Jamiyat
“Bu narxlar qayerdan olingan?” – dorixonachilar yangi majburiy to‘lovdan shikoyat qilmoqda
O‘zbekistonda dorixonalarga litsenziyadan tashqari GPP sertifikatini ham olish talabi qo‘yildi. Uni olish – pulli. Olinganidan keyin har yili yana to‘lov evaziga “yangilab” turish ham kerak. Aks holda, dorixona litsenziyasidan ayriladi. To‘lov miqdori ayniqsa viloyatlardagi yakka dorixonalar uchun og‘irlik qilyapti. Tadbirkorlar sertifikat narxi va muddatini qayta ko‘rib chiqishni so‘ramoqda.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
GPP (good pharmacy practice) – “yaxshi dorixona amaliyoti” bo‘lib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiyaviy ahamiyatga ega hujjat hisoblanadi. Bu sertifikat dorixonalarda barcha jarayonlar hujjatlashtirilgani va nazorati olib borilishini tasdiqlaydi.
O‘zbekiston prezidentining 2024 yil yanvardagi farmoniga asosan, 2025 yil 1 yanvardan boshlab tarmoqli dorixonalar, 2026 yil 1 yanvardan esa yakka dorixonalardan majburiy tartibda GPP sertifikatiga ega bo‘lish talab etiladi.
Sertifikat Farmatsevtika agentligining Zaruriy amaliyotlar markazi (GxP) tomonidan beriladi. Buning uchun markaz xodimlari dorixonalarga borishi, inspeksiya tekshiruvlarini o‘tkazishi, talablarga mos bo‘lsa, 3 yilga sertifikat berishi kerak.
Sertifikat olish uchun dorixonachilar salkam 8,5 mln so‘mgacha majburiy to‘lov qilishi kerak. Buning ustiga 3 yil muddatga beriladigan sertifikat har 9 oyda qayta inspeksiyadan o‘tkaziladi, bunga esa 3 mln so‘mdan ko‘proq pul to‘lanadi.
GPP talablarini dorixonachilar qanday qabul qildi?
Yangi talablar ko‘plab dorixona egalarida e’tirozlar uyg‘otmoqda. Kun.uz’ga murojaat qilganlar majburiy yig‘imlarning ortiqcha yuk bo‘layotganidan shikoyat qildi.
Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida bir nechta dorixonaga ega Jahongir Mirpo‘latovning aytishicha, u 2024 yil sentabridan boshlab dorixonalarini GPP talablari bo‘yicha qayta jihozlagan va buning uchun 120 mln so‘m sarflashiga to‘g‘ri kelgan.
“Bizga 2024 yilning boshidan ta’kidlab o‘tishdiki, 2025 yilning boshlanishigacha tarmoqli, ya’ni ko‘p dorixonalarga GPP sertifikatini olish majburiy. Yakka o‘zi ishlovchi aptekalarga esa – 2026 yilning boshigacha. Biz shu xabarni eshitganimizdan keyin, 2024 yilda harakatni boshladik va pulni yig‘ib, sentabrdan GPP talablariga muvofiq tarzda dorixonani jihozlashni boshladik.
U yerda talablar qanaqa? Aptekaning maydoni to‘g‘ri kelishi kerak. Asosiy dorixonaning maydoni 50-60 kvadrat metrga yaqin bo‘lishi kerak. Qolgan dorixonalar kichkinaroq, 40-45 kvadrat bo‘lsa ham to‘g‘ri kelaverishini aytishdi. Biz dorixonalarni shunga qarab jihozladik. Misol, 16 kvadrat savdo zali, omborxona 12 kvadrat, yana xodimlar xonasi bor 8 kvadrat, keyin hojatxonaga 2 kvadrat, mudir xonasiga 4 kvadrat. Shu bo‘yicha biz hammasini jihozladik. Unga ancha-muncha mablag‘imiz ketdi. Uchta dorixonani men jihozlagunimcha qariyb 120 million sarfladim.
2021 yilda, litsenziya olayotgan paytda ham hamma talablarni bajarib, keraklicha jihozlaganmiz. Lisenziya talablarida ham deyarli shu narsalar so‘raladi: nogironlar aravachasi uchun pandus va ushlagich, bakteritsid lampa, jalyuzi, mebellar – har bittasini qilganmiz. Biz hatto asosiy zal uchun alohida va omborxona uchun alohida konditsioner o‘rnatdik – litsenziya paytida dorilarning yaxshi saqlanishi, xona haroratini 25 darajada saqlab berish, dorilarning sifatiga va saqlanishi yaxshi bo‘lishi uchun hammasini jihozlaganmiz. GPP ham shunga o‘xshash talablar bo‘lgani uchun hayratda qoldik”, – dedi Mirpo‘latov.
