Jamiyat
Chimyonda tog‘ sayri qutqaruv operatsiyasi bilan yakunlandi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Katta Chimyon tog‘ida sayr vaqtida yo‘ldan adashib, tog‘dan tusholmay qolgan ikki nafar fuqaro Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan sog‘-salomat qutqarildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, hodisa haqida xabar Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga 112 yagona dispetcherlik xizmati orqali kelib tushgan.
Murojaatga ko‘ra, ikki nafar fuqaro Bo‘stonliq tumani hududidagi Katta Chimyon tog‘iga sayr qilish maqsadida chiqqan. Biroq ular yo‘ldan adashib qolgani sababli mustaqil ravishda tog‘dan tusha olmagan.
Xabar olinishi bilan qutqaruvchilar zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, hududda qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlagan. Natijada adashib qolgan fuqarolar topilib, xavfsiz hududga olib chiqilgan.
FVV ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.
Jamiyat
Metroning yerusti yo‘nalishlarida poyezdlar tezligi pasaytirildi
Toshkentda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo sharoiti munosabati bilan metroning yerusti yo‘nalishlarida harakatlanuvchi poyezdlar tezligi vaqtincha pasaytirildi. Cheklov yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash hamda yuqori harorat ta’sirida relslar deformatsiyasining oldini olish maqsadida joriy etilgan.
«Toshkent metropoliteni» davlat unitar korxonasi ma’lum qilishicha, respublikada havo haroratining keskin ko‘tarilishi natijasida yerusti temir yo‘l relslari harorati belgilangan me’yor — 55 darajadan yuqoriga chiqmoqda.
Shu munosabat bilan 2026 yil 15 iyuldan boshlab amaldagi yo‘riqnomaga muvofiq yerusti metro yo‘nalishlarida poyezdlarning harakat tezligi har kuni soat 18:00 gacha 60 km/soatdan 40 km/soatgacha vaqtincha cheklanadi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur cheklov poyezdlar harakati intervaliga ham qisman ta’sir ko‘rsatadi. Natijada yerusti yo‘nalishlarida metro poyezdlarining kelish vaqti 14 daqiqagacha uzayishi mumkin.
«Toshkent metropoliteni» ushbu vaqtinchalik cheklov faqat yerusti metro yo‘nalishlariga taalluqli ekanini, yerosti metro yo‘nalishlari esa odatdagidek ishlashda davom etishini ta’kidladi.
Korxona yo‘lovchilar xavfsizligini ustuvor vazifa sifatida baholashini va xavfsiz, qulay hamda ishonchli transport xizmatini ko‘rsatishda davom etishini bildirdi.
Jamiyat
MICE turizm tadbirlarini tashkil qilgan tadbirkorlarga QQSdan imtiyoz beriladi
Hukumatning 2026-yil 8-iyuldagi 373-son qarori bilan MICE turizm (ishbilarmonlik tadbirlari)ni respublika hududida tashkil etuvchi tadbirkorlarga respublika budjetiga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) 50 foizini qaytarish tartibi tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, QQSning 50 foizi respublika budjeti hisobidan qoplab beriladi va bunda tadbirkorlar MICE tadbiri tugaganidan so‘ng 3 oy ichida Milliy turizm yagona platformasi orqali Turizm qo‘mitasiga murojaat qilishi lozim.
Murojaatga tadbir dasturi, xarajatlar smetasi, hisobvaraq-fakturalar, to‘lov hujjatlari va xorijiy ishtirokchilar haqidagi ma’lumotlar ilova qilinadi.
Turizm qo‘mitasi taqdim etilgan hujjatlarni 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.
Mazkur tartib mamlakatga xalqaro konferensiya, forum, ko‘rgazma va boshqa ishbilarmonlik tadbirlarini jalb qilish hamda turistlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Jamiyat
Ish haqi kechikkanda ish beruvchining kompensatsiya to‘lash tartibi belgilanadi
Qonunchilik palatasida ish beruvchi tomonidan ish haqi to‘lash muddati buzilgan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun pulli kompensatsiya to‘lash tartibi aniqlashtirilgan qonun loyihasi qabul qilindi.
