Jamiyat
Bayroq yoki yalov: ularning tarixiy mohiyati nimada?
18noyabr – O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i qabul qilingan kun. Ma’lumki, har bir davlatning borligi, yaxlitligi, tarixiy an’analarga sodiqligini bildiruvchi milliy ramzlari bo‘ladi. Tavl, yalov, tamg‘a kabi ramziy belgilar xalqni birlashtirish, yagona mafkuraga targ‘ib etish, vatanparvarlik hissini oshirish, g‘urur va iftixorni shakllantirishda muhim o‘rin tutgan. Shulardan bayroq qadimdan ma’lum bir xududda mavjud bo‘lgan davlatning kuchi va qudrati timsoli bo‘lib xizmat qilgan.
Qadimgi turk-mo‘g‘ul an’analarida bayroq
Ilk o‘rta asrlarda turk – mo‘g‘ul qo‘shinlarini g‘oyaviy jihatdan bayroq birlashtirib, boshqarib kelgan. Bayroqlar unga yuklatilgan vazifasiga ko‘ra, ikki xil ko‘rinishda bo‘lgan: hukmdor bayrog‘i va jangovor bayroq. Bundan tashqari, maxsus rangli bayroqlar jang jarayonlarini harakatga keltirib, zaruriy holatlarda jang yo‘nalishini o‘zgartirib turgan.
Turk hoqonligi bayrog‘i.
Yalov ‒ bayroqning ko‘rinishiga juda o‘xshash, jangovor bayroq singari biror narsaga tiqilib qo‘yilmagan. Uni qo‘lda tutuvchi yog‘ochining sopi bayroqnikidan ancha kalta bo‘lib, yog‘ochning matoga o‘ralgan qismi yuqorisida shokilasi osilib turadi. Aksar hollarda yalov hukmdor yonida olib yurilgan. Yalovdor mansabi saroy mansabi egalaridan biri bo‘lib, xon yoki sultonga yaqin masofada harakatda bo‘lgan. Hukmdorning barcha tadbirlarida jumladan: qabul marosimida, mehmonnavozlikda, ov va jang harakatlarida yalov uning yonida ko‘rinib turgan.
Bayroq nomi manbaalarda tug‘, alam, baydak, bayrak shaklida uchraydi.
Bayroq davlat ramzi sifatida e’zozlangan va qattiq qo‘riqlangan. Chunki bayroq jang maydonida ham muhim rol o‘ynagan. Jang maydonida tug‘ bayroqlarning ahamiyati katta bo‘lib, u qo‘shinning o‘z sarkardalari joylashuvi, marralar egallaganligi (yoki aksincha), o‘z safdoshlarini ajrata olish va chekinish alomatlarini anglab olishiga yordamlashgan. Bundan tashqari, tug‘ning ko‘tarilishi hamda askarlar boshi uzra ildamlab borishi qo‘shinning ruhini ko‘targan va vatanparvarlikni hissini kuchaytirgan. Qang‘ davlati davrida harbiy qo‘shinda dastlab ikki guruhda bayroq xarakatlangan bo‘lsa, Qoraxoniylar davriga kelib 9 ta guruh bayrog‘i jang maydonida g‘alaba sari intilgan. Amir Temur davrida esa xuddi shahmat donalari singani o‘n ikki bo‘linmada o‘n ikki xil rangda joylashtirilgan. Ularni turli rangdagi bayroqlari, qurol-yarog‘, kiyim-kechagi ham turlicha bo‘lgan.
Amir Temur saltanati bayrog‘i.
