Jamiyat
“Bir joyingga tiqib qo‘yaman hozir”
Toshkentda Malibu haydovchisi qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangani yetmagandek, uning ro‘parasidan – o‘z yo‘nalishida kelayotgan boshqa bir haydovchiga o‘dag‘ayladi.
Toshkent shahar YHXB reportajidan kadrlar
Internetda tarqalgan videoda ikki haydovchi o‘rtasida shunday suhbat kechganini ko‘rish mumkin:
Malibu haydovchisi: [Yo‘limni to‘sib] nimaga erishding?
Boshqa haydovchi: Oliftagarchilik qilishga.
Malibu haydovchisi: Bir joyingga tiqib qo‘yaman hozir!..
Boshqa haydovchi: Yo‘g‘-ye, aqling yetmaydi.
Malibu haydovchisi: “Spokoyno” yetadi! Okalaring ham yordam berolmaydi.
Boshqa haydovchi: Menga Alloh yordam beradi.
Malibu haydovchisi: O‘sha Alloh [huzuri]ga hozir [seni] yetkazib ham qo‘yolaman!
Poytaxt YHXB haydovchini topib, uni jarimaga tortdi. Huquqbuzar kamera qarshisida o‘z qilmishini farzandining kasalligi bilan izohladi:
“[Qarama-qarshi yurganimning] sababi oddiy: oilaviy sharoit. Endi, erkak kishimiz… Mashinada ikki farzandim bor edi, bittasi isitmalayotgan edi. Shunga, tez-tez uyga yetib olib, kerakli chora-tadbirlarni ko‘rish uchun…
Sizlarni ovora qilganim uchun uzr so‘rayman. Ataydan qilingan narsa emas bu”.
Huquqshunos bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning e’tibor qaratishicha, bu vaziyatda bolasining sog‘ligi uchun shoshayotgan haydovchi ko‘chada birov bilan gap talashib o‘tirishga vaqt topgan.
“Mana shunaqa qoidabuzar “avtoterroristlar” ko‘chada kar-kar qiladi-yu, qonun oldida javob berishga kelganda darrov farzandini, oilasini o‘rtaga qo‘shib, o‘zidan muloyim mushuk yasab oladi. Bolasiga shoshayotganmish-de, lekin ko‘chada birovlar bilan xotirjam gap talashib, so‘kishib o‘tirishga vaqti bemalol emish. E, o‘rgildim…
Ko‘chalarni befarosatlardan tozalashga hali ko‘p vaqtimiz va asabimiz ketadi, hammamizga sabr bersin”.
Jamiyat
O‘zboshimchalik bilan saqlangan solyarka portlagan – Yozyovondan reportaj
Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani Soybo‘yi mahallasidagi noturar binoda katta yong‘in chiqdi. Bu binoda kuz-qish mavsumida baliq pishirib sotilgan, shu kunlarda esa neft mahsulotlari noqonuniy ravishda saqlanayotgan bo‘lgan. Yong‘in solyarka portlashidan kelib chiqqan. Oqibatda 3 kishi vafot etdi, 2 kishi jonlantirish bo‘limida qolmoqda. Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, guvohlar va mas’ullar bilan suhbatlashdi.
16 iyun kuni soat 22:16 larda Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani Soybo‘yi mahallasida joylashgan choyxonada yong‘in sodir bo‘lgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yongan binoda kuz va qish mavsumida xo‘randalarga baliq pishirib sotilgan, qolgan paytda u yerda noqonuniy ravishda neft mahsulotlari saqlangan.
Yong‘in solyarka portlashidan kelib chiqqani aytilyapti. Oqibatda binoning 60 kv m maydoni va 3 ta avtomobil – Labo, Hyundai va Mercedes-Benz zararlangan.
Yozyovon tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori o‘rinbosari Abdulaziz G‘oyipovning ma’lum qilishicha, 1976 yilda tug‘ilgan A.H. hamda 1999 yilda tug‘ilgan Z.O. II-III darajali termik kuyish bilan, 2012 yilda tug‘ilgan O.O. tananing 100 foiz kuyishi, nafas yo‘llari kuyishi, kuyish karaxtligi og‘ir darajasi tashxisi bilan shifoxonaga olib kelingan.
Ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramay 14 yoshli bemor vafot etgan. Ikki bemor esa og‘ir ahvolda qolmoqda.
