Connect with us

Jamiyat

“Bu narxlar qayerdan olingan?” – dorixonachilar yangi majburiy to‘lovdan shikoyat qilmoqda

Published

on


O‘zbekistonda dorixonalarga litsenziyadan tashqari GPP sertifikatini ham olish talabi qo‘yildi. Uni olish – pulli. Olinganidan keyin har yili yana to‘lov evaziga “yangilab” turish ham kerak. Aks holda, dorixona litsenziyasidan ayriladi. To‘lov miqdori ayniqsa viloyatlardagi yakka dorixonalar uchun og‘irlik qilyapti. Tadbirkorlar sertifikat narxi va muddatini qayta ko‘rib chiqishni so‘ramoqda.

{Yii::t(}

O’tkazib yuborish 6s

O’tkazib yuborish

GPP (good pharmacy practice) – “yaxshi dorixona amaliyoti” bo‘lib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiyaviy ahamiyatga ega hujjat hisoblanadi. Bu sertifikat dorixonalarda barcha jarayonlar hujjatlashtirilgani va nazorati olib borilishini tasdiqlaydi.

O‘zbekiston prezidentining 2024 yil yanvardagi farmoniga asosan, 2025 yil 1 yanvardan boshlab tarmoqli dorixonalar, 2026 yil 1 yanvardan esa yakka dorixonalardan majburiy tartibda GPP sertifikatiga ega bo‘lish talab etiladi.

Sertifikat Farmatsevtika agentligining Zaruriy amaliyotlar markazi (GxP) tomonidan beriladi. Buning uchun markaz xodimlari dorixonalarga borishi, inspeksiya tekshiruvlarini o‘tkazishi, talablarga mos bo‘lsa, 3 yilga sertifikat berishi kerak.

Sertifikat olish uchun dorixonachilar salkam 8,5 mln so‘mgacha majburiy to‘lov qilishi kerak. Buning ustiga 3 yil muddatga beriladigan sertifikat har 9 oyda qayta inspeksiyadan o‘tkaziladi, bunga esa 3 mln so‘mdan ko‘proq pul to‘lanadi.

GPP talablarini dorixonachilar qanday qabul qildi?

Yangi talablar ko‘plab dorixona egalarida e’tirozlar uyg‘otmoqda. Kun.uz’ga murojaat qilganlar majburiy yig‘imlarning ortiqcha yuk bo‘layotganidan shikoyat qildi.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida bir nechta dorixonaga ega Jahongir Mirpo‘latovning aytishicha, u 2024 yil sentabridan boshlab dorixonalarini GPP talablari bo‘yicha qayta jihozlagan va buning uchun 120 mln so‘m sarflashiga to‘g‘ri kelgan.

“Bizga 2024 yilning boshidan ta’kidlab o‘tishdiki, 2025 yilning boshlanishigacha tarmoqli, ya’ni ko‘p dorixonalarga GPP sertifikatini olish majburiy. Yakka o‘zi ishlovchi aptekalarga esa – 2026 yilning boshigacha. Biz shu xabarni eshitganimizdan keyin, 2024 yilda harakatni boshladik va pulni yig‘ib, sentabrdan GPP talablariga muvofiq tarzda dorixonani jihozlashni boshladik.

U yerda talablar qanaqa? Aptekaning maydoni to‘g‘ri kelishi kerak. Asosiy dorixonaning maydoni 50-60 kvadrat metrga yaqin bo‘lishi kerak. Qolgan dorixonalar kichkinaroq, 40-45 kvadrat bo‘lsa ham to‘g‘ri kelaverishini aytishdi. Biz dorixonalarni shunga qarab jihozladik. Misol, 16 kvadrat savdo zali, omborxona 12 kvadrat, yana xodimlar xonasi bor 8 kvadrat, keyin hojatxonaga 2 kvadrat, mudir xonasiga 4 kvadrat. Shu bo‘yicha biz hammasini jihozladik. Unga ancha-muncha mablag‘imiz ketdi. Uchta dorixonani men jihozlagunimcha qariyb 120 million sarfladim.

2021 yilda, litsenziya olayotgan paytda ham hamma talablarni bajarib, keraklicha jihozlaganmiz. Lisenziya talablarida ham deyarli shu narsalar so‘raladi: nogironlar aravachasi uchun pandus va ushlagich, bakteritsid lampa, jalyuzi, mebellar – har bittasini qilganmiz. Biz hatto asosiy zal uchun alohida va omborxona uchun alohida konditsioner o‘rnatdik – litsenziya paytida dorilarning yaxshi saqlanishi, xona haroratini 25 darajada saqlab berish, dorilarning sifatiga va saqlanishi yaxshi bo‘lishi uchun hammasini jihozlaganmiz. GPP ham shunga o‘xshash talablar bo‘lgani uchun hayratda qoldik”, – dedi Mirpo‘latov.

