Sport
Kolumbiya Kongoni mag‘lub etdi, Angliya Ganani yuta olmadi
Jahon chempionati guruh bosqichi ikkinchi turidan o‘rin olgan Kolumbiya – Kongo uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
JCh-2026. Guruh bosqichi, 2-tur
Kolumbiya – Kongo 1:0
Gol: Munoz 76, 1:0.
Natijada O‘zbekiston termasining guruhdan chiqishi oxirgi turga bog‘liq bo‘lib qoldi. Uchinchi turda termamiz Kongo bilan o‘ynaydi.
Jahon chempionati L guruhi 2-turi doirasidagi uchrashuv yakunlandi.Angliya Gana termasini yenga olmadi.
JCh, L guruhi, 2-tur
Angliya — Gana 0:0
Xorvatiya 2026-yilgi FIFA Jahon chempionatida Panamani mag‘lub etib, o‘zining ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
L guruhining ikkinchi bosqich o‘yini Torontoda bo‘lib o‘tdi va 1:0 hisobida yakunlandi. Ante Budimir yagona golni urdi.
Luka Modrich Xorvatiya terma jamoasi safida 200-uchrashuvini o‘tkazdi. Faqat Portugaliya terma jamoasi vakili Krishtianu Ronaldu (230), Quvayt terma jamoasi vakili Bader Al-Mutava (202) va Argentina terma jamoasi vakili Lionel Messi (201) o‘z terma jamoalari safida ko‘proq o‘yin o‘tkazgan.
Xorvatiya 2026 yilgi FIFA Jahon chempionatida o‘zining ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi va uch ochko to‘pladi. Ular guruhda Angliya va Ganadan keyin uchinchi o‘rinda, ikkalasida ham to‘rt ochko bor.
Sport
JChda 13-kun. Ronalduda rekord, Husanovning ko‘z yoshi va «jodulangan» Keyn
Kolumbiya Kongo DR bilan o‘yinda minimal hisobda g‘alaba qozondi va O‘zbekiston uchun imkon qoldirdi. Endi nazariy jihatdan so‘nggi turda O‘zbekiston kongoliklarni yengish orqali, 3-o‘rin bilan pley-offga chiqishi mumkin bo‘ladi.
Ronaldu qatorasiga oltinchi chempionatda gol urdi
Portugaliya – O‘zbekiston 5:0
Gollar: Ronaldu, 6 (1:0). Mendesh, 17 (2:0). Ronaldu, 39 (3:0). Ne’matov, 60 avtogol (4:0). Leau, 87 (5:0)
Portugaliya: Koshta, Ruben Diash, Veyga, Nunu Mendesh, Joau Kanselu (Semedu, 46), Joau Nevesh (Bernardu Silva, 76), Vitinya (Leau, 83), Brunu Fernandesh, Joau Feliks (Trinkau, 63), Pedru Netu (Konseysau, 46), Krishtianu Ronaldu
O‘zbekiston: Ne’matov, Abdullayev, Ashurmatov, Husanov, Shukurov (Esonov, 90+2), Hamrobekov (Alijonov, 46), Nasrullayev (Mozgovoy, 46), Karimov (Jiyanov, 90+2), G‘aniyev, Fayzullayev (Sergeyev, 73), Shomurodov
Ogohlantirishlar: Veyga, 68 – Hamrobekov, 14
Jahon chempionatining 1-turida Kongo DR bilan o‘yindagi nursiz o‘yindan (1:1) keyin Krishtianu Ronaldu tanqidlar yomg‘iri ostida qolgandi. Ikkinchi turda O‘zbekistonga qarshi kechadigan o‘yin esa u va jamoa bu tanqidlarga javob qaytarishi uchun imkon edi.
Portugallar ilk daqiqalardanoq kuchli bosim o‘tkazdi va o‘zbekistonliklarni chuqur himoyalanishga majbur qildi. Yevropa vakillari ko‘pchilik bo‘lib hujumga o‘tib, pozitsiyalarni almashtirib harakatlanishdi va tezkor kombinatsiyalar uyushtirishdi. Natijada 6-daqiqadayoq hisob ochildi: Kanselu o‘ng qanotdan reyd uyushtirib, jarima maydonida ochilgan Krishtianuni to‘p bilan ta’minladi, 41 yoshli hujumchi esa bu imkoniyatdan foydalandi. Bu orqali portugaliyalik yulduz qatorasiga oltinchi jahon chempionatida gol urgan ilk futbolchiga aylandi – unga bu borada eng yaxshi natija qayd etgan Lionel Messi (5) bu natijani faqat 2030 yilgi jahon chempionatiga borsa takrorlashi mumkin.
