Sport
Chexlarga sensatsiya kerak, Braziliya va Koreyaga durang ham yetadi. A, V va C guruhlarida vaziyat qanday?
So‘nggi tur arafasida guruhlarda qanday intrigalar bor va kimga qanday natija kerak?
2026 yilgi jahon chempionatida barcha jamoalar ikkitadan o‘yin o‘tkazib bo‘lishdi va uchinchi turni boshlash arafasida. Shundan keyin pley-offning barcha ishtirokchilari nomi ma’lum bo‘ladi.
Chempionat reglamentiga ko‘ra, yangi format bo‘yicha guruhlardan 32 ta jamoa keyingi bosqichga o‘tadi: 12 ta guruhda birinchi va ikkinchi o‘rin egalari avtomatik ravishda pley-off ishtirokchisiga aylanadi, shuningdek, uchinchi o‘rinni olgan 12 ta jamoadan eng yaxshi natijaga ega 8 jamoa ular safiga qo‘shiladi.
Bir guruhda ikki yoki undan ortiq jamoalarning ochkolari soni teng kelib qolgan taqdirda, ko‘rsatkichlar quyidagi tartibda hisobga olinadi:
– o‘zaro o‘yinlardagi ochkolar soni;
– o‘zaro o‘yinlardagi gollar nisbati;
– o‘zaro o‘yinlarda urilgan gollar soni;
– umumiy to‘plar nisbati;
– jami urilgan gollar soni;
– feyr-pley reytingidagi intizomiy ballar soni kamligi: sariq kartochka – 1 ball, to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lmagan qizil kartochka – 3 ball, to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka – 4 ball, sariq va to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka – 5 ball;
– FIFA reytingidagi o‘rin.
Uchinchi o‘rin egalari orasidagi eng yaxshi jamoalarni aniqlash uchun:
– jami ochkolar soni;
– jami gollar nisbati;
– jami urilgan gollar soni;
– feyr-pley reytingidagi intizomiy ballar soni kamligi;
– FIFA reytingidagi o‘rin.
Ikki turdan keyin Meksika (A), AQSh (D), Germaniya (E), Argentina (J) milliy jamoalari ikkitadan o‘yinda g‘alaba qozonib, guruh g‘olibligini naqd qilishgan. Shuningdek, Fransiya va Norvegiya (ikkisi ham I guruhida) hamda Kolumbiya (K) ham ikkitadan g‘alabaga erishib, pley-off masalasini muddatidan oldin hal qilishgan, lekin bu guruhlarda kim birinchi o‘rinni egallashi hozircha aniq emas.
A guruhi
A guruhida ikki turdan keyin bitta intriga allaqachon yopilgan: Meksika birinchi o‘rinni kafolatlagan va 1/16 finalga chiqqan. Janubiy Koreya ikkinchi o‘rinda kelmoqda, Chexiya va JAR so‘nggi turda turnirda qolish uchun kurashadi.
3-tur o‘yinlari. Chexiya – Meksika, JAR – Koreya. Ikki o‘yin ham 25 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 04.00 da boshlanadi.
– Meksika allaqachon guruh g‘olibligini kafolatlagan. Chexiyaga yutqazsa ham mezbonlar birinchi o‘rindan tushib ketmaydi: JAR ustidan g‘alaba qozonsa, Koreyada ham ochkolar soni 6 taga yetadi, ammo meksikaliklar o‘zaro o‘yindagi g‘alaba evaziga (1:0) yuqorida qoladi.
– Koreyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri 1/16 finalga yo‘l olish uchun JAR bilan o‘yindagi durang ham kifoya qiladi. Osiyoliklar jamoasi o‘zaro uchrashuv natijasiga ko‘ra (2:1) Chexiyadan ustun. Janubiy afrikaliklardan mag‘lubiyat koreyaliklar uchun jiddiy muammolar tug‘dirishi mumkin: agar chexlar ham Meksikani yengadigan bo‘lsa, Son Heung Ming jamoadoshlari uch ochko bilan to‘rtinchi o‘ringa tushib ketadi, agar chexlar g‘alaba qozona olmasa, uchinchi o‘rin egalarining yakuniy turnir jadvali shakllanishini kutishga to‘g‘ri keladi.