“Bu summalarni hech qanaqasiga to‘lay olmaymiz”

Toshkent shahri Sergeli tumanida dorixona ishlatuvchi Nilufar Abdumalikova ham litsenziya talab qilinadigan va unga pul to‘lanadigan faoliyat turi uchun sertifikatga yana alohida to‘lov ortiqcha ekanini aytmoqda.

“Bitta yakkalik dorixonaga bitta litsenziya 5 yilga beriladi va 4 mln so‘mga yaqin summa to‘lanadi. Bu – 5 yilda bir marta to‘lanadigan summa. GPP bilan litsenziyaning o‘xshash tarafi judayam ko‘p, deyarli bir xil. Faqat “SOP” (“standartnaya operatsionnaya protsedura”) dasturlari va termometr masalalari boshqa. Lekin GPP’ning talablari litsenziya bilan bir xil.

GPP’da asosan aptekaning tozaligi, dorilarning saqlanishi, keyin “SOP”lar tekshiriladi. Har bitta narsani biz qog‘ozga tushirib, yozib borishimiz kerak bo‘ladi. Kamida 40 tacha daftar. Har 9 oyda qayta tekshiruv bo‘ladi. Birinchi tekshirib ketgandagi narsalar turibdimi, “SOP” dasturlar ishlayaptimi, har bitta narsa yozilyaptimi, dorilar, sotayotgan narsalarimiz – hamma narsa o‘sha tekshirib ketgandek talabga javob beryaptimi deb har 9 oyda tekshiriladi va har 9 oyda 3,2 mln so‘m qayta to‘lov qilamiz. Ularni biz yana qayta chaqirishimiz uchun 3,2 mln so‘m to‘lov qilamiz. Bu asossiz summa. Biz ulardan: “nima sababdan bizdan bu summani olyapsizlar?” deb so‘raganimizda, ular “bizga davlatimiz budjetdan pul ajratmagani hisobiga farmkompaniyalar, aptekalardan undirib olamiz”, deyishdi. Bu pullarning hammasi ishchilarning oyligi, shu ishxonasidagi texnikalariga ishlatilarkan.

Yakkalik aptekalar tarmoqli aptekalarga qaraganda ancha kam savdo qilgani hisobiga bu summalarni biz hech qanaqasiga to‘lay olmaymiz. Biz litsenziyani 2030 yilgacha olganmiz va u litsenziyamizning muddati tugamasdan turib, bizning litsenziyamizni taqiqlab, olib qo‘yishmoqchi. Bu asossiz”, – deydi Abdumalikova.

“Xatlarimizga asosli javob berishmadi”

Bo‘stonliq tumanidan kelgan yana bir dorixonachi Oydin Rahmonova GPP sertifikati uchun to‘lovlar qanday hisob-kitoblarga ko‘ra shakllantirilganiga oid savolni o‘rtaga tashladi. Uning aytishicha, bu savolga rasmiylar shu vaqtgacha asosli javob bermagan.

“Meni qiziqtirgan tarafi 8 million 300 ming so‘m qanaqa qilib shakllantirildi? Dorixonalarning hududiga qarabmi yoki katta-kichikligiga qarabmi?

Bizga prezident farmoni, Vazirlar Mahkamasi qarori deb shunaqa vajlar keltirilyapti. Lekin qarorlar bilan tanishib chiqdik, ularda to‘lov miqdori yo‘q. Shu masalalarni ko‘tarib, ulardan javob olish maqsadida GxP markaziga uch-to‘rt marotaba men o‘zim xat bilan murojaat qildim. Xatlarimizda o‘sha to‘lovlarning asoslari, qanday shakllantirilgani, qayerga sarflanishi haqida asosli javoblar berilmadi.

5 oy oldin Zoom yig‘ilishlarida narxlardan shikoyat qilganmiz. O‘shanda qanaqa qilib shakllantirildi deganimizda xodimlar viloyatlarga borishi, “komandirovka” pullari – yotoq va yeb-ichishlari hisobga olingan holda, shunaqa sal qimmat bo‘lib ketdi, deb bizga tushuntirishgan. Lekin menga kelgan xatda 8,3 mln so‘mdan tashqari xodimlarning o‘sha xizmat safari pullari, xullas, qilingan sarf-xarajatlari bundan mustasno deyilgan. Lekin bizga 4 sentabrda agentlik rahbari bilan bo‘lgan yig‘ilishda Abdulla Azizov o‘zlari aytdilarki, o‘sha 8,3 mln so‘m ichida xodimlarning o‘sha xizmat sarf-xarajatlari, komandirovochniy pullari o‘shaning ichida bo‘lishi kerak, dedi. Lekin yozuvi bilan nima uchun u inspeksiya xodimlari aptekalardan yo‘lkirasi uchun alohida pul oldi? Bu mavhum bo‘lib qoldi”, – deydi Rahmonova.

