Jamiyat
Chimyonda tog‘ sayri qutqaruv operatsiyasi bilan yakunlandi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Katta Chimyon tog‘ida sayr vaqtida yo‘ldan adashib, tog‘dan tusholmay qolgan ikki nafar fuqaro Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan sog‘-salomat qutqarildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, hodisa haqida xabar Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga 112 yagona dispetcherlik xizmati orqali kelib tushgan.
Murojaatga ko‘ra, ikki nafar fuqaro Bo‘stonliq tumani hududidagi Katta Chimyon tog‘iga sayr qilish maqsadida chiqqan. Biroq ular yo‘ldan adashib qolgani sababli mustaqil ravishda tog‘dan tusha olmagan.
Xabar olinishi bilan qutqaruvchilar zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, hududda qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlagan. Natijada adashib qolgan fuqarolar topilib, xavfsiz hududga olib chiqilgan.
FVV ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.