglarcha xalqning juda zo‘r maroq bilan o‘zlariga tikilib turganini ko‘rganlaridan keyin jamiyatning fayzi bilan dadillanib, mamalakatning kattalarini, hokimlar, qozilar, raislar, muhrdor va, hatto, xonlarning o‘zlarini tanqid qilib tashlar edilar. Natijada ba’zilarning boshi ketib, ba’zi birlari badarg‘a qilinib, bir xillari esa boshqa mamlakatlarga qochib xonavayron bo‘lardilar».
Yusufjon qiziq ana shunday tahlikali zamonlarda san’at bilan shug‘ullangan edi. Cho‘lpon o‘z maqolasida mavzuga doir latifani ham keltiradi:
«Aytadilarki, burun zamonda bir xonning o‘ziga xos qizig‘i bo‘lar ekan. Bir kuni xonga salom bergali kirganida u qiziq bilan xon o‘rtasida mana bunday so‘zlashuv bo‘lgan:
Xon: – Xo‘sh, falonchi, qalaysan?
Qiziq: – Otdek, taqsir.
Xon: – (kulib) Otdekmi, itdekmi?
Qiziq: – Bo‘lmasa, soyai davlatlarida itdek..
Xon: – (jiddiy) Nimaga bo‘lmasa, ilgari «otdek» der eding?
Qiziq: – Unda, taqsir, soyai davlatingiz boshimizga yetmagan edi».
O‘tmishning ana shunday qora kunlarida Yusufjon qiziq o‘zbek san’atini boshqa xalqlar orasida ham namoyish etdi. 1888–1905 yillarda u Baranskiy, Jigalov, Dobrjanskiy singari rus qiziqchilarining guruhlarida yurib qiziqchilik qildi. Rossiyaga tashrif buyurgan italiyalik sehrgar Kalistro Bertoldini, chavandoz Bezanolar bilan tanishib, do‘stlashdi. Ayni paytda Qodir qiziq, Sobirqori, Ortiq qiziq, Mullaboy Mansur kabi o‘zbek san’atkorlari bilan hamkorlikni davom ettirdi. Ayniqsa, 1909 yilda Yusufjon Shakarjonovning Peterburgda bo‘lib, o‘z san’atini namoyish etishi u yerga mehmon bo‘lib kelgan yevropaliklar ham o‘zbek qiziqchisining iqtidoriga qoyil qolishgan.
Bundan tashqari, u ustozlaridan o‘rgangan, oldindan davom etib kelayotgan an’anaga yangicha talqin bag‘ishladi. Ya’ni, kulgu-hikoya, muqallidchilikni boshlab berdi. O‘z davrining illatlarini «Pul qistash», «Bola o‘qitish» kabi tragik komediyalarida fosh etib, kulgu ostiga oldi. Hatto, mashhur rus komik qiziqchisi Filipp Yupatov bilan hamkorlik qilib, unga ham o‘zbekona qiziqchilik san’atini o‘rgatdi, ayni paytda undan o‘rgandi.
Ma’lumki, 1918–1930 yillarda vodiyda «bosmachilik» deya xato nomlanib kelingan milliy ozodlik-istiqlolchilikdek sovetlarga qarshi qurolli harakat avj olgan edi. Yusufjon va boshqa qiziqchilarning vaziyat taqozosi bois qo‘rboshilar orasida ham san’atini namoyish etishiga to‘g‘ri kelgan.
Yusufjon qiziq vodiydan ketib, Toshkentda – davlat etnografik ansamblida xizmat qila boshlaydi. Muhiddin qori Yoqubov, Usta Olim Komilov, Tamaraxonimlar bilan hamkorlik o‘rnatdi. Cho‘lponning yozishiga ko‘ra, u xalq raqslarining mohir ijrochisi, doiradan tortib, naygacha chala oladigan, lapar, katta qo‘shiqlarni ham kuylaydigan keng qamrovli san’atkor bo‘lgan.
Tamaraxonimdek mohir raqqosa va laparchi, usta Olim Komilovdek mashhur doirakash ham Yusufjon qiziqning shogirdi bo‘lgan. Ular 1927–1930 yillarda Rossiya, Kavkaz va Ukrainaning 23 ta viloyatida o‘zbek san’atini namoyish etishgan.
San’at rivojiga qo‘shgan hissasi uchun xalq artisti, mehnat qahramoni unvonlariga ega bo‘lsa-da, 1937–1938-yillardagi qatag‘on bo‘hroni mashhur qiziqchining ham boshiga qora kunlarni soldi. Unga Cho‘lpon bilan do‘st bo‘lgani, xon va beklar, «bosmachilar» oldida chiqishlar qilganini ta’na qilganlar bo‘ldi.
Shukrki, bu kunlar o‘tib, Yusufjon qiziq 1959- yilgacha hayot kechirdi. U 90 yillik hayoti davomida o‘zida xalqona hazil-mutoyiba, hajvni mujasammlashtirgan «afandi» siymosidagi inson, qiziqchilar sardori sifatida nom qoldirdi.
Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat1 day ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Mahalliy3 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
-
Jamiyat3 days ago
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat2 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat2 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat5 days agoSirdaryo viloyati IIBga yangi rahbar tayinlandi