Ronaldu portugallarning ikkinchi golida ham ishtirok etdi – barcha Hamrobekovning jarima maydoni yaqinidagi qo‘polligidan keyin belgilangan jarima zarbasini aynan u ijro etishini kutib turganida u to‘pni Nunu Mendeshga qoldirdi, «PSJ» himoyachisi esa pastlatib yo‘llagan zarbasi bilan to‘pni darvozaning o‘ng burchagiga joylab qo‘ydi.
Shundan keyin O‘zbekiston ham oldinga chiqa boshladi va bir necha vaziyatlarga ega bo‘ldi: avvaliga Nasrullayevning yaqin burchakka yo‘llagan zarbasiga aniqlik yetishmadi, G‘aniyev esa juda chiroyli zarbasi bilan Koshta qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol etdi ham.
Ammo vaziyatga VAR aralashib, gol bekor qilindi – videotakrorda to‘p G‘aniyevga kelib tushishidan oldin Abbos Fayzullayev Kanseluga qo‘pollik ishlatgani oydinlashdi.
O‘zbekistonliklar katta kuch bilan hujumga o‘tishda davom etishdi va buning uchun jazolanishdi. Markazda to‘p yo‘qotilgach, raqib tezkor qarshi hujum uyushtirdi va Fernandesh Ronalduni amalda darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib yubordi, u esa Ne’matovga hech qanday imkoniyat qoldirmadi – 0:3.
U bo‘lim oxirigacha het-trik muallifiga aylanishi ham mumkin edi, ammo darvozabon ustidan oshirib tashlangan to‘pni Husanov darvoza chizig‘i ustidan qaytarib yubordi.
Kannavaro tanaffusda birinchi bo‘limda ko‘p xatoga yo‘l qo‘ygan Hamrobekov va Nasrullayevni zaxiraga olib, Mozgovoy va Alijonovni tushirdi, Martines ham aynan o‘ng qanotini almashtirib, Semedu va Konseysauni maydonga tashladi.
O‘zbekiston ikkinchi bo‘lim boshida faol harakat qilib, pressing uyushtirdi, ammo 60-daqiqada esa yana bir bor standart vaziyat portugallar foydasiga ishladi. Burchakdan pastlatib oshirilgan to‘pga Feliks zarba berdi, to‘p avval Husanovga, keyin darvozabonga tegib, to‘rga borib tushdi.
Qolgan daqiqalarda hech bo‘lmaganda bitta javob golini urish uchun o‘zbekistonliklarda kuch ham, shijoat ham yetishmadi. O‘yin yakuniga yaqinlashganda zaxiradan tushgan Rafael Leau yakuniy hisobni o‘rnatdi – 5:0.
Portugaliya – butkul boshqa ligada ekanini namoyish etdi. Ronaldu esa shu yoshda ham to‘xtashni istamayapti. O‘yindan keyin kameralarga qarata shunday dedi: «Men qaytdim!»
Husanov esa o‘yindan keyin ko‘z yoshlarini tiya olmadi, uni «Manchester Siti»dagi sobiq jamoadoshi Bernardu Silva yupatishiga to‘g‘ri keldi.
Umuman, Husanov o‘yinni yomon o‘tkazmadi: to‘pga 39 teginish, 25 tadan 22 ta aniq uzatma, to‘rt marta to‘pni olib qo‘yish, to‘rt marta to‘pni egallash, bitta bloklangan zarba va uch marta to‘pni uzoqlashtirish.
