Jamiyat
Central Asian University klinik amaliyotining to‘laqonli simulyatsiyasi orqali tibbiy ta’limning noyob formatini joriy etmoqda
Central Asian University tibbiy ta’lim nafaqat nazariya, balki sog‘liqni saqlashning real tizimlarini ishga tushirishdan avval ularni ishlab chiqish, joriy etish va sinovdan o‘tkazish orqali ham yo‘lga qo‘yilishi mumkinligini amalda namoyish etmoqda.
Foto: Central Asian University
Central Asian University kampusi hududida faoliyat konsepsiyasi, bemorlarni yo‘naltirish, oqimlarni taqsimlash va asosiy bo‘linmalarning o‘zaro hamkorligi jihatidan real klinikaga maksimal darajada yaqinlashtirilgan diagnostika markazining to‘liq formatli modeli yo‘lga qo‘yilgan. Bu o‘quv konsepsiyasi emas, balki bugungi kunda faol ishlab chiqish bosqichida turgan bo‘lajak tizimning prototipidir.
Simulyatsiya sinovlari kuniga 1000 nafarga yaqin bemorni qabul qilish quvvatiga ega olti kunlik ish formatida o‘tkazilmoqda. Loyiha qurilayotgan Social diagnostik markaziga nisbatan 1:3 masshtabda amalga oshirilayotgan bo‘lib, bu alohida elementlarni emas, balki bo‘lajak tizimning ishlash mantig‘ini bir butun majmua sifatida sinovdan o‘tkazish imkonini beradi. Bunday ko‘lam real amaliyotga maksimal darajada yaqinlashtirilgan sharoitlarda yuqori yuklama, nostandart vaziyatlar, ortiqcha zo‘riqishlar, uzilishlar va bemorlarning o‘zgaruvchan xatti-harakatlarini qayta tiklash uchun zamin yaratadi.
Simulyatsiyaning maqsadi nafaqat ssenariylarni ishlab chiqish, balki navbatlar qaysi bosqichlarda paydo bo‘lishini, bemorlar oqimi qayerda uzilib qolishi mumkinligini, cheklangan vaqt sharoitida shifokorlar ishining sifati qanday bo‘lishini va oilaviy shifokorlarga qanday real yuklama tushishini aniq belgilashdan ham iboratdir. Universitet natijalarni tahlil qilishda ilmiy yondashuvni qo‘llaydi: barcha ma’lumotlar tizimlashtiriladi, o‘rganiladi va simulyatsiya yakunlari bo‘yicha CAU alohida ilmiy tadqiqot chop etishni rejalashtirmoqda.
Loyihaga yuzlab ishtirokchilar, jumladan, shifokor rolida ishlaydigan, bemorlarni real vaqtda qabul qiladigan, klinik ssenariylarda qatnashadigan va cheklangan vaqt ichida qaror qabul qiladigan CAU talabalari va rezidentlari jalb etilgan. Bunday yondashuv kuzatuvga asoslangan emas, balki amaliy tayyorgarlik shaklini yaratadi. Unda bo‘lajak mutaxassislar ta’lim bosqichining o‘zidayoq mavjud tizimning bir qismiga aylanadi.
“Bu men shu vaqtga qadar duch kelgan eng qimmatli va ilhomlantiruvchi ta’lim shakllaridan biridir. Simulyatsiya klinika faoliyati ichkaridan qanday yo‘lga qo‘yilganini yaqqol ko‘rish hamda shifokor mas’uliyatini nazariyada emas, amalda his etish imkonini beradi. Tez qaror qabul qilish, bemorlar bilan muloqot o‘rnata olish va jamoada ishlash naqadar muhim ekanini tushunib yetasan kishi. Bunday tajriba ta’lim jarayonini yanada mazmunli qiladi va bo‘lajak kasbingizga chindan ham yaqinlashtiradi. Shunchaki o‘qishni emas, balki ilk bosqichlardanoq haqiqiy tibbiyot muhitiga sho‘ng‘ishni istagan abituriyentlarga aynan shunday tayyorgarlik formatiga e’tibor qaratishni, albatta, tavsiya qilgan bo‘lardim”, – deya o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi Central Asian University tibbiyot maktabi talabasi Marlen Ibragimov.
Unda stressli va tanqidiy ssenariylarga alohida e’tibor qaratilgan. Simulyatsiya doirasida ish hajmining haddan tashqari ortib ketishi, belgilangan yo‘nalishlarning buzilishi, bemorlar oqimining keskin ko‘payishi va ish jarayonidagi uzilishlar modellashtiriladi. Shoshilinch diagnostika va tez yordamga alohida blok ajratilgan bo‘lib, unda xato qilishning bahosi vaqt va bemor hayoti bilan o‘lchanadigan sharoitlarda tezkor hamda aniq qarorlar qabul qilishni talab etadigan keskin holatlar va vaziyatlar qayta jonlantiriladi.
Barcha jarayonlar raqamlashtirilgan. Ma’lumotlar maxsus ishlab chiqilgan IT-infratuzilma hamda simulyatsiya loyihasi uchun yaratilgan yagona boshqaruv markazi orqali boshqariladi va tahlil qilinadi. Kutish vaqti, mutaxassislarning ish yuki, bemorlar oqimi va yo‘nalishlar samaradorligi kabi asosiy ko‘rsatkichlar real vaqt rejimida kuzatib boriladi. Bu nafaqat kelajakdagi modelning barqarorligini baholash, balki “Social” diagnostik markazi faoliyatini tashkil etish uchun amaliy tushunchalarni aniqlash imkonini ham beradi.
Bu nafaqat universitet, balki butun mintaqa uchun ham noyob va haqiqatan ham innovatsion loyihadir. Biz talabalar va rezidentlar sog‘liqni saqlashning real tizimiga maksimal darajada yaqinlashtirilgan sharoitda amaliy tajriba orttiradigan muhitni yaratmoqdamiz. Bunday simulyatsiyada ishtirok etish klinik tafakkurni, bosim ostida ishlash ko‘nikmasini, noaniqlik sharoitida qaror qabul qilish qobiliyatini va butun tizim mantiqini tushunishni shakllantiradi. Bu tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashning tamomila yangi bosqichidir”, deya ta’kidladi CAU Tibbiyot maktabi dekani, doktor Murodbek Axrorov.
Ushbu loyiha mintaqa uchun tibbiyot kadrlarini tayyorlashda yangi bir mezon bo‘lib xizmat qiladi. Central Asian University nafaqat bo‘lajak shifokorlarni o‘qitibgina qolmay, ayni paytda boshqariladigan, raqamli va real amaliyotga asoslangan yangi avlod sog‘liqni saqlash modelini oldindan sinovdan o‘tkazadigan yondashuvni namoyish etmoqda.
Central Asian University (CAU) haqida
2019 yili O‘zbekistonda tashkil etilgan bo‘lib mamlakatdagi eng jadal rivojlanayotgan xususiy universitetlardan biri hisoblanadi. Universitet tibbiyot, stomatologiya, biznes, muhandislik, arxitektura va turizm sohalarida xalqaro ta’lim dasturlarini amalga oshiradi. Zamonaviy kampus, xalqaro tajribaga ega o‘qituvchilar va amaliyotga yo‘naltirilgan yondashuv CAUʼni turli mamlakatlar talabalari uchun jozibador qiladi.
Central Asian University Round University Ranking 2025 jahon reytingining TOP-1000 taligiga kirgan, THE Impact Rankings 2025 reytingda debyut qilgan hamda QS Stars xalqaro baholash tizimida 4 yulduzga sazovor bo‘lgan. Universitet, shuningdek, Science and Innovation Awards talqiniga ko‘ra O‘zbekistonning eng innovatsion oliy ta’lim muassasasi deb e’tirof etilgan va HE Higher Education Ranking 2026 talqiniga ko‘ra TOP-30 oliygohlar qatorida joy olgan. CAU Yevropa va AQSh universitetlari bilan qo‘shma ta’lim hamda tadqiqot loyihalarini amalga oshirib, xalqaro hamkorlikni rivojlantirmoqda va mintaqada zamonaviy oliy ta’lim modelini shakllantirmoqda.
Sayt: centralasian.uz
Instagram: @cauniversity.official
Telegram: t.me/centralasianuni
Call-markaz: +998 71 208 12 34
Reklama huquqi asosida
Jamiyat
Yo‘llarda sun’iy to‘siqlar va notekisliklar yaratish taqiqlanmoqda
7-aprel kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisida yangi tahrirdagi «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Qonunning asosiy maqsadi yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, ulardan foydalanish tartibini belgilash hamda sohadagi munosabatlarni tizimlashtirishdan iborat. Shuningdek, qaror qabul qilish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash muhim mezon sifatida belgilanmoqda.
Eng muhim yangiliklardan biri — yo‘llarda sun’iy to‘siqlar va notekisliklar yaratish taqiqlanishidir. Bu qaror yo‘l-transport hodisalarini kamaytirish va harakat xavfsizligini oshirishga qaratilgan.