Najmiddin Kubro – bayroq uchun jon fido qilgan qahramon
Bayroq millat ori, nomusi, g‘ururining ham timsoli bo‘lganligiga tarixda juda ko‘plab misollar mavjud. Milliy davlatchiligimizning hamma davrlarida bayroq Vatan timsoli sifatida hamisha aziz va muqaddas sanalgan. Xususan, Amir Temur saltanatida davlat ramzlariga alohida e’tibor berilgan. Sohibqiron jang maydonida bir lashkar omon qolsa ham u Vatani bayrog‘ini baland tutsin, deb farmon bergan. Chunki jangu jadallarda bayroqning qulashi yoki dushman qo‘liga o‘tishi mag‘lubiyat belgisi, deb qabul qilingan. “Temur tuzuklari”da qayd etilishicha, yov ustidan shijoat va mardlik ko‘rsatib g‘alaba qozongan amirlar hamda sipohiylarga davlat timsollari — tug‘ va nog‘ora in’om qilingan. Bu esa saltanat ramzlari nechog‘li baland maqom tutganidan dalolat beradi. “Yo Vatan, yo sharafli o‘lim”, deya o‘z yurti uchun kurashgan Najmiddin Kubro mo‘g‘ullarga qarshi jangda Vatanining bayrog‘ini qattiq himoya qilgan va uni tutib jon bergan. Ta’kidlash joizki, mo‘g‘ullar Xorazmshohlar poytaxti Urganchni olishda qattiq qarshilikka duch kelgan. Mo‘g‘ul askarlari hali biron joyda bunchalik ko‘p qirg‘in qilinmagan edi. Dahshatli qirg‘inbarot Gurganch fojiasi yetti oy davom etadi. Son jihatdan ustun bo‘lgan dushman mashaqqatlar va hisobsiz qurbonlar evaziga g‘alabaga erishadi. Qo‘lida qurol ushlashga majoli qolmagan gurganchliklar ilojsizlikdan taslim bo‘ladi. Jarohatlangan Shayx Najmiddin Kubro o‘limi oldidan tug‘ tutgan mo‘g‘ul sarboziga tashlanib, bayroq ushlab jon taslim qilgan. Oxiri qo‘lini qirqib bayroqni olganlar.
Bugun ramzlar har bir mustaqil davlatning huquqiy maqomini, dunyoda borligi ko‘rsatib turuvchi muhim vosita sanaladi. Timsoliy ramzlar haqida gapirganda avvalo, ramzlar ma’no mazmuniga to‘xtalib o‘tish joiz. Ramzlar bu – shartli belgilar bulib, ular qadim zamonlardayoq turli xalqlarda u yoki bu xodisa, olam, mavjudot, odamlar tasvirini ifodalagan. Ramzlar bevosita xalq, millat xayoti, an’analari, ruxiyati, xalq og‘zaki ijodi (folklori), tarixi bilan chambarchas bog‘liqdir. Davlat ramzlari mustaqil davlatning muxim tashqi belgilarini o‘zida mujassamlantiradi. Davlat ramzlarida xalqning azaliy orzusi, ezgu niyatlari, buguni aks etgan bo‘ladi.
Turkiston muxtoriyati bayrog‘i
Bayroq – milliy or-nomus timsoli
Milliy ramz, deganda xar bir mamlakatning milliy tarixi, madaniyati, an’analari, qadriyatlari, mamlakat axolisining xurmat va e’tiqod xislari bilan bog‘liq bo‘lgan, uning orzu-intilishlarini ifodalaydigan, mamlakat ichkarisida umumtushunarli bo‘lgan va qo‘shimcha talqinni talab qilmaydigan, lekin mamlakat tashqarisida qisman tushunarli yoki umuman tushunarsiz tasvirlar, ranglar, belgilar va tushunchalarni anglash darkor.
Davlat ramzlari davlat suverenitetining, ya’ni oliy siyosiy irodaning shartli belgilarini tashkil qilar ekan, ular ma’lum bir xududda oliy iroda egasi bo‘lgan xalq bilan birga ta’sis etiladi.
Ana shunday qadimiy an’analar, tarixiy tafakkur va demokratik tamoyillarni o‘zida mujassamlashtirgan O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ining qabul qilingani 33 yil to‘ldi. 1991 yil 18 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari VII sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i qabul qilingan edi. Respublikamiz bayrog‘i mamlakatimiz hududida ilgari mavjud bo‘lgan g‘oyat qudratli saltanatlar bayrog‘iga xos bo‘lgan eng yaxshi an’analarni davom ettirgan hamda yurtimizning bugungi tabiatiga muvofiq keladigan xususiyatlarni, xalqimizning milliy va madaniy sohalardagi o‘zligini ham aks ettiradi. Milliy davlatchiligimizning hamma davrlarida bayroq Vatan timsoli sifatida hamisha aziz va muqaddas sanalgan.