Jodulangan Keyn
Angliya – Gana 0:0
Angliya: Pikford, Konsa, Geyi, Spens (O`Rayli, 66), Jyeyms, Rays, Anderson (Eze, 74), Bellinghem (Rodjyers, 73), Gordon (Saka, 65), Madueke (Reshford, 83), Keyn
Gana: Asare, Adjyeti, Opoku, Mensa, Senayya (Pepra Oppong, 87), Parti, Yirenkiy, Sibo, Semenyo, Inyaki Uilyams (Fatavu, 66), Ayyu (Adu, 67, Baba, 90)
Ogohlantirishlar: Rays, 41 – Inyaki Uilyams, 60
Guruh bosqichining 1-turida inglizlar xorvatlar bilan shou uyushtirib berishgandi (4:2). Ammo Ganaga qarshi bahsda muxlislar kutgan o‘yin bo‘lmadi – bu o‘yinda birorta gol urilmadi va Angliya muddatidan oldin guruh bosqichi masalasini hal qila olmadi.
Karlush Keyrush boshchiligidagi afrikaliklar ilk daqiqalardan 4-5-1 sxemasida chuqur himoyalanishdi va raqibga bo‘sh zonalar qoldirishmadi. Tomas Tuxel shogirdlari faqat standart vaziyatlardan omadini izlashga majbur bo‘ldi, lekin bu ham ish bermadi.
Inlizlar birinchi bo‘limda to‘pga egalik qilish bo‘yicha 81 ga 19 foiz, uzatmalar bo‘yicha 347-98, zarbalar bo‘yicha 6-0 nisbatida ustunlikka erishishdi,, ammo bu zarbalardan birortasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bormadi.
Tanaffusdan keyin inglizlar raqibni o‘ziga chorlash uchun orqaroqqa qaytishdi, ammo ganaliklar bu tuzoqqa tushmadi. Ikkinchi bo‘lim davomida Tuxel Saka, Eze, Rodjyers va O’Rayli kabi futbolchilar hisobiga o‘yinni jonlantirishga harakat qildi, ammo kartina o‘zgarmadi.
Aksincha, ikkinchi bo‘limning ikkinchi yarmida ganaliklarda ketma-ket ikkita xavfli vaziyat yuzaga keldi. Avvaliga Adu darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, ammo Pikford jarima maydonini tashlab chiqib, xavfni bartaraf etdi. Keyin esa ushbu futbolchining hujumini himoyachi Konsa podkat bilan to‘xtatib qoldi.
Angliya so‘nggi daqiqalarda shturm uyushtirishga va xavfli vaziyatlar yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Avvaliga Saka aylanma zarbasi bilan ganalik muxlislar yuragiga g‘ulg‘ula soldi, keyin esa O’Raylining yaqin masofadan yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p to‘sindan qaytdi, ammo qaytgan to‘pga Keyn to‘g‘ri zarba bera olmadi.
Shu pallada ko‘pchilik ganalik shaman Nana Kvaku Bonsamni yodga oldi – u o‘yindan oldin inglizlar forvardini la’natlaganini aytgandi.
«Men Keyn bo‘yicha ishlayapman. Unga jiddiy jarohat tilamayman – u mening mamlakatimga qarshi o‘zini ko‘rsata olmasligi uchun yengil ta’sir yetarli bo‘ladi», – degandi u.
Golsiz durangni ganaliklar g‘alabadek nishonlashdi – bu natija amalda jamoaga pley-offni kafolatlaydi. Tuxel esa bunday ssenariy uchun nimadir o‘ylab topishi kerak bo‘ladi – turnir davomida uning jamosiga qarshi shunday uslubda harakat qiladigan jamoalar hali yana bo‘ladi.
Panama turnir bilan xayrlashdi
Panama – Xorvatiya 0:1
Gol: Budimir (54).
Panama: Moskera, Murillo, Ramos (Uoterman, 71), Kordoba, Andrade, Blekmen (Devis, 90), Martines, Harvi, Barsenas (Rodriges, 90), Rodriges, Fajardo (Londono, 83).
Xorvatiya — Livakovich, Stanishich, Shutalo, Pongrachich, Gvardiol (Kramarich, 46), Modrich (Mario Pashalich, 81), Kovachich (P.Suchich, 72), Marko Pashalich (L.Suchich, 72), Baturina, Perishich, Musa (Budimir, 46).
Ogohlantirishlar: Barsena (61), P.Suchich (90+2).
Panama birinchi turda Ganadan atigi bitta gol o‘tkazib yuborgandi. Xorvatiya bilan o‘yin taqdirini ham yagona gol hal qildi.
