Jamiyat
Bosh prokurorga yangi o‘rinbosar tayinlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, Bahodir Zokir o‘g‘li Normurodov O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Shu munosabat bilan u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Komplayens xizmati sho‘ba mudiri lavozimidan ozod etildi.
Jamiyat
Shavkat Mirziyoyev Yangi Sergeli ko‘chasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi (foto)
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni Sergeli tumanining Ittifoq mahallasidagi Yangi Sergeli ko‘chasida amalga oshirilgan ishlar hamda savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan tanishdi.
Ta’kidlanishicha, turizm va xizmat ko‘rsatish sohasi kam xarajat bilan ko‘p ish o‘rni yaratish, aholi daromadini oshirish va hududlar qiyofasini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega. Toshkent shahrida bu borada katta imkoniyatlar bor.
Yangi Sergeli ko‘chasida tashkil etilgan 24/7 rejimida ishlaydigan turizm, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari aholiga qulay sharoit yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari ochishga xizmat qilmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati 18,7 milliard so‘mni tashkil etadi. Ko‘chaning 2,1 kilometr qismining infratuzilmasi to‘liq yaxshilanib, savdo, umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar xizmatlarni o‘z ichiga olgan kunu tun faoliyat yuritadigan hududga aylantirildi.
Aholi dam olishi va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 10 dan ortiq bolalar maydonchasi, 8 ta vorkaut zonasi, kitob do‘koni hamda nuroniylar maskani tashkil etildi.
Hudud atrofidagi 4 ta mahallada 21 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Yangi Sergeli ko‘chasidan kuniga o‘rtacha 15-20 mingta avtotransport vositasi harakatlanadi. Loyiha to‘liq ishga tushgach, yiliga 1,2 milliondan ortiq tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
Loyiha doirasida 250 dan ortiq yangi ish o‘rni ochildi. 95 ta mavjud tadbirkorlik subyektining faoliyati kengaytirilib, 22 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari mahalla bo‘ylab yurib, milliy me’moriy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obodonlashtirilgan ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Mahalla faollari va fuqarolar bilan samimiy muloqot qildi.
Prezidentimiz amalga oshirilayotgan ishlar aholi turmush darajasi va farovonligiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani bilan qiziqdi. Mahalla faollari bu o‘zgarishlar aholi kayfiyatiga, turmush tarzi va daromadiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini, hududning qiyofasi ham, odamlarning ertangi kunga ishonchi ham o‘zgarayotganini ta’kidladi.
Jamiyat
Marixuana, geroin va yuzlab tup kannabis: respublika bo‘ylab reydlar natijasi
DXX va IIV xodimlari hamkorligida «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida respublika bo‘ylab giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda marixuana, geroin hamda yuzlab tup kannabis o‘simliklari aniqlandi. Holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Namangan viloyati Norin tumanida istiqomat qiluvchi 1961 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, u kelgusida sotish maqsadida saqlab kelgan 1 kilogramm 595 gramm «marixuana» giyohvandlik vositasi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, Namangan viloyatining Chortoq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1973 yilda tug‘ilgan shaxs o‘ziga tegishli qo‘shimcha tomorqada sotish maqsadida 839 tup kannabis o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotgani ma’lum bo‘ldi.
Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan shaxs esa Toyloq tumani hududida avtomashinada harakatlanayotgan vaqtida to‘xtatilib tekshirilganda, undan 20 gramm «geroin» moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Xorazm viloyatida qayd etilgan holatda, Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi 1962 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs 36 tup kannabis o‘simligini yetishtirayotgani aniqlandi.