Qonunga muvofiq, avtomobil yo‘llari bepul yoki belgilangan tartibda pullik bo‘lishi mumkin. Bu esa sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilish va infratuzilmani rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, og‘ir vaznli va yirik gabaritli transport vositalarining harakatlanishi faqat maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Qonun doirasida davlat-xususiy sheriklik asosida yo‘llarni moliyalashtirish, to‘lovlarni avtomatlashtirish va foydalanuvchilar bilan operatorlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish masalalari ham qamrab olingan.
Senatorlar ta’kidlashicha, mazkur Qonun yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, harakat tezligini oshirish va tirbandliklarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, yo‘l-transport hodisalari sonini qisqartirish va inson hayotini muhofaza qilish asosiy ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilanmoqda.
Jamiyat
Har bir maktabda sport to‘garaklari uchun sharoit yaratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
«Sport bu faqat musobaqa emas, balki sog‘lom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini namoyon qiladigan katta kuch», – dedi davlatimiz rahbari yig‘ilish avvalida.
Yig‘ilishda, jumladan, maktablarda sport turi bo‘yicha to‘garaklar tashkil etish va murabbiylarni mahallalarga jalb qilish ishlarining ahvoli tahlil qilindi.
Masalan, Toshkent shahrining 15 ta maktabida to‘garaklar «nomiga» tashkil qilingani uchun 3-4 nafar bola qatnayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Yoki o‘tgan yili Jizzax, Qashqadaryo, Farg‘onadagi maktab o‘quvchilarining to‘rtdan biri jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha minimal talabni bajara olmagan.
Hokimlar oldiga har bir maktabda sport to‘garaklari uchun sharoit yaratish, to‘garaklarga qamrovni oshirish vazifasi qo‘yildi.
Sport maktablari mahallama-mahalla yurib, iqtidorli yoshlarni topish o‘rniga haligacha o‘zi kelgan tayyor sportchi bilan ishlayotgani qayd etildi. Masalan, sport bazalari bo‘yicha poytaxtdan keyin turadigan Samarqandda 100 ming yoshni professional shug‘ullantirsa bo‘ladi. Amalda bu 3 karra kam. Navoiy, Surxondaryo viloyatlari ham bor quvvatini yarmidan foydalanmoqda, xolos.
Jamiyat
Toshkent tumanida bog‘cha mudirasi 13 mln so‘mni o‘zlashtirishda ayblangandi. Oliy sud uni oqladi
Bog‘cha mudirasi ta’minotchi firma rahbari bilan birgalikda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgani haqidagi soxta hujjatlar orqali 13 mln so‘mni o‘zlashtirganlikda ayblangan. Aybsizligiga ishongan mudira buni isbotlash uchun qariyb 1,5 yil vaqt sarfladi.
Toshkent tumanidagi 11-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi Saodat Usmonova Oliy sudda oqlandi. Kun.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Saodat Usmonova o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda mansab soxtakorligi jinoyatlarida ayblangan. Sud hukmiga ko‘ra, Saodat Usmonova “Poytaxt G’oya Taom” MChJ rahbari bilan 2024 yilning 15 fevralidan 30 aprel kuniga qadar oziq-ovqat mahsulotlarini topshirish-qabul qilish dalolatnomasiga soxta ma’lumotlar kiritish yo‘li bilan 13 mln 153 ming so‘m pul mablag‘ini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Shuningdek, u 2023 yil davomida bir nechta bog‘cha xodimlari ish haqiga ortiqcha to‘lovni amalga oshirib, 20,7 mln so‘m pul mablag‘larining rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilinishiga yo‘l qo‘ygan.
JIB Toshkent tuman sudining 2024 yil 22 noyabrdagi hukmi bilan Saodat Usmonova Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “b,v,g” bandlari hamda 209-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Apellyatsiya sudi ajrimi bilan dastlabki sud hukmining Saodat Usmonovaga oid qismini o‘zgartirilgan. Ya’ni mudiraga tayinlangan jazo 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda BHMning 30 baravari (10,2 mln so‘m) jarima jazosiga tushirilgan.
Saodat Usmonova sud qarorlari ustidan taftish shikoyati kiritgan. Toshkent viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining 2025 yil 15 avgustdagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi hamda apellyatsiya sudi ajrimi o‘zgartirilgan. Ya’ni mudira xodimlarga 20,7 mln so‘m pul mablag‘larini ortiqcha to‘lagani holati bo‘yicha oqlangan. Ishning shu qismi tugatilgan. Tayinlangan jazo o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Bog‘cha mudirasi Oliy sudga shikoyat kiritgan. Uning shikoyati asosida ish Oliy sudda ko‘rib chiqilgan. Nihoyat Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining 2026 yil 7 apreldagi hukmi bilan quyi instansiyalarning sud qarorlari bekor qilingan. Sodir etilgan jinoyatlarda Saodat Usmonovaning daxli bo‘lmagani sababli jinoyat ishining unga oid qismi tugatilgan va u aybsiz deb topilib, oqlangan.