To‘lov ichki buyruq bilan belgilangan

Sertifikat beruvchi organ – Zaruriy amaliyotlar markazining dorixonachilar so‘roviga yuborgan javob xatida GPP sertifikati uchun farmatsevtik inspeksiya o‘tkazish va unga to‘lov qilinishi bir qancha hujjatlar bilan tartibga solingani qayd etilgan. Xususan, 20-sonli prezident farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2021 yildagi 486-son hamda 2019 yildagi 788-son qarorlari eslatilgan. Lekin summa miqdori va uning kalkulyatsiyasi ochiqlanmagan.

Javob xatiga ko‘ra, to‘lov metodikasi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining 2024 yil 8 maydagi 35-son ichki buyrug‘i asosida belgilangan. Ammo bu buyruq ochiq manbalarda mavjud emas.

Xatda yozilishicha, buyruq Raqobat qo‘mitasi va Adliya vazirligiga yuborilib, tasdiqlangan. Ammo Kun.uz’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, vazirlik bundan bexabar. Agentlikning ichki hujjati Adliya vazirligi ekspertizasidan o‘tmagan va ro‘yxatiga ham olinmagan. Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari Mahmud Istamov shu yil 29 sentabrda agentlikka yuborgan so‘rovida buyruqning nusxasini so‘ragan.

Metodikaga ko‘ra, to‘lovlar xodimlarning inspeksiya qilish davomiyligi, mehnat safari, muassasa xarajatlari, soliq to‘lovlaridan kelib chiqib hisoblangani aytilgan. Shu sabab sertifikat olish uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlarga asosiy dorixonalar uchun 8,3 mln so‘m, filiallarga esa 3,2 mln so‘m to‘lov joriy qilingan.

“O‘zi normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, biror bir majburiy to‘lov bo‘lishi uchun bu narsa birinchi o‘rinda o‘sha Konstitutsiyaga asosan soliq va yig‘imlar faqat qonun bilan belgilanishi ko‘zda tutilgan. Va bu bo‘yicha qonun bor, davlat boji to‘g‘risidagi qonun bor. Va shu davlat boji to‘g‘risidagi qonunda majburiy yig‘imlar, majburiy to‘lovlar keltirib o‘tilgan hammasi. GPP sertifikati uchun bu narsa majburiy yig‘im sifatida yoki majburiy to‘lov sifatida kiritilmagan.

Endi, Vazirlar Mahkamasining qarorlarida aytilganki, agentlik o‘zini o‘zi moliyalashtirish huquqiga ega, ya’ni qanaqadir xizmatlar ko‘rsatish orqali. Inspeksiya nazoratini o‘tkazib berish Zarur amaliyotlar markazi uchun xizmat bo‘ladigan bo‘lsa, bizga ko‘rsatilgan xizmati uchun ular schyot-faktura berishi kerak-da, ya’ni qanaqa, nima xizmatlar ko‘rsatdi va biz nimaga to‘layotganimizning aniq nimasi bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Hisob-kitobi bo‘lishi kerak-ku. Asosi bo‘lishi kerak-ku. Ular nima xizmat ko‘rsatadi bizga, keltirib berishi kerak-ku o‘shani.

Siz GPP ololmasangiz, litsenziya ololmaysiz. Lisenziya ololmagandan keyin u majburiymi? Masalan, har qanaqa yuridik shaxs litsenziya olish uchun GPP olishga majbur bo‘lyapti va majburiy to‘lovga aylanyaptimi? Majburiy to‘lov bo‘lgandan keyin, Konstitutsiyaga asosan, qonunlarga asosan bu narsa eng kamida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanishi kerak. Eng kamida. Bo‘lmasa, qonun bilan yoki o‘sha davlat boji to‘g‘risidagi qonunda keltirilgan bo‘lishi kerak. Bu yerda yo‘q-ku”, – deydi yana bir farmatsevt Eldor A’zamov.

Boshqa hududlarda ham vaziyat muammoli

Kun.uz ayni masalada bir nechta viloyatda farmatsevtlar ishtirokida Zoom orqali suhbat o‘tkazdi. GPP sertifikati uchun to‘lovlar muammosi ularda ham dolzarb ekani aytildi.

“3 yilga sertifikat berib, yana har yili tekshirsa, sertifikatni 3 yilga berganining ma’nosi qolmay qolyapti. Chunki har yili kelib tekshiradi-ku uni. Uch yildan keyin yana sertifikat olsa. O‘sha ham kerak emas. 5 yilga berish kerak. Tekshirsa tekshiraversin, faqat bizga to‘lovsiz tekshirsin-da”, – deydi Samarqandda ishlovchi dorixona egasi Bahrom Tursunov.

“Yakkalik dorixonalarning hammasi har xil savdo qiladi. Shifoxonalar, bozorlarning oldida ishlaydiganlarning savdosi ozroq yaxshiroqdir, lekin boshqa bir chetroq qishloq joyga yoki bo‘lmasa bir mahallaning orasiga qurilgan aptekalar kuniga oshib borsa bir million yoki ikki million savdo qilishadi. Undan ziyod savdo qila olmaydi. U narsani to‘lay olmayman. Agar o‘zimda shunday bo‘lsa, men aptekani yopaman, boshqa ish qilaman. Undan ko‘ra, o‘sha kollejimga borib dars berganim yaxshi menga”, – deydi kattaqo‘rg‘onlik Abdulvahob ismli tadbirkor.

