Jamiyat
Alimentdan qochgan erkak o‘z xotinini «Damas»da urib ketdi
Aliment to‘lamaslik uchun esa mas’uliyatni his etmagan ayrim otalar esa hamon jinoiy xatti-harakatlardan to‘xtashmayapti.
«Biroq, aliment to‘lovidan qochib yoki undan bo‘yin tovlab, u qochib ketadimi, yashirinadimi va hatto, sud qarori bilan 15 sutka qamoq jazosini o‘tab chiqadimi, baribir, ota voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment to‘lashga majbur. Farzandlarni ta’minotisiz qoldirish – jinoyat. Har bir ota farzand mas’uliyatini unutmasligi shart»,-deydi Buxoro viloyat Sudi axborot xizmati rahbari Feruz Sharopov.
Ijtimoiy tarmoqlarda «Alimentdan voz kech yoki mendan yaxshilik kutma» sarlavhasi ostida tarqalgan xabar ham foydalanuvchilar o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Holatga ko‘ra, Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanida yashovchi fuqaro Sh.A. uzoq yillar davomida muntazam ravishda turmush o‘rtog‘i Z.D.ni siquvga olib, urib, haqoratlab kelgan. Biroq, 4 nafar farzandga ona bo‘lgan Z.D. «ostonadan yugurib chiqadigan kelin» degan gap-so‘zlardan qochib, sabr bilan mashaqqatli kunlarni boshidan o‘tkazgan.
Biroq, u keyinchalik «uzoq yillik uyqudan ko‘z ochgan» va farzandlari uchun tirik qolish maqsadida sudga ajrim uchun ariza bergan.
Navoiy viloyati Fuqarolik sudi joriy yilning 12 avgustida ajrashish masalasini ko‘rib chiqib, 3 oy muddat belgilagan. Shuningdek, sud Sh.A.ga 4 nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment to‘lashi yuzasidan ham qaror chiqargan. Afsuski, 13 avgust kuni Sh.A. turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilib, «Alimentdan voz kech, aks holda, mendan yaxshilik kutma», -deya tahdid qilgan.
14 avgust kuni tongda Sh.A. o‘ziga tegishli bo‘lgan «Damas» rusumli avtomashinasida o‘z uyidan chiqqan va yo‘l chetidan ketayotgan o‘z turmush o‘rtog‘ini urib yuborgan. Natijada Z.D. og‘ir jarohat olgan.
Sh.A.ning o‘zi Z.D.ni hushsiz holatda tuman markaziy shifoxonasiga olib kelgan. Unga birinchi tibbiyo yordam ko‘rsatilgan. Shunga qaramay, og‘ir ahvoldagi bemor uzoq vaqt o‘z hushiga kelmagan. Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, umurtqasi sinib, asab tomirlari shikastlangan. Belidan past qismi falaj bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, holat yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlarini boshlagan ichki ishlar organlari xodimlariga Sh.A. ushbu holatni qasdan sodir qilmaganini, baxtsiz hodisa tufayli urib yuborganini va shu boisdan, Z.D.ni o‘zi kasalxonaga zudlik bilan olib kelganini bildirgan. Va shunga ko‘ra, Sh.A.ning xatti-harakatlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Biroq, oradan ma’lum muddat o‘tgach, og‘ir ahvoldagi bemor o‘z hushiga kelgan va asl holatni ochiqlagan. Z.D. ichki ishlar organlari xodimlariga turmush o‘rtog‘i Sh.A uni boshqa tasodif tufayli emas, balki, u yo‘l chetidan yurib borayotganida, «Damas» avtomashinasida qasddan urib, bosib o‘tib ketganini bildirgan.
Z.D.ning yaqin qarindoshlari esa dastlabki tergov davomida qo‘zg‘atilgan jinoyat ishidan norozi bo‘lib, voqeani qasddan urib ketish va qochib ketish, deb hisoblamagani, unga yengil ayblov qo‘yilgani, aybdorning qamoqda emas, ozodlikda yurgani, shuningdek, Z.D.ning salomatligi og‘ir ekani yuzasidan shikoyat qilishgan.
«Ma’lumki, Jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan sud hukmiga ko‘ra, tegishli jazo qo‘llaniladi. Aybdorning ayni paytda ozodlikda yurgani bu uning jazosiz qolayotganini ko‘rsatmaydi. Ayni paytda ham holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda. Ta’kidlash joizki, fuqaro Z.D. o‘z hushiga kelgach, tergov harakatlariga jalb qilingan va u turmush o‘rtog‘i tomonidan avtomashinasi orqali qasddan urib ketilganini bayon qilgan. Unga qadar sodir etilgan yo‘l transport hodisasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 266-moddasi, 1-qismi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Biroq, holat oydinlashgach, olib borilayotgan ish qayta malakalanib, gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 2-qismi bilan ish qo‘zg‘atilgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, hech bir shaxs, hech bir aybdor qonundan qochib keta olmaydi. Sodir etilgan har qanday jinoyat uchun jazo muqarrar»,-deydi Navoiy viloyati IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimov.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot5 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat1 day ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport17 hours ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat7 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport7 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