KONKAKAF vakillari ancha vaqtgacha nomdor raqiblarning bosimiga dosh berib turdi, shu kuni milliy jamoadagi 200-o‘yinini o‘tkazgan Luka Modrich ham bu himoyaga qarshi hech narsa o‘ylab topolmadi, ammo ikkinchi bo‘lim boshlarida yevropaliklar baribir o‘z maqsadiga erishdi – Marko Pashalich to‘pni tovoni bilan Yosip Stanishichga yetkazdi, uning olis burchakka yo‘llagan zarbasi ustundan qaytdi, to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Budimir g‘alaba golini urdi.
O‘yinda shu hisob saqlanib qoldi va Panama oxirgi tur natijasidan qat’i nazar turnir bilan xayrlashadigan bo‘ldi. So‘nggi turda Angliya Panama bilan (28 iyun), Gana – Xorvatiyaga qarshi maydonga chiqadi.
Kolumbiyadan yordam
Kolumbiya – Kongo DR 1:0
Gol: Deniyel Munios (76)
Kolumbiya: Vargas, Munios, Sanchez, Lukumi, Mohika, Puerta, Lerma, Arias (Rios 78), Rodrigez (Kintero 58) Suarez (Kordoba 58) Diaz.
Kongo DR: Mpasi-Nzau, Bakambu (23. Banza, 58), Vissa, Kayyembe (Pikel, 72) Mutussami (Mbuku 82), Mukau (Sadiki 46), Masuaku (Kayyembe, 72) Kapuadi, Tuanzebe, Mbemba, Van-Bissaka
Ogohlantirishlar: Lukumi (56), Lerma (90+4) – Pikel (90+4).
Kongo DR birinchi turda jahon chempionatidagi kutilmagan natijalardan birini qayd etib, yulduzli Portugaliyadan ochko tortib olgandi (1:1). Ammo ushbu jamoaning Luis Diaz boshchiligidagi kolumbiyaliklarga kuchi yetmadi.
Janubiy Amerika vakillari ilk daqiqalardan tashabbusni qo‘lga olib, birin-ketin xavfli vaziyatlar yaratishdi. 19-daqiqaga kelib zarbalar statistikasi 8:1 ko‘rinishida bo‘lgani ham ko‘p narsani anglatadi (taqqoslash uchun, portugallar o‘yin davomida jami 7 bor zarba berishgandi).
Afrikaliklarning 31 yoshli darvozaboni Lionel Mpasi-Nzo birinchi bo‘lim davomida 6 bor seyv ijro etdi. U ikkinchi bo‘limda ham qahramonlik ko‘rsatishda davom etdi – Dias yana yaqin masofadan turib Mpasi-Nzoni dog‘da qoldira olmadi, Aryas esa darvozabon hududidan turib burchakka to‘g‘ri zarba berolmadi.
76-daqiqaga kelibgina kongoliklar devori buzib o‘tildi – o‘tgan turda o‘zbekistonliklar darvozasiga ham gol urgan himoyachi Kristian Munios Xuan Kinteroning uzatmasidan keyin qulay vaziyatga chiqib borib, to‘pga bir teginishda darvozani ishg‘ol etdi.
Qolgan vaqt davomida o‘yin hakami Diasning ikki golini bekor qildi. Birinchi holatda «Bavariya» vingeri to‘pni Mpasi-Nzo ustidan oshirib tashlagandi, ammo bundan oldin raqib himoyachisini qo‘li bilan turtgani ma’lum bo‘ldi. Ikkinchi epizodda esa mikroskopik ofsayd qayd etildi.
Bu g‘alaba orqali Kolumbiya O‘zbekiston uchun imkoniyat qoldirdi. Agar bugun kongoliklar g‘alaba qozonganida o‘zbekistonliklar so‘nggi tur natijalaridan qat’i nazar to‘rtinchi o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmagan bo‘lardi.
Endi 3-turda muxlislarni supero‘yin kutmoqda – Kolumbiya Portugaliyaga qarshi guruh g‘olibligi uchun kurash olib boradi. Pley-off masalasini hal qilib bo‘lgan janubiy amerikaliklarga birinchi o‘rin uchun durang ham yetarli bo‘ladi.