“GPP’ni iyunda oldik. Viloyat markazidan 60 km, Besharariq tumani markazidan 16-17 km uzoqda joylashganmiz. Shu yerda oliy ma’lumotli farmatsevt-provizor sifatida aholiga farmatsevtika xizmatlarini ko‘rsatib kelamiz. Umuman olganda, bu jarayonlar poytaxtdan to chekka hududlargacha joriy qilinishiga qarshimasmiz: juda yaxshi, sifatni o‘rgandik, xolodilniklarda saqlash, boshqasini… Lekin asosiy masala – byurokratik jurnallarning ko‘pligida va to‘lovlarning noto‘g‘ri taqsimot qilinganida.

Masalan, poytaxtda xuddi biznikiday yakkalik dorixonalarga inspeksiyaning kelib-ketishi 5–5,5 million so‘m bo‘lsa, viloyat markazlariga borgan sari 6,5–7 million atrofida. Biznikiga o‘xshaydigan viloyat markazidan uzoq hududlarda yakkalik dorixonalar uchun inspeksiya qilish 8,3 mln so‘m.

O‘zi ijtimoiy davlatda soliqlar o‘sha hududning iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib belgilanadi. Ko‘rganmiz dunyo tajribasida ham. Hozir teskari jarayon: poytaxtga arzon, ularning tovar aylanmasi, mijozlar oqimi farq qiladi-yu bizdan, bir necha barobar yuqori. Lekin biz ko‘proq to‘lashimiz kerak. Ijtimoiy davlat bo‘lganimizga yarasha, hamma uchun ijtimoiy tenglik ta’minlanishi kerak.

Xuddi shunday, ko‘pchilik dorixonalar yopilib ketyapti. Men o‘zim farmatsevt-provizor sifatida 2020 yilda “Farmatsevtikal aktiviti” Telegram-guruhini tashkil qilgandim. O‘sha yerda hozir 2,5 mingga yaqin ishtirokchi bor. Olis hududlarda xuddi o‘zimizga o‘xshaydigan hamkasblar, kursdoshlar yozib qolishadi: “biz yopyapmiz, biz sohani tark etyapmiz”. Bu tarmoqli dorixonalarning kengayib, yanada ko‘payib, tarmoq yozishiga olib keladi, konsentratsiya bo‘lib, yiriklashuviga”, – deydi Qashqadaryodan aloqaga chiqqan mutaxassis Qo‘shmurod Yomg‘irov.

“Lisenziya va GPP talablarini birlashtirib, 5 yilda bitta qilib o‘tkazishni so‘rab qolgan bo‘lardim. Mayli, har yili tekshirishsin. Biz shundoq ham oldindan chiroyli ishlashga harakat qilganmiz. Chunki chiroyli ishlash – bizning vazifamiz. Biz dorilarni chiroyli saqlab, mijozlarga sifatli dori sotishga majburmiz, chunki bu o‘zimiz va o‘zimizning xavfsizligimiz uchun. Ularga nojo‘ya ta’sir qilsa, javobgarligi bizga bo‘ladi. Biz bularni hisobga olgan holda shundoq ham chiroyli ishlaymiz.

To‘g‘ri, ular unga ishonmagan holda bizni har yili tekshiruvdan o‘tkazmoqchi bo‘lishyapti. Mayli, o‘tkazishsin, lekin bunaqa katta summalar evaziga emas. Yana bizning hisobimizdan hamma narsani o‘tkazib turib, yana o‘zimizni qo‘rqitib, litsenziyani olib qo‘yaman, sertifikat bermayman, aptekani yopib yuboraman, degan qo‘pol qilib aytganda, tahdidlar bilan bizni ish faoliyatini olib borishimizga majbur qilishyapti. Hatto, “eplasang ishla, eplamasang yop”, degan gaplarni ham gapirishdi.

Chekka-chekka qishloq joylarda aptekam bor. Xalq uchun, aholi uchun ochilgan. Eng yaqin dorixona u yerdan 15-16 kilometr narida joylashgan. Kechqurun bolaning mazasi bo‘lmay qolishi, kasal bo‘lib qolishi mumkin. Qariyalar bor u yerda. Ularga yordam berish uchun ochganmiz. Ham o‘zimiz uchun, ham xalq uchun. Eplolmay yopib yuborsam, kimga zarar?” – deydi Jahongir Mirpo‘latov.

Termometr va malaka oshirish muammosi ham bor

Suhbatdoshlarga ko‘ra, GPP talablari doirasida dorixonalarni termometrlar bilan jihozlash va uning uchun qiyoslov sertifikatini olish ham bor. Tadbirkorlar bu ham qo‘shimcha xarajatga tushayotganini bildirdi.

