Jamiyat
baxmallik Sanjarning holiga maymunlar yig‘lardi, agar…
JIB Yangiobod tuman sudi sudyasi To‘lqin Eshonqulov ish yurituvidagi firibgarlik va pora berishga suiqasd moddalarida ayblangan shaxsni oqladi. Bunga yetarli asoslar bor edi: jabrlanuvchi soxta, tadbirning boshida turgan IIB xodimi esa yuragi xasta ayolini davolatish maqsadida yurgan erkakni o‘z “o‘ljasi”siga aylantirgan.
Garchi qonun yo‘l qo‘ymasa-da, O‘zbekistonda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning “jinoyatga undab, so‘ngra jinoyatchiga aylantirish” usulidan foydalanish holatlari afsuski, bor. Bu qanday amalga oshiriladi? “Oper”larga kim va qanday shaklda yordam beradi? Maqolada Jizzaxda kuzatilgan shunday holat haqida so‘z boradi.
Sotuvga qo‘yilgan uy
Baxmal tumanida yashovchi 40 yoshli Sanjar Shodiyev 2022 yilda o‘zi foydalanib kelgan 4 xonali uyini 300 tupdan ko‘proq olmasi bor yeri bilan sotmoqchi bo‘ladi. U sotuvdan tushgan pulga yurak xastaligi bilan qiynalib, tobora ahvoli og‘irlashib borayotgan turmush o‘rtog‘ini davolatishni maqsad qilgandi.
Sotuvga qo‘yilgan uy Baxmal tumani No‘shkent mahallasining Mulla buloq qishlog‘ida joylashgandi. Sanjar Shodiyev qishloqda ko‘rgan-bilganlariga uyni sotishi haqida aytadi. Ammo ha deganda xaridor chiqavermaydi. Shunda u Jizzax shahrida yashovchi qaynukasidan e’lon yozib berishni so‘raydi. Qaynuka Olx platformasiga 180 mln so‘mga uy sotilishi haqida e’lon joylashtirib qo‘yadi.
Shundan so‘ng turli joylardan xaridorlar Sanjar Shodiyevga qo‘ng‘iroq qilib, uy manzilini so‘raydi. Ammo uyni olish istagida bo‘lgan xaridorlar ham manzil uzoqligini aytib, fikridan qaytadi.
2023 yil noyabrda Sanjar Shodiyev ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga ketgan. Bu orada aniq xaridor chiqmagach, u uyni sotish fikridan qaytgan. Biroq Olx platformasidagi e’lon o‘zgarmay qolib ketgan.
Notanish xaridor
2025 yil 1 mart kuni Sanjar Rossiyadan qaytib keladi. Oradan bir hafta o‘tib, qaynukasi uyni bir notanish xaridor sotib olmoqchi bo‘layotgani haqida aytib qoladi. “Mayli, kelib ko‘rsin, agar ma’qul ko‘rsa olsin, agar yoqmasa olmasin”, deydi Sanjar Shodiyev.
Bir necha kundan so‘ng o‘zini Bunyod deb tanishtirgan xaridor qo‘ng‘iroq qilib, uyni va yerni sotib olmoqchi ekanini aytadi va manzilini tashlab berishni so‘raydi. Sanjar Shodiyev unga uy lokatsiyasini jo‘natadi.
Shundan so‘ng Bunyod notanish shaxs bilan birgalikda Sanjarning xonadoniga keladi. Sanjar esa ularga 4 xonali uyini hamda 300 tupdan ko‘proq olma daraxtini ko‘rsatadi. Bunyod ushbu joy yoqqanini aytib, 35 ming dollarga kelishadi va 20 ming dollarni oldindan, qolganini hujjatlarni rasmiylashtirgach berishini aytadi.
Oradan ancha vaqt o‘tadi, ammo Bunyod kelishilgan pulni olib kelmaydi. Kunlarning birida u qo‘ng‘iroq qilib, “pullaringizni O‘smatda beraman, O‘smatga kelolasizmi?” deydi. Sanjar Shodiyev aytilgan kuni O‘smat shaharchasiga boradi. Ammo Bunyod yana pullarni olib kelmaydi. Sanjar Shodiyev esa uyiga qaytib ketadi.
“3 ming dollar qo‘shib beraman”
Bunyodning navbatdagi qo‘ng‘irog‘ida Sanjar uyni sotmasligini, o‘zi ta’mirlab olishini bildiradi. Biroq Bunyod uyni sotishni so‘rab, Sanjar Shodiyevga qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilaveradi. U uyning narxi sifatida kelishilgan 35 ming dollarga yana 3 ming dollar qo‘shib berishini aytadi. Shu tariqa u qiziqtirib, Sanjarni uyni sotishga ko‘ndiradi. Uy-joy va uning yer maydoni birgalikda savdolashilgandi.