Buyuk kelajagamizning timsoli bo‘lgan bayrog‘imizning har bir rangi chuqur falsafiy ma’noga ega. Bayroqdagi havo rang – tinchlik va poklik timsolidir. Shuningdek, tiriklik mazmuni aks etgan osmon va obihayot ramzi hamdi. Timsollar tilida bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrog‘ining rangi ham moviy rangda edi. Oq rang yosh mustaqil davlatimiz oshib o‘tishi lozim bo‘lgan yo‘lning yorqin va charog‘on bo‘lishi uchun ezgu niyat timsoli sifatida qo‘yilgan. Qizil rangdagi yo‘l chiziqlar esa – har bir tirik jon, qon tomirida jo‘shib turgan hayotiy kuchning, barhayotlikning ramzidir. Yashil rang esa – tabiat timsoli, hosildorlik timsoli. U ko‘pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi. Bayroqdagi yarim oy – o‘zbek xalqining ko‘p asrlik an’analariga muvofiq keladi. 12 raqami – qadimdan xaqlarimiz orasida mukammallik timsoli bo‘lib kelgan. Bizning O‘n ikki yulduzga bo‘lgan e’tiborimiz O‘zbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.
Davlatimiz bayrog‘i xalqaro maydonda yurt qudrati salohiyati, xalqimiz g‘urur va iftixori sifatida xizmat qilmoqda. Xususan bayrog‘imizning BMT Bosh qarorgohida hilpirrab turishi, mamlakatimiz prezidentining davlat tashrifi bilan chet mamlakatlarga borganida o‘sha davlat ko‘chalarida O‘zbekiston bayrog‘ining osilishi, sportchilarimizning jahon arenalarida bayrog‘imizni baland ko‘tarishi har bir o‘zbek fuqarosi uchun yuksak sharafdir. Bundan tashqari vatanimiz himoyasi uchun qasamyod qilayotgan o‘g‘lonlar shu bayroq oldida tiz cho‘kib, uni ko‘zlariga surtishadi.
Davlatimiz bayrog‘i asrlar osha ulug‘ o‘tmish, bunyodkorlik va yaratuvchanlikka yo‘g‘rilgan bugungi kunimiz hamda buyuk kelajagimizdan darak berib, har bir yurtdoshimizga fahr, iftixor tuyg‘ularini bag‘sh etaveradi.
Shavkat Bobojonov,
Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros
ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim mudiri,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Jamiyat
Ugom daryosining tabiiy gidrologik rejimi yaxshilanadi
Joriy yil 4-may kuni Prezidentning «Ugom daryosining tabiiy gidrologik rejimi va biologik xilma-xilligini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–164-son qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Ugom daryosi davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb e’lon qilinadi.
2026-yil 1-iyundan daryoning sohil bo‘yi mintaqalari hamda suvni muhofaza qilish zonalarida tabiiy gidrologik tizim va ekologik muvozanatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har qanday qurilish, yer ishlari va sun’iy inshootlarni barpo etish qat’iyan man etiladi.
Bunda:
daryo havzasi va uning irmoqlari doirasida gidrotexnik, gidromeliorativ ishlar, bino va inshootlar, gidroenergetika, suvni tartibga solish va derivatsiya inshootlarini qurish to‘liq taqiqlanadi (faoliyat yuritayotgan gidroenergetika obyektlarini rekonstruksiya qilish bundan mustasno);
daryoning davlat gidrologik tabiat yodgorligi hududida qurilish ishlari uchun yer uchastkalari ajratilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ugom daryosining sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida joylashgan obyektlarning atrof-muhitga salbiy ta’siri va ekologik talablarga muvofiqligini o‘rganish yuzasidan Hukumat komissiyasi tarkibi tasdiqlandi hamda uning asosiy vazifalari belgilandi.
Jamiyat
Askiya nozikfahm zakiylar bahsi, «tor» hazillar emas!
Sahnada erkak va ayol duet kuylamoqda:
Erkak: — Ushlab olibsiz qo‘lingizga asbob,
Yarashibdi juda ham sizbop,
Nima chalasiz o‘zi, nima bu tormi?
Sizniki tormi, sizniki tormi?
Ayol: — Yo‘q, meniki tormas, meniki dutor…
***
Muhtasham saroylarning birida qiziqchi jamoalar tomosha ko‘rsatmoqda. Bundoq eshitsangiz oddiygina hangoma, dialog. Lekin nimagadir zalda gurra-gurra kulgi ko‘tariladi. Kimdir baland, kimdir past, yana kimdir og‘zini yopib kuladi. Birinchi qatorda o‘tirgan ayol bir lahza jilmayib, keyin yuzini chetga buradi. Orqa qatordagi yigit esa do‘stini tirsagi bilan turtadi, «tushundingmi» degan ishora bilan.