“Bu summalarni hech qanaqasiga to‘lay olmaymiz”
Toshkent shahri Sergeli tumanida dorixona ishlatuvchi Nilufar Abdumalikova ham litsenziya talab qilinadigan va unga pul to‘lanadigan faoliyat turi uchun sertifikatga yana alohida to‘lov ortiqcha ekanini aytmoqda.
“Bitta yakkalik dorixonaga bitta litsenziya 5 yilga beriladi va 4 mln so‘mga yaqin summa to‘lanadi. Bu – 5 yilda bir marta to‘lanadigan summa. GPP bilan litsenziyaning o‘xshash tarafi judayam ko‘p, deyarli bir xil. Faqat “SOP” (“standartnaya operatsionnaya protsedura”) dasturlari va termometr masalalari boshqa. Lekin GPP’ning talablari litsenziya bilan bir xil.
GPP’da asosan aptekaning tozaligi, dorilarning saqlanishi, keyin “SOP”lar tekshiriladi. Har bitta narsani biz qog‘ozga tushirib, yozib borishimiz kerak bo‘ladi. Kamida 40 tacha daftar. Har 9 oyda qayta tekshiruv bo‘ladi. Birinchi tekshirib ketgandagi narsalar turibdimi, “SOP” dasturlar ishlayaptimi, har bitta narsa yozilyaptimi, dorilar, sotayotgan narsalarimiz – hamma narsa o‘sha tekshirib ketgandek talabga javob beryaptimi deb har 9 oyda tekshiriladi va har 9 oyda 3,2 mln so‘m qayta to‘lov qilamiz. Ularni biz yana qayta chaqirishimiz uchun 3,2 mln so‘m to‘lov qilamiz. Bu asossiz summa. Biz ulardan: “nima sababdan bizdan bu summani olyapsizlar?” deb so‘raganimizda, ular “bizga davlatimiz budjetdan pul ajratmagani hisobiga farmkompaniyalar, aptekalardan undirib olamiz”, deyishdi. Bu pullarning hammasi ishchilarning oyligi, shu ishxonasidagi texnikalariga ishlatilarkan.
Yakkalik aptekalar tarmoqli aptekalarga qaraganda ancha kam savdo qilgani hisobiga bu summalarni biz hech qanaqasiga to‘lay olmaymiz. Biz litsenziyani 2030 yilgacha olganmiz va u litsenziyamizning muddati tugamasdan turib, bizning litsenziyamizni taqiqlab, olib qo‘yishmoqchi. Bu asossiz”, – deydi Abdumalikova.
“Xatlarimizga asosli javob berishmadi”
Bo‘stonliq tumanidan kelgan yana bir dorixonachi Oydin Rahmonova GPP sertifikati uchun to‘lovlar qanday hisob-kitoblarga ko‘ra shakllantirilganiga oid savolni o‘rtaga tashladi. Uning aytishicha, bu savolga rasmiylar shu vaqtgacha asosli javob bermagan.
“Meni qiziqtirgan tarafi 8 million 300 ming so‘m qanaqa qilib shakllantirildi? Dorixonalarning hududiga qarabmi yoki katta-kichikligiga qarabmi?
Bizga prezident farmoni, Vazirlar Mahkamasi qarori deb shunaqa vajlar keltirilyapti. Lekin qarorlar bilan tanishib chiqdik, ularda to‘lov miqdori yo‘q. Shu masalalarni ko‘tarib, ulardan javob olish maqsadida GxP markaziga uch-to‘rt marotaba men o‘zim xat bilan murojaat qildim. Xatlarimizda o‘sha to‘lovlarning asoslari, qanday shakllantirilgani, qayerga sarflanishi haqida asosli javoblar berilmadi.
5 oy oldin Zoom yig‘ilishlarida narxlardan shikoyat qilganmiz. O‘shanda qanaqa qilib shakllantirildi deganimizda xodimlar viloyatlarga borishi, “komandirovka” pullari – yotoq va yeb-ichishlari hisobga olingan holda, shunaqa sal qimmat bo‘lib ketdi, deb bizga tushuntirishgan. Lekin menga kelgan xatda 8,3 mln so‘mdan tashqari xodimlarning o‘sha xizmat safari pullari, xullas, qilingan sarf-xarajatlari bundan mustasno deyilgan. Lekin bizga 4 sentabrda agentlik rahbari bilan bo‘lgan yig‘ilishda Abdulla Azizov o‘zlari aytdilarki, o‘sha 8,3 mln so‘m ichida xodimlarning o‘sha xizmat sarf-xarajatlari, komandirovochniy pullari o‘shaning ichida bo‘lishi kerak, dedi. Lekin yozuvi bilan nima uchun u inspeksiya xodimlari aptekalardan yo‘lkirasi uchun alohida pul oldi? Bu mavhum bo‘lib qoldi”, – deydi Rahmonova.