O‘zbekiston esa guruhdan chiqish uchun Kongoni imkon qadar yirik hisobda mag‘lub etishi va boshqa guruhlarda o‘zi uchun kerakli natijalar qayd etilishini kutishi kerak bo‘ladi.
Sport
Fabio Kannavaro va Eldor Shomurodov Portugaliyaga qarshi o‘yin haqida fikr bildirdi
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro va jamoa futbolchilari JCh-2026 2-turidan o‘rin olgan Portugaliya milliy jamoasiga qarshi uchrashuvdan (5:0) so‘ng jurnalistlarga intervyu berdi.
Foto: O‘FA
Fabio Kannavaro
“Albatta jahon chempionatidagi ilk ishtirok oson bo‘lmasligi tabiiy. Qur’a natijalari chiqqanidan so‘ng Kolumbiya va Portugaliyani ko‘rib, bizni juda qiyin guruh kutayotganini kutgandik.
Kolumbiyaga qarshi o‘yindan keyin ham jamoamdan faxrlanishimni aytgandim, bugun ham jamoam bilan faxrlanaman. Chunki ularni ko‘rdim. Ha, qiyinchiliklarga duch kelishdi, ammo bir soniya ham taslim bo‘lishmadi.
Albatta, barcha chiziqlarda yuqori saviyadagi futbolchilarga ega jamoaga qarshi o‘ynash doim qiyin. Shubhasiz, ular juda katta motivatsiya bilan maydonga tushishgan edi. Biroq aytganimdek, bu jahon chempionati biz uchun tajriba”.
Foto: O‘FA
Eldor Shomurodov
“Birinchi navbatda, bu turnir O‘zbekiston futboli uchun juda katta tajriba bo‘lmoqda. Biz qanaqa yutkazgan taqdirimizda ham, bu narsadan O‘zbekiston ko‘p narsa yutdi, deb o‘ylayman. Shunga qaramay, yirik hisobda uchralgan mag‘lubiyat uchun muxlislardan uzr so‘raymiz. Bugungi natija (Kolumbiya-Kongo uchrashuvi natijasi)ga qarab, 3-turda oxirgi imkoniyatimiz bo‘ladi. 3-o‘yinda jahon chempionatidagi birinchi g‘alabamizni qo‘lga kiritishga harakat qilamiz.
Bizni qo‘llab turgan barcha muxlislarga rahmat aytamiz. Bunaqa mag‘lubiyat uchun uzr so‘raymiz. Keyingi o‘yinlarda qo‘llab turishlarini so‘raymiz”.
Abbos Fayzullayev
“Bugun himoyada ulgurmaganimiz sababi – raqib hujumchilarining darajasi ham kuchli. Dunyodagi eng kuchli yarimhimoyaga ega jamoaga qarshi o‘ynadik va bu biz uchun katta tajriba bo‘ldi. O‘zbekligimdan va shu bayroq ostida terma jamoamizni himoya qilayotganimdan juda ham faxrlanaman. Yutkazgan paytimizda ham, yutgan paytimizda ham borimizni berib, butun terma jamoa O‘zbekiston uchun o‘ynaymiz”.
Behruz Karimov
“O‘yindan oldin murabbiyimiz Krishtianu Ronalduni “The Best” deb ta’rifladi. Raqibning har bir o‘yinchisi kuchli bo‘lgani uchun ularning har biriga ko‘rsatma berildi, lekin aynan Ronalduni yopamiz, deyilmadi. Chunki Ronalduni yopsak, uning atrofidagi o‘yinchilar ham tajribali”.
Ravshan Ermatov (O‘FA birinchi vitse-prezidenti)
“2:0 vaqtida golimiz hisoblaganda edi… Salgina adolatsiz bo‘ldi. Nima bo‘lganda ham biz rivojlanish bosqichidan o‘tayapmiz. Hurmatli prezidentimiz hamma sharoit yaratib bergan. Ozgina vaqt kerak. 1-sinf bolasi 9-sinf bolasi bilan raqobatlasha olmaydi. Biz 1-sinf bo‘lsak, ular 9-sinf. O‘zbekistonda katta salohiyat bor. Yillar o‘tib Portugaliyadek jamoalar ham O‘zbekiston qarshi qo‘rqib tushadigan bo‘ladi.
