Jamiyat
Buxoroning suvda aks etgan qalbi:«Labi Hovuz» ansambli
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan qadim va navqiron Buxoroda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan birinchi san’at Biyennalesi xalqaro maydonda hayajon bilan qarshilanmoqda.
Ma’lumki, Buxoroda 829 ta madaniy meros ob’yekti davlat muhofazasiga olingan. Bugun ushbu madaniy meros ob’yektlarini asrash va texnogen jarayonlar ta’sirining oldini olish, aholi va turistlar uchun qulay harakatlanish sharoitlarini yaratish maqsadida amalga oshirilgan ishlar hayratli. «Ark» qo‘rg‘oni qo‘rg‘oni, «Labi Hovuz» ansambli, «Mag‘oki attoron», «Toqi Sarrofon» yodgorliklari, «Chor Minor» va «Isteza» madrasalari, «Samarqand» va «Darvozai Salloxona» darvozalari, «Zindon» va «Masjidi Kalon» va boshqa tarixiy ob’yektlar mehmonlarni qarshilashga shay.
Ayniqsa, «Labi Hovuz» ansambli diqqatga sazovor.
Buxoroning suvda aks etgan qalbi
Buxoro. Yurakning badiiy tarixi, islom madaniyatining serjilo yuzi, ko‘hna shaharning abadiy qalbi. Uning bu qalbida bir suv ko‘zgusi bor — Labi Hovuz. Bu maskan — tarixiy me’moriy mo‘’jiza, fikr va ruhning ham suvdagi aksidir.
Labi Hovuzning jim-jit tiniqligida asrlar aks etgan. Bu yerda suv – oddiy tabiiy ne’mat emas. U qalb ifodasi. Suv yuzida go‘zal bir uyg‘unlik bilan mavjlanib turadigan masjid qiyofasi suzadi: arkli xonaqoh va muhtasham ayvonlar, asrlarga teng dovu-daraxtlar — Buxoroning ilohiy va ma’naviy qalbida nima bor bo‘lsa, suv shularni qaytarib turadi. Bu yerda suvga boqsangiz, zamonning yuzida suzib yurgan minglab sayohatchilarni ko‘rasiz. Zarrin nurda silliqlangan ko‘zguda ko‘hna karvonlar soyasi kezadi, bunda odamlarning orzu-tilaklari shivirini, avliyo-anbiyolar duosini, shayx Naqshbandning sukutini eshitish mumkin.
XVII asrda Shayboniylar davrida barpo etilgan, Ko‘kaldosh va Nodir devonbegi madrasasi hamda Nodir devonbegi xanaqohining qoq markazida joylashgan Labi Hovuz ushbu yirik tarixiy binolar bilan birgalikda yagona badiiy va ma’naviy muhitni hosil qiladi. Ayniqsa, hovuz atrofidagi chinor daraxtlari, bejirim va go‘zal tarzda o‘rnatilgan o‘rindiqlar uning tabiiy va madaniy go‘zalligini yanada oshiradi. Bu yerga kelgan har bir inson buyuk mo‘’jizani faqat ko‘z bilan emas, qalbi bilan ham ko‘radi. Odam bu hovuz oldida o‘ziga nazar tashlaydi. Negaki, suv — qalb kabi javobsiz qolmaydi: inson siymosini o‘ziga qaytarib beradi. Hovuz atrofidagi chinorlar suvga egiladi — ular go‘yo tafakkurga botgan hayotni kuzatadi. Hovuzda esa vaqt suzadi. Bir palla quyosh nurida uning aksi to‘lqin bo‘lib raqsga tushsa, bir pallada quyosh botishi bilan suv yuzida odam o‘zini ko‘radi. Bu suv xuddi qalb kabi: goh yashirin va goh oshkor…