To‘lov ichki buyruq bilan belgilangan
Sertifikat beruvchi organ – Zaruriy amaliyotlar markazining dorixonachilar so‘roviga yuborgan javob xatida GPP sertifikati uchun farmatsevtik inspeksiya o‘tkazish va unga to‘lov qilinishi bir qancha hujjatlar bilan tartibga solingani qayd etilgan. Xususan, 20-sonli prezident farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2021 yildagi 486-son hamda 2019 yildagi 788-son qarorlari eslatilgan. Lekin summa miqdori va uning kalkulyatsiyasi ochiqlanmagan.
Javob xatiga ko‘ra, to‘lov metodikasi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining 2024 yil 8 maydagi 35-son ichki buyrug‘i asosida belgilangan. Ammo bu buyruq ochiq manbalarda mavjud emas.
Xatda yozilishicha, buyruq Raqobat qo‘mitasi va Adliya vazirligiga yuborilib, tasdiqlangan. Ammo Kun.uz’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, vazirlik bundan bexabar. Agentlikning ichki hujjati Adliya vazirligi ekspertizasidan o‘tmagan va ro‘yxatiga ham olinmagan. Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari Mahmud Istamov shu yil 29 sentabrda agentlikka yuborgan so‘rovida buyruqning nusxasini so‘ragan.
Metodikaga ko‘ra, to‘lovlar xodimlarning inspeksiya qilish davomiyligi, mehnat safari, muassasa xarajatlari, soliq to‘lovlaridan kelib chiqib hisoblangani aytilgan. Shu sabab sertifikat olish uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlarga asosiy dorixonalar uchun 8,3 mln so‘m, filiallarga esa 3,2 mln so‘m to‘lov joriy qilingan.
“O‘zi normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, biror bir majburiy to‘lov bo‘lishi uchun bu narsa birinchi o‘rinda o‘sha Konstitutsiyaga asosan soliq va yig‘imlar faqat qonun bilan belgilanishi ko‘zda tutilgan. Va bu bo‘yicha qonun bor, davlat boji to‘g‘risidagi qonun bor. Va shu davlat boji to‘g‘risidagi qonunda majburiy yig‘imlar, majburiy to‘lovlar keltirib o‘tilgan hammasi. GPP sertifikati uchun bu narsa majburiy yig‘im sifatida yoki majburiy to‘lov sifatida kiritilmagan.
Endi, Vazirlar Mahkamasining qarorlarida aytilganki, agentlik o‘zini o‘zi moliyalashtirish huquqiga ega, ya’ni qanaqadir xizmatlar ko‘rsatish orqali. Inspeksiya nazoratini o‘tkazib berish Zarur amaliyotlar markazi uchun xizmat bo‘ladigan bo‘lsa, bizga ko‘rsatilgan xizmati uchun ular schyot-faktura berishi kerak-da, ya’ni qanaqa, nima xizmatlar ko‘rsatdi va biz nimaga to‘layotganimizning aniq nimasi bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Hisob-kitobi bo‘lishi kerak-ku. Asosi bo‘lishi kerak-ku. Ular nima xizmat ko‘rsatadi bizga, keltirib berishi kerak-ku o‘shani.
Siz GPP ololmasangiz, litsenziya ololmaysiz. Lisenziya ololmagandan keyin u majburiymi? Masalan, har qanaqa yuridik shaxs litsenziya olish uchun GPP olishga majbur bo‘lyapti va majburiy to‘lovga aylanyaptimi? Majburiy to‘lov bo‘lgandan keyin, Konstitutsiyaga asosan, qonunlarga asosan bu narsa eng kamida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanishi kerak. Eng kamida. Bo‘lmasa, qonun bilan yoki o‘sha davlat boji to‘g‘risidagi qonunda keltirilgan bo‘lishi kerak. Bu yerda yo‘q-ku”, – deydi yana bir farmatsevt Eldor A’zamov.
Boshqa hududlarda ham vaziyat muammoli
Kun.uz ayni masalada bir nechta viloyatda farmatsevtlar ishtirokida Zoom orqali suhbat o‘tkazdi. GPP sertifikati uchun to‘lovlar muammosi ularda ham dolzarb ekani aytildi.