Bu musobaqa biz qayerda ekanimizni, nimaning ustida ishlashimizni ko‘rsatib beradigan ilk tajriba bo‘ldi”.
Sport
Eldor Shomurodov muxlislardan uzr so‘radi
O‘zbekiston milliy jamoasi sardori Eldor Shomurodov JCh-2026 2-turidan o‘rin olgan Portugaliya milliy jamoasiga qarshi uchrashuvdan (5:0) so‘ng jurnalistlarga intervyu berdi. U o‘yin yakunlari, yo‘l qo‘yilgan xatolar va jamoaning keyingi rejalari haqida gapirdi.
“Birinchi navbatda, bu turnir O‘zbekiston futboli uchun juda katta tajriba bo‘lmoqda. Biz qanaqa yutkazgan taqdirimizda ham, bu narsadan O‘zbekiston ko‘p narsa yutdi, deb o‘ylayman. Shunga qaramay, yirik hisobda uchralgan mag‘lubiyat uchun muxlislardan uzr so‘raymiz. Bugungi natija (Kolumbiya-Kongo uchrashuvi natijasi)ga qarab, 3-turda oxirgi imkoniyatimiz bo‘ladi. 3-o‘yinda jahon chempionatidagi birinchi g‘alabamizni qo‘lga kiritishga harakat qilamiz.
Murabbiy to‘pni ko‘proq nazorat qilish va yaxshiroq himoyalanishni reja qilgandi. Bunday jamoalarga qarshi o‘yinda kichik xatolar ham katta ahamiyatga ega. G‘alaba qozonish uchun 100 foiz kuch bilan o‘ynash ham kamlik qiladi, omad ham kelishi kerak. O‘ylashimcha, ular tepgan hamma zarbalar darvozamizga kirdi. Shuning evaziga ham katta hisob qayd etildi.
Bizni qo‘llab turgan barcha muxlislarga rahmat aytamiz. Bunaqa mag‘lubiyat uchun uzr so‘raymiz. Keyingi o‘yinlarda qo‘llab turishlarini so‘raymiz”, – dedi jamoa sardori.
Sport
JCh-2026. O‘zbekiston ikkinchi turda Portugaliyaga yirik hisobda yutqazdi
Milliy jamoa Yevropaning nomdor vakiliga jiddiy qarshilik ko‘rsata olmadi. Krishtianu Ronaldu o‘yinda ikkita gol urdi.
Futbol bo‘yicha jahon chempionatida 23 iyun kuni K guruhining 2-tur o‘yini o‘tkazildi.
O‘zbekiston milliy jamoasi Hyuston shahrida Portugaliya bilan o‘ynadi va yirik hisobda yutqazdi.
6-daqiqada Krishtianu Ronaldu himoyachilar xatosidan unumli foydalanib, O‘zbekiston milliy jamoasi darvozasini ishg‘ol qildi. 17 daqiqada Nunu Mendesh jarima zarbasini aniq ijro qilib, jamoasining ikkinchi golini urdi.
29-daqiqada Aziz G‘aniyev uzoq masofadan kuchli zarba yo‘llab, hisobni qisqartirdi. Biroq, unga to‘p kelib tushishidan oldin Abbos Fayzullayev qoida buzgani tufayli, bosh hakam VAR tekshiruvidan so‘ng golni bekor qildi.
39 daqiqada Krishtianu Ronaldu darvozabon bilan deyarli yuzma-yuz chiqib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.
Ikkinchi bo‘limda vaziyat o‘zgarmadi. Portugaliya katta ustunlik bilan hujum qildi. 60 daqiqada burchak zarbasidan keyin Abduvohid Ne’matov to‘pni o‘z darvozasiga yo‘llab qo‘ydi. 87-daqiqada Leao jamoasining beshinchi golini urdi.