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Qonunchilik palatasi deputatlari mehnat munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi.
Ta’kidlanishicha, hujjat mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishni soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda xodimlarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan.
Qonunchilik palatasi xabariga ko‘ra, loyihada ish beruvchi tomonidan ish haqi to‘lash muddati buzilgan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun pulli kompensatsiya to‘lash tartibi aniqlashtirilmoqda. Ammo xabarda bu qanday bo‘lishi haqida ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston qonunchiligida ish haqini kechiktirgani uchun avtomatik hisoblanadigan yagona kunlik penya me’yori belgilanmagan. Kompensatsiya masalasi Mehnat kodeksi, jamoa shartnomasi, mehnat shartnomasi yoki boshqa lokal hujjatlarga qarab hal qilinadi.
Qayd etilishicha, ishga qabul qilishda talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati ham qisqartirilmoqda. Ya’ni, taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, fuqaroni ishga qabul qilishda asosan uning shaxsiy identifikatsiya raqami talab etiladi. Harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar esa harbiy guvohnoma yoxud harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnoma taqdim etadi.
Shu bilan birga, mehnat munosabatlarini raqamlashtirishga e’tibor qaratilmoqda. Endi elektron raqamli imzo yoki biometrik identifikatsiya (Face-ID) orqali tasdiqlangan hujjatlar yuridik jihatdan qo‘lda imzolangan hujjatlar bilan tenglashtiriladi.
Qonun loyihasida mehnat jarayonida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashishga doir normalar ham o‘z aksini topgan. Jumladan, bunday holatlarni taqiqlash, ularning oldini olish va jabrlangan xodimlarni himoya qilish choralari belgilanmoqda.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Qonun kuchga kirishi uchun Senat tomonidan ma’qullanishi, prezident tomonidan imzolanishi lozim.
Jamiyat
Toshkentda bolalar muntazam qiynab kelingan bog‘cha litsenziyasi bekor qilindi
Sud Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Rayyan Kids Land” oilaviy korxonasiga nisbatan litsenziyani bekor qilish to‘g‘risidagi arizasini qanoatlantirdi. Ushbu oilaviy korxonaga qarashli Rayyan Kids bog‘chasida tarbiyachi bolalarni turli xil usullarda, hatto og‘ziga latta tiqib qiynagani aniqlangandi. Tarbiyachining bu harakatlari kuzatuv kameralariga tushib qolgan.
Uchtepa tumanidagi Rayyan Kids bog‘chasiga berilgan litsenziya bekor qilindi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining javobgar “Rayyan Kids Land” oilaviy korxonasiga nisbatan litsenziyani bekor qilishga oid huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi arizasi ko‘rib chiqilgan.
Muhokama yakunida sudning hal qiluv qarori bilan oilaviy korxonaga nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish uchun 2025 yil 13 avgustda berilgan litsenziya bekor qilingan. Raislik qiluvchi tomonidan sud hujjati mazmuni hamda unga nisbatan shikoyat qilish tartibi va muddatlari tushuntirilgan.
Shuningdek, Kun.uz’ning aniqlashicha, Rayyan Kids bog‘chasi tarbiyachisi G.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “a, v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. JIB Uchtepa tuman sudining 2026 yil 3 iyuldagi ajrimi bilan unga uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Avvalroq ushbu bog‘cha tarbiyachisi bolalarni turli xil usullarda qiynab kelgani aniqlangandi. U hatto yig‘layotgan bola og‘ziga latta tiqib, uni qiynagan. Kun.uz’ga intervyu bergan ota-onalar bog‘chada hatto bolalarga igna sanchib qiynashganini aytgandi.
Jamiyat
BMT Farg‘ona vodiysini zilzila xavfi yuqori hududlar qatoriga kiritdi
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yirik zilzilalardan olinadigan asosiy saboq shundan iboratki, navbatdagi falokat yuz berguniga qadar unga tayyor turish zarur.
O‘zbekistonning ayrim tumanlari Janubiy Kavkaz mamlakatlari bilan bir qatorda juda yuqori seysmik xavfli hududlarga kiradi. Bu haqda BMT tomonidan e’lon qilingan maqolada aytiladi.