“3 yilga sertifikat berib, yana har yili tekshirsa, sertifikatni 3 yilga berganining ma’nosi qolmay qolyapti. Chunki har yili kelib tekshiradi-ku uni. Uch yildan keyin yana sertifikat olsa. O‘sha ham kerak emas. 5 yilga berish kerak. Tekshirsa tekshiraversin, faqat bizga to‘lovsiz tekshirsin-da”, – deydi Samarqandda ishlovchi dorixona egasi Bahrom Tursunov.
“Yakkalik dorixonalarning hammasi har xil savdo qiladi. Shifoxonalar, bozorlarning oldida ishlaydiganlarning savdosi ozroq yaxshiroqdir, lekin boshqa bir chetroq qishloq joyga yoki bo‘lmasa bir mahallaning orasiga qurilgan aptekalar kuniga oshib borsa bir million yoki ikki million savdo qilishadi. Undan ziyod savdo qila olmaydi. U narsani to‘lay olmayman. Agar o‘zimda shunday bo‘lsa, men aptekani yopaman, boshqa ish qilaman. Undan ko‘ra, o‘sha kollejimga borib dars berganim yaxshi menga”, – deydi kattaqo‘rg‘onlik Abdulvahob ismli tadbirkor.
“GPP’ni iyunda oldik. Viloyat markazidan 60 km, Besharariq tumani markazidan 16-17 km uzoqda joylashganmiz. Shu yerda oliy ma’lumotli farmatsevt-provizor sifatida aholiga farmatsevtika xizmatlarini ko‘rsatib kelamiz. Umuman olganda, bu jarayonlar poytaxtdan to chekka hududlargacha joriy qilinishiga qarshimasmiz: juda yaxshi, sifatni o‘rgandik, xolodilniklarda saqlash, boshqasini… Lekin asosiy masala – byurokratik jurnallarning ko‘pligida va to‘lovlarning noto‘g‘ri taqsimot qilinganida.
Masalan, poytaxtda xuddi biznikiday yakkalik dorixonalarga inspeksiyaning kelib-ketishi 5–5,5 million so‘m bo‘lsa, viloyat markazlariga borgan sari 6,5–7 million atrofida. Biznikiga o‘xshaydigan viloyat markazidan uzoq hududlarda yakkalik dorixonalar uchun inspeksiya qilish 8,3 mln so‘m.
O‘zi ijtimoiy davlatda soliqlar o‘sha hududning iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib belgilanadi. Ko‘rganmiz dunyo tajribasida ham. Hozir teskari jarayon: poytaxtga arzon, ularning tovar aylanmasi, mijozlar oqimi farq qiladi-yu bizdan, bir necha barobar yuqori. Lekin biz ko‘proq to‘lashimiz kerak. Ijtimoiy davlat bo‘lganimizga yarasha, hamma uchun ijtimoiy tenglik ta’minlanishi kerak.
Xuddi shunday, ko‘pchilik dorixonalar yopilib ketyapti. Men o‘zim farmatsevt-provizor sifatida 2020 yilda “Farmatsevtikal aktiviti” Telegram-guruhini tashkil qilgandim. O‘sha yerda hozir 2,5 mingga yaqin ishtirokchi bor. Olis hududlarda xuddi o‘zimizga o‘xshaydigan hamkasblar, kursdoshlar yozib qolishadi: “biz yopyapmiz, biz sohani tark etyapmiz”. Bu tarmoqli dorixonalarning kengayib, yanada ko‘payib, tarmoq yozishiga olib keladi, konsentratsiya bo‘lib, yiriklashuviga”, – deydi Qashqadaryodan aloqaga chiqqan mutaxassis Qo‘shmurod Yomg‘irov.
“Lisenziya va GPP talablarini birlashtirib, 5 yilda bitta qilib o‘tkazishni so‘rab qolgan bo‘lardim. Mayli, har yili tekshirishsin. Biz shundoq ham oldindan chiroyli ishlashga harakat qilganmiz. Chunki chiroyli ishlash – bizning vazifamiz. Biz dorilarni chiroyli saqlab, mijozlarga sifatli dori sotishga majburmiz, chunki bu o‘zimiz va o‘zimizning xavfsizligimiz uchun. Ularga nojo‘ya ta’sir qilsa, javobgarligi bizga bo‘ladi. Biz bularni hisobga olgan holda shundoq ham chiroyli ishlaymiz.