– «Labi Hovuz» fors-tojik tilida «Hovuz bo‘yi» ma’nosini bildirib, mavjlanayotgan hovuz atrofidagi inshootlarni, uning keng xiyobonini ifodalaydi. Hovuz 1620 yilda Nodir Devonbegi mablag‘lari evaziga bunyod etilgan. Qadimdan – bozori shab (kechki bozor) bo‘lgan bu maydonda keyinchalik katta hovuz qazilgan. Hovuzning atroflari sinchlar bilan mustahkamlangan, xarsanglardan zinapoyalar, marmardan tarnovlar ishlangan bo‘lib, shag‘al va tuproq bilan to‘ldirilib shibbalangan. Shaharni asosiy suv bilan ta’minlovchi Shohrud arig‘i qirg‘og‘ida joylashgan ushbu hovuzning eni 36 m, bo‘yi 45,5 m bo‘lib, chuqurligi 5 m ni tashkil etadi. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Buxoro shahristonining o‘zida 103 ta hovuz bo‘lib, ular o‘z vaqtida shahar qon tomiri sanalgan. Hovuzlar faqat, iqlimni mo‘’tadil va salqinlashtirish uchun emas, aholini suv bilan ta’minlash uchun xizmat qilgan. Birgina Labihovuzdan saksonta meshkob suv olib, shahar ahliga obihayotni yetkazib turgan. Hovuzlarga suv tarixda “Rudi zar” nomi bilan mashhur bo‘lgan Shohrud arig‘idan oqib kelgan. Labi Hovuz haqida juda uzoq gapirish mumkin. Buxoroning har bir g‘ishtida hikoya, har bir burchagida afsona bor. Labi Hovuz ansambli haqida ham xalq orasida turli rivoyatlar yuradi. Ulardan biriga ko‘ra, bu majmua mahr evaziga berilgan bir juft zirak bahosiga qurilgan. Bu rivoyat o‘tmishda saxovat va fidoyilik, nafaqat, shaxsiy hayotda, balki shahar obodonchiligi uchun ham muhim bo‘lganini ko‘rsatadi,- deydi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shavkat Bobojonov.
Ha, 1510-1530-yillarda qurilgan Labi Hovuz ansambli haqida ko‘plab tarixiy faktlar mavjud.
Yana bir tarixiy manbaga ko‘ra, Labi Hovuz aholi uchun suv manbai, balki dam olish, suhbat qurish, savdo-sotiq va diniy faoliyat markazi bo‘lgan. U yerda karvonlar to‘xtab, mehmonlar dam olgan, shoirlar she’r o‘qigan, faylasuflar munozara qilgan. Shu jihatdan u Buxoroning faqat arxitekturasi emas, balki ruhiyati, madaniyati va qalbini namoyon etadi.
Hovuz bo‘ylarida tarixiy tanasi oltin meros sifatida asrlar osha ko‘z qorachig‘idek asrab kelinayotgan va atrofga salobat to‘kib turgan daraxtlarning baquvvat tomirlarida ulkan tarixni ko‘rasiz. Bu baquvvat tomirlar mana shu hovuz suvlariga tutash: bugun va tarixni bog‘lab turibdi. Mahalliy aholi hamda minglab sayyohlarning sevimli maskaniga aylangan Labi Hovuz atrofi zamonaviy kafe va restoranlar, hunarmandlar do‘konlari bilan yanada jozibali. Bunda har kuni milliy libosdagi artistlar va musiqa jamoalari orqali Buxoro madaniyati to‘liq namoyon bo‘ladi. Hovuz suvida aks etgan chinorlar, qadimiy binolar va quyosh nurlari haqiqatan ham uni «Buxoroning suvda aks etgan qalbi» deb atashga to‘la asos beradi.
Zero, suvda qalb aks etadi, chunki suv qalbdek samimiy, qalbdek shishasifat. U har bir tosh, har bir gul bezagini, hatto, inson yuragidagi hisni xam aks kabi qaytaradi. U o‘tmishni eslaydi, bugunni aks ettiradi va kelajakka boqadi. Unda ko‘ringan har bir aks — faqat binolarning tasviri emas, balki inson yuragidagi ehtiros va tilaklarni ham mujassamlaydi. Shunday ekan, Labi Hovuzga qaraganda, suvda o‘zingizni ko‘rasiz. Chunki, Labi hovuzda hayot suvda emas, qalbda aks etgan.