«Dizayn» jamoasi va shu kabi qiziqchilarning chiqishlaridagi har bir oddiy so‘z tagidagi qochirimlarga tomoshabinning tizzaga urib kulishlari oddiy hol. Chetdan qarasangiz, oddiy so‘z, lekin tagidagi ma’no g‘alati eshitilsa kerakki, oddiy so‘zga tomoshabin xoxolab, og‘zini bekitib, ko‘zini ayyorona qisib kuladi. Umrida hech qachon bunday chiqishlarni kuzatmagan odam boshqalarning nega kulayotganiga hayron qolishi mumkin. Toki o‘zining fikri ham ular kabi «buzilmaguncha». Yillar davomida shunday mantiqsiz «ijod» namunalari xalq miyasiga singdirilmoqdaki, oddiy asl so‘zdan qing‘ir ma’no chiqarish juda osonlashib ketdi. Bo‘lmasa oddiygina musiqa vositasi tor, dutor asboblari shuncha malomatga qolib ketmas, «sizniki tormi, yo‘q meniki dutor» dueti atrofida qizg‘in bahslar avj olmas edi…
Bunday ijod namunalarini askiyaga tenglash aslida to‘g‘rimi?
Askiya UNESCOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan, tezkor mantiq talab qiladigan san’at turi. Uning zamirida so‘z o‘yini (qofiya), tashbeh va tilning nozik sirlarini anglash yotadi. Askiya qadimiy san’at turi, qiziqchilar bir biriga so‘z o‘yini qilayotganda odamlar xoxolab kulgan, ammo u paytlari aytilgan askiyalarda gapning tagida ikkinchi ma’no bo‘lsa-da, u hech qachon ochiqdan-ochiq behayolikka o‘tib ketmagan. Nazokat Ahmedovaning «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida chop etilgan «Gulmisiz, rayhonmisiz?» maqolasida Zayniddin Vosifiydan G‘anijon Toshmatovlar davrigacha bo‘lgan zargarona so‘z ustalari tilga olinadi, Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahar madaniyat uyi qoshidagi «Askiyachilar klubi» rahbari Akromjon Anvarovning quyidagi muhim fikrlari keltirib o‘tiladi: «Askiyadagi, avvalo, yukcak madaniyat cohibi, har bir so‘z yoki iborani o‘rnini topib ishlatishga mohir bo‘lishi talab etiladi… Askiyada oldindan tayyorlangan andozalardan samarali foydalanishda badihago‘ylik katta rol o‘ynaydi. Chunki ackiya jarayonida juda tez va aniq javob berish talab etiladi. Askiyachilar payrov mavzusidan chetga chiqib ketmasligi, nafsoniyatga va shaxsiyatga tegadigan gaplarni ishlatmasligi, yutib chiqishi yoki yutqazishidan qat’i nazar kek saqlamasligi, raqibini hurmat qilishi, boshqalarning fikr bildirishiga to‘sqinlik qilmasligi, o‘z fikrini barcha tushunadigan tarzda bayon qilishi lozim».
Darhaqiqat, askiya san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shgan Oxunjon qiziq, Yusufjon qiziq Shakarjonov, Rasulqori Mamadaliyev, Abulqosim To‘ychiyev kabi zabardast so‘z ustalari ijro etgan askiya va payrovlar nafaqat shunchaki tomosha, balki yuksak fikr va zakovat mahsuli bo‘lgan.
Shunday ekan, yana bir bor savol tug‘iladi, nima uchun Nilufar Hamidova ishtirokidagi bunday «bemaza» chiqish askiyaga tenglashtirilmoqda?
Ushbu duet internetga tarqalgach juda ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Dastlab aktrisa «tor va dutor haqidagi qo‘shiqni nega yomon ma’noga burayapsiz, agar siz bu qo‘shiqdan yomon ma’no chiqargan bo‘lsangiz muammo menda emas, muammo o‘zingizda, men madaniyat va san’at odamiman, nimani kuylayotganimni yaxshi bilaman, bu sohada juda ko‘p narsani bilaman», deb iddao qildi. San’atkorning «siz buzuq fikrlayapsiz» degan vajining o‘zi gazlayting, ayb yuklash ya’ni insonning o‘z sog‘lom fikriga shubha qildirish usuli emasmi? Bu xuddi birovning oyog‘ini ataylab bosib olib, keyin «Oyog‘ingiz nega bu yerda turibdi, o‘zingiz aybdorsiz» deyishga o‘xshaydi.
Odamlarning e’tirozlari baribir to‘xtamadi. Shundan so‘ng aktrisa keyingi video murojaatida xalqdan kechirim so‘rarkan shunday dedi: «Men o‘zbek san’ati, madaniyatining bir qismi bo‘lgan askiyadan ilhomlanib qilingan kontentimiz ko‘pchlikka manzur bo‘lmaganidan afsusdaman».
Maqolaning yozilishiga ham aynan Nilufar Hamidovaning mana shu videochiqishi sabab bo‘ldi. Ushbu sohada salkam 25 yil faoliyat yuritgan san’atkor «o‘zbek san’ati madaniyatining bir qismi bo‘lgan askiya janridan ilhomlangandim», deya askiya janriga nisbatan ma’naviy zo‘ravonlik qilmaganida balki bu maqola yozilmasmidi?
Xo‘sh, askiya o‘zi qanday janr?
Askiya janrini o‘rganish uchun tadqiqotlar olib borgan Farg‘ona davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari doktori Hikmatullo Do‘smatov o‘zining «Nozikfahm zakiylar bahsi tugamaydi» nomli maqolasida bu borada qimmatli ma’lumotlarni keltiradi: «Askiya» asli arabcha bo‘lib, «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da yozilganidek, «ziyrak, aqlli, zehnli, qobiliyatli» ma’nolarini ifodalovchi zakiy so‘zining ko‘plik shakli azkiyodan kelib chiqqan. Olim o‘z maqolasida O‘rta Osiyo xalqlari hayotining tadqiqotchisi N.S.Likoshinning «Turkistonda yarim umr» kitobidan iqtibos keltirgan holda, askiyaga quyidagicha baho beradi: «O‘zbek xalq san’ati va o‘yinlari orasida askiya eng fikrga boy, kishilar hissiyoti va ongiga kuchli ta’sir etuvchi eng ta’sirchan vosita, kishini hayratda qoldiradigan original bahs (disput)dir».
Shuningdek, H. Do‘smatovning xulosa qilishicha, askiya va payrovlar inson tafakkurining hozirjavobligi, zehni o‘tkirligi, aql-idrok va donoligini ifodalaydi. Uning negizida so‘z o‘yinlari, qochiriqlar, kinoya va mubolag‘alar yotadi. Shu ma’noda, u yoshlarimizni so‘zga chechan, zakiy va nozikfahm qilib tarbiyalashda katta rol o‘ynaydi. Bunday harakatlar o‘zbek askiyachilik san’atining xalqaro miqyosda yoyilishiga va komil inson tarbiyasiga xizmat qiladi».
Biroq, bugungi kunda «askiya» deb taqdim etilayotgan ayrim chiqishlar kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Xo‘sh, hozirgi davralardagi aytilayotgan «askiya»lar yoshlarni so‘zning ikkinchi nozik ishorasini o‘rganishga va zakovatga chorlayaptimi yoki ularni shunchaki arzon, uyatli sha’malardan zavqlanishga odatlantirmoqdami? Afsuski, bugungi kunda «askiya» deganda ko‘pchilikning xayoliga «beldan past» ishoralar keladigan bo‘lib qoldi. Vaholanki, klassik askiyada asosiy urg‘u so‘zning ma’nosini topish va raqibni mantiq bilan mot qilishga qaratiladi. Hozirgi ikki ma’noli sha’ma «innuendo» yumori esa askiyaning soddalashgan va qadrsizlangan ko‘rinishidir.
Nilufar Hamidova va Yakzon ijro etgan duet atrofidagi bahslar ham shunday savolni o‘rtaga tashladi: bu askiyami, yoki askiya niqobi ostidagi arzon ishorami? Axir avvalgi qiziqchilar va askiya ustalarining uslubi hozirgidan jiddiy farq qilgan. Ularning mahorati shunda bo‘lganki, aytilgan gapning ustki ma’nosi mutlaqo odobli bo‘lib, ikkinchi «tagdor» ma’nosini faqat zakiy va so‘z tagida gap borligini tushunadigan odamgina ilg‘ab olgan. Askiya aytadiganlar bunday mavzularga juda ehtiyotkorlik bilan, «pichoqning tig‘ida yurgandek» yondashishgan va ko‘proq ijtimoiy muammolar, xarakter va kasb-kor ustidan kulishni afzal ko‘rishgan.
Qolaversa, bunday tagdor qochirimlarni ayol va erkak birgalikda omma oldida hech qachon aytmagan. Nahotki, salkam 25 yildan beri shu sohada faoliyat yuritayotgan san’atkor hazil tomoshalar faqat erkaklarning yopiq davrasiga xos bo‘lganini, xotin-qizlar ishtirok etgan sahnada bunday ishoralar qilish «behayolik» deb baholanganini bilmagan. Yoshlarga dars bergan ustoz san’atkor nahotki qochirimli payrovlar ikki jins ishtirokida aytilishi uyoqda tursin ayollar, yoshlar orasida ijro qilinmasligini, faqat erkaklar davrasida aytilishining guvohi bo‘lmagan?
Hozirgi vaynlar va ba’zi guruhlarning chiqishlarida askiyaning nozik qochirim xususiyati yo‘qolib so‘z tagida gap qoldirish emas, balki so‘z orqali nojo‘ya narsaga ochiq ishora qilish urfga kirdi. Yoshlarning askiyaga taqlid qilib olayotgan vaynlarida ko‘pincha ijtimoiy tanqid yoki madaniy yumor chetda qolib, faqatgina shaxsiyatga tegish yoki uyatli mavzular birinchi o‘ringa chiqmoqda.
Yoshlarga bu borada kim o‘rnak bo‘lmoqda?
Yana bir e’tibor beriladigan jihat, aktrisa meni ko‘rib yoshlar buzilib qolmaydi dedi, lekin bunday chiqishlar o‘sib kelayotgan avlodda so‘zga bo‘lgan mas’uliyatni o‘ldiradi. Did zo‘ravonligi ko‘pgina tadqiqotlarda uchraydi. Bu — ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali insonga siyqasi chiqqan, qo‘pol va past saviyali kontentni majburan singdirishdir. Siz televizorni yoqasiz yoki ijtimoiy tarmoqqa kirasiz va xohlasangiz-xohlamasangiz shu bachkana ishorali hazillarga duch kelasiz. Bu sizning didingizni majburan zaharlash, demakki, ma’naviy olamingizga zo‘rlik bilan kirishdir.
Ota-bobolarimiz ishlatgan qochirimlar kishini mushohadaga chorlagan bo‘lsa, bugungi «gap tagidagi gaplar» faqatgina xijolatpazlik yoki mantiqsiz kulgini keltirib chiqaradi. Achinarlisi, san’at niqobi ostida uyatsizlik normallashadi, estetik did pasayadi va ommaviy madaniyatning eng past qatlamlariga moslashish boshlanadi.
Yanayam afsuslanarlisi, askiyaning asl mohiyati buzilganda, til o‘z nafosatini yo‘qotadi. So‘zlarning asl ma’nosi qolib, faqat sha’ma va kinoyalarga tayanish tilning boy imkoniyatlarini cheklab qo‘yadi. Bu jarayon, ayniqsa, so‘z boyligi endi shakllanayotgan yosh avlodning nutqi va tafakkuriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayol-erkak o‘rtasidagi muloqot hazilga o‘ralib o‘rtada hurmat kamayib boradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, jamiyatda ishorali yumorning me’yordan ortishi tilning nafosatini o‘ldiribgina qolmay, odamlar o‘rtasidagi ijtimoiy masofa va hurmat chegaralarini yemiradi.
Bunday duetlarning, agar san’at deyish joyiz bo‘lsa jamiyatga yetkazayotgan eng katta zarari so‘zlarning mazmunini zaharlayotganidadir.
Keling, yuqoridagi tor va dutor ishtirok etgan duetni lingvistik tahlil qilib ko‘ramiz.