To‘g‘ri, ular unga ishonmagan holda bizni har yili tekshiruvdan o‘tkazmoqchi bo‘lishyapti. Mayli, o‘tkazishsin, lekin bunaqa katta summalar evaziga emas. Yana bizning hisobimizdan hamma narsani o‘tkazib turib, yana o‘zimizni qo‘rqitib, litsenziyani olib qo‘yaman, sertifikat bermayman, aptekani yopib yuboraman, degan qo‘pol qilib aytganda, tahdidlar bilan bizni ish faoliyatini olib borishimizga majbur qilishyapti. Hatto, “eplasang ishla, eplamasang yop”, degan gaplarni ham gapirishdi.
Chekka-chekka qishloq joylarda aptekam bor. Xalq uchun, aholi uchun ochilgan. Eng yaqin dorixona u yerdan 15-16 kilometr narida joylashgan. Kechqurun bolaning mazasi bo‘lmay qolishi, kasal bo‘lib qolishi mumkin. Qariyalar bor u yerda. Ularga yordam berish uchun ochganmiz. Ham o‘zimiz uchun, ham xalq uchun. Eplolmay yopib yuborsam, kimga zarar?” – deydi Jahongir Mirpo‘latov.
Termometr va malaka oshirish muammosi ham bor
Suhbatdoshlarga ko‘ra, GPP talablari doirasida dorixonalarni termometrlar bilan jihozlash va uning uchun qiyoslov sertifikatini olish ham bor. Tadbirkorlar bu ham qo‘shimcha xarajatga tushayotganini bildirdi.
“Bitta termogigrometrni 50–60 ming so‘mga sotib olasiz. O‘sha zavod ishlab chiqaruvchisi tarafidan o‘zlarining sertifikati bilan keladi, odatda. O‘sha sertifikatni GxP markaziga inspeksiya jarayonida tan oldirish murojaati bilan biz rahbarimizga murojaat qildik. Hali bu narsaga bizga javob kelmadi. Shu zavodning sertifikatini inspeksiya jarayonida tan olsa, bizga yaxshi bo‘lardi. Nimaga desangiz, o‘sha har bitta aptekada, eng kichkina dorixonada kamida uchta-to‘rtta, kattalarda yettita-sakkiztagacha o‘sha termometr qo‘yilishi kerak. Har biriga 150–200 ming so‘mdan qiyoslashdan sertifikat olgan bo‘lishimiz kerak. Bu degani, 800 mingdan 1,4 mln – 1,6 mln so‘mgacha”, – deydi Oydin Rahmonova.
“4 ta termometr uchun 1 mln so‘mga yaqin pul to‘laymiz. Holbuki, ularning o‘zini 50 ming so‘mga olganmiz. Lekin biz 3-4 barobar, hatto 10 barobar qimmatroq narxga sertifikatdan o‘tkazamiz. Lekin shuni GPP’ning ichiga ham qilib qo‘ysa bo‘ladi-ku. Ular termometrni olyapti-da, 5 daqiqadan keyin “tayyor bo‘ldi” deyapti”, – deydi Jahongir Mirpo‘latov.
Qolaversa, murojaatchilar dorixona xodimlarining har yili majburiy malakasini oshirish borasida ham o‘z savollarini yo‘llashmoqda.
“Har yili biz xodimlarimizni o‘qitib, malakasini oshirib borishimiz kerak ekan. U ham har yili pulli to‘lov. Unga ham 1–1,2 million so‘mga yaqin pul to‘laymiz. Har bitta xodim alohida o‘qib, 33 soatlik o‘quv sertifikati oladi. Lekin har yili yangi narsalar kiritilmaydi-ku, o‘sha-o‘sha talablar. Nimaga har yili bu o‘qitishni majburiy qilganiga hayronman. Keyin, qilingan so‘rovnomalardan so‘ng o‘qitish majburiy emas, deb bizga aytishdi. Boshida talab qilayotganda majburiy deyishgandi. Biz to‘lov qilib bo‘ldik. To‘lov qilganimizdan keyin u majburiy emas bo‘lsa, qaytarib berasizlarmi unda?” – deydi Mirpo‘latov.
“Yilda bir majburiy degan joyi yo‘q, lekin yilda bir majburiy qilib turib, dorixonachilar qanaqadir o‘zlariga tegishli malaka oshirish maskanlariga jo‘natildi. Aslida u narsa GPP’ning talabida bo‘lmagan. Lekin u payt hech kim haq-huquqini tushunmagan, hamma vahimada bo‘lgan. Ko‘plar o‘qib qo‘ydi. Lekin endi mana, biz oxiriga yetib, e’tiroz qilishni boshlaganimizdan keyin, bo‘ldi, o‘sha inspeksiya bergan savollarga javob bera olsanglar, o‘sha yillik malaka oshirish kerak emas, degan javobga o‘tib olishdi”, – deydi Rahmonova.
