Jamiyat
Chimyonda tog‘ sayri qutqaruv operatsiyasi bilan yakunlandi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Katta Chimyon tog‘ida sayr vaqtida yo‘ldan adashib, tog‘dan tusholmay qolgan ikki nafar fuqaro Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan sog‘-salomat qutqarildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, hodisa haqida xabar Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga 112 yagona dispetcherlik xizmati orqali kelib tushgan.
Murojaatga ko‘ra, ikki nafar fuqaro Bo‘stonliq tumani hududidagi Katta Chimyon tog‘iga sayr qilish maqsadida chiqqan. Biroq ular yo‘ldan adashib qolgani sababli mustaqil ravishda tog‘dan tusha olmagan.
Xabar olinishi bilan qutqaruvchilar zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, hududda qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlagan. Natijada adashib qolgan fuqarolar topilib, xavfsiz hududga olib chiqilgan.
FVV ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.
Jamiyat
Voyaga yetmaganlarni emansipatsiya qilish tartibi tasdiqlandi
Hukumat qarori bilan voyaga yetmagan shaxsni to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish (emansipatsiya) bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Yangi tartibga ko‘ra, belgilangan talablarga javob beradigan voyaga yetmaganlar emansipatsiyadan o‘tish uchun davlat xizmatidan foydalanishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 13 iyuldagi 380-sonli qarori bilan «Voyaga yetmagan shaxsni to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish (emansipatsiya) bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish»ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Hujjatga muvofiq, davlat xizmatidan Davlat xizmatlari markazlari, «Inson» markazlari yoki ijtimoiy xodim orqali, shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali foydalanish mumkin.
Reglamentga ko‘ra, vakolatli organ ariza beruvchini quyidagi shartlar mavjud bo‘lgan taqdirda to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi:
ariza beruvchi psixologik jihatdan yetuk bo‘lishi va o‘z xatti-harakatlarining oqibatini anglay olishi;
tadbirkorlik yoki mehnat faoliyati bilan kamida uch oy davomida uzluksiz shug‘ullangan bo‘lishi;
o‘quv fanlarini o‘zlashtirishi va davomati bo‘yicha ijobiy ma’lumotga ega bo‘lishi.
Shuningdek, emansipatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan so‘ng mazkur ma’lumotlar avtomatik tarzda Emansipatsiya qilingan shaxslar reyestriga kiritiladi.
Jamiyat
Metroning yerusti yo‘nalishlarida poyezdlar tezligi pasaytirildi
Toshkentda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo sharoiti munosabati bilan metroning yerusti yo‘nalishlarida harakatlanuvchi poyezdlar tezligi vaqtincha pasaytirildi. Cheklov yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash hamda yuqori harorat ta’sirida relslar deformatsiyasining oldini olish maqsadida joriy etilgan.
«Toshkent metropoliteni» davlat unitar korxonasi ma’lum qilishicha, respublikada havo haroratining keskin ko‘tarilishi natijasida yerusti temir yo‘l relslari harorati belgilangan me’yor — 55 darajadan yuqoriga chiqmoqda.
Shu munosabat bilan 2026 yil 15 iyuldan boshlab amaldagi yo‘riqnomaga muvofiq yerusti metro yo‘nalishlarida poyezdlarning harakat tezligi har kuni soat 18:00 gacha 60 km/soatdan 40 km/soatgacha vaqtincha cheklanadi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur cheklov poyezdlar harakati intervaliga ham qisman ta’sir ko‘rsatadi. Natijada yerusti yo‘nalishlarida metro poyezdlarining kelish vaqti 14 daqiqagacha uzayishi mumkin.
«Toshkent metropoliteni» ushbu vaqtinchalik cheklov faqat yerusti metro yo‘nalishlariga taalluqli ekanini, yerosti metro yo‘nalishlari esa odatdagidek ishlashda davom etishini ta’kidladi.
Korxona yo‘lovchilar xavfsizligini ustuvor vazifa sifatida baholashini va xavfsiz, qulay hamda ishonchli transport xizmatini ko‘rsatishda davom etishini bildirdi.
Jamiyat
MICE turizm tadbirlarini tashkil qilgan tadbirkorlarga QQSdan imtiyoz beriladi
Hukumatning 2026-yil 8-iyuldagi 373-son qarori bilan MICE turizm (ishbilarmonlik tadbirlari)ni respublika hududida tashkil etuvchi tadbirkorlarga respublika budjetiga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) 50 foizini qaytarish tartibi tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, QQSning 50 foizi respublika budjeti hisobidan qoplab beriladi va bunda tadbirkorlar MICE tadbiri tugaganidan so‘ng 3 oy ichida Milliy turizm yagona platformasi orqali Turizm qo‘mitasiga murojaat qilishi lozim.
Murojaatga tadbir dasturi, xarajatlar smetasi, hisobvaraq-fakturalar, to‘lov hujjatlari va xorijiy ishtirokchilar haqidagi ma’lumotlar ilova qilinadi.