2025 yil 21 mart. Sanjar Shodiyev Baxmal tumani Nurobod mahallasi hududidan o‘tgan katta yo‘l yoqasida Bunyoddan 200 mln so‘m olgan vaqtida Jizzax viloyat IIB xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda ushlanadi.
Ma’lum bo‘lishicha, Sanjar Shodiyev egallab kelgan 21 sotix yer maydonining 6 sotix qismiga meros qilib qoldirilgan umrbod egalik qilish huquqi mavjud bo‘lgan.
“Yumaloq-yostiq” qilingan tergovda Sanjar Shodiyevga Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayb e’lon qilinib, ayblov xulosasi tuzilgan. Ya’ni u o‘ziga tegishli bo‘lmagan yerni sotishga uringani, hujjatlarni kadastr va soliqdagi tanishlari orqali “to‘g‘rilab berishni” aytgani vaji bilan firibgarlik hamda pora berish jinoyatida ayblangan. Ayblovda Sanjar Shodiyev “aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritib, moddiy manfaatdor bo‘lish maqsadida” harakat qilgani qayd etilgan.
Ammo Sanjar suddagi ko‘rsatmasida Bunyodni aldab, pulini qo‘lga kiritish qasdi bo‘lmaganini, pullarning bir qismini soliq idorasida yoki Kadastr agentligida ishlovchi tanishlariga pora tariqasida berishni aytmaganini ma’lum qilgan.
Soxta xaridor aslida kim?
Bunyod Mahkamov ismi Jizzax viloyatidagi bir nechta jinoiy ishlarda jabrlanuvchi yoki guvoh tariqasida kelgan. U “jabrlanuvchi” bo‘lgan ishlarning aksari yer sotish bilan bog‘liq.
1-holat
2025 yil iyul oyida JIB Do‘stlik tuman sudida yer sotish bilan bog‘liq jinoiy ish ko‘rilgan. Unda sudlanuvchi Olx platformasiga Baxmal tumani Nushkent mahallasida joylashgan bog‘ va dacha sotilishini aytib, e’lon joylashtirgan. Bunyod Mahkamov ushbu joyga xaridor bo‘lgan. Sudlanuvchi Bunyoddan kelishilgan pulni olgan vaqtida ushlangan.
Mazkur jinoiy ish ko‘rilgan sudda jabrlanuvchi tariqasida so‘roq qilingan Bunyod Mahkamov shunday ko‘rsatma bergan:
“2025 yil fevral oyi boshlarida uy-joy qurish va tadbirkorlik qilish maqsadida bo‘sh yer maydoni izlab, internetda berilgan e’lonlarni o‘rgana boshladim. Keyin Olx saytida Davlat ismli shaxs Baxmal tumani Jum-jum qishlog‘i hududida joylashgan o‘ziga tegishli bo‘lgan 1 ga yer maydonini 500 mln so‘m evaziga sotish uchun qo‘ygani haqidagi e’lonni ko‘rib qoldim. So‘ng ushbu e’lon ostidagi telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, Davlat ismli shaxs bilan gaplashdim.
…Davlat ismli shaxsning gaplari menda shubha uyg‘otgani sababli o‘z tanishlarimdan yer maydonlarini sotib olish va sotish tartibi to‘g‘risida so‘rab-surishtirdim. Ular menga hozirgi vaqtda yer maydonlarini sotish va sotib olish faqatgina davlat auksion savdolari orqali amalga oshirilishini, boshqa holatlar esa noqonuniy ekanini tushuntirishdi. Shundan keyin men Davlat ismli shaxsning harakatlari noqonuniy ekanini anglab, kelgusida aldanib qolishim mumkinligini bilib, Jizzax viloyati IIBga ariza bilan murojaat qilishga qaror qildim”.
Shu tariqa, Bunyod Mahkamovning ushbu arizasi asosida IIB xodimlari tezkor tadbir o‘tkazib, sudlanuvchini qo‘lga olgan. U 2025 yil 7 apreldan sud hukmi e’lon qilinguncha, qariyb 4 oy qamoqda saqlangan. Sud hukmi bilan sudlanuvchiga 70 mln so‘m jarima jazosi tayinlangan.
2-holat
2025 yil oktyabr oyida JIB Paxtakor tuman sudida yer sotish bilan bog‘liq ish ko‘rib chiqilgan. Unda sudlanuvchi Olx platformasiga G‘allaorol tumanida yer maydoni sotilishi haqida e’lon joylashtirgan. Bunga ham Bunyod Mahkamov xaridor bo‘lgan va 35 ming dollarga kelishgan. Sudlanuvchi Bunyoddan 10 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Sud majlisida Bunyod Mahkamovning ko‘rsatmasi o‘qib eshittirilgan. U o‘z ko‘rsatmasida 2025 yil mart oyi boshlarida sotib olish uchun yer maydoni izlab, Olx’dagi e’lonlarni ko‘rib chiqqani, shunda bu e’lonni ko‘rib qolgani, o‘z tanishlaridan so‘raganida yer faqat auksion shaklida sotib olinishi haqida eshitgani, so‘ng sudlanuvchiga chora ko‘rishni so‘rab huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgani haqida aytgan.