Jamiyat
14 миллиондан ортиқ эронлик мамлакат ҳимоясига тайёр
Эрон президенти Масъуд Пазешкиён мамлакатни ҳимоя қилишга тайёр эканини билдирган фуқаролар сони 14 миллиондан ошганини маълум қилди.
Унинг таъкидлашича, «Эрон учун жон фидо қилиш» шиори остида ўтказилаётган кампания доирасида миллионлаб инсонлар ўзини мамлакат ҳимоясига тайёр деб эълон қилган.
Аввалроқ, Эрон парламенти спикери Муҳаммад Боқир Қолибоф ҳам тахминан 7 миллион нафар фуқаро қурол олиб мамлакатни ҳимоя қилишга тайёрлигини айтган эди.
Маълум қилинишича, мазкур кампания мамлакатда миллий бирликни кучайтиришга қаратилган.
Jamiyat
quruvchi qamaldi, odamlar mo‘jiza kutishda davom etmoqda
Samarqand shahrining Shohrux ko‘chasida 2018 yilda boshlangan ko‘p qavatli uy qurilishi orqali ko‘plab insonlarga boshpana va’da qilingandi. Hududdagi xonadon egalari esa issiq joyidan ko‘chirilgandi. Oradan sakkiz yil o‘tib ham uylar bitmadi, quruvchi qamaldi. Mijozlar ham, ular to‘lagan pullar ham qadrsizlanishda davom etmoqda.
Kun.uz surishtiruvi shuni ko‘rsatdiki, ushbu chala qolgan loyiha “muammoli uy” deb malakalangan. Hozircha bu muammoning yechimi yoki aniq reja bo‘yicha ma’lumot bera oladigan mas’ulning o‘zi yo‘q.
Qurilish boshlangan paytda hududdagi 20 ga yaqin xonadon egalari turli shartlar asosida quruvchi – “JAHON KAFOLAT STIL” xususiy korxonasi bilan kelishuvga erishgan. Kimdir uyini sotgan, boshqalar yangi uy olish sharti bilan ijaraga chiqqan, yana bir qismi esa yillar davomida jamg‘argan mablag‘ini yangi kvartira uchun to‘lagan. Bugun esa ularning aksariyati og‘ir ijtimoiy va moliyaviy ahvolga tushib qolgan.
Mijozlardan biri Asror Turdiyevning aytishicha, 2018 yilda quruvchi korxona rahbari hokimlik qarori bilan kelib, ikki yil ichida uylarni bitkazib berishni va’da qilgan. Ammo bu muddat avval cho‘zilgan, keyin esa qurilish butunlay to‘xtab qolgan. Hozirgacha u oilasi, nabiralari bilan ijarada yashashga majbur bo‘lmoqda.
Hovlisini quruvchiga berib, o‘rniga yangi uy olish bo‘yicha kelishganlar ko‘pchilik. Mavjuda Ro‘ziqulovaning to‘rtta kadastrli xonadoni bo‘lgan. U uchtasini yangi uyga almashtirishga, bittasini esa kompensatsiyasini olishga kelishgan. O‘zi esa o‘sha vaqtda ijaraga chiqib ketgan.
“Bu vaqt ichida o‘zim kasallik orttirib oldim, 2023 yilda o‘g‘lim nobud bo‘ldi. U juda orzu qilardi yangi uyimizga ko‘chib kirishni. Hozir ahvolim ancha og‘ir, shu sababli ijaradan chiqishga majbur bo‘ldim. Shu yerdagi eski, buzilishdan qolgan garajimizni ta’mirlab kirib oldik. Farzandlarim, nabiralarim bilan shu sharoitda yashashga majbur bo‘lyapmiz”, dedi Mavjuda Ro‘ziqulova.
Umuman, bu yerdan uy olish istagida bo‘lganlarning barchasining o‘z hikoyasi bor. Kimdir xorijda ishlab topgan pulini “JAHON KAFOLAT STIL” xususiy korxonasi rahbariga naqd shaklda to‘lagan. Yana kimdir shahar chekkasidagi uyini sotgan, kimdir mashinalarini sotgan va yangi uy uchun to‘lov qilgan. Deyarli barcha mijozlar bugun moddiy-ijtimoiy tomondan jiddiy muammo bilan to‘qnash kelgan.