Xorijda qanday?
Farmatsevt Eldor A’zamovning Kun.uz’ga tushuntirishicha, bir qancha xorij davlatlarida GPP sertifikati olishdagi to‘lovlar masalasi boshqacha.
“Men shaxsan o‘zim Qozog‘iston tajribasini o‘rgandim. U yerdagi hamkasblar bilan bog‘langan holda, internetda ham ochiq ma’lumotlar bor. U yerda 2016 yilda joriy qilish boshlangan ekan. Va u yerda bu GPP sertifikatini olish boshida ixtiyoriy bo‘lgan. Hozirgi kunga kelib majburiy bo‘ldi, lekin ularda inspeksiya nazorati uchun to‘lov yo‘q. Ya’ni siz konsalting firmalarga kelib, o‘sha GPP sertifikatini tayyorlab berish uchun qanchadir miqdorda pul berishingiz mumkin, lekin GPP uchun inspeksiya ko‘rigiga to‘lov yo‘q. Davlatga to‘lov yo‘q. Undan tashqari, bu sertifikatni 5 yil muddatga beradi. Ikkinchi muddatga olganingizda, o‘zi umrbodga aylanib ketadi. Bo‘ldi, qaytib sizdan hech kim bu sertifikatni so‘ramaydi”, – deydi u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi litsenziyaga ega dorixonalar soni 8 360 tani, ularning filiallari esa 3 945 tani tashkil etadi. Bu degani, sertifikat to‘lovlaridan doimiy va kafolatlangan tushumlar anchagina katta summalarga aylanadi.
Farmagentik: Ichki buyruqni ochiqlash maqsadga muvofiq emas
Kun.uz shu vaqtgacha nechta dorixona inspeksiyadan o‘tkazilgani, ulardan qancha summa undirilgani va bu summalar qayerga ketishi yuzasidan Farmatsevtika agentligiga so‘rov yubordi.
Agentlikning ma’lum qilishicha, 3 oktyabr holati bilan jami 9 231 ta dorixona (77,11%) GPP sertifikatini olgan. Bu dorixonalarning qanchasi asosiy va filial ekani, ulardan qancha summa olingani noma’lum. Tashkilot hozircha buni ochiqlamadi.
Izohda “Zarur amaliyotlar markazi” davlat muassasasi xarajatlarini moliyalashtirish uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratilmagani sababli, markaz faoliyati GPP sertifikatini olish uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar hisobidan kelib tushadigan to‘lovlarga bog‘liqligi aytilgan.
Tushuntirilishicha, farmatsevtika inspeksiya o‘tkazish bilan bog‘liq xizmat haqi tarkibiga korxona xodimlari ish haqi, o‘rnatilgan barcha soliq to‘lovlari, korxonaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha va boshqa xarajatlar, xususan, xodimlarni o‘qitish, kommunal, aloqa, transport xizmatlari, asosiy vositalarning amortizatsiyasi xarajatlari kiradi.
Agentlik bunga asos qilib xuddi dorixonachilarga yuborgan javob xatida qayd etilganidek, prezident farmoni va hukumat qarorlarini ko‘rsatgan. Va javob yakunida 35-sonli ichki buyruq ichki xizmat hujjati ekani, u faqat tizimosti tashkilotlarning ichki faoliyatini tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgani, shu sababli keng jamoatchilikka ochiqlanishi maqsadga muvofiq emasligi yozilgan.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Jamiyat
Farg‘onada 100 mln so‘m talab qilgan elektr korxonasi muhandisi ushlandi
Muhandislarning noqonuniy harakatlari fosh etildi.
Farg‘ona tumani elektr ta’minoti korxonasi muhandisi xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroning qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish sexiga elektr tarmog‘i tortish, elektr hisoblagich o‘rnatib, ulab berish, shuningdek, mansabdor tanishlari orqali ruxsat beruvchi hujjatlarni tayyorlatib berish evaziga 100 mln so‘m talab qiladi.
DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va IJQKD xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam sudlangan muhandis so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Sharof Rashidov tumani elektr ta’minoti korxonasi muhandisi ham o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, mahalliy fermer xo‘jalikning elektr energiyasidan mavjud 122 mln so‘m qarzdorligini mansabdor tanishlari orqali yo‘q qilib berish evaziga 50 mln so‘m talab qilib, muqaddam 10 mln so‘m olgan.
DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u qolgan 40 mln so‘mni olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha muhandislarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Umid Mamadaminov energetika vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi
Energetika vazirligida tayinlovlar amalga oshirildi.
