Jamiyat
“Bir joyingga tiqib qo‘yaman hozir”
Toshkentda Malibu haydovchisi qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangani yetmagandek, uning ro‘parasidan – o‘z yo‘nalishida kelayotgan boshqa bir haydovchiga o‘dag‘ayladi.
Toshkent shahar YHXB reportajidan kadrlar
Internetda tarqalgan videoda ikki haydovchi o‘rtasida shunday suhbat kechganini ko‘rish mumkin:
Malibu haydovchisi: [Yo‘limni to‘sib] nimaga erishding?
Boshqa haydovchi: Oliftagarchilik qilishga.
Malibu haydovchisi: Bir joyingga tiqib qo‘yaman hozir!..
Boshqa haydovchi: Yo‘g‘-ye, aqling yetmaydi.
Malibu haydovchisi: “Spokoyno” yetadi! Okalaring ham yordam berolmaydi.
Boshqa haydovchi: Menga Alloh yordam beradi.
Malibu haydovchisi: O‘sha Alloh [huzuri]ga hozir [seni] yetkazib ham qo‘yolaman!
Poytaxt YHXB haydovchini topib, uni jarimaga tortdi. Huquqbuzar kamera qarshisida o‘z qilmishini farzandining kasalligi bilan izohladi:
“[Qarama-qarshi yurganimning] sababi oddiy: oilaviy sharoit. Endi, erkak kishimiz… Mashinada ikki farzandim bor edi, bittasi isitmalayotgan edi. Shunga, tez-tez uyga yetib olib, kerakli chora-tadbirlarni ko‘rish uchun…
Sizlarni ovora qilganim uchun uzr so‘rayman. Ataydan qilingan narsa emas bu”.
Huquqshunos bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning e’tibor qaratishicha, bu vaziyatda bolasining sog‘ligi uchun shoshayotgan haydovchi ko‘chada birov bilan gap talashib o‘tirishga vaqt topgan.
“Mana shunaqa qoidabuzar “avtoterroristlar” ko‘chada kar-kar qiladi-yu, qonun oldida javob berishga kelganda darrov farzandini, oilasini o‘rtaga qo‘shib, o‘zidan muloyim mushuk yasab oladi. Bolasiga shoshayotganmish-de, lekin ko‘chada birovlar bilan xotirjam gap talashib, so‘kishib o‘tirishga vaqti bemalol emish. E, o‘rgildim…
Ko‘chalarni befarosatlardan tozalashga hali ko‘p vaqtimiz va asabimiz ketadi, hammamizga sabr bersin”.