Shu hududda 35 yildan buyon yashab kelgan Radik Mo‘minovning qarori esa butunlay noodatiy. Otaxon ijarada yashashga sharoiti bo‘lmagani uchun chala qolgan ko‘p qavatli uyga ko‘chib kira qolgan. Faqat eshik-derazasi bor ushbu xonadonda yashayotgan oqsoqolning ahvoliga havas qilib bo‘lmaydi, albatta.
Samarqand viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vakili Bekzod Xo‘jayorovning aytishicha, ushbu uylarning qurilishi 2018 yilda boshlangan. Qurilish me’yorlariga amal qilinmagani sababli qurilish to‘xtatib qo‘yilgan. Quruvchining o‘zi esa ayni paytda qamoqqa olingan.
Xo‘jayorovga ko‘ra, bu hududdagi uylar qurilishi 11 metrdan oshmasligi qayd etilgan. 11 metrli ko‘p qavatli uylar odatda uch qavatdan oshmaydi. Quruvchi esa loyihadan tashqariga chiqqan, uyni to‘rt qavat qilib qurgan. Qolaversa, mijozlardan ham ko‘plab e’tirozlar, murojaatlar tushgan. Natijada Samarqand shahar hokimligi tomonidan sudga da’vo arizasi kiritilgan va quruvchining o‘zi hisobidan ortiqcha qavatni buzish bo‘yicha sud qarori qabul qilingan.
Inspeksiya vakili ayni paytda “JAHON KAFOLAT STIL” xususiy korxonasi rahbari qamalib qolgani sababli uning yaqinlari, jumladan, otasi bilan bog‘langanini aytmoqda. Biroq hujjatlarni rasmiylashtirish, masalani joyiga chiqib o‘rganish bo‘yicha qilingan takliflarni qabul qilmagan.
Samarqand shahar hokimligi bergan ma’lumotga ko‘ra, “JAHON KAFOLAT STIL” xususiy korxonasi tomonidan amalga oshirilgan ko‘p qavatli uylar qurilishi jarayonida bir qator jiddiy qonunbuzilishlar aniqlangan. Jumladan, qurilish ishlari tasdiqlangan loyiha hujjatlari va shaharsozlik normalariga zid ravishda olib borilgani, belgilanganidan ortiqcha qavatlar qurilgani, tegishli ruxsatnomalar va xulosalarsiz ishlar davom ettirilgani qayd etilgan. Shu sababli vakolatli idoralar tomonidan qurilish ishlari to‘xtatilgan. Hozirda mazkur obekt muammoli uylar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, holatni huquqiy jihatdan tartibga solish, kamchiliklarni bartaraf etish va loyihaning keyingi taqdirini hal qilish yuzasidan o‘rganish va yechim topish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bu o‘rinda “masalaning yechimi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, degan javobning o‘zi yetarli emas. Yechim aniq bo‘lishi kerak: hokimlik yoki viloyat darajasidagi biror mas’ul organ belgilanib, shu kabi obektlar bo‘yicha to‘liq reyestr e’lon qilinishi shart – kim qancha pul to‘lagan, qaysi kvartiraga da’vo qilyapti, barchasi ro‘yxatga olinishi lozim. Keyin esa ikki yo‘ldan biri tanlanadi: yo yangi investor kiritilib, qurilish aniq muddat bilan tugatiladi, yoki fuqarolarga keltirilgan zarar to‘liq hisoblanib, kompensatsiya to‘lab beriladi.
Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.
-
Jamiyat2 days agoNavoiyda xususiy bog‘cha tarbiyachisi bolalarni kaltakladi
-
Jamiyat4 days agoJizzaxda kuchli yomg‘irdan keyin sel kuzatildi
-
Dunyodan4 days ago
AQSh Eron urushida kamida 7 samolyotini yo’qotdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Qurilish bozorida asosiy ulush bino va inshootlar hissasiga to‘g‘ri keldi
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonga 2 oyda 11 mingdan ortiq xorijlik davolanish uchun keldi
-
Siyosat2 days agoSaida Mirziyoyevaning Vashingtonga tashrifi chogʻida AQSh Oʻzbekistonning JSTga kirishini qoʻllab-quvvatlashga vaʼda berdi
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp Eronni Hormuz muammosi “jiddiy oqibatlarga olib kelishi” haqida ogohlantirdi
-
Siyosat4 days agoOʻzbekistonda vaqtinchalik jamoat obʼyektlari xavfsizligini taʼminlash boʻyicha yangi qoidalar kuchga kirdi