Laylo Hayitova
Jamiyat
Serra-Leonedan yuborilgan kokain Toshkentda ushlandi
Toshkent shahrida Serra-Leonedan kurerlik jo‘natmasi orqali olib kirilgan 728 gramm kokain musodara qilindi. Giyohvandlik vositasi avtoehtiyot qismlari ichiga yashirilgan bo‘lib, uni qabul qilib olgan shaxs qo‘lga olindi.
Foto: Videodan kadr / DXX
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona organlari xodimlari tomonidan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi navbatdagi tezkor operatsiya o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, Serra-Leone davlatidan yuborilgan kurerlik jo‘natmasini Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi xususiy kurerlik xizmati orqali qabul qilib olmoqchi bo‘lgan Yashnobod tumanida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs ushlangan.
Tekshiruv davomida avtoehtiyot qismlari ichiga yashirilgan 728 gramm kokain borligi aniqlanib, giyohvandlik vositasi protsessual tartibda musodara qilindi.
Shuningdek, gumonlanuvchining yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, zip-paketlarga joylangan kukunsimon moddalar hamda tarkibida narkotik moddalar mavjud bo‘lgan shirinliklar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Xitoyda ishlab chiqarilgan ayrim o‘yinchoqlar savdodan chiqarildi
Xitoyda ishlab chiqarilgan ayrim bolalar o‘yinchoqlari savdodan chiqarildi.
Jizzax shahridagi savdo nuqtalaridan birida o‘tkazilgan nazorat xaridlari davomida Xitoyda ishlab chiqarilgan ayrim bolalar o‘yinchoqlarida xavfsizlik talablariga nomuvofiqliklar aniqlandi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Jizzax hududiy bo‘limi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda Mesh Squezee Ball savdo belgili, stressga qarshi o‘rgimchak shaklidagi yumshoq o‘yinchoqlardan namunalar olinib, laboratoriya sinovlaridan o‘tkazildi.
Sinov natijalariga ko‘ra, mazkur mahsulotlarda o‘tkir hid mavjudligi hamda formaldegid miqdori belgilangan me’yorlardan yuqoriligi aniqlandi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, formaldegid moddasi inson salomatligiga, xususan, nafas yo‘llari, ko‘z va teriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, allergik holatlarni kuchaytirishi mumkin.
Shuningdek, tekshiruv davomida mahsulot yorliqlarida zarur ma’lumotlar davlat tilida aks ettirilmagani ham qayd etildi. Aniqlangan holatlar «Bolalar o‘yinchoqlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament» talablariga zid deb topildi.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan savdo subyektlariga tegishli ko‘rsatmalar berilib, mahsulotlarni savdodan chiqarish va realizatsiyasini to‘xtatish bo‘yicha choralar ko‘rildi.
Jamiyat
Hokim yordamchilariga oid yana bir korrupsiyaviy holat fosh etildi
Andijon va Sirdaryo viloyatlarida hokim yordamchilari ishtirokida imtiyozli mablag‘larni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish holatlari aniqlandi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlar davomida bir nechta hududda imtiyozli mablag‘larni talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlar fosh etildi.
Jumladan, departamentning Oltinko‘l tumani bo‘limi aniqlagan holatga ko‘ra, «U.T.» va «Q.A.» MChJning mas’ul shaxslari, Qayirma mahallasi hokim yordamchisi hamda boshqa shaxslar o‘zaro til biriktirib, fuqarolarga issiqxona faoliyatini kengaytirish uchun ajratilgan 442,3 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar amalda bajarmagan ishlar hujjatlarda bajarilgan deb rasmiylashtirilgan.
Yana bir holat Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida aniqlangan. Unda Toshkent mahallasi sobiq hokim yordamchisi va boshqa shaxslar ushbu mahallada yashovchi sakkiz nafar fuqaroga ajratilgan 248 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini ta’minotchi korxonalar orqali talon-toroj qilganlikda gumon qilinmoqda.