“Bitta termogigrometrni 50–60 ming so‘mga sotib olasiz. O‘sha zavod ishlab chiqaruvchisi tarafidan o‘zlarining sertifikati bilan keladi, odatda. O‘sha sertifikatni GxP markaziga inspeksiya jarayonida tan oldirish murojaati bilan biz rahbarimizga murojaat qildik. Hali bu narsaga bizga javob kelmadi. Shu zavodning sertifikatini inspeksiya jarayonida tan olsa, bizga yaxshi bo‘lardi. Nimaga desangiz, o‘sha har bitta aptekada, eng kichkina dorixonada kamida uchta-to‘rtta, kattalarda yettita-sakkiztagacha o‘sha termometr qo‘yilishi kerak. Har biriga 150–200 ming so‘mdan qiyoslashdan sertifikat olgan bo‘lishimiz kerak. Bu degani, 800 mingdan 1,4 mln – 1,6 mln so‘mgacha”, – deydi Oydin Rahmonova.

“4 ta termometr uchun 1 mln so‘mga yaqin pul to‘laymiz. Holbuki, ularning o‘zini 50 ming so‘mga olganmiz. Lekin biz 3-4 barobar, hatto 10 barobar qimmatroq narxga sertifikatdan o‘tkazamiz. Lekin shuni GPP’ning ichiga ham qilib qo‘ysa bo‘ladi-ku. Ular termometrni olyapti-da, 5 daqiqadan keyin “tayyor bo‘ldi” deyapti”, – deydi Jahongir Mirpo‘latov.

Qolaversa, murojaatchilar dorixona xodimlarining har yili majburiy malakasini oshirish borasida ham o‘z savollarini yo‘llashmoqda.

“Har yili biz xodimlarimizni o‘qitib, malakasini oshirib borishimiz kerak ekan. U ham har yili pulli to‘lov. Unga ham 1–1,2 million so‘mga yaqin pul to‘laymiz. Har bitta xodim alohida o‘qib, 33 soatlik o‘quv sertifikati oladi. Lekin har yili yangi narsalar kiritilmaydi-ku, o‘sha-o‘sha talablar. Nimaga har yili bu o‘qitishni majburiy qilganiga hayronman. Keyin, qilingan so‘rovnomalardan so‘ng o‘qitish majburiy emas, deb bizga aytishdi. Boshida talab qilayotganda majburiy deyishgandi. Biz to‘lov qilib bo‘ldik. To‘lov qilganimizdan keyin u majburiy emas bo‘lsa, qaytarib berasizlarmi unda?” – deydi Mirpo‘latov.

“Yilda bir majburiy degan joyi yo‘q, lekin yilda bir majburiy qilib turib, dorixonachilar qanaqadir o‘zlariga tegishli malaka oshirish maskanlariga jo‘natildi. Aslida u narsa GPP’ning talabida bo‘lmagan. Lekin u payt hech kim haq-huquqini tushunmagan, hamma vahimada bo‘lgan. Ko‘plar o‘qib qo‘ydi. Lekin endi mana, biz oxiriga yetib, e’tiroz qilishni boshlaganimizdan keyin, bo‘ldi, o‘sha inspeksiya bergan savollarga javob bera olsanglar, o‘sha yillik malaka oshirish kerak emas, degan javobga o‘tib olishdi”, – deydi Rahmonova.

Xorijda qanday?

Farmatsevt Eldor A’zamovning Kun.uz’ga tushuntirishicha, bir qancha xorij davlatlarida GPP sertifikati olishdagi to‘lovlar masalasi boshqacha.

“Men shaxsan o‘zim Qozog‘iston tajribasini o‘rgandim. U yerdagi hamkasblar bilan bog‘langan holda, internetda ham ochiq ma’lumotlar bor. U yerda 2016 yilda joriy qilish boshlangan ekan. Va u yerda bu GPP sertifikatini olish boshida ixtiyoriy bo‘lgan. Hozirgi kunga kelib majburiy bo‘ldi, lekin ularda inspeksiya nazorati uchun to‘lov yo‘q. Ya’ni siz konsalting firmalarga kelib, o‘sha GPP sertifikatini tayyorlab berish uchun qanchadir miqdorda pul berishingiz mumkin, lekin GPP uchun inspeksiya ko‘rigiga to‘lov yo‘q. Davlatga to‘lov yo‘q. Undan tashqari, bu sertifikatni 5 yil muddatga beradi. Ikkinchi muddatga olganingizda, o‘zi umrbodga aylanib ketadi. Bo‘ldi, qaytib sizdan hech kim bu sertifikatni so‘ramaydi”, – deydi u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi litsenziyaga ega dorixonalar soni 8 360 tani, ularning filiallari esa 3 945 tani tashkil etadi. Bu degani, sertifikat to‘lovlaridan doimiy va kafolatlangan tushumlar anchagina katta summalarga aylanadi.

Farmagentik: Ichki buyruqni ochiqlash maqsadga muvofiq emas

Kun.uz shu vaqtgacha nechta dorixona inspeksiyadan o‘tkazilgani, ulardan qancha summa undirilgani va bu summalar qayerga ketishi yuzasidan Farmatsevtika agentligiga so‘rov yubordi.