Umid Mamadaminov energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bunga qadar u energetika vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Mamadaminov 2024-yildan beri vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Baxtiyor Mamatkarimov o‘rnini egallagan.
Umarjon Egamberdiyev energetika vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bunga qadar u Prezidentning energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili bo‘linmasining yetakchi inspektori lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Toshkentda tug‘uruqqa sog‘lom kirgan 21 yoshli ayol ikki oydan buyon og‘ir ahvolda
Toshkentdagi tug‘uruq muassasalaridan birida 21 yoshli ayol tug‘uruqdan keyin falaj holatiga tushib qolgan. Voqeaga ikki oy bo‘lganiga qaramay, uning ahvoli hanuz og‘irligicha qolmoqda. Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi Kun.uz’ga holat yuz berganini tasdiqlab, bemor shifokorlar nazorati ostida ekanini ma’lum qildi.
Ayolning yaqinlari ma’lum qilishicha, voqea joriy yil 24 aprel kuni Toshkentdagi 9-tug‘uruq muassasasida sodir bo‘lgan. Ularning aytishicha, ayol homiladorlik davrini sog‘lom o‘tkazgan va tug‘uruqqa jiddiy muammolarsiz kirgan.
Yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, tug‘uruq jarayonida og‘riqni kamaytirish maqsadida epidural anesteziya qo‘llangan. Shundan keyin ayolning ahvoli og‘irlashib, u koma holatiga tushgan. Chaqaloq kesarcha kesish amaliyoti orqali dunyoga keltirilgan.
Ma’lum qilinishicha, uch kundan keyin ona va chaqaloq Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish markazi jonlantirish bo‘limiga o‘tkazilgan. Ayol komadan chiqqan, ammo unda falajlik alomatlari kuzatilgani aytilmoqda.
Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi Kun.uz so‘roviga javoban mazkur holatni tasdiqladi. Boshqarmaga ko‘ra, bemor ayni vaqtda mutaxassislar nazorati ostida davolanyapti.
Hozircha ayol ahvolining og‘irlashishi sabablari bo‘yicha rasmiy xulosa e’lon qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kuvaytda faoliyat yuritayotgan o‘zbek anesteziologi Jahongir Jo‘rayev Kun.uz bilan suhbatda O‘zbekistonda anesteziologiya sohasi chuqur islohotlarga muhtojligini ta’kidlagan edi. Uning fikricha, anesteziologik yondashuvlar va xavfsizlik standartlari yetarli darajada takomillashtirilmasa, og‘ir asoratlar va o‘lim bilan bog‘liq holatlar kuzatilishi davom etishi mumkin.
Jamiyat
Mehnat inspeksiyasi Adiz Boboyevga ogohlantirish yubordi
Inspeksiya Samarqand viloyati hokimini pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etganlik uchun javobgarlik borligidan ogohlantirgan.
Samarqand viloyati hokimligi e’lon qilgan videodan kadr
Mehnat inspeksiyasi Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyevga o‘qituvchilarni ko‘chalardagi obodonlashtirish va monitoring ishlariga jalb etish tashabbusi yuzasidan ogohlantirish yubordi. Bu haqda inspeksiya axborot xizmati xabar berdi.
Inspeksiya rasmiy munosabatida amaldagi qonunchilikka ko‘ra, pedagog xodimlarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga majburiy tarzda jalb etish taqiqlanishini eslatgan.
“Agar mazkur tashabbus amaliyotga joriy etilib, pedagoglar faoliyatiga daxldor bo‘lmagan ishlarga jalb etilsa, majburiy mehnat holatlarining yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
Shu munosabat bilan Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyevga pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etish qonunchilikka zid ekani hamda bunday holatlar uchun javobgarlik belgilanganligi yuzasidan ogohlantirish yuborildi”, deyiladi munosabatda.
Idora har qanday tashabbusni amalga oshirishda amaldagi qonunchilik talablariga rioya etish, pedagoglarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlash zarurligini qo‘shimcha qilgan.
Samarqand viloyati hokimligi ham rasmiy munosabat bildirib, viloyat rahbarining tavsiyasidan asosiy maqsad talabalarni jismoniy mehnatga jalb qilish emas, balki sohaga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari, fakultetlar va kafedralarning ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish, jamoatchilik nazoratini o‘rnatishdan iborat ekanini ma’lum qildi.