– To‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmaga ega bo‘lish uchun Chexiyaga birinchi navbatda Meksika ustidan g‘alaba qozonish, shu bilan birga, Koreya JAR bilan o‘yinda kerakli hisobda yutqazishi kerak bo‘ladi. Chexiya va JAR o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinda durang qayd etilgandi – 1:1, ochkolar teng kelib qolgan taqdirda barchasini umumiy gollar nisbati hal qiladi, hozircha Yevropa vakillarida vaziyat yaxshiroq (+1). Chexlarni minimal hisobdagi g‘alaba ham qoniqtirishi uchun janubiy afrikaliklar ham bittadan ortiq gol farqi bilan g‘alaba qozonmasligi talab etiladi. Agar Chexiya JARga qaraganda bitta kamroq gol ursa, bu jamoalarda to‘plar nisbati bo‘yicha ham tenglik yuzaga keladi – shundan keyin urilgan gollar soniga qaraladi, undan keyin ish intizomiy ballarni hisoblash va FIFA reytingidagi o‘rinlarni ko‘rib chiqishgacha borishi mumkin. Lekin to‘rt ochko ham uchinchi o‘rin bilan guruhdan chiqish imkoni bo‘ladi – buning uchun kamida to‘rtta guruhdagi uchinchi o‘rin egalaridan yaxshiroq ko‘rsatkichlarga ega bo‘lish talab qilinadi.
– JARni Koreya bilan o‘yinda faqat g‘alaba qoniqtiradi. Shu shart bajarilsa va Chexiya Meksikani yenga olmasa, janubiy afrikaliklar ikkinchi o‘rin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri pley-offga chiqadi. Agar chexlar ham o‘z o‘yinida g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, janubiy amerikaliklarga Yevropa vakillariga qaraganda yirikroq g‘alaba kerak bo‘ladi. Va yana shu gap – jamoa 4 ochko bilan uchinchi o‘rinda qolsa ham, umumiy reytingda yuqoriroqda joylashib, pley-offga o‘tishi aniq, lekin ikki ochko bilan uchinchi o‘rin orqali guruhdan chiqish amalda imkonsiz.
A guruhi vakillariga pley-offda kim raqib bo‘ladi?
Ushbu guruh g‘olibi C, E, F, H yoki I guruhlaridan uchinchi o‘rin bilan chiqqan jamoalardan biriga qarshi o‘ynaydi. Meksika allaqachon guruhdagi o‘z o‘rnini biladi, ammo kim raqib bo‘lishi aniq emas.
Guruhdagi ikkinchi o‘rin B guruhidan ikkinchi o‘rin bilan chiqadigan jamoaga (hozir bu Shveytsariya) qarshi o‘ynaydi.
Guruhning uchinchi jamoasi (agar turnirdagi ishtirokini davom ettirsa), E yoki G guruhlari g‘olibiga to‘qnash kelishi mumkin.
B guruhi
Kanada va Shveytsariya 4 tadan ochko jamg‘arib, Bosniya va Hersegovina hamda Qatardan oldinlab ketishgan. Hozircha bu jamoalar to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani rasmiylashtirmadi, ammo guruh jadvali yetakchilariga o‘zaro o‘yinda yutqazmaslik yetarli bo‘ladi. Bosniyaliklar va qatarliklarda uchinchi o‘rin uchun imkoniyat saqlanib qolmoqda, guruhdan to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmaga ega bo‘lish uchun esa so‘nggi turda jamolardan biri yirik hisobda g‘alaba qozonishi talab etiladi.
3-tur o‘yinlari. Shveytsariya – Kanada, Bosniya va Hersegovina – Qatar. Ikki o‘yin ham 24 iyunga o‘tar kechasi soat 00.00 da boshlanadi.
– Kanadaga guruh g‘olibi bo‘lish uchun Shveytsariya bilan o‘yinda durang natija kifoya qiladi. Ochkolar tengligicha qolgan taqdirda, turnir mezbonlari to‘plar nisbati bo‘yicha ustunlikka ega bo‘ladi: kanadaliklarda – +6, shveysarlarda – +3.
– Shveytsariya faqat Kanadani yengish orqali birinchi o‘ringa chiqishi mumkin. Durang natija yevropaliklarni ikkinchi o‘rin orqali pley-offga olib chiqadi, hatto mag‘lubiyatga uchralgan taqdirda ham eng yaxshi ko‘rsatkichga ega uchinchi o‘rinlardan biri sifatida 1/16 finalga yo‘l olish mumkin.
– Ikkinchi turda Qatarni yirik hisobda mag‘lub etgan (6:0) Kanada faqat quyidagi shart bilan uchinchi o‘ringa tushib ketishi mumkin: Shveytsariyadan mag‘lubiyatga uchrab, Bosniya Qatar ustidan yirik hisobda g‘alaba qozonsa. Ikki o‘yindagi to‘plar farqi 9 taga yetsa (masalan, kanadaliklar 0:3 hisobida yutqazsa va bosniyaliklar 6:0 hisobida g‘alaba qozonsa), o‘zaro o‘yinda durang qayd etilgani (1:1) tufayli keyingi o‘lchovlarga (urilgan gollar soni, intizomiy reyting, FIFA reytingi) qaraladi.
– Ikkinchi turda Bosniyani yirik hisobda (4:1) mag‘lub etgan Shveytsariya uchinchi o‘ringa tushib ketishi uchun quyidagi shartlar bajarilishi kerak: Kanadaga yutqazishi va Qatar Bosniya ustidan yirik hisobda g‘alaba qozonishi. Va bu yerda ham to‘plar farqi roppa-rosa 9 ta bo‘lsa, unda o‘zaro uchrashuvdagi tenglik (1:1) tufayli keyingi o‘lchovlarga qaraladi.
– Bosniyaga Qatar ustidan g‘alaba kerak. 4 ochkoga ega bo‘ladigan istalgan jamoa uchinchi o‘rin egalari orasida kuchli sakkizlikka kiradit. To‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma uchun esa o‘z o‘yinida yirik hisobda g‘alaba qozonish va Kanada va Shveytsariyadan yirik hisobda yutqazishini kutish kerak bo‘ladi.
– Qatarni Bosniya bilan o‘yinda faqat g‘alaba qoniqtiradi. To‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish uchun esa Bosniyani yirik hisobda yengish va Shveytsariya Kanadaga yirik hisobda yutqazishiga umid qilish kerak bo‘ladi.
– Bosniya va Qatar o‘rtasidagi bahsda durang ikki jamoani ham guruhda qoldiradi: 2 ochko – uchinchi o‘rin egalari reytingida sakkizlikka kirish uchun yetarli bo‘lmaydi. Bunday ssenariyda to‘plar nisbati tufayli Bosniya uchinchi, Qatar to‘rtinchi bo‘ladi.
B guruhi vakillariga pley-offda kim raqib bo‘ladi?
Ushbu guruh g‘olibi E, F, G, I yoki J guruhlaridan uchinchi o‘rin bilan chiqadigan jamoalardan biriga qarshi o‘ynaydi.
Guruhning ikkinchi vakili A guruhining ikkinchi vakiliga (hozir bu Koriya) to‘qnash keladi.
Guruhning uchinchi vakili (agar guruhdan chiqa olsa), D yoki E guruhlari g‘oliblaridan biri bilan o‘ynashi mumkin.
C guruhi
Braziliya va Marokash 4 tadan ochkoga ega, ammo 1/16 final yo‘llanmasini hali rasmiylashtirmagan. 3 ochkoga ega Shotlandiya ham top-2 uchun kurashda qolmoqda. Haiti esa so‘nggi tur natijalaridan qat’i nazar o‘zaro o‘yindagi mag‘lubiyat tufayli shotlandlarni quvib o‘ta olmaydi va to‘rtinchi o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmaydi.
3-tur o‘yinlari. Shotlandiya – Braziliya, Marokash – Haiti. Ikki o‘yin ham 25 iyunga o‘tar kechasi soat 03.00 da boshlanadi.
– Braziliya 1/16 finalga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma olishi uchun Shotlandiyani mag‘lub etishi kifoya. Parallel uchrashuvda Marokash Haitini yenga olmasa, guruhda birinchi o‘rin pentakampeonlarda qoladi. Shu bilan birga, Marokash Haitini mag‘lub etgan taqdirda ham Braziliya o‘z o‘yinida g‘alaba qozonib ham birinchi o‘rinda qolishi mumkin. Brazillar marokashliklar bilan o‘zaro o‘yinda durang hisob qayd etishgan (1:1), hozircha to‘plar nisbati afrikaliklarnikiga qaraganda yaxshiroq (+2), shuning uchun janubiy amerikaliklar ochkolar teng kelgan taqdirda yuqorida qolishadi.
– Marokashga 1/16 finalga chiqish uchun Haitiga yutqazmaslik kifoya qiladi. G‘alaba afrikaliklarni birinchi o‘ringa olib chiqishi mumkin, ammo buning uchun Braziliya Shotlandiya bilan o‘yinda ochko yo‘qotishi yoki marokashliklar o‘z o‘yinida yirikroq hisobda g‘alaba qozonib, to‘plar nisbatini yaxshiroq qilib olishi kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, mag‘lubiyat ham Marokashni uchinchi o‘ringa tushirib yubormasligi mumkin – buning uchun Shotlandiya Braziliyani mag‘lub etmasligi kerak, ochkolar teng kelib qolgan taqdirda marokashliklar shotlandlar bilan o‘zaro o‘yin natijasiga ko‘ra (1:0) yuqorida qoladi. Marokash uchun eng xavfli ssenariy – o‘z o‘yinida Haitiga mag‘lub bo‘lishi va Shotlandiya Braziliyadan ustun kelishidir, bu holda brazillar bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha bahslashishga to‘g‘ri keladi.
– Agar Braziliya va Marokash o‘z o‘yinlarida yutqazadigan bo‘lsa, ularda 4 tadan ochko bo‘ladi, o‘zaro o‘yinda durang qayd etilgani tufayli barchasini to‘plar nisbati hal qiladi. Hozirda Braziliyada bu yaxshiroq – +3, Marokashda esa – +1. Brazillar voqealarning salbiy rivojida ham ikkinchi o‘rinni o‘zida saqlab qolishadi, buning uchun Anchelotti shogirdlari oxirgi turda ikki yoki undan ko‘p to‘p farqi bilan yutqazmasligi kerak – aks holda afrikaliklar Janubiy Amerika vakillaridan yuqoriga chiqib ketadi.
– To‘g‘ridan to‘g‘ri pley-offga chiqish uchun Shotlandiya Braziliya ustidan g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi. Britanlar jamoasi shunda 6 ochko bilan top-2 dan o‘rin olishi aniq, Marokash Haiti bilan o‘yinda ochko yo‘qotgan taqdirda birinchi o‘rinni ham o‘ziniki qiladi. Braziliya bilan durang hisob Shotlandiyani 4 ochko bilan uchinchi o‘rinda qoldiradi va bu uchinchi o‘rinlar orasidagi eng yaxshi natijalardan biri bo‘lishi aniq. Mag‘lubiyat ham shotlandlarni uchinchi o‘rindan pastga tushirib yubormaydi, ammo bu holda ular boshqa guruhlardagi 3-o‘rin egalarining natijalari yomonroq bo‘lishiga umid qilishi kerak bo‘lib qoladi.
– Haiti allaqachon 1/16 finalga chiqish imkoniyatini yo‘qotgan. KONKAKAF vakillari so‘nggi o‘yinida Marokashni mag‘lub etgan taqdirda ham uchinchi o‘rin uchun raqobatchisi Shotlandiya bilan o‘zaro o‘yindagi mag‘lubiyat (0:1) tufayli yuqoriga ko‘tarila olmaydi.
C guruhi vakillariga pley-offda kim raqib bo‘ladi?
Ushbu guruh g‘olibi F guruhidan ikkinchi o‘rin bilan chiqqan jamoaga qarshi o‘ynaydi (hozir bu Yaponiya).
Guruhning ikkinchi o‘rin egasi F guruhi g‘olibiga (hozir bu Niderlandiya) qarshi maydonga tushadi.
Guruhda uchinchi o‘rinni olgan jamoa (agar turnirda qolsa), A, E yoki I guruhi g‘oliblaridan biriga qarshi o‘ynashi mumkin.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot18 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat14 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat13 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