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida istiqomat qiluvchi 1973 yilda tug‘ilgan, muqaddam shu turdagi jinoyat uchun sudlangan fuqaro ham o‘z hovlisida tashkil etilgan issiqxonada 22 tup kannabis o‘simligini parvarishlayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi 1965 yilda tug‘ilgan shaxs esa o‘z tomorqasida 10 tup kannabis o‘simligini parvarishlab kelgani aniqlangan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
DXX fuqarolardan giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq holatlarga duch kelgan taqdirda, idoraning 1520 qisqa raqamiga murojaat qilishni so‘radi. Qayd etilishicha, murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Prezident Sergelidagi zamonaviy tibbiyot markazini ko‘zdan kechirdi (foto)
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanida joylashgan “Global International Hospital” xususiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifati va qamrovini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan. Shu maqsadda sohaga investitsiyalar jalb etilib, tibbiyotda xususiy sektor faoliyati ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Mazkur zamonaviy tibbiyot markazi bugungi kunda aholiga talab yuqori bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Markazni barpo etish uchun 30 million dollar investitsiya yo‘naltirilgan. Bu yerda yiliga 150 ming nafardan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Umumiy maydoni 0,5 gektar bo‘lgan muassasada yillik xizmatlar hajmini 15 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbariga markaz faoliyati to‘g‘risida taqdimot qilindi. Prezidentimiz jarrohlik, reanimatsiya va davolash bo‘limlari, situatsion markazda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Loyiha doirasida 250 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Jamoada xorijda malaka oshirgan 10 nafardan ziyod yuqori malakali mutaxassis va chet ellik shifokorlar ham bor.
Markaz Buyuk Britaniya, Italiya va Germaniyadan keltirilgan zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Xususan, muassasaga PHILIPS kompaniyasining ilg‘or tibbiy texnologiyalari o‘rnatilgan.
Davlatimiz rahbari markazni ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha tayanch tibbiyot muassasasiga aylantirish muhimligini ta’kidladi. Bu yerda to‘planadigan ilg‘or tajriba asosida shifokorlar malakasini oshirish va zamonaviy tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.
Prezidentimiz markaz xodimlari bilan muloqot qildi. Sohada mehnat qilayotgan mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, xususiy tibbiyot tashkilotlari sonini ko‘paytirish hamda aholiga sifatli, zamonaviy va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
«Har bir bemorga sifatli va munosib xizmat ko‘rsatish bilan birga, tibbiy va turizm xizmatlarini uyg‘unlashtirish zarur. Bu yo‘nalishni keng targ‘ib qilish, xorij tajribasini o‘rganib, shifoxonalar huzurida mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirish kerak», — dedi davlatimiz rahbari.
Jamiyat
Kommunal xo‘jaligi xodimlari uchun faxriy unvon ta’sis etilmoqda
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvonini ta’sis etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Senatga yuborildi.
Hujjat bilan “O‘zbekiston Respublikasida kommunal, maishiy va savdo sohasida xizmat ko‘rsatgan xodim” faxriy unvoni negizida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni ta’sis etilmoqda.
Ta’kidlanishicha, ushbu qonun loyihasining asosiy maqsadi — kommunal xo‘jaligi xodimlarining ko‘p yillik halol va samarali mehnatini e’tirof etish, ularning jamiyatdagi nufuzi va ijtimoiy maqomini oshirish, moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda sohada yuqori kasbiy madaniyat, mas’uliyat va fidoyilikni rag‘batlantirishdan iborat.
Qayd etilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi sohadagi xodimlarning kasbiy faoliyatini munosib qo‘llab-quvvatlash, yosh va malakali kadrlarni sohaga jalb etish imkoniyatlarini kengaytirish hamda kommunal xo‘jaligi tizimida xizmatlar sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Jamiyat
Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi
Toshkent viloyatida 12 ming, Quvasoy shahrida 11 ming va Paxtaobod tumanida 4945 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro M.A. ikki nafar fuqaroni Koreyaga yuborish evaziga 12 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Departamentning Quvasoy shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro D.R. fuqaroni Koreyadagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritish va viza olib berishni va’da qilib, 11 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 200 dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Departamentning Paxtaobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro X.M. ikki nafar fuqaroni Kanada va Koreya davlatlariga ketishlari uchun hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 4 945 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
-
Siyosat3 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Dunyodan4 days ago
NATO davlatlari Rossiyadan xavotirda…
-
Jamiyat4 days agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
-
Dunyodan5 days ago
Tojikistonning Togri-Badaxshon muxtor viloyati raisining jasadi topildi.
-
Jamiyat5 days agoSog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi
-
Siyosat3 days agoShavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy milliy mukofoti bilan taqdirlandi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Dollar kursida keskin pasayish yuz berdi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Iyunda eskrou orqali 34 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirildi
