Jamiyat
Bekobodda 11-sinf o‘quvchisi o‘ldirildi: gumonlanuvchilar qo‘shni maktab o‘quvchilari
Toshkent viloyatining Bekobod shahrida 11-sinf o‘quvchisi bir necha o‘smirlar tomonidan kaltaklanib, pichoqlangan. Marhumning onasi janjal dars vaqtida, maktab tashqarisida sodir bo‘lganini aytsa, maktab direktori buning aksini aytmoqda. Viloyat prokuraturasi holatni jamoatchilikdan yashirmoqda. Kun.uz muxbiri Bekobodda bo‘lib, voqea tafsilotlarini o‘rgandi.
Toshkent viloyati Bekobod shahridagi 12-maktabning 11-sinf o‘quvchisi bir necha o‘smirlar tomonidan kaltaklanib, pichoqlangan. Voqea 5 mart kuni sodir bo‘lgan. Kun.uz voqea tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Bekobodda bo‘ldi.
Marhumning onasi:
“O‘sha kuni ertalab turdik, saharlik qildik bir chiroyli dasturxon yozib. Og‘zini yopib namozini o‘qib kirib yotdi. Kech turdi, o‘sha kuni men ham kech turdim. Soat 9:30 da qizimni va o‘g‘limni maktabga olib borib qo‘ydim, kech olib bordim. Kichkinamni bog‘chasiga tashlab, ishimga bordim. Bozorda tadbirkorman. Do‘konimga kirib o‘tirgan joyimda “kasalxonaga tez yetib keling”, deyishdi. Kasalxonaga borsam, IIB xodimlari, shifokorlar menga ro‘yxat berishdi. Yugurib chiqib bir paket dorilarni yetkazib kelib berdim”.
Marhum o‘quvchining yaqinlariga ko‘ra, bolalar o‘zaro nizolashgandan keyin boshqa maktab o‘quvchilari 5 kishi bo‘lib kelishgan. Ularning 3 nafari shahardagi 3-maktabning, 2 nafari esa texnikum o‘quvchilari bo‘lgan. Guvohlarga ko‘ra, voyaga yetmagan o‘smirlar Nexia avtomobilida kelishgan.
“Ular chaqirgandan keyin Ja’farbek chiqqan, orqasidan Abdulloh degan o‘rtog‘i ham birga chiqqan. U yig‘lab aytib beryapti, “men shuncha harakat qildim, lekin iloj qilolmadim. Ularga kuchim yetmadi”, deb. Ularning qo‘lida katta pichoq bo‘lgan. Tosh yoki g‘isht bilan urgan, boshida juda katta tikilgan joy bor. Bolam 5 kishiga ham bas keladigan yigit edi. Boshiga qattiq narsa bilan urgan, o‘zini yo‘qotgandan keyin hammasi tashlangan. Quloqlarining oldi ham ko‘karib yotgandi. Keyin pichoq bilan yurak sohasiga urgan. Bolam hushdan ketgan. Mashinadayam turtgani kameradayam olingan, bolam yiqilgan, hushsiz yotgan”.
Shundan keyin Ja’farbekni yo‘lovchi mashina kasalxonaga olib borgan va shifoxonada uning joni uzilgan.
Marhumning buvisi Gavhar Yo‘ldosheva:
“18 bahorni ko‘rmasdan ketdi. Shu eshikda tug‘ildi, shu eshikdan chaqaloqligida o‘zim olib kirib kelganman, shu eshikdan chiqib ketdi. Bu mamlakatda, bu Bekobodda haqiqat yo‘q go‘dagim uchun. Mendan hol-ahvol so‘rash o‘rniga hammasi prokuraturada, bolalarining oldidan chiqishmayapti. Mayli, bizdan qo‘rqishar ekan, birorta odamning yoniga olib kelib uzr so‘rashmadi birortasi. Ular musulmon bolasi emas. Bolam juda marhamatli, mehnatkash edi, hamma biladi. Nega bunaqa ahvolga solishdi bilmayman?! Kuyib-yonyapman, ichim to‘lyapti.
Hozir endi bittasining bo‘yniga qo‘yib (aybni), qolganlarini chiqaradi bular. Men ishonmayman bular jazo olishiga”.
Hodisa maktab yaqinida sodir bo‘lgan, marhum o‘qigan 12-maktab rahbariga ko‘ra fojia darsdan keyin yuz bergan. Ammo marhumning onasi unga bu haqida tushgacha xabar berishganini ma’lum qildi.
Azamat O‘rinboyev 12-maktab direktori:
“Qaysi paytda bo‘lganligi… Dars tugagandan keyin bo‘lgan. Ikki-uch marta gaplashganman, kelajakdagi qiziqishlari, qaysi kasbni egallamoqchi bo‘lganligi haqida. Mas’uliyatli bola edi, tushunadigan, hammani himoya qilishni xohlaydigan bola edi”.
Tahririyatga bu holat haqida murojaat kelib tushgach Toshkent viloyat prokuraturasi axborot xizmati bilan bog‘landik, ammo qayta-qayta murojaatlarimiz javobsiz qolgani bois ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi. Kun.uz voqealar rivojini kuzatib va yoritib boradi.
Jamiyat
Nogironlar uchun onlayn platforma tenderida shubhali holatlar aniqlandi
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun onlayn murojaat platformasini yaratish bo‘yicha 710 mln so‘mlik davlat xaridi shubha ostiga tushdi. Aksilkorrupsiya agentligiga ko‘ra, g‘olib va zaxira g‘olibi o‘zaro afillanganiga ishora qiluvchi holatlar bor.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish masalalari bo‘yicha davlat organlariga onlayn videoaloqa orqali murojaat qilish imkonini beruvchi platforma yaratilishi bilan bog‘liq jarayonlarni o‘rgandi.
Ma’lum qilinishicha, topshiriq ijrosiga mas’ul – Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi buyurtmachiligida platformani ishlab chiqish bo‘yicha 2022 yil 14 noyabr kuni boshlang‘ich narxi 737 mln so‘m bo‘lgan tanlov o‘tkazilgan.
Davlat xaridida “E.” MChJ 710 mln so‘mlik taklif bilan g‘olib deb topilgan. Tanlovda unga yagona raqib sifatida ishtirok etgan “I.” MChJ esa zaxira g‘olibi sifatida belgilangan.
O‘rganishlar davomida bu ikki talabgorning hujjatlari maxsus axborot portaliga bir xil qurilma orqali va bir IP-manzildan yuklangani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, platformaning App Store’ga joylashtirilgan mobil ilovasida ishlab chiquvchi sifatida “I.U” jamoat birlashmasi qayd etilgan. Tekshiruvda mazkur birlashma ta’sischisi B.S.S. zaxira g‘olibi bo‘lgan “I.” MChJning yagona rahbari va ta’sischisi ekani aniqlangan.
Qolaversa, buyurtmachi tomonidan platformani ishlab chiqish uchun “E.” MChJga to‘lab berilgan 710 mln so‘m mablag‘ joriy xarajat sifatida hisobga olingan bo‘lib, platformani balansga qabul qilish choralari ko‘rilmagan.
Aksilkorrupsiya agentligi aniqlangan holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yubordi.
Jamiyat
Turkiyada o‘ldirib ketilgan Dilafro‘z Cho‘lliyevaning jasadi vatanga qaytarildi
Asli samarqandlik 46 yoshli Dilafro‘z Cho‘lliyeva 25 yanvar kuni Turkiyaning Balikesir hududida bedarak yo‘qolgan. 28 fevral kuni Balikesir tumanidagi o‘rmondan shaxsi noma’lum jasad topilgan. DNK tekshiruvidan so‘ng jasad Dilafruz Cho‘lliyevaga tegishli ekani tasdiqlangan. Mazkur jinoyatni sodir etishda gumonlanib 4 kishi qo‘lga olingan.
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berishicha, Dilafro‘z Cho‘lliyevaning jasadi O‘zbekistonga qaytarilgan. Idora marhuma haqida ijtimoiy tarmoqlarda tasdiqlanmagan va o‘rganilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘radi.
Bedarak yo‘qolgan ayol
Dilafro‘z Cho‘lliyeva 2026 yil 25 yanvar kuni Turkiyaning Balikesir hududidagi ish joyidan noma’lum tomonga chiqib ketgan va bedarak yo‘qolgan. Uning o‘g‘li O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti orqali murojaat yo‘llagan.
Murojaatdan so‘ng O‘zbekistonning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga tegishli nota yuborilgan hamda Turkiya Ichki ishlar vazirligi Xavfsizlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda qidiruv ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Anqaradagi Elchixona va Istanbuldagi Bosh konsulxona, diaspora tashkilotlari, advokatlar hamda ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan qidiruv ishlari olib borilgan.
O‘rmondan topilgan jasad
2026 yil 28 fevral kuni Balikesir tumanidagi o‘rmon hududidan shaxsi noma’lum jasad topilgan.
Jasad uzoq vaqt davomida qolib ketganligi sababli tashqi ko‘rinishidan aniqlash imkoni bo‘lmagan. Shu bois topilgan jasad va marhumaning o‘g‘lidan qon namunalarini olish orqali tibbiy solishtiruv tekshiruvlari o‘tkazilgan. Natijada jasad Dilafruz Cho‘lliyevaga tegishli ekani tasdiqlangan.
Gumondorlar bor
Mazkur jinoyatni sodir etishda gumonlanib 4 kishi qo‘lga olingan. Hozirgi vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.
Kun.uz Turkiyada Dilafro‘z Cho‘lliyevaning jasadi topilgani haqida xabar bergandi. Avvalroq esa Istanbulda o‘zbekistonlik Durdona Hakimova va Sayyora Ergashaliyeva ham qotillik qurboniga aylangandi.
Jamiyat
Bloger Sirojiddin Odilov qamoqqa olindi
YouTube’dagi Sirojiddin Media kanali muallifi Sirojiddin Odilov firibgarlik va pora berishda gumonlanmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Foto: Facebook / Sirojiddin Media
Bloger Sirojiddin Odilov firibgarlikda gumonlanmoqda. Bu haqda Samarqand viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Past Darg‘om tumanida yashovchi, 1961 yilda tug‘ilgan R.X. YouTube’dagi Sirojiddin Media kanali muallifi bo‘lgan blogerning ustidan IIBga murojaat qilgan. U 2024 yil avgust oyida Toshkent shahrida yashovchi Sirojiddin Odilovga boshqa shaxs bilan o‘rtalaridagi moliyaviy masalani hal qilib berishini so‘rab murojaat qilgani, bloger vakolatli shaxs bo‘lmasa-da, jabrlanuvchidan ishini uning foydasiga hal qilib berish evaziga ma’lum miqdorda pul olgani va hozirgi kunga qadar va’dasini bajarmasdan, aldab kelgani bois qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Holat yuzasidan Sirojiddin Odilovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgani bildirilgan.
Jamiyat
“Daraxtlarni asrash uchun chorvalarimgacha sotdim” – vodiyda bog‘bonlar sovuqdan qanday himoyalanmoqda?
O‘zgidromet 10-12 mart kunlari respublika hududlarida harorat -8 darajagacha pasayishidan ogohlantirgandi. Bu – noodatiy ob-havo endigina uyg‘ongan kurtaklarni va joriy yildagi hosilni nobud qilishini anglatadi.
Shu boisdan bog‘bonlar kurtaklarni asrash uchun turli usullarni qo‘llashmoqda. Kun.uz muxbiri Farg‘onaning Quva tumanida bo‘lib, bog‘bonlar ayni paytda nimalar qilayotgani bilan tanishdi, niholni sovuqdan asrash bo‘yicha eng maqbul yechimlar haqida bog‘bonlarning maslahatlarini oldi.
O‘zgidromet 10-12 mart kunlari respublika hududlarida haroratning -8 darajagacha pasayishidan ogohlantirgandi. Bu noodatiy ob-havo endigina uyg‘ongan kurtaklarni va joriy yildagi hosilni nobud qilishini anglatadi. Shu boisdan bog‘bonlar kurtaklarni asrash uchun turli usullarni qo‘llashmoqda.
Farg‘ona viloyati Quva tumani Tolmozor qishlog‘i. Adirlikdagi bog‘larda asosan o‘rik daraxtlari. Bog‘bonlar bahor injiqliklariga doim sabrli va bu uch kunlik sovuqqa ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rishgan.
Daraxtlar asosan sellofan bilan yopinchiq usulida o‘rab chiqilgan. Bog‘ oralarida xashak, tezak yoki avtomobil shinalari tutatib qo‘yiladi. Tsellofan sovuq shamoldan to‘ssa, bog‘ orasidan ko‘tarilayotgan tutunni o‘zida ushlab havoni mo‘’tadillashtirishga yordam beradi va shu yo‘l bilan daraxtlar sovuqdan asraladi.
Qirlikda suv bo‘lmagani bois asosan shu usul bilan sovuqdan asraladi.
«Bog‘imiz 5 gektar, unda turli navdagi o‘rik daraxtlarimiz bor, sellofan bilan o‘rab chiqdik hammasini, ancha mablag‘ ketdi. Buning uchun chorvalarimgacha sotdim. Bu harakatlarimiz bilan hosilning nari borsa yarmini asrab qola olamiz, shu ishni qilmasak bir yilimiz bekor o‘tadi» deydi bog‘bon Muhammadjalil Teshaboyev.
Muhammadjalil Teshaboyev
«Bu joylar qir-adir. Agar bog‘ingiz qirlikda bo‘lmasa, daraxt oralariga suv bo‘ktirib qo‘yiladi, suv parlanib sovuqni to‘sadi. Bu usul ham yaxshi natija beradi. Imkon bo‘lsa daraxtlarni sellofanga o‘rab chiqish ham samarali usul.
Albatta xashak tutatib qo‘yish kerak. Sovuq asosan gullab qolgan o‘rik, bodom va shaftolini urishi mumkin», deydi bog‘bon o‘z tajribasi bilan bo‘lisharkan.
Jamiyat
2025 yilda metro yo‘lovchilari soni rekord darajaga yetdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda metropoliten orqali jami 286,8 million nafar yo‘lovchi tashilgan.
Qayd etilishicha, mazkur ko‘rsatkich 2000 yilga nisbatan 161,1 million nafarga yoki qariyb 2,3 barobarga oshgan. 2000 yilda metro orqali 125,7 million yo‘lovchi tashilgan.
Statistikaga ko‘ra, keyingi yillarda metropolitendan foydalanuvchilar soni izchil o‘sib bormoqda. Xususan, 2022 yilda 136,7 million, 2023 yilda 172 million, 2024 yilda 270,3 million yo‘lovchi metro xizmatlaridan foydalangan.
2020 yilda pandemiya sababli metro yo‘lovchilari soni 38,8 milliongacha kamaygan bo‘lsa, keyingi yillarda ushbu ko‘rsatkich keskin o‘sishni boshlagan.
2025 yilda esa metropoliten orqali tashilgan yo‘lovchilar soni 286,8 million nafarga yetib, kuzatuvlar davomidagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.
-
Jamiyat4 days ago
Гидрометеорология хизмати қор кўчиш хавфидан огоҳлантирди
-
Dunyodan4 days ago
Hormuz boʻgʻozi orqali neft tashish toʻxtatildi
-
Jamiyat5 days agoBMW urib ketgan YPX xodimi ishi: avariya tasvirlari paydo bo‘ldi
-
Jamiyat3 days ago
Oliy ta’lim vazirligi xodimi 100 ming dollar bilan ushlandi
-
Dunyodan4 days ago
Ozarbayjon diplomatlarini Erondan evakuatsiya qilmoqda
-
Jamiyat4 days agoAyrim mahkumlar uchun jazoni o‘tash tartibi o‘zgaradi
-
Jamiyat3 days agoFarg‘onada 90 tup tol noqonuniy kesildi
-
Dunyodan4 days ago
Naxichevan aeroportida dron hujumi kuzatildi