Bu natijadan so‘ng Portugaliya 4 ochko jamg‘ardi, O‘zbekiston hisobida ochko yo‘q. Milliy jamoa guruhdagi so‘nggi o‘yinni 28 iyun kuni Kongo DR milliy jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
JCh-2026, K guruhi, 3-tur
Hyuston (AQSh), 23 iyun
PORTUGALIYa – O‘ZBeKISTON 5:0
Gollar: Krishtianu Ronaldu (6, 39), Nunu Mendesh (17), Abduvohid Ne’matov (60 avtogol), Rafael Leao (87)
PORTUGALIYa: Diogu Koshta, Ruben Diash, Krishtianu Ronaldu, Brunu Fernandesh, Joau Felish (Fransishku Trinkau, 63), Renatu Veyga, Joau Nevesh (Bernardu Silva, 76), Pedru Netu (Fransishku Konseysau, 46), Joau Kanselu (Mateush Nunesh, 46), Vitinya (Rafael Leao 83), Nunu Mendesh.
O‘ZBeKISTON: Abduvohid Ne’matov, Abduqodir Husanov, Rustam Ashurmatov, Otabek Shukurov, Odil Hamrobekov (Akmal Mozgovoy, 46), Sherzod Nasrullayev (Hojiakbar Alijonov, 46), Eldor Shomurodov, Abdulla Abdullayev, Aziz G‘aniyev, Abbosbek Fayzullayev (Igor Sergeyev, 73), Behruz Karimov.
Ogohlantirishlar: Odil Hamrobekov (14), Renatu Veyga (68)
Sport
Shavkat Mirziyoyev Namangandagi futbol akademiyasida bo‘ldi
Davlatimiz rahbari Namangan viloyatiga tashrifi doirasida «Navbahor» futbol akademiyasiga tashrif buyurib, bu yerda yosh futbolchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va o‘quv-mashg‘ulot jarayonlari bilan tanishdi.
Namangan viloyati o‘zining boy futbol an’analari va iqtidorli futbolchilari bilan mamlakatimizda alohida o‘rin tutadi. Yosh avlodni xalqaro standartlar asosida tayyorlash maqsadida «Navbahor» akademiyasi uch yil muddatga dunyoning yetakchi futbol maktablaridan biri sanalgan Niderlandiyaning «Ayaks» futbol akademiyasi boshqaruviga berildi.
«Ayaks» dunyodagi eng mashhur akademiya hisoblanadi (1900-yilda tashkil etilgan) va o‘z tarbiyalanuvchilarini Yevropaning mashhur klublariga o‘tkazish orqali har yili o‘rtacha 50-70 million yevro daromad oladi.
Kelishuvga asosan, klublar o‘rtasida qo‘shma o‘smirlar futbol akademiyasi tashkil etilib, o‘zbekistonlik yosh futbolchilar va murabbiylarni tayyorlash bo‘yicha «Ayaks»ning boshqaruv modeli joriy etiladi.
Hozirgi kunda akademiyada xorijiy mutaxassislar, jumladan, murabbiy va skautlar faoliyat yuritib, mahalliy yoshlarni Yevropa futbol standartlari asosida tayyorlash ishlarini olib boryapti.
Prezidentimiz akademiya infratuzilmasi, mashg‘ulot maydonlari hamda tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlarni ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, yosh futbolchilar va xorijiy mutaxassislar bilan suhbatlashib, ularning orzu-intilishlari va kelgusi rejalari bilan qiziqdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekiston milliy terma jamoasining xalqaro maydonlardagi ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari akademiya tarbiyalanuvchilari bilan suratga tushdi.
-
Dunyodan3 days agoEron Hormuz boʻgʻozi yopilganini eʼlon qildi
-
Jamiyat5 days agoKoreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq yirik firibgarliklar fosh etildi
-
Dunyodan5 days ago
Isroil vaziri Trampga qarshi keskin bayonot berdi
-
Sport5 days agoJChda 8-kun. Husanov operatordan uzr so‘radi, Shveytsariyada yangi yulduz porladi
-
Siyosat4 days agoO‘zbekiston AQSh-Eron bitimiga munosabat bildirdi
-
Jamiyat4 days agoNamanganda qalbaki dollar sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
-
Siyosat2 days agoPrezident Mirziyoyev Ozarbayjon elchisini oʻz nihoyasiga yetgan “Mehnat Shufrati” ordeni bilan taqdirladi
-
Sport4 days agoNodirbek Abdusattorov jahon shaxmat reytingida eng yuqori uchtalikka kirdi