Shuningdek, Departamentning Andijon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda «L.A.» MChJ rahbari va Farobiy mahallasi sobiq hokim yordamchisi fuqarolarga ajratilgan 163 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirganlikda gumon qilinmoqda.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Qurilishi tugallanmagan uylarga ko‘chirish holatlariga chek qo‘yiladi
O‘zbekistonda qurilishi tugallanmagan va belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarni ko‘chirish holatlarining oldini olish maqsadida qonunchilik kuchaytirilmoqda. Buning uchun mas’ul shaxslarga jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Qonunchilik palatasi majlisida mazkur masalaga oid qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda shaharsozlik sohasini takomillashtirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, ayrim hollarda qurilishi tugallanmagan hamda rasman foydalanishga topshirilmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarning noqonuniy ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘yilmoqda.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bunday holatlar aholi xavfsizligiga jiddiy tahdid tug‘dirishi mumkin. Shu bois sohada faoliyat yuritayotgan sub’yektlar mas’uliyatini oshirish va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni kuchaytirish zarur.
Qonun loyihasiga muvofiq, Jinoyat kodeksiga ko‘p kvartirali uylar qurilishi uchun mas’ul shaxslar yoki mansabdor shaxslar tomonidan foydalanishga qabul qilinmagan uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘yganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
Shuningdek, Shaharsozlik kodeksiga buyurtmachilar va pudratchilar zimmasiga belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish majburiyatini yuklovchi normalar kiritilishi nazarda tutilgan.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining dolzarbligi va ahamiyatini ta’kidlab, uni yanada takomillashtirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirdi. Yakunda qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Jamiyat
Toshkentda 3,2 kgga yaqin narkotiklar qo‘lga olindi
Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida noqonuniy muomalada bo‘lgan qariyb 3,2 kilogramm giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Holatlar yuzasidan bir necha nafar gumonlanuvchi qo‘lga olinib, ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
«Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasi hamda poytaxt IIBB xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qator tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Dastlabki holatda Bektemir tumani hududida harakatlanayotgan Gentra rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirildi. Avtomashinada Yashnobod tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro bo‘lgan. Tekshiruv chog‘ida transport vositasi salonidan bir nechta zip-paketlarga qadoqlangan och sariq rangli kukunsimon moddalar topildi.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar avvaldan yashirib qo‘ygan xufiya joy hamda ijaraga olgan xonadon ko‘zdan kechirildi. U yerdan ham kukunsimon moddalar, elektron tarozilar va giyohvandlik vositalarini qadoqlashda foydalaniladigan anjomlar aniqlandi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan moddalar 1,2 kilogramm geroin va 100 gramm mefedron ekani tasdiqlangan. Ma’lum qilinishicha, mazkur ikki shaxs ham muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan.
Yana bir tezkor tadbirda Shayxontohur tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaroning yashash xonadonidan 47 gramm gashish va 34 gramm opiy musodara qilindi.
Tergov harakatlari davomida uni narkotik moddalar bilan ta’minlab kelgani gumon qilinayotgan Olmazor tumanida yashovchi 1980 va 1985 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro ham ushlandi. Ularning avtomashinalari va yashash xonalari tekshirilganda, 1,8 kilogramm gashish hamda 12 gramm opiy aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Har ikki holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
-
Jamiyat4 days agoBektemir tumanida «zakladchik»lar qo‘lga olindi
-
Sport5 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Dunyodan4 days ago
Frantsiyada ko’pchilik qo’rqqan narsa yuz berdi.
-
Jamiyat5 days agoDori narxini sun’iy oshirgan yuzlab dorixonalar aniqlandi
-
Siyosat3 days ago
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar amiriga ta’ziya bildirdi
-
Sport4 days agoInfantino yana JCh ishtirokchilari sonini oshirish g‘oyasi haqida gapirdi
-
Jamiyat4 days agoEnergetika tizimidagi ayrim rahbarlar ishdan olindi
-
Jamiyat5 days agoQashqadaryoda firibgarlikda gumonlangan mutaxassis ushlandi