“Bugungi kunda shahar ko‘chalarida turli kasalliklar, zararkunanda hasharotlar hamda noto‘g‘ri agrotexnik yondashuvlar kabi qator omillar tufayli ayrim daraxtlar kasallanib, qurib qolmoqda. Bu masalalarni hal etishda ilmiy yondashuv va mutaxassislar maslahat va tavsiyalari asosida ish tutish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu munosabat bilan oliy o‘quv yurtlari rektorlari bilan uchrashuvda biologiya, ekologiya, agronomiya, tuproqshunoslik va landshaft dizayni kabi yo‘nalishlarda ta’lim olayotgan yosh tadqiqotchilar hamda professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot ishlarini shahar muhitidagi amaliy kuzatuvlar bilan uyg‘unlashtirish taklif etildi.
Bu jarayonda talabalar va yosh olimlar daraxtlarning holatini o‘rganish, monitoring olib borish, kasallik va zararkunandalar belgilarini erta aniqlash bo‘yicha ilmiy xulosalar hamda tavsiyalar ishlab chiqishlari mumkin bo‘ladi. Barcha agrotexnik va jismoniy ishlar esa tegishli kommunal va obodonlashtirish tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
Ta’kidlash joizki, mazkur tashabbus ilmiy muassasalar, mahalliy hokimlik va obodonlashtirish xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan”, deyiladi hokimlik munosabatida.
Qo‘shimcha qilinishicha, bu yondashuv talabalar uchun sifatli amaliyot maydonini yaratish, ilmiy izlanishlarning amaliy samaradorligini oshirish va shaharning yashil fondini saqlash bo‘yicha zamonaviy yechimlarni ishlab chiqish imkonini beradi. Hokimlik har qanday tashabbusni amalga oshirishda qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilinishi, fuqarolar huquq va manfaatlari ta’minlanishi hamda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligini bildirgan.
Avvalroq Samarqand viloyati hokimi o‘qituvchilarni ko‘cha nazoratchisiga aylantirishni buyurgani xabar qilingandi. Adiz Boboyev o‘z topshirig‘ida Samarqand shahridagi ko‘chalarni OTMlarga biriktirib qo‘yishni, oliygoh pedagoglari o‘zlariga biriktirilgan ko‘chaning tozaligi, ko‘cha bo‘yidagi daraxtlar va sug‘orish tizimining holatini monitoring qilib, muammolar haqida obodonlashtirish xizmatini xabardor qilib turishi kerakligini aytgandi.
Jamiyat
Mahallalar uyushmasining bo‘limlariga yangi huquq beriladi
«Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–116-son, 24.06.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlariga:
– mahallalardagi muammolarni tizimli tahlil qilish, mas’ul idoralar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish, shuningdek, hududiy dasturlarni tayyorlash hamda ijrosini nazorat qilishda ishtirok etish huquqi beriladi.
Mahallada yashovchi 1-marotaba ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgan fuqarolarga ularning oilaviy sharoitidan kelib chiqib, fuqarolar yig‘ini kengashining kollegial qarori asosida shaxsga nisbatan yengillik berish to‘g‘risida qilingan murojaat sud-tergov organlari tomonidan qanoatlantirilgan hollarda:
– «mahalla yettiligi» kafillikka olingan shaxsni qayta tarbiyalash, zarur hollarda, kasbga o‘rgatish, bandligini ta’minlash, ta’limga yo‘naltirishga mas’ul bo‘ladi;
– kafillikka olingan shaxs 3 yil davomida jinoyat va huquqbuzarlik sodir etmasa, «mahalla yettiligi»ning shaxsni tarbiyalashda faollik ko‘rsatgan a’zosini qo‘shimcha rag‘batlantirish choralari ko‘riladi.
Uyushmaning tuman (shahar) bo‘limi boshliqlariga «mahalla yettiligi» faoliyatiga aralashganlik, ularni xizmat vazifalari bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etganlik uchun tuman (shahar) hokimlariga taqdimnomalar kiritish vakolati beriladi.
-
Jamiyat4 days ago
Bugun ayrim hududlarda havo harorati 44 darajaga yetishi mumkin
-
Mahalliy5 days agoO‘zbekiston – Kolumbiya o‘yinida yig‘lagan bolakay kim?
-
Siyosat4 days ago
«Endigi vazifa erishilgan kelishuvlarni real loyihalarga aylantirish»
-
Dunyodan5 days agoAQSh va Eron o’rtasidagi urushning iqtisodiy oqibatlari hisoblanmoqda
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda qurilish ishlari hajmi 35 yilda 12 barobar oshdi
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekiston qaysi mamlakatlarga ko‘proq mahsulot sotmoqda?
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev Ozarbayjon elchisini oʻz nihoyasiga yetgan “Mehnat Shufrati” ordeni bilan taqdirladi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev YeTTB bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi
