Jamiyat
“Boshimga qop kiydirib, harbiy bo‘linmaga olib borishdi” – Rossiya armiyasiga yollangan navoiylik yigit hikoyasi
Xatirchi tumanida yashovchi 25 yoshli yigit Rossiyaning Yekaterinburg shahrida ish izlab yurganida yonidan narkotik modda chiqqani aybi bilan qamoqqa olingan. Avvaliga unga Ukrainaga qarshi urushda qatnashish taklif etilgan. Yigit rad javobini bergach sud hukmi bilan 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Ammo oradan 1 yil o‘tib, baribir jazoni ijro etish koloniyasidan boshiga qop kiydirilgan holda olib ketilgan va urushga yuborilgan.
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida yashovchi yigit Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashgani uchun jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.
Sud hujjatida keltirilishicha, 2000 yilda tug‘ilgan J.K. 2023 yil 1 oktyabr kuni ishlab pul topish maqsadida Rossiyaning Yekaterinburg shahriga borgan. Biroq ish izlab yurganida politsiya tomonidan ushlanib, yonidan narkotik modda chiqqani aybi bilan qamoqqa olingan.
J.K. 2024 yil dekabr oyida Rossiya armiyasiga yollangan. 2025 yil aprel oyida u Donetsk shahridagi qurolli to‘qnashuvda snaryad portlashi oqibatida jarohatlangan.
Yigit sudda aybiga iqrorlik bildirgan va urushga majburlab olib borilganini aytgan.
“2023 yil oktyabrda samarqandlik Shoxruh ismli tanishim bilan ishlash maqsadida Rossiyaning Yekaterinburg shahriga bordik. U yerda ish izlab yurgan vaqtimizda politsiya xodimlari kelib, hujjatlarimizni so‘radi. Keyin bizni Tyumen shahridagi xizmat xonasiga olib borishdi. Politsiya xodimlari qo‘limga paket tutqazib, suratga olishdi.
Shoxruhni o‘sha kundan keyin boshqa ko‘rmadim. Menga soxta hujjatlar bilan go‘yoki yonimdan narkotik moddasi chiqqanini ko‘rsatib, qamoqqa olishdi. Rus tilini bilmayman. Shu sababli men bilan tarjimon orqali gaplashishdi. Politsiya xodimlari taqdim etgan hujjatlarga imzo qo‘ymadim. Ruhiy va jismoniy tazyiqlar ko‘p bo‘ldi. Tarjimon tergovchi tomonidan berilgan shartnomaga imzo qo‘yishimni so‘radi va shartnomaga ko‘ra Rossiya-Ukraina o‘rtasida bo‘layotgan urushda qatnashishim kerakligini aytdi. Unga rad javobini berdim.
8 oy qamoqda yotdim. Keyin sudga olib borildim. Sud tomonidan menga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tyumen shahridagi jazoni o‘tash koloniyasiga jo‘natildim”, degan yigit suddagi ko‘rsatmasida.
J.K. jazoni ijro etish koloniyasida ham jismoniy tazyiqlar o‘tkazilganini, urushga borish uchun shartnoma imzolashga majburlashganini ma’lum qilgan.
“Oldimga tarjimon sifatida o‘zbekistonlik Abbos ismli mahkum kirib, shartnomaga imzo qo‘yishimni aytdi. Rad javobini berganimdan keyin meni intizomiy bo‘limga kiritib qo‘yishdi. 2024 yil dekabr oyida oldimga yana Abbos kelib, shartnomani imzolashimni so‘radi, noiloj rozi bo‘ldim.
2025 yil yanvar oyida turli bahona bilan intizomiy bo‘linmaga qamab qo‘yishdi, 1 aprelga qadar o‘sha yerda bo‘ldim. 2025 yil 1 aprel kuni qo‘limga kishan solingan holda boshimga qop kiydirib, Tyumen harbiy bo‘linmasiga olib borishdi. U yerda mendan tashqari yana 10-15 kishi bor edi. Ertasi kuni tushdan keyin Yekaterinburg shahriga olib borishdi, aeroport yoniga tushdik. Bizni harbiylar qo‘riqlardi.
Harbiy xodimlar bizga talablarni va qonun-qoidalarni tushuntirdi. Agar qochib ketsak yana qayta sud bo‘lishini aytishdi. Keyin yuk tashuvchi samolyotga mindirishdi. Samolyotda ko‘plab mahkumlar, harbiylar bor edi. Bir yigit o‘zbek tilida salomlashganini eshitib, uning oldiga bordim. O‘zini Ahror deb tanishtirgan yigit urushga ketayotganimizni aytdi”, degan J.K. sudda.
Taxminan 300 kishi samolyotda Donetsk shahriga olib borilgan. Samolyotdan tushgach, yuk mashinalarida o‘rmon oralab ketishgan. Shunda oldinda ketayotgan mashina, so‘ngra esa J.K. va sheriklari bo‘lgan mashina portlab ketgan. J.K. og‘ir yaralanib, hushini yo‘qotgan va Kursk shahridagi harbiy gospitalda o‘ziga kelgan. So‘ngra uni Sankt-Peturburg shahridagi gospitalga olib borishgan. O‘sha yerda qozog‘istonlik yigitning yordami bilan qochib, taksida Moskva shahriga yetib borgan hamda vatanga qaytish guvohnomasi olish uchun elchixonaga murojaat qilgan. J.K. 2025 yil 24 may kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan. So‘ngra DXX Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasiga borib, bo‘lib o‘tgan voqealarni aytib bergan hamda aybiga iqrorlik arizasi bilan murojaat qilgan.
Yigit sudda qilmishidan pushaymon ekanini, o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holda shunaqa vaziyatga tushib qolganini bildirgan va yengillik so‘ragan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudining hukmi bilan J.K. Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Avvalroq Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan samarqandlik ikki yigit jinoiy jazoga tortilgandi.
Jamiyat
Samarqandda ikki qizga zo‘ravonlik qilgan vaqtinchalik vasiy ayolga chora ko‘rildi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video ortidan Samarqandda ikki nafar qizga nisbatan zo‘ravonlik holati fosh etildi. Voqea Bolalar ombudsmani nazoratiga olindi.
Samarqand viloyatining Toyloq tumanida voyaga yetmagan ikki nafar qizga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik holati aniqlandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 21-aprel kuni fuqaro M.S. o‘zining vaqtincha vasiyligida bo‘lgan 2019-yilda tug‘ilgan B.D. va 2017-yilda tug‘ilgan B.M.ga nisbatan turli shaklda tazyiq o‘tkazgan. U bolalarning xorijda bo‘lgan onasi D.M.dan pul undirish maqsadida zo‘ravonlik qilgani va bu holatni videoga olgani qayd etilgan.
Holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olindi. Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakil joyiga chiqib, vaziyatni o‘rgandi va bolalarni himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rdi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Tuman vasiylik organi — «Inson» markazi mas’ullari tomonidan M.S. vasiylik vazifasidan chetlatildi. Bu qaror bolalar manfaatlarini himoya qilish maqsadida qabul qilingan.
Shuningdek, bolalarga yetkazilgan tan jarohatlari darajasini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Bu jarayonda barcha holatlarga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan qizlarning ruhiy holatini barqarorlashtirish maqsadida psixolog jalb qilingan. Hozirda ular tumandagi oilaviy bolalar uyiga joylashtirildi. Shu bilan birga, yashash hududiga yaqin maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga rasmiylashtirilib, ta’lim olish huquqlari tiklandi.
Ayni paytda xorijda bo‘lgan onaning o‘z ota-onalik majburiyatlarini qay darajada bajarayotgani ham o‘rganilmoqda. Bolalar ombudsmani mazkur ish bo‘yicha kuzatuvni davom ettirmoqda.
Jamiyat
«maqsadli omonat» tizimi joriy etiladi
O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan ta’minlashni rag‘batlantirish maqsadida ipoteka bozorida yangi mexanizm — «maqsadli ipoteka omonati» amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Ushbu tashabbus Prezidentning 2026-yil 24-fevraldagi PF–29-son farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, 2026-yil 1-iyuldan boshlab tajriba-sinov tarzida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Yangi tizimning asosiy g‘oyasi — aholining vaqtincha bo‘sh mablag‘larini uy-joy xaridiga yo‘naltirish. Fuqarolar ipoteka krediti olishdan oldin maxsus omonat hisobvarag‘ida mablag‘ jamg‘aradi. Bu mablag‘lar keyinchalik dastlabki badalni shakllantirishda ishlatiladi.
Bunda:
– tijorat banklarida maxsus omonat hisoblari ochiladi;
– omonatlarga bozor stavkalarida foiz hisoblanadi;
– davlat tomonidan subsidiyalar ajratiladi;
– jamg‘arilgan mablag‘lar ipoteka krediti uchun maqsadli yo‘naltiriladi.
Yangi mexanizm ikki tomonlama samara beradi. Birinchidan, fuqarolar uchun uy-joy sotib olish imkoniyati kengayadi – chunki ular oldindan mablag‘ jamg‘arib, kredit yukini kamaytiradi. Ikkinchidan, banklar uchun uzoq muddatli moliyaviy resurslar bazasi shakllanadi.
Dastlabki badalning bir qismi davlat subsidiyasi hisobidan qoplab berilishi, ipoteka foizlarining ma’lum qismiga ham kompensatsiya berilishi (5 yilgacha) hamda fuqaro uy olmasa, omonat mablag‘lari foizlari bilan qaytarilishi kabi shartlar qo‘shimcha imkoniyatlar sifatida taqdim qilinmoqda.
«Maqsadli ipoteka omonati» tizimi ipoteka bozorida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. U nafaqat aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi, balki ichki moliyaviy resurslarni iqtisodiyotga jalb qilish orqali umumiy iqtisodiy barqarorlikni ham mustahkamlaydi.
Jamiyat
Samarqandda 490 ming dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
U Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil qilish uchun ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini sotishni rejalashtirgan.
Samarqand shahrida yer uchastkasini noqonuniy sotishga uringan shaxs qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, u Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro bilan til biriktirib, uning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil qilish uchun ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini sotishni rejalashtirgan.
Shaxs xaridorga ushbu yerni 490 ming AQSh dollariga sotishini, shuningdek mansabdor tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 50 ming dollar talab qilgan.
U Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Andijonda ikki kishini katta pul evaziga haj ziyoratiga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi
U kelishilgan 18 ming dollar puldan 9 ming dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Asaka tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, fuqaro M.Ch. 18 000 AQSh dollari evaziga fuqarolar A.I. va B.X.ni haj ziyorati uchun Saudiya Arabistoniga yuborishni va’da qilgan.
U kelishilgan puldan 9 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi hajga borishda firibgarlarga aldanib qolmaslikka chaqirgandi.
Jamiyat
Texnik talablarga javob bermaydigan konditsionerlar sotilayotgani aniqlandi
Hisense va Aux konditsionerlarida kamchiliklar aniqlandi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Toshkent shahar bo‘limi tomonidan poytaxtdagi savdo nuqtalarida sotilayotgan Xitoyda ishlab chiqarilgan Aux hamda Hisense rusumli konditsionerlarga nisbatan nazorat xaridi o‘tkazildi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Aux konditsionerlari «Texnik vositalarning elektromagnit mosligi to‘g‘risida»gi texnik reglament talablariga mos kelmasligi aniqlandi.
Shuningdek, Hisense rusumli konditsionerlar ham belgilangan standartlarga to‘liq javob bermasligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, qurilmaning iste’mol qilinadigan nominal quvvati belgilangan me’yorlardan yuqori ekani qayd etildi.
Ushbu holatlar mazkur mahsulotlarning amaldagi texnik va xavfsizlik talablariga to‘liq mos emasligini ko‘rsatadi.
Fuqarolardan maishiy texnika xarid qilishda mahsulotning muvofiqlik sertifikati hamda texnik hujjatlariga alohida e’tibor qaratish so‘raladi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
-
Siyosat5 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
-
Jamiyat4 days ago
Giyohvand moddalar aylanmasini nazorat qilishning milliy tizimi takomillashtiriladi
-
Jamiyat4 days agoShavkat Mirziyoyev Ostonaga yetib bordi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev Ostonaga Orol dengiziga yordam berish jamg‘armasi yig‘ilishiga keldi
-
Dunyodan3 days ago
Buyuk Britaniyada “chekmaydigan avlod” dunyoga keldi