Bu holatda ham sudlanuvchi jabrlanuvchi Bunyod Mahkamovdan pul olayotganda ushlangan. Sud hukmi bilan unga 37,5 mln so‘m jarima jazosi tayinlangan.
3-holat
2025 yil noyabr oyida JIB Jizzax shahar sudida ham yer sotish bilan bog‘liq jinoiy ish ko‘rib chiqilgan. Bu ishda ham Bunyod Mahkamov jabrlanuvchi. Har safargi kabi u yer sotib olish maqsadida internetdagi e’lonlarni kuzatgan va G‘allaorol tumanida 1,5 ga bog‘ sotilishi haqidagi e’lonni ko‘rib qolgan. U sotuvchi bilan qo‘ng‘iroqlashgan. So‘ngra yana tanishlaridan bugungi kunda yer faqat auksion shaklida sotib olinishi haqida eshitib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Uning murojaati asosida tezkor tadbir o‘tkazilib, sudlanuvchi qo‘lga olingan. Sud hukmi bilan sudlanuvchiga 153 mln so‘m jarima jazosi tayinlangan.
Har galgi ssenariy
Bunyod Mahkamov Sanjar Shodiyevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish sud majlisida guvoh sifatida so‘ralgan. U o‘z ko‘rsatmasida har safargi kabi “2025 yil mart oyi boshlarida uy-joy qurish va tadbirkorlik qilish maqsadida bo‘sh yer maydoni izlagani” haqida gapirgan.
“…O‘z tanishlarimdan yer maydonlarini sotib olish va sotish tartibi to‘g‘risida so‘ragan vaqtimda yer maydonlarini sotish va sotib olish faqatgina auksion savdolari orqali amalga oshirilishini, boshqa holatlar esa noqonuniy ekanini tushuntirishdi. Keyin men Bekzod va Sanjar ismli shaxslarning harakatlari noqonuniy ekani, kelgusida aldanib qolishim mumkinligini anglab yetib, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab ariza bilan IIBga murojaat qildim.
… Uyni haqiqatan ham olish niyatim bor edi, oldin ham boshqa jinoyat ishlarida arizachi sifatida qatnashmaganman”, degan u.
Oqlov hukmi
Sanjar Shodiyevga qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Yangiobod tuman sudida sudya To‘lqin Eshonqulov raisligida ko‘rib chiqilgan.
Sud hay’ati tergov materiallarida bir qator talablar buzilganini aniqlagan. Jumladan, Sanjar Shodiyev pora berishga dalolat qilgani holati bo‘yicha dalillar mavjud emas, deb topilgan. Ya’ni sud tergovida tekshirilgan dalillarga ko‘ra, sudlanuvchining pora berishga dalolat qilganini isbotlovchi ovozli yozuv, sms yozishmalari yoki shu kabi boshqa obektiv dalillar aniqlanmagan.
Bundan tashqari, sud Bunyod Mahkamov aslida uyni sotib olish niyati bo‘lmagan, degan to‘xtamga kelgan. Bunga asos sifatida boshqa ishlar doirasida ikkita holatda sudning ijro varaqasiga asosan Bunyod Mahkamovdan 19 mln va 39 mln so‘m qarz undirish belgilangani, ammo har ikki holatda unda undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulk yoki daromadlar mavjud emasligi sababli ijro ishi tugatilgani keltirilgan. Shuningdek, u yashaydigan mahalla raisi Bunyod Mahkamov ishsizligi, oilasi esa kam ta’minlangan oilalar ro‘yxatida turishi haqida ma’lumotnoma bergan.
Bu 38 ming dollarga mulk sotib olishga aslida Bunyod Mahkamovning iqtisodiy imkoni bo‘lmagan, degan fikrni asoslagan. Qolaversa, u Sanjar Shodiyev uyni sotish fikridan qaytganida 3 ming dollar qo‘shib berishini aytib, uni uyni sotishga undagan. Shu sababli, sud hay’ati Bunyod Mahkamov soxta xaridor bo‘lib, shaxsni g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etishga undagan hamda fuqaroni huquqbuzarlik sodir etishga dalolat qilgan, deb hisoblagan.
Shu va boshqa huquqiy asoslar bilan sud Sanjar Shodiyevga oqlov hukmi chiqargan.