Turizm qo‘mitasi taqdim etilgan hujjatlarni 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.
Mazkur tartib mamlakatga xalqaro konferensiya, forum, ko‘rgazma va boshqa ishbilarmonlik tadbirlarini jalb qilish hamda turistlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Jamiyat
Ish haqi kechikkanda ish beruvchining kompensatsiya to‘lash tartibi belgilanadi
Qonunchilik palatasida ish beruvchi tomonidan ish haqi to‘lash muddati buzilgan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun pulli kompensatsiya to‘lash tartibi aniqlashtirilgan qonun loyihasi qabul qilindi.
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Qonunchilik palatasi deputatlari mehnat munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi.
Ta’kidlanishicha, hujjat mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishni soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda xodimlarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan.
Qonunchilik palatasi xabariga ko‘ra, loyihada ish beruvchi tomonidan ish haqi to‘lash muddati buzilgan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun pulli kompensatsiya to‘lash tartibi aniqlashtirilmoqda. Ammo xabarda bu qanday bo‘lishi haqida ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston qonunchiligida ish haqini kechiktirgani uchun avtomatik hisoblanadigan yagona kunlik penya me’yori belgilanmagan. Kompensatsiya masalasi Mehnat kodeksi, jamoa shartnomasi, mehnat shartnomasi yoki boshqa lokal hujjatlarga qarab hal qilinadi.
Qayd etilishicha, ishga qabul qilishda talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati ham qisqartirilmoqda. Ya’ni, taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, fuqaroni ishga qabul qilishda asosan uning shaxsiy identifikatsiya raqami talab etiladi. Harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar esa harbiy guvohnoma yoxud harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnoma taqdim etadi.
Shu bilan birga, mehnat munosabatlarini raqamlashtirishga e’tibor qaratilmoqda. Endi elektron raqamli imzo yoki biometrik identifikatsiya (Face-ID) orqali tasdiqlangan hujjatlar yuridik jihatdan qo‘lda imzolangan hujjatlar bilan tenglashtiriladi.
Qonun loyihasida mehnat jarayonida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashishga doir normalar ham o‘z aksini topgan. Jumladan, bunday holatlarni taqiqlash, ularning oldini olish va jabrlangan xodimlarni himoya qilish choralari belgilanmoqda.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Qonun kuchga kirishi uchun Senat tomonidan ma’qullanishi, prezident tomonidan imzolanishi lozim.
Jamiyat
Toshkentda bolalar muntazam qiynab kelingan bog‘cha litsenziyasi bekor qilindi
Sud Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Rayyan Kids Land” oilaviy korxonasiga nisbatan litsenziyani bekor qilish to‘g‘risidagi arizasini qanoatlantirdi. Ushbu oilaviy korxonaga qarashli Rayyan Kids bog‘chasida tarbiyachi bolalarni turli xil usullarda, hatto og‘ziga latta tiqib qiynagani aniqlangandi. Tarbiyachining bu harakatlari kuzatuv kameralariga tushib qolgan.
Uchtepa tumanidagi Rayyan Kids bog‘chasiga berilgan litsenziya bekor qilindi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining javobgar “Rayyan Kids Land” oilaviy korxonasiga nisbatan litsenziyani bekor qilishga oid huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi arizasi ko‘rib chiqilgan.
Muhokama yakunida sudning hal qiluv qarori bilan oilaviy korxonaga nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish uchun 2025 yil 13 avgustda berilgan litsenziya bekor qilingan. Raislik qiluvchi tomonidan sud hujjati mazmuni hamda unga nisbatan shikoyat qilish tartibi va muddatlari tushuntirilgan.
Shuningdek, Kun.uz’ning aniqlashicha, Rayyan Kids bog‘chasi tarbiyachisi G.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “a, v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. JIB Uchtepa tuman sudining 2026 yil 3 iyuldagi ajrimi bilan unga uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Avvalroq ushbu bog‘cha tarbiyachisi bolalarni turli xil usullarda qiynab kelgani aniqlangandi. U hatto yig‘layotgan bola og‘ziga latta tiqib, uni qiynagan. Kun.uz’ga intervyu bergan ota-onalar bog‘chada hatto bolalarga igna sanchib qiynashganini aytgandi.
-
Sport4 days agoIspaniya Belgiyani yengib, yarimfinalga chiqdi
-
Sport5 days agoJCh anonsi. Belgiya hayron qoldira oladimi?
-
Sport4 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Iqtisodiyot4 days ago
17 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar aniqlandi
-
Dunyodan3 days ago
Frantsiyada ko’pchilik qo’rqqan narsa yuz berdi.
-
Sport3 days agoInfantino yana JCh ishtirokchilari sonini oshirish g‘oyasi haqida gapirdi
-
Siyosat5 days agoElchi Furqat Sidiqov Braziliya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirmoqda
-
Jamiyat4 days agoDori narxini sun’iy oshirgan yuzlab dorixonalar aniqlandi