Agar aktrisa iddao qilganidek, maqsad cholg‘u asbobi haqida kuylash bo‘lganida, matn quyidagicha bo‘lardi: «Sizning qo‘lingizdagi dutormi?» yoki «Bu cholg‘u asbobi tormi?», «Yo‘q mening qo‘limdagi tor emas dutor» qabilida so‘z qurilganida bu yerda e’tibor obyektga (cholg‘u asbobiga) qaratilgan bo‘lardi. «Sizniki» — bu shaxsiyatga qaratilgan ishora. Duetda aytilgan «Sizniki tormi?» jumlasida urg‘u bevosita suhbatdoshning o‘ziga, uning tanasiga yoki shaxsiy hududiga qaratilgan. O‘zbek tilining mantiqiy qurilishida «sizniki» so‘zi aksar hollarda jismoniy yoki shaxsiy tegishlilikni anglatadi.
Bu yerda grammatik qurilishning o‘ziyoq ikki ma’nolilik (innuendo) uchun ataylab tanlangan. Dutor, tor, nay yoki g‘ijjak deganda ko‘z oldimizga nafis san’at, maqom va milliy iftixor keladi. Sahnadagi bunday bo‘lmag‘ur va mantiqsiz ishoralar tufayli bu so‘zlarning ortiga «ikkinchi ma’no» — uyatsiz ishoralar tirkab qo‘yildi, ya’ni san’at vositalari yumorning «quroli»ga aylanib qoldi.
G‘arb adabiyotshunosligi va lingvistikasida bu «Double Entendre» deb ataladi. Masalan, Viktoriya Eriksson shuni ta’kidlaydiki, agar yumor faqat jinsiy tagma’noga (innuendo) tayansa, u «Low-brow humor» (past saviyali yumor) toifasiga kiradi. Chet elda bunday yumorning haddan tashqari ko‘payib ketishi jamiyatdagi «Objectification» (insonni shaxs emas, buyum yoki obyekt sifatida ko‘rish) jarayonini tezlashtirishi isbotlangan. Agar yumor faqat past instinktlarga xizmat qilsa, jamiyatning jiddiy muammolarni muhokama qilish qobiliyati yo‘qoladi.
Askiya — bu so‘zning yukini his qilish va uning zamiridagi ma’nolarni noziklik bilan yetkazish san’ati. Yumor, kulgi degani oddiy so‘zdan ataylab uyatli ma’no chiqarish emas, balki so‘z mas’uliyatini anglagan holda davradagi andisha pardasini asrab qolishdir. Tilning nafosati va mazmuni yo‘qolgan joyda nafaqat san’at, balki jamiyatning ma’naviy qiyofasi ham inqirozga yuz tutadi. Shu sababli san’atkorlar so‘zni xayp qurboniga aylantirmasdan, tilning asl jozibasini va insoniy hurmatni saqlab qolish haqida qayg‘ursa yaxshi bo‘lardi. Tor va dutor arzon xayp uchun emas, san’at va didni o‘stirishga xizmat qilsin — tor torligicha, dutor esa dutorligicha qolsin!
Jamiyat
Toshkent viloyatidagi kafeda 4 mlrd so‘mlik elektr o‘g‘irlangani aniqlandi
Toshkent viloyatida 4 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda «M.F.» MChJ rahbari A.A. va boshqalar Ohangaron shahri «Guliston» MFY hududidagi umumiy ovqatlanish shoxobchasida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, 4 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
800 mln so‘mga yer sotmoqchi bo‘lgan fermer qo‘lga olindi
Fermer 7,7 gektar yerni 800 mln so‘mga sotmoqchi bo‘ldi.
Surxondaryo viloyatining Angor tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jalik rahbari mazkur xo‘jalikning 7,7 gektar yer maydonini 1972-y.t. fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 800 mln so‘m talab qilgan. U fuqarodan muqaddam 520 mln so‘m olgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u qolgan 280 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonga 30 mlrd dollar sarmoya rejasi
Samarqand shahrida Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy maydondagi mavqei tobora mustahkamlanayotganini yana bir bor namoyon qildi.
Ayniqsa, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi rahbari Muhammad Abunayyanning fikrlari mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar va investitsion muhitga tashqi bahoni aks ettiradi.