Agentlikning ma’lum qilishicha, 3 oktyabr holati bilan jami 9 231 ta dorixona (77,11%) GPP sertifikatini olgan. Bu dorixonalarning qanchasi asosiy va filial ekani, ulardan qancha summa olingani noma’lum. Tashkilot hozircha buni ochiqlamadi.

Izohda “Zarur amaliyotlar markazi” davlat muassasasi xarajatlarini moliyalashtirish uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratilmagani sababli, markaz faoliyati GPP sertifikatini olish uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar hisobidan kelib tushadigan to‘lovlarga bog‘liqligi aytilgan.

Tushuntirilishicha, farmatsevtika inspeksiya o‘tkazish bilan bog‘liq xizmat haqi tarkibiga korxona xodimlari ish haqi, o‘rnatilgan barcha soliq to‘lovlari, korxonaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha va boshqa xarajatlar, xususan, xodimlarni o‘qitish, kommunal, aloqa, transport xizmatlari, asosiy vositalarning amortizatsiyasi xarajatlari kiradi.

Agentlik bunga asos qilib xuddi dorixonachilarga yuborgan javob xatida qayd etilganidek, prezident farmoni va hukumat qarorlarini ko‘rsatgan. Va javob yakunida 35-sonli ichki buyruq ichki xizmat hujjati ekani, u faqat tizimosti tashkilotlarning ichki faoliyatini tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgani, shu sababli keng jamoatchilikka ochiqlanishi maqsadga muvofiq emasligi yozilgan.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Alimentdan qochgan erkak o‘z xotinini «Damas»da urib ketdi

Published

on


Aliment to‘lamaslik uchun esa mas’uliyatni his etmagan ayrim otalar esa hamon jinoiy xatti-harakatlardan to‘xtashmayapti.

«Biroq, aliment to‘lovidan qochib yoki undan bo‘yin tovlab, u qochib ketadimi, yashirinadimi va hatto, sud qarori bilan 15 sutka qamoq jazosini o‘tab chiqadimi, baribir, ota voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment to‘lashga majbur. Farzandlarni ta’minotisiz qoldirish – jinoyat. Har bir ota farzand mas’uliyatini unutmasligi shart»,-deydi Buxoro viloyat Sudi  axborot xizmati rahbari Feruz Sharopov.

Ijtimoiy tarmoqlarda «Alimentdan voz kech yoki mendan yaxshilik kutma» sarlavhasi ostida tarqalgan xabar ham foydalanuvchilar o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Holatga ko‘ra, Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanida yashovchi fuqaro Sh.A. uzoq yillar davomida muntazam ravishda turmush o‘rtog‘i Z.D.ni siquvga olib, urib, haqoratlab kelgan. Biroq, 4 nafar farzandga ona bo‘lgan Z.D. «ostonadan yugurib chiqadigan kelin» degan gap-so‘zlardan qochib, sabr bilan mashaqqatli kunlarni boshidan o‘tkazgan.

Biroq, u keyinchalik «uzoq yillik uyqudan ko‘z ochgan» va farzandlari uchun tirik qolish maqsadida sudga ajrim uchun ariza bergan.

Navoiy viloyati Fuqarolik sudi joriy yilning 12 avgustida ajrashish masalasini ko‘rib chiqib, 3 oy muddat belgilagan. Shuningdek, sud Sh.A.ga 4 nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment to‘lashi yuzasidan ham qaror chiqargan. Afsuski, 13 avgust kuni Sh.A.  turmush o‘rtog‘iga  qo‘ng‘iroq qilib, «Alimentdan voz kech, aks holda, mendan yaxshilik kutma», -deya tahdid qilgan.

14 avgust kuni tongda Sh.A. o‘ziga tegishli bo‘lgan «Damas» rusumli avtomashinasida o‘z uyidan chiqqan va  yo‘l chetidan ketayotgan o‘z turmush o‘rtog‘ini urib yuborgan. Natijada Z.D. og‘ir jarohat olgan.

Sh.A.ning o‘zi Z.D.ni hushsiz holatda tuman markaziy shifoxonasiga olib kelgan. Unga birinchi tibbiyo yordam ko‘rsatilgan. Shunga qaramay, og‘ir ahvoldagi bemor uzoq vaqt o‘z hushiga kelmagan. Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, umurtqasi sinib, asab tomirlari shikastlangan. Belidan past qismi falaj bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, holat yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlarini boshlagan ichki ishlar organlari xodimlariga  Sh.A. ushbu holatni qasdan sodir qilmaganini,  baxtsiz hodisa tufayli urib yuborganini va shu boisdan, Z.D.ni o‘zi kasalxonaga zudlik bilan olib kelganini bildirgan. Va shunga ko‘ra, Sh.A.ning xatti-harakatlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Biroq, oradan ma’lum muddat o‘tgach, og‘ir ahvoldagi bemor o‘z hushiga kelgan va asl holatni ochiqlagan. Z.D. ichki ishlar organlari xodimlariga turmush o‘rtog‘i Sh.A uni boshqa tasodif tufayli emas, balki, u yo‘l chetidan yurib borayotganida, «Damas» avtomashinasida qasddan urib, bosib o‘tib ketganini bildirgan.

Z.D.ning yaqin qarindoshlari esa dastlabki tergov davomida qo‘zg‘atilgan jinoyat ishidan norozi bo‘lib, voqeani qasddan urib ketish va qochib ketish, deb hisoblamagani, unga yengil ayblov qo‘yilgani, aybdorning qamoqda emas, ozodlikda yurgani, shuningdek, Z.D.ning salomatligi og‘ir ekani yuzasidan shikoyat qilishgan.

«Ma’lumki, Jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan sud hukmiga ko‘ra, tegishli jazo qo‘llaniladi.  Aybdorning ayni paytda ozodlikda yurgani bu uning jazosiz qolayotganini ko‘rsatmaydi. Ayni paytda ham holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda. Ta’kidlash joizki, fuqaro Z.D. o‘z hushiga kelgach, tergov harakatlariga jalb qilingan va u turmush o‘rtog‘i tomonidan avtomashinasi orqali qasddan urib ketilganini bayon qilgan. Unga qadar sodir etilgan yo‘l  transport hodisasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining  266-moddasi, 1-qismi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Biroq, holat oydinlashgach, olib borilayotgan ish qayta malakalanib, gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi,  2-qismi bilan  ish qo‘zg‘atilgan.  Shuni alohida ta’kidlash kerakki, hech bir shaxs, hech bir aybdor qonundan qochib keta olmaydi. Sodir etilgan har qanday jinoyat uchun jazo muqarrar»,-deydi Navoiy viloyati IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimov.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Prezident favqulodda vaziyatlar tizimini raqamlashtirish bo‘yicha topshiriq berdi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimizda aholi xavfsizligi aziz ne’mat sifatida muhofaza qilinadi. Turli xatarlar paydo bo‘layotgan hozirgi zamonda favqulodda vaziyatlar organlari tizimini ham takomillashtirish zarurati tug‘ilmoqda.

Sohada 30 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingani bilan haligacha favqulodda vaziyatlar muhofazasi bo‘yicha kompleks dastur yo‘q. Bundan 16 yil oldin qabul qilingan “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun ham eskirgan.

Shu bois, favqulodda vaziyatlarni oldindan baholab, tezkor va proaktiv ishlaydigan tizim yaratish vazifasi qo‘yilgan.

Taqdimotda mutasaddilar shu boradagi tahlil natijalari, mavjud muammolar va takliflarini bayon qildi.

Hozir favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha profilaktika ishlari asosan davlat idoralarida amalga oshirilyapti. Lekin bunday holatlarning 70 foizdan ortig‘i aholi xonadonlarida nosoz, muddati o‘tgan gaz va elektr jihozlaridan foydalanish, xavfsizlik madaniyatiga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga kelyapti.

Shuning uchun tizim ishini mahallalarda tashkil etib, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, xavfsizlik madaniyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar bilan har bir mahalla, har bir ko‘cha va xonadonni qamrab olishi zarurligi ta’kidlandi.

Sohada raqamli texnologiyalar va zamonaviy texnik vositalardan foydalanish darajasi ancha past, bu boradagi ishlar xanuzgacha zamon talablariga moslashtirilmagan.

Shu bois, sohada raqamli infratuzilma yaratish, favqulodda vaziyat haqida xabar berishdan boshlab, uni to‘liq bartaraf etishgacha bo‘lgan hamma jarayonlarni raqamlashtirish, shuningdek, yangi ishlash mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Favqulodda vaziyatlarni tezkor bartaraf qilish uchun zamonaviy texnika va jihozlarni ko‘paytirish, ularni o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha tarmoqlar transformatsiya bo‘lyapti, qurilish industriyasi o‘zgarmoqda. Hamma sohalarda “yashil” texnologiyalar keng joriy qilinmoqda. Ular orqali yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yangi turdagi texnogen xavflarni baholab, oldini olish uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning uzluksiz tizimini yaratish dolzarbligi qayd etildi.

Shu munosabat bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida dual ta’limni yo‘lga qo‘yish va malaka oshirish markazini tashkil etish, professional qutqaruvchilarni tayyorlash, o‘qitish va ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish topshirildi. 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

“Dardni ichga yutish depressiyani kuchaytiradi”

Published

on


Ijtimoiy murabbiy(life-coach) Dilrabo Norqulovaning ta’kidlashicha, suitsidga psixologik va ijtimoiy omillarning ta’siri ustun bo‘ladi.

{Yii::t(}

O’tkazib yuborish 6s

O’tkazib yuborish

“Jamiyatimizda ruhiy muammolar haqida gapirishdan qo‘rquv bor. Hammasini ichiga yutishga o‘rganib, moslashib qolganmiz. Ko‘pchilik hanuzgacha “psixologga borish”ni zaiflik, “depressiya”ni esa irodasizlik deb biladi va ichki og‘rig‘ini yashiradi, yordam so‘rashdan tortinadi. Bu esa ruhiy tushkunlik xavfini yanada oshiradi”, — deydi u.