Ajoyib juftlik
Bunyod Mahkamov jabrlanuvchi sifatida qatnashgan ishlarning barchasida u bo‘sh yer maydoni izlab, internetda berilgan e’lon asosida shaxslarni aniqlagan. So‘ngra ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, ariza bilan Jizzax viloyati IIBga murojaat qilgan.
Qayd etilishicha, uning arizalariga asosan 3 ta holatda, jumladan, Sanjar Shodiyev ishida ham Jizzax viloyati IIB katta tezkor vakili B.Boltayev tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Yollanma “jabrdiyda” Bunyod Mahkamov Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan bir necha bor sudlangani aniqlangan. Shu sababli, sud Bunyod Mahkamov va Jizzax viloyat IIB katta tezkor vakili B.Boltayevning tezkor tadbirlarni o‘tkazish harakatlari haqqoniyligiga baho berish uchun Jizzax shahar prokuroriga xabar berishni lozim topgan.
Prokuratura protest kiritdi
Prokuratura Sanjar Shodiyevga chiqarilgan oqlov hukmiga nisbatan protest kiritgan. Unda oqlov hukmini bekor qilib, ayblov hukmi chiqarish so‘ralgan. Ish Jizzax viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan.
Apellyatsiya sudining 2026 yil 16 fevraldagi ajrimi bilan protest qanoatlantirilmagan va oqlov hukmi kuchida qoldirilgan.
Sud ajrimida Bunyod Mahkamovning harakatlari, ya’ni soxta jabrlanuvchi sifatida bir nechta jinoyat ishida qatnashgani borasida quyidagicha keskin fikr qayd etilgan:
“Mazkur holatlar tezkor xodimlar tomonidan bitta shaxs bir necha jinoyat ishlarida arizachi sifatida ishtirok etganini va jamiyat uchun zarar keltirayotgan haqiqiy jinoyatchilar chetda qolib, qo‘shtirnoq ichidagi shartli xaridorlar to‘riga tushayotgan sodda ishonuvchan insonlar jinoiy javobgarlikka tortilayotganini o‘zida aks ettiradi”.
Qonunchilik yo‘l qo‘ymaydi
Aslida “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 17-moddasiga ko‘ra, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning fuqarolarni huquqbuzarliklar sodir etishga og‘dirishi va undashi taqiqlanadi. Jinoyat-protsessual kodeksining 88-moddasi 4-bandida esa isbot qilishda shaxsni g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etishga undash va bunday undash oqibatida sodir etilgan jinoyat uchun uni ayblash taqiqlanadi, deya qayd etilgan.
Shuningdek, prezidentning 2020 yil 10 avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlari tomonidan shaxsni g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etishga undash va bunday undash oqibatida sodir etilgan jinoyat uchun uni ayblash taqiqlanishi, bunda tezkor-qidiruv tadbirlari natijalari faqat ular qonun talablariga asosan olingan va shaxsda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari yoki tezkor tadbirda ishtirok etgan boshqa shaxslarning harakatlariga bog‘liq bo‘lmagan holda jinoyat sodir etish uchun shakllangan qasd mavjud bo‘lgandagina sud hukmida dalil sifatida tan olinishi mumkinligi belgilangan.
Qolaversa, Oliy sud Plenumining 2018 yil 24 avgustdagi “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 24-son qaroriga ko‘ra, surishtiruvchi, tergovchi va sud tomonidan qonun normalarini aniq bajarishdan va unga rioya qilishdan har qanday chekinish, u qanday sababga ko‘ra yuz berganidan qat’i nazar, shu yo‘l bilan olingan dalillarning maqbul emas (yaroqsiz) deb topilishiga olib keladi. Maqbul bo‘lmagan dalillar yuridik kuchga ega bo‘lmay, isbotlash uchun foydalanish hamda ularni ayblov asosiga qo‘yish mumkin emas.
Faqat Jizzaxda emas
Ichki ishlar xodimlari kimnidir jinoyatchiga aylantirib, javobgar qilishdan manfaatdormi? Yoki tizimda “plan to‘ldirish” majburiyati borligi haqiqatmi? Jinoyat ishlarida ismlari takrorlanadigan “dejurniy” jabrlanuvchilar kim va ular bu ishdan qanday manfaat ko‘radi? Sanjar Shodiyevniki kabi uyushtirilgan ayblovlar ana shunday savollarni o‘rtaga chiqaradi.
Aslida “jinoyatga undab, so‘ngra jinoyatchiga aylantirish” usuli faqatgina Jizzax viloyatida emas, boshqa hududlarda ham kuzatilmoqda. Kun.uz yaqin kunlarda boshqa viloyatlardagi “dejurniy” jabrlanuvchilar haqida ham surishtiruv o‘tkazadi.
Jamiyat
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Jamiyat20 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Siyosat2 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport1 day ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Sport20 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat8 hours ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
-
Jamiyat2 hours ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