Muhammad Abunayyan O‘zbekistonni o‘z yurtidek yaqin his qilishini ta’kidlab, mamlakat rahbariyati tomonidan investorlarga ko‘rsatilayotgan yuqori e’tibor va amaliy qo‘llab-quvvatlashni alohida qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezident darajasida har bir loyihaning borishi shaxsan nazorat qilinayotgani, jarayonlarni tezlashtirishga xizmat qilmoqda. Bu esa sarmoyalarning samarali amalga oshishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Yashil energetika – strategik ustuvorlik
Suhbatda O‘zbekistonning energetika siyosatiga alohida urg‘u berildi. Qayd etilishicha, mamlakat qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga erta bosqichda kirishgan va bugun bu yo‘nalishda aniq strategiya shakllangan.
Mutaxassislar fikricha, bu faqat texnologiya emas, balki iqtisodiy va ijtimoiy samaradorlikni ham hisobga olgan yondashuvdir. Natijada O‘zbekiston nafaqat o‘z ehtiyojlarini ta’minlayotgan, balki mintaqada energetik barqarorlikni ta’minlovchi markazga aylanmoqda.
Investitsiyalar oqimi: ishonch va natija
So‘nggi yillarda O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalar oqimi keskin oshgani alohida ta’kidlandi. Ilgari investorlar kam kelgan bo‘lsa, hozir dunyoning turli burchaklaridan yirik va sifatli sarmoyadorlar mamlakatga kirib kelmoqda.
Bu, avvalo, qonun ustuvorligi, shaffoflik va institutsional islohotlar natijasi sifatida baholanmoqda. Muhammad Abunayyan ta’kidlaganidek, O‘zbekiston “kelib-ketadigan” emas, balki uzoq muddatli va mas’uliyatli investorlarni tanlash siyosatini olib bormoqda.
30 milliard dollarlik yangi bosqich
Ma’lum qilinishicha, Saudiya Arabistoni investitsiyalari hajmi allaqachon 26 milliard dollardan oshgan. Yaqin istiqbolda bu ko‘rsatkichni 30 milliard dollardan yuqoriga chiqarish rejalashtirilmoqda.
Bu sarmoyalar energetika, infratuzilma, tibbiyot, suv ta’minoti, turizm va ishlab chiqarish kabi strategik sohalarni qamrab olmoqda. Shu orqali O‘zbekiston nafaqat ichki bozor, balki mintaqaviy iqtisodiy markaz sifatida shakllanmoqda.
Inson kapitali va strategik yetakchilik
Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘zgarishlarning asosiy omili — inson kapitaliga e’tibor va strategik boshqaruvdir. Yoshlarni zamonaviy bilimlar bilan ta’minlash, mahalliy kadrlarni tayyorlash va ularni yirik loyihalarga jalb qilish uzoq muddatli o‘sishni ta’minlaydi.
Muhammad Abunayyan bu jarayonlarni shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosati va amaliy yondashuvi bilan bog‘ladi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston bugun dunyodagi eng tez transformatsiya qilinayotgan davlatlardan biriga aylangan.
Global noaniqliklar, geosiyosiy ziddiyatlar va iqtisodiy xavflar kuchaygan bir sharoitda O‘zbekiston barqaror o‘sish va investitsiyalar uchun jozibador maydon sifatida shakllanmoqda.
Yashil energetika, institutsional islohotlar va ochiq investitsiya siyosati mamlakatni nafaqat Markaziy Osiyoda, balki xalqaro miqyosda ham muhim iqtisodiy markazga aylantirishga xizmat qilmoqda.
Manba
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonning ikki qo‘shnisi bilan tutashgan chegarasida «Tinchlik parki» tashkil etilishi mumkin
-
Dunyodan3 days ago
Sudya Terranovaning o’ldirilishi
-
Jamiyat5 days agoJinoiy guruh yetakchisidan 2,7 ming dollar olgan profilaktika inspektori ushlandi
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekiston tashqi qarzi 2025 yilda 18 mlrd dollarga oshdi. Bu rekord ko‘rsatkich
-
Jamiyat5 days agoDiyetolog qarishning asosiy «dushmani»ni ma’lum qildi
-
Siyosat4 days agoO‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushida o‘zbek askarlarini qutqargan britaniyalik er-xotin vafotidan so‘ng sharaflanadi
-
Iqtisodiyot3 days ago
qaysi modellar ko‘p ishlab chiqarilmoqda?
-
Dunyodan2 days ago
Hormuz boʻgʻozida qolib ketgan xorijlik kema chiqarib yuboriladi