Mutaxassisga ko‘ra, suitsidning ildizi ko‘pincha muammolarni yashirish va uni atrofdagilar eshitmasligida bo‘ladi. Odam iztiroblarini kimgadur aytib yoki san’at orqali to‘kib-sochib, ichidan chiqarib yuborishi kerak. Dardlar to‘planib, chuqur depressiyani hosil qiladi va suitsid xavfini oshiradi.

Intervyuni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Surxondaryoda paxta terimidan ayollarni mindirib qaytayotgan Labo Cobalt bilan to‘qnashdi

Published

on


Fermer yo‘lovchi tashishga mo‘ljallanmagan Labo’da terimchi ayollarni paxta dalasiga tashigan. YTH sodir bo‘lganda mashina bortida 16 nafar ayol bo‘lgani, ularning barchasi turli darajada tan jarohati olgani aytilmoqda.

Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanida Labo va Cobalt to‘qnashdi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, YTH 3 oktyabr kuni kechki payt sodir bo‘lgan: fermer A.H. boshqaruvidagi Labo qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan Cobalt bilan to‘qnashib ketgan. Bu paytda Labo mashinasi bortida paxta terimidan qaytayotgan ayollar bo‘lgan.

YTH oqibatida fermer hamda terimchi ayollar turli darajada tan jarohati olgan. Ulardan ayrimlarining ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda.

“Labo bortida o‘ndan ortiq ayol bo‘lgan. Fermer yo‘lovchi tashish mumkin bo‘lmasa ham Labo’da ayollarni paxta dalasiga tashigan. Qishloq va fermerning dalasi o‘rtasidagi masofa taxminan 10 km atrofida.

YTHda o‘nga yaqin ayol jarohatlangan. Ulardan biri singlim. Hozir Sherobod tuman shifoxonasida. Yelkasi singan. Shifokorlar jarrohlik amaliyoti o‘tkazish zarurligini aytmoqda. Yana bir ayolning tos suyagi, boshqasining qovurg‘asi singan. Ayni paytda fermerning oilasidagi ruhiy holatni tushunamiz, biroq jarohatlangan ayollarga moddiy ko‘mak zarur”, deydi jabrlanuvchilardan birining yaqin qarindoshi Kun.uz jurnalisti bilan suhbatda.

Uning qo‘shimcha qilishicha, fermerning o‘zi ham shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. YTHda og‘ir tan jarohati olganlar Termiz shahridagi shifoxonaga olib ketilgan.

“3 oktyabr kuni Abbos akaning dalasidan paxta terimidan qaytayotganimizda 16 ayol avariyaga uchradik. Mashinani fermerning o‘zi boshqarib kelayotgandi. Barchamiz jarohatlandik, lekin yordam berishmayapti, hol-ahvol so‘ramadi hech kim. Yaxshisan, deb shifoxonadan javob berib yuborgandi. Kecha xususiy klinikaga borib, apparatga tushib keldim, 4 ta qovurg‘am singan deb chiqardi. Hamma ayollar jabr ko‘rgan, ko‘pi operatsiya bo‘lyapti”, degan jabrlangan ayollardan biri.

Yana bir jabrlanuvchi Salima Murodova esa fermerning akasi jarohatlangan ayollardan 2 kun xabar olib turganini, keyin u ham kelmay qo‘yganini ma’lum qilgan.

Surxondaryo viloyati IIB YHXB hozircha holat yuzasidan munosabat bildirmadi. 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

korxona va tashkilotlar uchun foydali taklif!

Published

on


Respublikamizda 2026-yil uchun barcha bosma nashrlarga obuna qabul qilish jarayoni davom etmoqda. Shu munosabat bilan “Xabar” gazetasi kelgusi yilgi obuna doirasida korxonalari, tashkilotlar va muassasalar uchun foydali takliflarni e’lon qilmoqda.

“Xabar” gazetasiga:

• 1000 dona obuna uyushtirgan korxonalarga — bir yil davomida xabar.uz va ict.xabar.uz saytlari hamda gazeta sahifalarida cheksiz hajmda bepul piar materiallar joylashtirish imkoniyati beriladi.

• 500 dona obuna uyushtirgan korxonalarga — bir yil davomida 10 ta videomaterial, 12 ta piar maqola, 25 ta e’lonni tahririyatning barcha media resurslarida bepul joylashtirish imkoniyati taqdim etiladi.

Ayni paytda “Xabar” tahririyati bosma va internet nashrlarni uyg‘unlashtirgan kuchli media maydon hisoblanadi.

Bu esa har qanday targ‘ibot va axborotni keng jamoatchilikka yetkazish uchun katta imkoniyat yaratadi. Bu imkoniyatdan foydalanib qoling!

Bog‘lanish uchun telefon: +99897 493 27 77.

 

 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.