Abdulaziz G‘oyipov
Farg‘ona viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi favqulodda vaziyatlar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i Ahliddin Alijonovga ko‘ra, yong‘in qutqaruv ekipajlari voqea joyiga yetib borgan paytda ikki nafar fuqaro yong‘in oqibatida hayotdan ko‘z yumgan holatda topilgan. Qolgan uch nafari shoshilinch tez tibbiy yordamga yuborilgan.
Ahliddin Alijonov
“Neft mahsulotlarini quyish-to‘kish jarayonida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmasligi oqibatida yong‘in yuzaga kelgan. Noturar binoda fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan neft mahsulotlari saqlab kelingan bo‘lgan. Hozirda yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda”, deydi Ahliddin Alijonov.
Jamiyat
Zomin va Baxmalda sel kuzatildi, 3 ta avtomobil oqib ketdi
Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal tumanlarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sel oqimlari yuzaga kelib, sel yo‘lida qoldirilgan uchta yengil avtomobil oqim bilan oqib ketdi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 18 iyun kuni Zomin va Baxmal tumanlarining ayrim tog‘ va tog‘oldi hududlarida kuzatilgan kuchli yomg‘irlar natijasida sel oqimlari hosil bo‘lgan.
Qayd etilishicha, sel oqimi tabiiy sel yo‘li orqali harakatlangan. Biroq sel yo‘liga noto‘g‘ri qoldirib ketilgan 3 ta yengil transport vositasi oqim ta’sirida oqib ketgan.
Mas’ullarning bildirishicha, hodisa oqibatida fuqarolar orasida tan jarohati olganlar qayd etilmagan.
Jamiyat
1400 dollar olgan hokim yordamchisi ushlandi
Xorazm viloyatida fuqaroni oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan hokim yordamchisi 1400 AQSh dollarini olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olindi.
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda Hazorasp tumanidagi “Ziyolilar” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi I.R. fuqaro D.R.ni Toshkent gumanitar fanlar universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, evaziga 1 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni vaqtda ushbu holat bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
2500 dollar talab qilgan sudya yordamchisi qo‘lga tushdi
Jinoyat ishlar bo‘yicha Qarshi tuman sudining sudya yordamchisi fuqaroni boshqa hududdagi ish joyiga o‘tkazib berishni va’da qilib, evaziga 2500 AQSh dollari talab qilgan vaqtida tezkor tadbirda ushlandi.
Ma’lum qilinishicha, sudya yordamchisi Majburiy ijro byurosining Qashqadaryo viloyati tumanlaridan biridagi bo‘limida joriy yil may oyidan faoliyat yurita boshlagan fuqaroga o‘zining mansabdor tanishlari orqali ishga joylashtirib qo‘yganini aytgan.
Shuningdek, u kelgusida mazkur xodimni o‘zi istagan tumandagi MIB bo‘limiga o‘tkazib berishini bildirib, buning uchun 2500 AQSh dollari so‘ragan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda sudya yordamchisi talab qilingan pul mablag‘ini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Tibbiyot muassasalariga ishga kiritish bilan bog‘liq firibgarliklar aniqlandi
Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida fuqarolarni tibbiyot muassasalariga ishga joylashtirishni va’da qilib, ulardan minglab dollar va pul mablag‘larini olgan shaxslar fosh etildi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Jarqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tez tibbiy yordam stansiyasining sobiq xodimi 4 nafar fuqaroni mazkur muassasaga haydovchi vazifasiga ishga kiritib qo‘yishini aytib aldagani aniqlandi.
U fuqarolardan jami 3 400 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan bo‘lib, tekshiruv davomida ushbu mablag‘ning 600 AQSh dollari qaytarilgani protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Shuningdek, departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda fuqaro N.J. ikki nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali viloyat Perinatal markazi hamda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filialiga hamshiralik vazifasiga ishga joylashtirib berishini va’da qilgani ma’lum bo‘ldi.
U mazkur xizmat evaziga fuqarolardan 3 300 AQSh dollari va 9,7 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, ayni vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.
-
Siyosat4 days ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Mahalliy5 days ago
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
-
Jamiyat4 days agoFarg‘onada 1 kilogrammdan ortiq gashish olib ketayotgan shaxs qo‘lga olindi
-
Jamiyat5 days agoFarg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
-
Sport4 days agoEron Amerikaga bordi, Osiyo Yevropaning ta’zirini berayotir – JCh kundaligi
-
Mahalliy5 days ago
Quyoshda turgan suvning ta’mi emas, tarkibi o‘zgaradi… bu esa juda xavfli
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga gilam eksport qilmoqda?
-
Dunyodan3 days ago
Dunyo bo’ylab qochqinlar soni 10 yil ichida birinchi marta kamaydi.