Qayd etilishicha, zilzilalar barcha tabiiy ofatlar ichida eng ko‘p o‘limga sabab bo‘lib qolmoqda. 2000 yildan 2023 yilgacha tabiiy ofatlar bilan bog‘liq barcha o‘limlarning yarmidan ko‘pi aynan zilzilalar hissasiga to‘g‘ri keldi. Yevropa mintaqasida millionlab odamlar kuchli yer silkinishlariga bardosh bera olmaydigan binolarda yashaydi va tibbiy yordam oladi.
Maqolada ta’kidlanishi, ayniqsa, Turkiyaning Istanbul shahri katta xavotir uyg‘otmoqda. Aholisi 15 milliondan ortiq bo‘lgan bu shahar dunyodagi eng faol yoriqlaridan biri – Shimoliy Anadolu yorig‘i yaqinida joylashgan. 2025 yilda e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, Marmar dengizi ostida taxminan yetti magnitudali zilzila keltirib chiqarishga qodir yoriq qismi o‘tgan. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, yaqin o‘n yilliklarda Istanbul hududida bunday hodisaning yuz berish ehtimoli 40-60 foizni tashkil etadi.
Biroq xavfli hudud faqat Turkiya bilangina cheklanib qolmaydi. Yevropa mintaqasida dunyoning ikkita eng yirik seysmik belbog‘i joylashgan. Qirg‘iziston va Tojikistonning deyarli butun hududi, shuningdek, Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistonning ayrim tumanlari Janubiy Kavkaz mamlakatlari bilan bir qatorda juda yuqori seysmik xavfli zonalarga kiradi. Ayniqsa, bir vaqtning o‘zida uch davlat – Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hududida joylashgan va qariyb 11 million kishi istiqomat qiladigan Farg‘ona vodiysi «o‘ta zaif» hisoblanadi.
2023 yili Turkiya va Suriyadagi vayronkor zilzilalar tajribasi falokatdan keyin shifoxonalarning o‘z faoliyatini davom ettirishi naqadar muhim ekanini ko‘rsatdi. Agar tabiiy ofat zarbasidan keyingi ilk daqiqalardayoq tibbiyot muassasalari ishdan chiqsa, minglab jabrlanganlar hayotiy zarur yordamsiz qolishi mumkin, deb hisoblamoqda BMT.
JSST ekspertlari tayyorgarlik ko‘rish oqibatlarni bartaraf etishdan ko‘ra ancha arzon tushishini ta’kidlamoqda. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, seysmik mustahkamlik talablarini hisobga olgan holda yangi shifoxona qurish loyiha qiymatini to‘rt foizdan kamroqqa oshiradi, mavjud binolarni modernizatsiya qilish esa ularning qiymatining taxminan bir foiziga tushishi mumkin. Bu esa zilziladan keyin ularning faoliyatini davom ettirish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.
Mutaxassislar tibbiy infratuzilmani mustahkamlash bilan birga, shoshilinch tibbiy yordam brigadalarini doimiy shay holatda saqlashni, muntazam o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishni, xalqaro hamkorlikni takomillashtirishni hamda aholining eng zaif qatlamlari – keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va majburiy ko‘chirilganlarni himoya qilishga alohida e’tibor qaratishni tavsiya etadi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yirik zilzilalardan olinadigan asosiy saboq shundan iboratki, navbatdagi falokat yuz berguniga qadar unga tayyor turish zarur.
-
Sport4 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Sport4 days agoIspaniya Belgiyani yengib, yarimfinalga chiqdi
-
Sport5 days agoJCh anonsi. Belgiya hayron qoldira oladimi?
-
Jamiyat4 days agoJanubiy Koreya va AQShga noqonuniy migratsiya tashkil etmoqchi bo‘lganlar ushlandi
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev ICESCO bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga chaqirmoqda
-
Jamiyat5 days agoTabiiy gazga ulash uchun pora olgan mansabdorlar ushlandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
17 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar aniqlandi
-
Dunyodan3 days ago
Frantsiyada ko’pchilik qo’rqqan narsa yuz berdi.
