Jamiyat

Ayrim toifa turoperatorlarga har bir sayyohatchi uchun subsidiya ajratish rejalashtirilyapti

Published

on


2026-yil yakuniga qadar Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Malayziya va Indoneziyadan «Umra plyus» ziyorat turizmi dasturi asosida sayyohlarni jalb qilayotgan turoperatorlarga har bir sayyoh uchun 100 (yuz) AQSh dollari miqdorida subsidiya ajratish reja qilinyapti.

Mazkur tartibni nazarda tutayotgan hujjat loyihasining asosiy maqsadi «Umra plyus» ziyorat turizmi dasturi doirasida Malayziya va Indoneziya davlatlaridan O‘zbekiston Respublikasiga turistlarni jalb etishni rag‘batlantirish, turoperatorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ziyorat turizmi sohasida barqaror o‘sishni ta’minlashdan iborat. Loyiha vazifalari sifatida rag‘batlantiruvchi subsidiyalar ajratish mexanizmlarini belgilash, subsidiya olish shartlari va mezonlarini aniqlash, turoperatorlarning huquq va majburiyatlarini tartibga solish, shuningdek ajratiladigan mablag‘lardan samarali va maqsadli foydalanishni ta’minlash nazarda tutiladi.

Loyiha bilan rag‘batlantiruvchi subsidiyalarni ajratish tartibi, ularni olish bosqichlari, arizalarni ko‘rib chiqish muddatlari, hujjatlar ro‘yxati hamda monitoring va nazorat mexanizmlari belgilab beriladi. Shuningdek, loyiha doirasida turoperatorlarning hisobot berish majburiyatlari, subsidiya mablag‘laridan noto‘g‘ri foydalanganlik uchun javobgarlik choralarini qo‘llash asoslari hamda ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini ta’minlashga qaratilgan asosiy qoidalar mustahkamlanadi.

Turoperatorlarga rag‘batlantiruvchi subsidiyalar 2026-yil 1-martdan boshlab 2026-yil 31-dekabrgacha ajratiladi.

Ma’lumot uchun, «Umra plyus» ziyorat turizmi dasturi bu — Saudiya Arabistoni Podshohligida umra ibodatini ado etish bilan bir qatorda, Malayziya va Indoneziya davlatlaridan kelgan turistlar uchun O‘zbekiston Respublikasining ziyorat, madaniy-tarixiy va turistik ob’yektlarini qamrab oluvchi sayohat yo‘nalishlarini tashkil etishga qaratilgan, turoperatorlar tomonidan shakllantiriladigan va amalga oshiriladigan kompleks ziyorat turizmi dasturi hisoblanadi. 



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version