Iqtisodiyot
Bojxona organlari tomonidan ko‘rsatiladigan pulli xizmatlar ro‘yxati tasdiqlandi
Ro‘yxat 68 turdagi xizmatlarni qamrab oladi, jumladan: eksport-import operatsiyalari bo‘yicha axborot olish, Bojxona qo‘mitasining axborot tizimlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiya qilish orqali bir yil davomida O‘zbekistonning tashqi savdo (import-eksport) bojxona statistikasi bo‘yicha ma’lumotlarni olish va boshqalar.
Iqtisodiyot va moliya vazirining buyrug‘i bilan bojxona organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan pulli xizmatlar ro‘yxati va tariflari tasdiqlandi. Hujjat «Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.
Ro‘yxat 68 turdagi xizmatlarni qamrab oladi, jumladan:
– eksport-import operatsiyalari bo‘yicha axborot olish (masalan, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari va bojxona brokerlari tomonidan mustaqil ravishda rasmiylashtirilgan bojxona yuk deklaratsiyalari to‘g‘risida axborot olish);
– Bojxona qo‘mitasining axborot tizimlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiya qilish orqali bir yil davomida O‘zbekistonning tashqi savdo (import-eksport) bojxona statistikasi bo‘yicha ma’lumotlarni olish (tovarlar soniga qarab tarif);
– kredit olish uchun tijorat bankiga murojaat qilgan jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tijorat bankiga uning so‘roviga asosan axborot tizimi orqali taqdim etish;
Markaziy bojxona laboratoriyasi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar:
– kimyoviy xossalari asosida to‘qimachilik matolarining tarkibini aniqlash;
– tovarlar ekspertizasi turi bo‘yicha xizmatlar va boshqalar.
Bojxona instituti tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, xususan:
– «Tashqi iqtisodiy faoliyat» va boshqa yo‘nalishlarda o‘qish istagini bildirgan talabani o‘qitish va turar joy bilan ta’minlash;
– Milliy kinologiya markazi (it va mushuklarni klinik ko‘rikdan o‘tkazish va pasportlashtirish va h.k.).
Eng qimmat xizmat — tijorat bankiga kredit olish uchun murojaat qilgan shaxslarning roziligi asosida ularga oid ma’lumotlarni axborot tizimi orqali tijorat bankiga so‘rov asosida bir yil davomida taqdim etish hisoblanadi. Buning uchun BHM 2 ming barobari miqdorida to‘lov qilinadi (824 mln so‘m)
O‘zbekiston tashqi savdo bojxona statistikasi (import–eksport) bo‘yicha ma’lumotlarni Bojxona qo‘mitasi axborot tizimlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiya orqali bir yil davomida olish uchun quyida miqdorda to‘lov qilinadi:
– 50 mingta tovargacha — BHM 25 baravari (10,3 million so‘m);
– 4 mln tadan ortiq tovar uchun — BHM 250 baravari (103 million so‘m).